NABA surasi

78.1 . (Mushriklar) bir-birlaridan nima haqida so'rashmoqdalar?!

78.2 . Ulug’ xabar haqida.

78.3 . Qaysiki, u haqda ular (doimo) tortishuvchidirlar.

78.4 . Yo'q, (ularning gumonlari behudadir). Ular yaqinda (bu xabarning haq ekanini) bilib olajaklar.

78.5 . So'ngra, yana yo'q! Bilib olajaklar!

78.6 . Biz Yerni to'shak qilib qo'ymadikmi?!

78.7 . Tog'larni esa (Yerni tutib turuvchi) qoziqlar qilib qo'ymadikmi?!

78.8 . Biz sizlarni juft-juft qilib yaratdik.

78.9 . Uyqularingizni (badan va asablaringiz uchun) orom qildik.

78.10 . Kechani (barcha narsani yashirib turadigan) libos qildik.

78.11 . Kunduzni esa, tirikchilik (vaqti) qildik.

78.12 . Tepalaringizda yetti (qavat) mustahkam (osmonni) bino qildik.

78.13 . Yana charaqlab turuvchi chiroqni (quyoshni paydo) qildik.

78.14 . Yana Biz siqib chiqaruvchi (bulut)lardan duv-duv suv (yomg'ir) yog’dirdik.

78.15 . Toki, u sababli don va nabotot (undirib) chiqarurmiz.

78.16 . Shuningdek, qalin bog’larni ham.

78.17 . Albatta, Ajrim Kuni (hisob-kitob uchun) belgilangan vaqtdir.

78.18 . U Kunda sur chalinur, bas, sizlar to'p-to'p bo'lib (mahshargohga) kelursizlar.

78.19 . Osmon ham ochilib, (farishtalar uchun) darvozalarga aylanib qolur.

78.20 . Tog’lar ham (joylaridan) jildirilur. Bas, u sarobga aylanib qolur.

78.21 . Albatta, jahannam poylovchi,

78.22 . haddan oshganlar uchun qaytish joyidir.

78.23 . (Ular) u joyda uzoq zamonlar (abadul-abad) qoluvchidirlar.

78.24 . U joyda sovuqlik va ichimlikni totmaslar

78.25 . Faqat qaynoq suv va yiringnigina (toturlar).

78.27 . Chunki, ular (Qiyomatdagi) hisob-kitobdan umid qilmas edilar.

78.28 . Oyatlarimizni butunlay inkor etar edilar.

78.29 . Holbuki, Biz barcha narsani hisob-kitob qilib, (yozib) qo'ygandirmiz.

78.30 . Bas, (ey, kofirlar, azobimizni) totib ko'ringlar! Endi sizlarga faqat azobnigina ziyoda qilurmiz.

78.31 . Albatta, taqvodor zotlar uchun (jannatda) yutuq bordir.

78.32 . Ya'ni bog’lar va uzumlar,

78.33 . (yosh va husnda) tengqur, bo'liq siynali (hur qiz)lar

78.34 . va (sharob) to'la qadahlar bordir.

78.35 . Ular u joyda biror behuda va yolg’on so'z eshitmaslar.

78.36 . (Bu) Rabbingiz (tomoni)dan bo'lmish mukofot va hisob(-kitob)dir.

78.37 . (U) osmonlar va Yerning hamda ularning o'rtasidagi (bor) narsaning Parvardigori Mehribon zotdir. Undan (izn bo'lmaguncha) so'zlashuvga ega bo'lmaslar.

78.38 . Ruh (Jabroil) va (barcha) farishtalar saf tortib turadigan Kunda (odamlar) gapirmaslar, faqat Mehribon zot izn bergan kishigina (so'zlar) va (faqat) rost so'zlar.

78.39 . Bu haq (va rost) Kundir. Bas, kim xohlasa, Parvardigori tomon qaytadigan yo'lni tutar.

78.40 . (Ey, Makka kofirlari,) darhaqiqat, Biz sizlarni yaqin(da voqe bo'ladigan) azobdan ogohlantirdik. U Kunda (har bir) kishi o'zi qilib o'tgan narsani (ya'ni barcha yaxshi-yomon amallarini) ko'rar va kofir kimsa: "Eh, koshki edi tuproq bo'lsam", - der.