MULK surasi

MULK surasi

67.1 . (Mutlaq) hukmronlik "qo'li"da bo'lgan zot - Alloh barakotli (buyuk)dir va U har narsaga qodirdir.

67.2 . (U) sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o'lim va hayotni yaratgan zotdir. U qudratli va mag’firatlidir.

67.3 . (U) yetti osmonni qatma-qat qilib yaratgan zotdirki, siz Rahmonning yaratishida biror tafovut (nuqson)ni ko'rmaysiz. Bas, ko'zingizni yana (samoga) qaytaringchi, (unda) biror yoriqni ko'rarmikansiz?

67.4 . So'ngra ko'zingizni qayta-qayta (samoga) qarating, ko'zingiz sizga xor va toliqqan holda qaytur.

67.5 . Haqiqatan, Biz quyi osmonni chiroqlar (yulduzlar) bilan bezadik va ularni shaytonlarga otiladigan toshlar qilib qo'ydik. Yana ular (shaytonlar) uchun (oxiratda) do'zax azobini ham tayyorlab qo'ygandirmiz.

67.6 . Parvardigorlariga kofir bo'lgan kimsalar uchun jahannam azobi bordir. Naqadar yomon oqibat bu!

67.7 . Qachonki, ular (jahannamga) tashlanganlarida, qaynab turgan (jahannamning) o'kirik (faryodi)ni eshiturlar.

67.8 . U g’azabdan parchalanib ketgudek bo'lur. Har gal unga bir to'da (kofir) tashlanganida, uning qo'riqchilari ulardan: "Sizlarga (dunyoda biror) ogohlantiruvchi (payg’ambar) kelmaganmidi?" - deb so'raydilar.

67.9 . (Ular) derlar: "Ha, haqiqatan, bizlarga ogohlantiruvchi kelgan edi, (lekin bizlar uni) yolg'onchiga chiqarganmiz va: "Alloh (hech kimga) hech narsa nozil qilgan emas, sizlar faqat katta zalolat (gumrohlik)dadirsizlar", - deganmiz.

67.10 . Ular (kofirlar) yana: "Agar bizlar (payg’ambar so'zlarini) tinglab, aql yurgizuvchi bo'lganimizda, do'zax ahlidan bo'lmas edik",- derlar.

67.11 . Bas, ular o'z gunohlarini (shu tarzda) e'tirof etadilar. Endi, do'zax ahliga halokat bo'lgay!

67.12 . Parvardigorlaridan g'oyibona qo'rqadigan zotlar uchun maqfirat va katta mukofot bordir.

67.13 . (Ey, insonlar,) sizlar so'zlaringizni yashiringlar yoki oshkora qilinglar, (baribir,) U dillardagi sirlarni ham biluvchidir.

67.14 . (Axir) yaratgan zot (O'zi yaratgan narsalarini) bilmaydimi?! U lutfli va xabardor zotdir.

67.15 . U (Alloh) sizlarga yerni xoksor (bo'ysunuvchi) qilib qo'ygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringlar va (Allohning bergan) rizqidan yenglar. Tirilib chiqish Uning huzurigadir.

67.16 . (Ey, Makka kofirlari,) yo sizlar osmondagi zot sizlarni yerga yuttirib yuborishidan, bas, birdaniga (yer) larzaga kelishidan (sizlarni halok qilishidan) xotirjammisizlar (qo'rqmaysizlarmi)?!

67.17 . Yoki sizlar "osmondagi" zot ustingizga tosh yog'dirishidan xotirjammisizlar?! Hali (azob kelganda), Mening ogohlantirishim qanday ekanligini bilib olajaksizlar!

67.18 . Darvoqe, ulardan avvalgi kimsalar ham (o'z payg'ambarlarini) yolg'onchiga chiqargandilar. Bas, Mening inkorim (azobim) qanday bo'ldi?!

67.19 . Ular ustilarida (qanotlarini) yoyuvchi va yiqqan holda (uchib yurgan) qushlarni ko'rmadilarmi?! U (qush)larni yolg'iz Rahmongina (samoda) tutib turar. Albatta, U barcha narsani ko'rib turuvchidir.

67.20 . (Ey, mushriklar,) Rahmondan o'zga sizlarga yordam beradigan qo'shiningiz kim ekan o'zi?! Kofirlar faqat mag'rurlikdadirlar.

67.21 . Yoki (Rahmon) O'z rizqini to'xtatib qo'ysa, sizlarga rizq beradigan o'sha zot kim o'zi?! Yo'q, ular (kofirlar) qaysarlikda va (haqdan) yiroqlashishda davom etdilar.

67.22 . Axir, yuz tuban (yerga qarab) yuradigan kimsa Haq yo'lni topuvchiroqmi yoki tik holda to'g'ri yo'lda yuradigan kishimi?!

67.23 . (Ey, Muhammad, u (kofirlarga) ayting: "U (Alloh) sizlarni paydo qilgan va sizlar uchun quloq, ko'zlar va dillarni (ato) qilgan zotdir. (Sizlar esa) kamdan-kam shukr qilursizlar".

67.24 . Ayting: "U sizlarni Yer (yuzi)da yaratib qo'ygan zotdir. Sizlar (Qiyomatda) Uning huzuriga to'planursizlar".

67.25 . Ular: "Agar rostgo'y bo'lsangizlar, (aytinglarchi) ushbu va'da (Qiyomat kuni) qachon bo'ladi?" - derlar.

67.26 . (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "(Qiyomat haqidagi) bilim, albatta, Allohning huzuridadir. Men faqat aniq ogohlantiruvchidirman.

67.27 . Bas, qachonki, ular (Qiyomatda azobni) yaqin holda ko'rishgach, u kofirlarning yuzlari shuvit bo'lur va (ularga): "Mana shu sizlar so'ragan narsadir", - deyilur.

67.28 . (Kofirlarga) ayting: "Xabar beringiz-chi, agar Alloh meni va men bilan birga bo'lgan kishilarni halok qilsa yoki (halok qilmay) bizlarga shafqat qilsa (O'zining ixtiyoridadir). Ammo, kofirlarni (sizlarni) alamli azobdan kim himoya qilur?!

67.29 . Ayting: "U Rahmon (mehribon)dir. Bizlar Unga imon keltirdik va Ungagina tavakkul qildik. Hali sizlar kim aniq zalolatda ekanini bilib olajaksizlar".

67.30 . Ayting: "Xabar beringiz-chi, agar suvingiz (yer qariga) singib ketsa, bas, kim sizlarga oqin suvni keltira olur?!"