TUR surasi

52.1 . Qasamyod etaman Tur (tog'i) bilan,

52.2 . satrlangan Kitob (Qur'on) bilanki,

52.3 . (u) ochiq sahifadadir;

52.4 . yana Baytul-Ma'mur bilan,

52.5 . baland ko'tarilgan tom (osmon) bilan

52.6 . va to'lqinlangan dengiz bilan-ki,

52.7 . Rabbingizning azobi, shubhasiz, voqe bo'luvchidir!

52.8 . Uni daf etuvchi (kuch) yo'qdir.

52.9 . U Kunda osmon aylanur.

52.10 . Tog'lar ham (samoda to'zon kabi) sayr qilur.

52.11 . Ana o'sha Kunda (payg'ambarlarni) inkor etuvchilar holiga voy!

52.12 . Ular (zalolatga) cho'mib, beparvo o'ynab yuradigan kimsalardir.

52.13 . U Kunda ular jahannam olovi sari haydalurlar.

52.14 . (Va ularga deyilur): "Sizlar yolg'on deb yurgan do'zax mana shudir.

52.15 . Qani, bu ham sehrmi yoki sizlar ko'rmayapsizlarmi?!

52.16 . Unda toblaningiz! Endi (uning azobiga) xoh sabr qilinglar, xoh sabr qilmanglar- sizlarga barobardir! Sizlar faqat o'zlaringiz qilib o'tgan qilmishlaringiz jazosini olursizlar".

52.17 . Taqvodor zotlar esa bog'lar va ne'matlar ichradirlar.

52.18 . Parvardigorlari ato etgan narsalar bilan shod-xurramdirlar. Parvardigorlari ularni do'zax azobidan saqlagandir.

52.19 . (Ularga aytilur): "Sizlar qilib o'tgan (yaxshi) amallaringiz sababli bemalol yenglar va ichinglar!

52.20 . Qator so'rilarda yastangan hollaringizda". Biz ularga keng, qora ko'zli hurlarni juft qilib berurmiz.

52.21 . O'zlari imon keltirib, zurriyotlari ham ularga imon bilan ergashgan zotlarga (o'sha) zurriyotlarini qo'shib, ularga qilgan amallaridan biror narsani ham kamaytirmaymiz.Har bir kimsa o'zi qilgan ishi bilan garovlangandir.

52.22 . Yana Biz ularni ko'ngillari istaydigan meva va go'sht bilan quvvatlantirurmiz.

52.23 . Ular u joyda (shunday sharob) kosalarini talashib (qo'lma-qo'l) qilib ichurlarki, unda na behuda gap va na gunoh ish bo'lur.

52.24 . Ularning ustida go'yo (sadaf ichida) yashiringan gavhardek (pok va xushsurat) g'ulomlar aylanib (xizmat qilib) yurar.

52.25 . Ular bir-birlariga qarab, savol-javob qilishurlar.

52.26 . Ayturlar: "Haqiqatan, bizlar ilgari (dunyoda) oilamiz orasida (Alloh azobidan) qo'rquvchi edik.

52.27 . Mana, Alloh bizlarni mamnun etdi va bizlarni "samum" (do'zax shamoli)dan saqladi.

52.28 . Darhaqiqat, bizlar ilgari (dunyoda) Unga duo qilar edik. Albatta, Uning O'zi marhamatli va rahmlidir".

52.29 . Bas, (ey, Muhammad,) (insonlarga) eslatma beravering, chunki Siz Rabbingizning ne'mati sababli kohin (folbin) ham, majnun ham emasdirsiz.

52.30 . Balki, ular (mushriklar): "(Muhammad) shoirdir. Bizlar unga zamon hodisotlari (yetishi)ni kutarmiz", - derlar?!

52.31 . Ayting: "Kutaveringlar! Men ham sizlar bilan birga kutuvchilardandirman".

52.32 . Balki, ularni "aqllari" mana shunga buyurar?! Yoki ular tug'yonga ketgan qavmdirlar?!

52.33 . Balki, ular: "(Muhammad Qur'onni) o'zi ichidan to'qib olgan",- derlar?! Yo'q, ular imon keltirmaslar!

52.34 . Bas, agar rostgo'y bo'lsalar, o'zlari ham o'sha (Qur'on)ga o'xshash biror so'z (kitob) eltirsinlarchi?!

52.35 . Yoki ular hech narsadan (ya'ni, Yaratuvchisiz) yaralib qolganmilar?! Yoki ular o'zlari yaratuvchimilar?!

52.36 . Yoki osmonlar va Yerni ham ular yaratganmilar?! Yo'q, ular ishonmaslar!

52.37 . Yoki ularning huzurlarida Rabbingizning xazinalari bormi?! Yoki ular (butun borliqni) boshqarib turuvchimilar?!

52.38 . Balki, ularda (chiqib, farishtalarning so'zlarini) eshitib oladigan narvon bordir?! U holda ularning eshitib oluvchisi aniq hujjat keltirsin!

52.39 . Yoxud qizlar (farishtalar) Unga-yu, o'g'illar sizlargami?

52.40 . (Ey, Muhammad,) balki Siz ulardan (payg'ambarligingiz uchun) haq so'rayotgandursizki, ular (o'sha) to'lovdan qiynalgandirlar?!

52.41 . Yoki ularning huzurlarida g'ayb (ilmi) bo'lib, ular (undan ko'chirib) yozib olayotirlarmi?!

52.42 . Balki, ular (Sizni halok qilish uchun) biror hiyla qilmoqchidirlar?! U holda o'sha kofir bo'lgan kimsalarning o'zlari "hiyla"ga giriftor bo'lurlar.

52.43 . Yoxud ular uchun Allohdan o'zga iloh bormi?! Alloh ularning shirklaridan pokdir!

52.44 . Agar ular (ustilariga) osmonning bir parchasi tushayotganini ko'rsalar ham "Bu qalin bulutdir", - derlar.

52.45 . Bas, (ey, Muhammad,) Siz ularni, to o'zlari halok qilinadigan kunlariga ro'baro' bo'lgunlaricha, qo'yib bering!

52.46 . U Kunda ularning hiylalari hech foyda bermas va ularga yordam ham berilmas.

52.47 . Albatta, zolim (kofir) bo'lgan kimsalar uchun bundan (Qiyomatdan) ilgari (dunyoda) ham azob(lar) bordir. Lekin, ularning aksariyati (buni) bilmaslar.

52.48 . (Ey, Muhammad,) Siz Rabbingizning hukmiga sabr qiling! Zotan, Siz Bizning ko'z o'ngimizda (himoyamizda)dirsiz! (Tongda uyqudan) turgan paytingizda, Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting!

52.49 . Shuningdek, kechadan (vaqt ajratib) va yulduzlar yuz o'girgach (botgach), (saharda) ham Unga tasbeh ayting.