BALAD surasi

90.1 . (Ey, Muhammad,) mana shu shahar bilan qasamyod eturman,

90.2 . holbuki, Siz shu shaharda mavjuddirsiz

90.3 . hamda ota va bolalarga (ya'ni, Odam va zurriyotlariga) qasamyod eturmanki,

90.4 . haqiqatan, insonni mashaqqatga yaratdik.

90.5 . Unga hech kimning kuchi yetmaydi, deb o'ylaydimi?!

90.6 . U (maqtanib): "Juda ko'p mol-dunyoni (sarflab) yo'q qildim", - der.

90.7 . Uni hech kim ko'rmagan, deb o'ylaydimi?!

90.8 . Axir, Biz unga ikki ko'z,

90.9 . til va ikki lab (ato) qilmadikmi?!

90.10 . Yana uni ikki balandlikka (yo'lga) yo'llab qo'ydik-ku!

90.11 . Bas, u (biror yaxshi) dovonni oshib o'tmadi.

90.12 . (Ey, Muhammad,) dovon (oshish) nima ekanini Siz qayerdan ham bilar edingiz?!

90.13 . (U) bo'yinni (qulni) ozod qilish,

90.14 . yoki ocharchilik kunida (muhtojga) taom berishdir.

90.15 . Xoh (u) qarindosh yetim bo'lsin,

90.16 . xoh tuproqli (xor) miskin.

90.17 . So'ngra u (mazkur inson) imon keltirgan va bir-birlarini sabr qilishga tavsiya etgan, bir-birlarini (bandalarga) marhamatli bo'lishga undagan zotlardan bo'ldi.

90.18 . Ana o'sha (fazilatlarga ega bo'lgan zotlar) o'ng tomon egalaridir.

90.19 . Oyatlarimizga kofir bo'lgan kimsalar esa, chap tomon egalaridir.

90.20 . Ularni qamrab oluvchi olov (do'zax) muqarrardir.