QALAM surasi

68.1 . Nun. Qalam va (u bilan) yozishadigan narsa (bitik)larga qasamki,

68.2 . (ey, Muhammad,) Siz Rabbingizning ne'mati bois majnun emasdirsiz!

68.3 . Albatta, Sizga (sabr qilganingiz uchun) tuganmas mukofot bordir.

68.4 . Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!

68.5 . Hali yaqinda ko'rajaksiz va ular ham ko'rajaklar

68.6 . qaysilaringiz (Sizmi yoki ularmi) maftun (majnun) ekaningizni.

68.7 . Albatta, Rabbingizning O'zi Uning yo'lidan ozgan kimsalarni yaxshi biluvchidir va U hidoyat topuvchilarni ham yaxshi biluvchidir.

68.8 . Bas, (ey, Muhammad,) (Sizni) inkor etuvchi kimsalarga itoat etmang!

68.9 . Ular (bilan) murosasoz bo'lishingizni, shunda ular ham (Siz bilan) murosasoz bo'lishni istarlar.

68.10 . (Ey, Muhammad,) har qanday tuban qasamxo'rga itoat etmang.

68.11 . Shuningdek, g'iybatchi, gap tashuvchiga,

68.12 . yaxshilikni man etuvchi (baxil), tajovuzkor, gunohkorga,

68.13 . qo'pol va bulardan tashqari benasab (haromi)ga (itoat etmang)!

68.14 . U mol-mulk va o'g'illarga ega bo'lgani uchun (shunday qiladi).

68.15 . Qachonki, unga oyatlarimiz tilovat qilinsa: "Bular avvalgilarning afsonalari-ku!"- deydi.

68.16 . Yaqinda uning tumshug'iga tamg'a bosib qo'yajakmiz.

68.17 . Darhaqiqat, Biz ularni (Makka ahlini) bog' egalarini sinaganimizdek sinovga soldik. O'shanda ular, albatta, uni (bog' hosilini) erta tongda uzib olamiz deb qasam ichgan edilar.

68.18 . Lekin, istisno qilmagan edilar (Xudo xohlasa, demagan edilar).

68.19 . Bas, (tunda) ular uyquda bo'lgan chog'larida, u (bog') uzra Parvardigoringiz tomonidan bo'lmish aylanuvchi (ofat - olov) aylandi.

68.20 . Bas, (hosil) yig'ilgandek bo'lib qoldi (bog' kuyib kul bo'ldi).

68.21 . Erta tongda turishib, bir-birini chaqirishdi:

68.22 . "Agar (hosilni) uzmoqchi bo'lsangizlar, ziroatgohingizga bora qolinglar", - (deb).

68.23 . So'ngra shivirlashib jo'nadilar.

68.24 . "Bugun (bog'da hosil terayotgan vaqtda) ustilaringizga biror miskin kirib qolmasin-da", - der edilar.

68.25 . Ular (o'zlaricha mazkur) g'arazga qodir bo'lgan hollarida tong-saharlab bordilar.

68.26 . Bas, qachonki, uni (kulga aylangan bog'ni) ko'rishgach, (avval): "Shubhasiz, bizlar (yo'ldan) adashib qoldik (ya'ni, boshqa boqqa kelib qoldik)", - dedilar.

68.27 . (So'ngra:) "Yo'q, bizlar (bog'imizdan) mahrum bo'libmiz" (dedilar).

68.28 . (Shunda) ularning o'rtaholrog'i: "Men sizlarga (Allohga) tasbeh aytmaysizlarmi (hosil shukronasiga kambag'allar ulushini bermaysizlarmi) demaganmidim?" - dedi.

68.29 . Ular (kech bo'lsa-da): "Rabbimizga tasbeh aytamiz. Haqiqatan, bizlar (o'zimizga) zulm qiluvchi bo'ldik", - dedilar.

68.30 . So'ngra ular bir-birlariga qarab, malomat qila boshladilar.

68.31 . (Ular) dedilar: "Holimizga voy! Darhaqiqat, bizlar haddan oshuvchi bo'ldik.

68.32 . Shoyadki, Rabbimiz bizlarga u (bog')dan ham yaxshirog'ini almashtirib bersa. Bizlar, albatta, Rabbimiz sari intiluvchidirmiz".

68.33 . Azob mana shunday! Agar bilsalar, albatta, oxirat azobi yanada kattaroqdir.

68.34 . Albatta, taqvodorlar uchun Parvardigorlari huzurida ne'mat bog'lari bordir.

68.35 . Axir, Biz musulmonlarni jinoyatchi (kofir)larga barobar qilarmidik?!

68.36 . (Ey, mushriklar,) sizlarga ne bo'ldi? Qanaqa hukm chiqarmoqdasizlar?!

68.37 . Yoki sizlarda (osmondan tushirilgan) biror kitob bo'lib, undan o'rganayapsizlarmi?!

68.38 . Unda sizlar uchun o'zlaringiz xohlagan narsa bormi?!

68.39 . Yoki sizlar uchun Bizning zimmamizda: "O'zlaringiz hukm qilgan narsa sizlarniki bo'lur", - degan to qiyomat kunigacha yetuvchi qasamlar (ahd-paymonlar) bormi?!

68.40 . (Ey, Muhammad,) ulardan so'rang-chi, qaysilari bunga (da'volarining haq ekanligiga) kafil bo'la olar ekanlar?!

68.41 . Yoki ularning sheriklari bormi?! U holda rostgo'y bo'lsalar, o'sha sheriklarini keltirsinlar!

68.42 . "Boldirlar ochiladigan" (ishlar mushkillashadigan) va sajda qilishga chorlanishganda, (sajdaga) kuchlari yetmay qoladigan Kunni (eslang)!

68.43 . (O'shanda) ko'zlari quyida va ularni xorlik egallagan holda bo'lurlar. Ular sog'lom bo'lgan hollarida sajda qilishga chorlanar edilar (ammo undan bosh tortar edilar).

68.44 . Bas, (ey, Muhammad,) ushbu So'zni (Qur'onni) yolg'onga chiqaradigan kimsalarni Menga qo'yib bering! Yaqinda Biz ularni o'zlari bilmaydigan (sezmaydigan) tomondan darajama-daraja tutgaymiz (halokatga duchor qilajakmiz)!

68.45 . Men ularga muhlat berib turaman. Zero, Mening "makrim" juda qattiqdir.

68.46 . Yoki Siz (ey, Muhammad, da'vatingiz uchun), ulardan haq so'rayapsiz-u, ular qarzdan og'irsinayaptilarmi?!

68.47 . Yoki ularni huzurlarida g'ayb (Lavhul-Mahfuz) bor-u, ular (aytayotgan so'zlarini o'shandan) yozib olyaptilarmi?!

68.48 . Bas, (ey, Muhammad,) Rabbingizning hukmiga sabr qiling va nahang (baliq) sohibi (Yunus payg'ambar) kabi (betoqat) bo'lmang! Qaysiki, u (baliq qornida turib) g'amga to'lgan holda (Parvardigorga) nido qilgan edi.

68.49 . Agar unga Parvardigori (tomoni)dan ne'mat yetmaganida, albatta, qoralangan holida quruqlikka uloqtirilgan bo'lur edi.

68.50 . Bas, Parvardigori uni (qaytadan payg'ambarlikka) tanlab, solih (payg'ambar)lardan qildi.

68.51 . Albatta, kofir bo'lgan kimsalar Zikrni (Qur'onni) eshitgan vaqtlarida, Sizni ko'zlari bilan yiqitayozurlar va "albatta, u majnun", - derlar.

68.52 . Holbuki, u (Qur'on barcha) olamlar uchun eslatmadir.