NOZI`OT surasi

79.1 . (Kofirlarning jonlarini badanlari) qa'ridan sug’urib oladigan (farishta)larga qasam,

79.2 . (mo'minlarning jonlarini osonlik bilan) chiqarib oladigan (farishta)larga qasam,

79.3 . (osmondan) suzib tushuvchi,

79.4 . (o'z vazifalarini ado etishda) o'zib yuruvchi

79.5 . (Alloh buyurgan barcha) ish tadbirini tuzib turuvchi (farishta)larga qasamki, (albatta, qayta tirilib, hisobot berursizlar)!

79.6 . U Kunda larzaga keluvchi (sur) larzaga keladi.

79.7 . Ortidan ergashuvchi (ikkinchi bor sur ovozi) ergashur.

79.8 . U Kunda dillar qo'rquvga tushuvchidir.

79.9 . Ko'zlar esa (dahshatdan) so'nib qoluvchidir.

79.10 . Ular (bu dunyoda) derlar: "Haqiqatan ham bizlar (o'lgach) avvalgi holatimizga qaytariluvchimizmi?

79.11 . Chirik suyaklarga aylanib qolgan vaqtimizda-ya?"

79.12 . Ular (istehzo bilan): "Unday bo'lsa, bu (bizlar uchun) rosa ziyon qiluvchi qaytish-ku!" - deydilar.

79.13 . Bas, (u qaytish) faqat birgina qichqiriqdir (surning ikkinchi marta chalinishidir).

79.14 . So'ngra ular birdan (tirilib) yer ustida bo'lib qolurlar.

79.15 . (Ey, Muhammad,) Sizga Musoning xabari keldimi?

79.16 . Qaysiki, Parvardigori unga muqaddas Tuvo vodiysida (shunday) nido qilgan ediki:

79.17 . - (Ey, Muso,) Fir'avnning oldiga borgin, zero, u haddidan oshdi.

79.18 . Bas, (unga) ayt: "Sening (kufrdan) poklanishga xohishing bormi?

79.19 . Men seni Parvardigoring (yo'liga) hidoyat qilsam, bas, sen (U zotdan) qo'rqsang" .

79.20 . (So'ng Muso) unga bir ulkan mo''jiza ko'rsatdi.

79.21 . (Fir'avn) uni yolg’onga chiqardi va (Allohga) itoatsizlik qildi.

79.22 . So'ngra shoshganicha (Musodan) yuz o'girib ketdi.

79.23 . So'ngra (o'z odamlarini) to'pladi va jar soldi:

79.24 . "Men sizlarning oliy Parvardigoringizdirman", - dedi.

79.25 . Bas, Alloh uni oxir at va dunyo azobi bilan ushladi.

79.26 . Albatta, bu (qissa)da (Allohdan) qo'rqadigan kishilar uchun ibrat bordir.

79.27 . (Ey, mushriklar,) sizlarni yaratish qiyinroqmi yoki osmonnimi?! (Bilasizki,) Alloh uni bino qildi,

79.28 . shiftini baland qilib, tikladi.

79.29 . Yana u (osmon)ning tunini qorong’u qilib, (undan) kunduzini chiqardi.

79.30 . Shundan keyin Yerni (tuyaqush tuxumi shaklida) yoyib - tekis qildi.

79.31 . Undan suviyu, o'tloqlarini chiqardi.

79.32 . Tog’larni esa o'rnashtirdi.

79.33 . (Bularning barchasi) sizlarga va chorva hayvonlaringizga manfaat bo'lsin deb (qilingandir).

79.34 . Bas, qachon katta balo (Qiyomat) kelganida –

79.35 . inson o'z qilmishini eslab qoladigan Kunda,

79.36 . ko'radigan (har bir) kishiga do'zax namoyish qilinganida,

79.37 . bas, o'shanda kimki (dunyoda) tug’yonga ketgan

79.38 . va dunyo hayotini (oxiratdan) ustun qo'ygan bo'lsa,

79.39 . u holda, faqat jahannamgina (unga) joy bo'lur!

79.40 . Ammo, kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo'rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo'lsa,

79.41 . bas, faqat jannatgina (unga) joy bo'lur.

79.42 . (Ey, Muhammad, mushriklar) Sizdan Qiyomat qachon qoyim bo'lishi haqida so'rarlar.

79.43 . Siz qayoqdasiz-u, uni zikr qilish (aytib berish qayoqda)?!

79.44 . Uning intihosi faqat Rabbingizga (borib to'xtar).

79.45 . Siz faqat undan qo'rqadigan kishilarni ogohlantiruvchisiz.

79.46 . Ular u (Qiyomat)ni ko'rgan Kunda (bu dunyoda) go'yo bir oqshom yoki choshgoh payticha turgandek bo'lurlar.