QAMAR surasi

54.1 . Qiyomat yaqinlashdi. (Mana) oy ham bo'lindi.

54.2 . Agar ular (Quraysh kofirlari biror mo'jiza ko'rsalar,) yuz o'girurlar va "(Bu) davom etayotgan sehr-ku!" derlar.

54.3 . Ular (payg'ambarni) inkor etdilar va havoyi-nafslariga ergashdilar. Har bir ish qarorini topuvchidir.

54.4 . Ularga (tarixiy) xabarlar kelgan va ularda (yovuzlikdan) taqiq bor edi.

54.5 . (U) yetuk hikmat bo'lsa-da, ogohlantirishlar foyda bermadi.

54.6 . (Ey, Muhammad,) endi Siz ulardan yuz o'giring! Chaqiruvchi (Isrofil) notanish bir narsaga (hisob-kitobga) chaqiradigan Kunda

54.7 . (ular) ko'zlari (qo'rquvdan) quyiga boqlg'an hollarida, go'yo to'zigan chigirtkalar kabi qabrlaridan chiqib kelurlar!

54.8 . Chaqiruvchi tomoniga shoshganlaricha borar ekanlar, kofirlar: "Bu og'ir Kundir", - derlar.

54.9 . Ulardan (Makka kofirlaridan) oldin Nuh qavmi ham (Uni) inkor etgan edi. Ular bandamiz (Nuh)ni yolg'onchiga chiqarishib: "(U) bir majnun", - dedilar va u (payg'ambarlik ijrosidan) to'sib qo'yildi.

54.10 . Shunda u Parvardigoriga: "Men mag'lubdirman, yordam qilgin!" - deb duo qildi.

54.11 . Biz osmon darvozalarini (tinimsiz) quyiluvchi suv bilan ochib yubordik.

54.12 . Yana yerdan buloqlar chiqarib yubordik. Bas, (osmon va Yer) suvi taqdir qilib qo'yilgan bir ish uzra uchrashdilar.

54.13 . Uni (Nuhni) esa taxtalaru mixlar yasamasida (kemada) ko'tardik.

54.14 . U (kema) Bizning "ko'zlarimiz" o'ngida (himoyamizda) suzar. (Bu) inkor qilingan kishi (Nuh) uchun mukofotdir.

54.15 . Biz uni (To'fon asoratini) bir alomat qilib qoldirdik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!

54.16 . Bas, Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday ekan?!

54.17 . Haqiqatan, Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!

54.18 . Od (qabilasi ham payg'ambarni) inkor etdi. Bas, Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday bo'ldi?!

54.19 . Biz ularning ustiga davomli nahs (shum) kunida bir dahshatli bo'ronni yubordik.

54.20 . (U) odamlarni sug'uriluvchi xurmo (daraxti) tanalaridek sug'urib ketar edi.

54.21 . Bas, Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday ekan?!

54.22 . Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!

54.23 . Samud (qabilasi ham) ogohlantirishlarni inkor etdi.

54.24 . Bas, aytdilar: "Bizlar o'zimizning oramizdagi bir odamga ergashamizmi?! U holda bizlar haqiqatan ham gumrohlik va nodonlikda bo'lurmiz-ku!

54.25 . Bizlarning oramizdan o'shanga eslatma (vahiy) tashlanibdimi?! Yo'q, u kazzob va kibrlidir".

54.26 . Ular tongla (oxiratda) kim kazzob va kibrli ekanini bilib olurlar.

54.27 . Biz ularni sinash uchun bir tuya yuboruvchidirmiz. Bas, (ey,Solih,) sen (ularni) kuzat va (aziyatlariga) sabr qilib tur!

54.28 . Suvning ular bilan (tuya) o'rtasida taqsimlab qo'yilgani va har bir ichishga (navbat bilan) hozir bo'lish (lozimligi) haqida ularga xabar bergin!

54.29 . So'ngra ular (Samud qabilasi) o'zlarining bir sheriklarini (tuyani so'yishga) chorlagan edilar, u ishga kirishdi va (tuyani) so'yib yubordi.

54.30 . Bas, (ularga) Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday bo'ldi?!

54.31 . Biz ularning ustiga bir qichqiriq yuborgan edik, ular xuddi qo'raning cho'plari kabi (yakson) bo'ldilar.

54.32 . Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?

54.33 . Lut qavmi (u keltirgan) ogohlantirishlarni inkor etdi.

54.34 . Darvoqe, Biz ularning ustiga (toshli) bo'ron yubordik. Illo, Lut oilasigagina (tong) saharda najot berdik.

54.35 . (Bu) Bizning huzurimizdan bo'lmish ne'matdir. Shukr qilganlarni mana shunday mukofotlaymiz.

54.36 . (Lut) Bizning (azob bilan) ushlashimizdan ularni (o'z qavmini) ogohlantirgan edi, (ammo) ular ogohlantirishlarga shubha bilan qaradilar.

54.37 . Ular (Lutning) mehmon(lar)ini yo'ldan urmoqchi bo'ldilar. Bas, Biz ularning ko'zlarini ko'r qilib qo'ydik. Bas, Mening azobimni va ogohlantirishlarimni totib ko'ringlar.

54.38 . Haqiqatan, erta tongda ularga ustivor azob keldi.

54.39 . Bas, Mening azobimni va ogohlantirishlarimni totib (inkor etib) ko'ringlar.

54.40 . Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!

54.41 . Fir'avn zodagonlariga ham ogohlantirishlar keldi.

54.42 . Ular Bizning mo''jizalarimizni inkor etganlaridan so'ng, Biz ularni kuchli va qudratli zot ushlashi bilan ushladik.

54.43 . (Ey, Makka ahli,) sizlarning kofirlaringiz ana ulardan yaxshiroqmi yoki sizlar uchun (samoviy) kitoblarda oqlov (vasiqasi) bormi?!

54.44 . Balki, ular: "Biz yenguvchi jamoatdirmiz", - deyishar?!

54.45 . Yaqinda o'sha jamoat yengilib, ortlariga qarab qochib qolurlar.

54.46 . (Bugina emas,) balki ularga va'da qilingan vaqt Qiyomatdir. Qiyomat esa yanada halokatli va achchiqdir.

54.47 . Albatta, jinoyatchilar gumrohlik va nodonlikdadirlar.

54.48 . Ular yuz tuban hollarida do'zax sari sudraladigan Kunda (ularga): "Do'zax ta'sirini totib ko'ringlar!" - (deyilur).

54.49 . Albatta, Biz har bir narsani o'lchov bilan yaratdik.

54.50 .Bizning farmonimiz faqat birgina ("Bo'l", - degan so'z)dir. (Muddati) ko'z yumib ochgunchadir.

54.51 . Biz sizlarning o'xshashlaringizni halok qildik. Bas, eslatma oluvchi bormi?

54.52 . Ular qilgan har bir narsa bitiklarda (nomai a'mollarida)dir.

54.53 .Har bir kichik va katta (ish Lavhul-Mahfuzda) bitilgandir.

54.54 . Albatta, taqvodorlar jannatlarda va daryolar uzra

54.55 . qodir Podshoh huzuridagi sadoqat maqomida bo'lurlar.