BAYYINAH surasi

98.1 . Ahli kitoblar va mushriklardan iborat kofir kimsalar, to ularga Hujjat kelgunicha, (kufrdan) ajraluvchi bo'lmadilar.

98.2 . (U Hujjat) Alloh (tomoni)dan (yuborilgan) payg’ambar (Muhammad, ularga) pokiza sahifalarni (Qur'onni) tilovat qilur.

98.3 . U (sahifa)larda qimmatli yozuvlar (ahkomlar) mavjuddir.

98.4 . Ahli kitoblar faqat ularga Hujjat (payg’ambar) kelganidan keyingina bo'linib ketdilar.

98.5 . Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, To'g’ri yo'ldan oqmagan hollarida ibodat qilishga va namozni mukammal ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu To'g’ri (haqqoniy) dindir.

98.6 . Albatta, ahli kitob va mushriklardan iborat kofir kimsalar jahannam o'tida bo'lib, o'sha joyda mangu qolurlar. Ana o'shalar xaloyiqning eng yomonidirlar.

98.7 . Albatta, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar - aynan o'shalar xaloyiqning eng yaxshisidirlar.

98.8 . Parvardigorlari huzuridagi ularning mukofotlari ostidan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlardir. Ular o'sha joyda abadul-abad qoluvchidirlar. Alloh ulardan rozi bo'lur, ular (Allohdan) rozi bo'lurlar. Bu (mukofot) Parvardigoridan qo'rqqan kishi uchundir.