ABASA surasi

80.1 . (Muhammad) yuzini burishtirdi va yuz o'girdi.

80.2 . Zero, uning huzuriga ko'zi ojiz odam kelgan edi.

80.3 . (Ey, Muhammad,) Siz qayerdan ham bilursiz, ehtimol, u (Sizdan foydalanib, o'z gunohlaridan) poklanar

80.4 . yoki eslatma olar-da, so'ng bu eslatma unga foyda berar?!

80.5 . Ammo, boy kimsaga esa,

80.6 . bas, Siz (e'tibor berib) mutasaddilik qilmoqdasiz.

80.7 . Holbuki, uning (o'z kufridan) poklanmasligi Sizga zararli emas edi.

80.8 . Endi, oldingizga yugurib

80.9 . (Allohdan) qo'rqqan holida kelgan kishi esa,

80.10 . bas, Siz undan chalg’imoqdasiz.

80.11 . Yo'q, (bunday qilmang)! Albatta, ular (Qur'on oyatlari) ayni eslatmadir.

80.12 . Bas, kim xohlasa, (uni) yod etar.

80.13 . (U oyatlar Alloh nazdida) mukarram sahifalarda

80.14 . (ya'ni,) qadri baland, pokiza (sahifalarda)

80.15 . kotib (farishta)lar qo'llaridadir.

80.16 . (Ular) karamli va itoatlidirlar.

80.17 . Halok bo'lgur inson bunchalar kofir bo'lmasa!

80.18 . (Alloh) uni qaysi narsadan yaratdi o'zi?!

80.19 . (Bir haqir) nutfadan yaratib, so'ng uni (tuqilish vaqtini) belgilab qo'ydi.

80.20 . So'ngra unga (tuqilishda) yo'lni oson qildi.

80.21 . So'ngra unga o'lim berib, qabrga kiritdi.

80.22 . So'ngra O'zi xohlaganda, uni yana qayta tiriltirur.

80.23 . Yo'q! U buyurgan narsani sira ado etmadi.

80.24 . Endi inson o'zining taomiga (ibrat ko'zi bilan) boqsin!

80.25 .Biz (osmondan) suvni mo'l yog’dirdik.

80.26 . So'ngra yerni (giyohlar undirib) yordik.

80.27 . So'ngra Biz unda donlarni undirdik,

80.28 . uzum va ko'katlarni,

80.29 . zaytun va xurmolarni,

80.30 .qalin daraxtzor bog’larni,

80.31 . mevayu giyohlarni ham.

80.32 . Bular sizlar uchun va chorva hayvonlaringiz uchun manfaatdir.

80.33 . Bas, qachonki, (quloqlarni) kar qiluvchi (qichqiriq) kelganda (sur ikkinchi marta chalinganda),

80.34 . o'sha Kunda kishi o'z birodaridan qochur.

80.35 . Yana onasi va otasidan ham,

80.36 . xotini-yu, o'g’illaridan ham (qochur).

80.37 . (Chunki) u kunda ulardan har bir kishi uchun o'ziga yetarli tashvish bo'lur.

80.38 . U Kunda (ba'zi) yuzlar yorug’,

80.39 . kuluvchi va xurram (bo'lur).

80.40 . u kunda (boshqa bir) yuzlar uzra g’ubor bo'lur.

80.41 . U (yuz)larni qarolik qoplar.

80.42 . Ana o'shalar (fisqu) fujur qiluvchi kofirlarning o'zidirlar.