VOQEA surasi

56.1 . Qachonki, Qiyomat voqe (qoyim) bo'lganda -

56.2 . uning voqe bo'lishining yolg'oni yo'qdir -

56.3 . (u odamlarni) ostin-ustun etuvchidir.

56.4 . Yer larzaga kelgan,

56.5 . tog'lar titilib (to'zib),

56.6 . to'zonga aylangan (bo'lur).

56.7 . Sizlar esa uch toifa bo'lursizlar.

56.8 . Bas, (u uchning birinchisi) o'ng tomon egalaridir. O'ng tomon egalari (bo'lmoq) ne (saodat)dir!

56.9 . (Ikkinchi toifa) chap tomon egalaridir. Chap tomon egalari (bo'lmoq) ne (baxtsizlik)dir!

56.10 . (Uchinchi toifa ezgu ishlarda) o'zib-o'zib ketgan zotlardir.

56.11 . Aynan o'shalar (Allohga) yaqin zotlardir.

56.12 . Noz-ne'mat bog'larida

56.13 . (O'zib ketganlar) avvalgi (ummat)lardan ko'pchilik,

56.14 . keyingilar (Muhammad ummatlari)dan esa ozchilikdir.

56.15 . (Ular oltindan) yasalgan so'rilarda,

56.16 . yastangan hollarida bir-birlariga ro'baro' bo'lib (o'ltirurlar).

56.17 . Ustilarida esa mangu yosh bolalar aylanib yururlar

56.18 . oqar chashmadan olinmish (mayli) qadahlar, ko'zalar va kosalar bilan.

56.19 . U (may)lardan ularning boshlari ham oqrimas, mast ham bo'lmaslar.

56.20 . Yana o'zlari tanlab oladigan meva bilan,

56.21 . ishtahalari tortgan qush go'shtlari bilan ham (aylanib tururlar).

56.22 . Yana (ular uchun) ko'zlari keng va tiniq hurlar ham bo'lurki,

56.23 . ular xuddi yopiq marvarid misolidirlar.

56.24 . (Bu) ular (dunyoda) qilib o'tgan amallarining mukofotidir.

56.25 . Ular u joyda behuda va gunoh (so'z)ni eshitmaslarš

56.26 . faqat "Salom-salom" so'zinigina (eshiturlar).

56.27 . O'ng tomon egalari - o'ng tomon egalari (bo'lmoq) ne (saodat)dir!

56.28 . (Ular) tikansiz butazorlarda,

56.29 . tizilgan bananzorlarda,

56.30 . yoyiq soya (osti)da,

56.31 . oqizib qo'yilgan suv (bo'yi)da,

56.32 . ko'plab meva (uzra)ki,

56.33 . (ular) tuganmas va man etilmasdir.

56.34 . Shuningdek, (ular) baland to'shalgan ko'rpachalar (usti)dadirlar.

56.35 . Biz ularni (hurlarni) daf'atan paydo qildik (onadan tuqilmadilar).

56.36 . So'ng ularni bokira qizlar qildik.

56.37 . (Ular) jozibali va tengqurdirlar.

56.38 . (Ular) o'ng tomon egalari uchundir.

56.39 . (O'ng tomon egalari) avvalgi (ummat)lardan ham ko'pchilik,

56.40 . keyingilaridan (Muhammad ummatlaridan) ham ko'pchilikdir.

56.41 . Chap tomon egalari - chap tomon egalari (bo'lmoq) ne (baxtsizlik)dir! -

56.42 . (Ular) Samum (shamoli) va qaynoq suv ichida,

56.43 . qora tutun soyasi ostidaki,

56.44 . na sovuqdir va na yoqimli.

56.45 . Ular bundan ilgari (dunyoda) ishratchi edilar.

56.46 . Yana ulkan gunoh (shirk) uzra ustivor edilar.

56.47 . Yana aytar edilar: "Bizlar o'lib tuproq va suyaklarga aylangach, rostdan ham qayta tiriltiriluvchimizmi?!

56.48 . Avvalgi ota-bobolarimiz hammi?!"

56.49 . (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Albatta, avvalgilar ham, keyingilar ham

56.50 . ma'lum Kundagi belgilangan vaqtda, albatta, to'planuvchidirlar!

56.51 . So'ngra sizlar, ey, (qayta tirilishni) inkor etuvchi gumrohlar,

56.52 . albatta, (jahannam giyohi) Zaqqum daraxtidan yeguvchi,

56.53 . undan qorinlarni to'ldiruvchidirsizlar.

56.54 . So'ng uning ustiga qaynoq suvdan ichuvchi,

56.55 . (ichganda ham) tashna tuyalar kabi ichuvchidirsizlar.

56.56 . Mana shu jazo Kunidagi ularning "ziyofat"idir.

56.57 . (Ey, insonlar,) sizlarni Biz yaratdik-ku! Bas, (yana qayta yarata olishimizni) tasdiq etmaysizlarmi?!

56.58 . Sizlar (xotinlaringiz bachadoniga) to'kadigan maniy (urug')ni (o'ylab) ko'rdingizmi?

56.59 . Uni sizlar (inson qilib) yaraturmisizlar yoki Biz yaratuvchimizmi?!

56.60 . Sizlarning o'rtangizdagi o'limni ham Biz o'lchab qo'ygandirmiz. Bizdan o'zib ketilmas.

56.61 . Biz (o'rningizga) sizlarga o'xshaganlarni almashtirib qo'yishga hamda sizlarni o'zlaringiz bilmaydigan holat - suratda qayta paydo qilishga ham (ojiz emasdirmiz).

56.62 . Sizlar ilk bor paydo bo'lishlaringiz (qanday bo'lgani)ni bildingiz-ku! Bas, eslatma olmaysizlarmi?!

56.63 . Sizlar ekayotgan ziroatlaringiz haqida o'ylab ko'rdingizmi?!

56.64 . Uni sizlar undirurmisizlar yoki Biz undiruvchimizmi?!

56.65 . Agar Biz xohlasak, uni quruq cho'p qilib qo'ygan bo'lur edik, sizlar esa ajablanib qolavergan bo'lur edingiz.

56.66 . "Bizlar ziyon ko'ruvchilarmiz.

56.67 . Balki, bizlar (rizqimizdan) mahrumdirmiz" (deb nadomatda qolgan bo'lur edingizlar).

56.68 . Sizlar o'zlaringiz ichayotgan suvni (o'ylab) ko'rdingizmi?!

56.69 . Uni bulutlardan sizlar yog'dirdingizmi yoki Biz yog'diruvchimizmi?!

56.70 . Agar Biz xohlasak, uni sho'r va achchiq qilib qo'ygan bo'lur edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?!

56.71 . Sizlar yog'ayotgan olovni (o'ylab) ko'rdingizmi?!

56.72 . Uning daraxtini sizlar paydo qildingizmi yoki Biz paydo qiluvchimizmi?!

56.73 . Biz uni (jahannam haqida) bir eslatma va yo'lovchilar uchun foydalanadigan narsa qilib qo'ydik.

56.74 . Bas, (Ey, Muhammad,) Ulug' Rabbingiz nomini (poklab) tasbeh ayting!

56.75 . Men yulduzlarning botish joylari bilan qasamyod eturman -

56.76 . bu (qasam) agar bilsangizlar, albatta, buyuk qasamdir -

56.77 . albatta, u Qur'oni karimdir

56.78 . yashirin Kitobdagi (Lavhul-Mahfuzdagi).

56.79 . Uni (Qur'onni) tahoratli kishilardan o'zgalar ushlamaslar.

56.80 . (U) olamlar Parvardigori (tomoni)dan nozil qilingandir.

56.81 . Bas, (ey, kofirlar,) sizlar shu So'zga (Qur'onga) beparvolik qilayapsizlarmi?!

56.82 . Yana (Qur'onni) yolg'onga chiqarishingizni o'z rizqingiz qilib olayapsizlarmi?!

56.83 . Bas, qachonki, (kishining joni) halqumga yetganida,

56.84 . holbuki, o'sha vaqtda sizlar qarab turursizlar.

56.85 . Biz esa unga sizlardan ko'ra yaqinroqdirmiz, lekin sizlar (buni) ko'rmassizlar.

56.86 . Bas, qani endi, sizlar jazolanmaydigan bo'lsangizlar,

56.87 . va rostgo'y bo'lsangizlaru, o'shani (jonni) qaytara olsangizlar!

56.88 . Bas, agar o'sha (vafot etgan zot Allohga) yaqinlardan bo'lsa,

56.89 . (uning uchun) rohat, rayhon (bo'yi) va ne'matlar jannati bordir.

56.90 . Endi, agar u o'ng tomon egalaridan bo'lsa,

56.91 . bas, (ey, saodatli banda,) senga o'ng tomon egalaridan salom!

56.92 . Bordi-yu, u (dinni) inkor etuvchi gumrohlardan (chap tomon egalaridan) bo'lsa,

56.93 . bas, qaynoq suvdan iborat "ziyofat"

56.94 . va do'zaxning toblashi bordir.

56.95 . Albatta, bu (zikr qilingan narsalar) ayni haqiqatning o'zidir.

56.96 . Bas, Ulug' Rabbingiz nomi bilan tasbeh ayting!