`ALAQ surasi

96.1 . (Ey, Muhammad, butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz nomi bilan o'qing!

96.2 . U insonni laxta qondan yaratdi.

96.3 . O'qing! Rabbingiz esa karamli zotdir.

96.4 . U insonga qalam bilan (yozishni) o'rgatgan zotdir.

96.5 . U insonga bilmagan narsalarini o'rgatdi.

96.6 . Darhaqiqat, inson haddidan oshar.

96.7 . (Bunga) sabab o'zini boy - behojat sanashidir.

96.8 . (Ey, inson,) albatta, qaytishing Rabbing huzurigadir.

96.9 . (Ey, inson,) ko'rdingmi, to'sayotgan kimsani

96.10 . bandani namoz o'qiganda?!

96.11 . Ko'rdingmi - agar u (namoz o'quvchi) o'zi To'g’ri yo'lda bo'lsa,

96.12 . yoki (o'zgalarni) taqvoga (Allohdan qo'rqishga) buyursa?!

96.13 . Ko'rdingmi, agar u (namozdan) to'suvchi kimsa (haqni) inkor etsa va (u imon keltirishdan) yuz o'girsa,

96.14 . albatta, Alloh (uning bu qilmishlarini) ko'rib turishini bilmasmi?!

96.15 . Yo'q! Qasamki, agar u (bu yo'lidan) qaytmasa, albatta, Biz uning peshona sochidan tutamiz

96.16 . o'sha yolg’onchi, adashgan (kimsaning) peshona sochidan (tutib jahannamga oturmiz)!

96.17 . Bas, u o'zining jamoasini (yordamga) chaqiraversin!

96.18 . Biz esa azob farishtalarini chaqirajakmiz!

96.19 . Yo'q! (Ey, Muhammad,) Siz unga itoat etmang va (yolg’iz) Allohga sajda (ibodat) qilib, (Unga) yaqin bo'ling!