MUJODALA surasi

58.1 . (Ey, Muhammad,) Alloh Siz bilan o'z eri haqida bahslashayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan (ayol)ning so'zini eshitdi. Alloh sizlarning so'zlashuvlaringizni eshitur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir.

58.2 . Oralaringizdagi o'z xotinlarini "zihor" qiladigan kimsalar uchun ular (xotinlari) onalari emasdirlar. Ularning (chin) onalari ularni tuqqan (ayol)lardir. Ular, haqiqatan, nomaqbul va yolg'on so'z ayturlar. (Lekin) Alloh afv etuvchi va mag'firat qiluvchidir.

58.3 . O'z xotinlarini "zihor" qilib, so'ngra aytgan so'zlaridan qaytadigan kimsalar (zimmasida) qo'shilishlaridan ilgari bir qul ozod qilish bordir. Bu sizlarga qilinadigan nasihatdir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

58.4 . Bas, kimki (qul) topa olmasa, qo'shilishlaridan ilgari (zimmasida) paydar-pay ikki oy ro'za tutish bordir. Bas, kim (ro'za tutishga) qodir bo'lmasa, (uning zimmasida) oltmishta miskinga taom berish bordir. Bu (hukmlar) sizlar Alloh va uning payg'ambariga imon keltirishlaringiz uchundir. Bular Allohning (belgilab qo'ygan) chegaralaridir. (Bu qonunlarni inkor etuvchi) kofirlar uchun esa alamli azob bordir.

58.5 . Albatta, Alloh va Uning payg'ambariga muxoliflik qiluvchi kimsalar xuddi o'zlaridan avvalgilar halok qilingani kabi halok qilinurlar. Darvoqe, Biz aniq oyatlarni nozil qildik. (Ularni inkor etuvchi) kofirlarga xor qiluvchi azob bordir.

58.6 . (O'sha) Kunda Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirib, (dunyoda) qilgan amallarining xabarini berur. U (amallar)ni Alloh hisoblab qo'ygan. Ular esa unutib yuborganlar. Alloh barcha narsaga guvohdir.

58.7 . Alloh osmonlardagi va Yerdagi bor narsani bilishini ko'rmadingizmi?! Uch kishining o'zaro shivirlashlari bo'lsa, albatta, ularning to'rtinchisi Udir, besh kishining ham, albatta, oltinchisi Udir. Bundan oz bo'ladimi yo ko'p bo'ladimi, qayerda bo'lsalar ham, albatta, U ular bilan birgadir. So'ngra qiyomat kuni ularga qilgan amallarining xabarini berur. Albatta, Alloh barcha narsani biluvchidir.

58.8 . (Ey, Muhammad,) o'zaro shivirlashishdan qaytarilganlaridan so'ng yana taqiqlangan narsaga qaytadigan hamda gunoh, adovat va payg'ambarga itoatsizlik qilish to'g'risida o'zaro shivirlashadigan kimsalarni ko'rmadingizmi?! Qachonki, ular Sizning oldingizga kelsalar, Alloh Sizga o'sha (so'z) bilan salom bermagan ibora bilan Sizga salom berurlar. Yana o'zlaricha: "Aytayotgan so'zimiz sababli Alloh bizlarni azoblamasa edi?!" - derlar. Ularga o'zlari toblanadigan jahannam bas kelur. Naqadar yomon taqdir bu!

58.9 . Ey, mo'minlar, sizlar o'zaro shivirlashib gaplashganlaringizda gunoh, adovat va payg'ambarga itoatsizlik qilish to'g'risida shivirlashmanglar, (balki) yaxshilik va taqvo haqida shivirlashinglar hamda sizlar huzuriga to'planadigan zot - Allohdan qo'rqinglar!

58.10 . O'zaro shivirlashish faqat shayton tomonidan bo'lib, imon keltirgan zotlarni g'amgin qilish uchundir. (Lekin) u Allohning iznisiz ularga zarar yetkaza oluvchi emasdir. Bas, mo'minlar Allohgagina tavakkul qilsinlar!

58.11 . Ey, mo'minlar, qachonki, sizlarga (suh batlarda): "joy beringiz", - deyilsa, darhol joy beringiz, Alloh sizlarga ham (xohlagan yeringizdan) joy berur. Yana, qachonki, "turingiz" deyilsa, darhol turinglar, Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

58.12 . Ey, imon keltirganlar, qachonki, sizlar Payg'ambar bilan suhbatlashishni istasangizlar, suhbatlaringiz oldidan (kambag'al va miskinlarga) sadaqa taqdim etinglar. Bu o'zlaringiz uchun yaxshiroq va (xatolaringizni) poklovchiroqdir. Bas, agar (sadaqaga narsa) topa olmasangizlar, u holda, albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.

58.13 . Suhbatlaringiz oldidan sadaqalar taqdim etishdan (kambag'al bo'lib qolamiz deb) qo'rqdingizlarmi? Bas, sizlar (sadaqa) qilmasalaringiz ham Alloh tavbalaringizni qabul qilgan ekan, endi namozni mukammal ado etingizlar va zakot beringizlar hamda Alloh va uning Payg'ambariga itoat etingizlar! Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

58.14 . (Ey, Muhammad,) Allohning g'azabiga uchragan qavmni (yahudiylarni) do'st tutgan (munofiq)larni ko'rmaysizmi?! U (munofiq)lar sizlardan (musulmonlardan) ham, ulardan (yahudiylardan) ham emasdirlar. Yana ular bilib turib, ("Biz musulmonmiz" deb) qasam ham ichurlar.

58.15 . Alloh ular uchun ashaddiy azobni tayyorlab qo'ygandir. Darhaqiqat, ularning qilgan ishlari naqadar yomondir!

58.16 . Ular o'zlarining (yolg'on) qasamlarini qalqon qilib olishib, (odamlarni) Allohning yo'lidan to'sdilar. Bas, ular uchun xor qiluvchi azob bordir.

58.17 . Ularning mollari ham, bolalari ham Alloh tomonidan (bo'ladigan) narsani (azobni) ulardan daf qila olmas. Ular do'zax ahlidirlar. Ular o'sha joyda mangu qoluvchidirlar.

58.18 . U Kunda (Qiyomatda) Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirganda, ular xuddi sizlarga qasam ichayotganlaridek, U zotga ham qasam ichurlar va o'zlariga (qasamlari sababli) biror narsa (foyda) bo'ladi deb hisoblaydilar. Ogoh bo'lingizkim, albatta, ular ayni yolg'onchilardir!

58.19 . Ularni shayton egallab olib, ularga Alloh zikrini unuttirdi. Ana o'shalar shayton hizbi (guruhi)dirlar. Ogoh bo'lingizkim, albatta, shayton hizbi ziyon ko'ruvchilardir!

58.20 . Albatta, Alloh va Uning payg'ambariga muxoliflik qilganlar, aynan, o'shalar eng xor kimsalar ichida bo'lurlar.

58.21 . Alloh (Lavhul-Mahfuzda): "Albatta, Men O'z payg'ambarlarim bilan birga g'olib bo'lurman", - deb yozib qo'ygandir. Albatta, Alloh kuchli va qudratlidir.

58.22 . Allohga va oxirat kuniga imon keltiradigan qavmning Alloh va Uning payg'ambariga muxoliflik qiluvchilar bilan - garchi ular o'zlarining otalari, yoki o'g'illari, yoki og'a-inilari, yoki qarindoshlari bo'lsalar-da - do'stlashayotganlarini topmassiz. Aynan o'shalarning dillariga (Alloh) imonni bitib qo'ygandir va ularni o'z (tomon)idan bo'lmish ruh bilan quvvatlantirgandir. U ularni ostidan anhorlar oqib turadigan, ular mangu qoladigan jannatlarga kiritur. Alloh ulardan rozi bo'lur va ular ham (Allohdan) rozi bo'lurlar. Aynan o'shalar Allohning hizbidirlar. Ogoh bo'lingizkim, albatta, Allohning hizbigina najot topuvchilardir!