ZORIYOT surasi

51.1 . Qasamyod etaman (bulutlarni) haydab yuruvchi (shamol)larga,

51.2 . yuk (yomg'ir) tashuvchi (bulut)larga,

51.3 . (suv yuzida) yengil suzuvchi (kema)larga

51.4 . va (Alloh buyurgan) ish(lar)ni taqsimlovchi (farishta)largaki,

51.5 . sizlarga va'da qilinayotgan narsa (qayta tirilish), shubhasiz, rostdir

51.6 . va albatta, (Qiyomat kunida hisob-kitob qilingandan keyin) jazo (va mukofot) ham voqe bo'luvchidir!

51.7 . (Yulduzlar harakat qiladigan) yo'llar egasi bo'lmish osmonga qasamki,

51.8 . albatta, sizlar (ushbu Payg'ambar xususida) qarama-qarshi so'z uzradirsizlar!

51.9 . Undan (Qur'ondan va Payg'ambardan) burilgan (baxtsiz) kimsa og'ib ketur.

51.10 . (O'sha) yolg'onchilarga o'lim!

51.11 . Ular (jaholat) girdobida adashib yuruvchi kimsalardir.

51.12 . (Ular) jazo (qiyomat) kuni qachon bo'lishini so'rarlar.

51.13 . (U Kun) ular do'zaxda sinaladigan Kundir.

51.14 . (O'shanda ularga aytilur): "Sinovingizni totinglar! Sizlar (dunyodalik paytingizda) shoshtirgan narsa mana shudir!"

51.15 . Albatta, taqvodorlar jannatlar va buloqlar uzra bo'lurlar.

51.16 . Parvardigorlari ularga ato etgan narsalarni (mukofotlarni) olgan hollarida (bo'lurlar). Zero, ular bundan ilgari (dunyoda) ezgu ishlarni qiluvchi edilar.

51.17 . (Ular) tunning ozgina (qismidagina) uxlar edilar.

51.18 . Saharlarda ular (Allohdan) mag'firat so'rar edilar.

51.19 . Ularning mol-mulklarida soil va mahrum (muhtoj) kishilar uchun (ajratilgan) haq (ulush) bo'lar edi.

51.20 . (Ey, insonlar,) yerda ishonuvchilar uchun alomatlar bordir.

51.21 . O'zlaringizda ham. Axir, ko'rmaysizlarmi?!

51.22 . Osmonda esa sizlarning rizqlaringiz (yomg'ir) va sizlarga va'da qilinayotgan narsa (jannat) bordir.

51.23 . Bas, osmon va Yerning Parvardigoriga qasamki, albatta, u (va'da) xuddi sizlarning so'zlashingiz kabi (haq va rost)dir!

51.24 . (Ey, Muhammad,) Sizga Ibrohimning aziz mehmonlari haqidagi xabar keldimi?

51.25 . O'shanda ular (Ibrohim) huzuriga kirib: "Salom", - deyishganda, u ham: "Salom. (Bular) notanish qavm-ku", - dedi..

51.26 . So'ngra u asta oilasi oldiga chiqib, bir semiz buzoqni (so'yib, pishirib) keltirdi.

51.27 . Uni ularga yaqin qilib, "(Taomdan) yemaysizlarmi?" - dedi.

51.28 . (Lekin ovqatga qo'l cho'zishmagach,) ulardan xavfsiray boshladi. (Shunda) ular: "Qo'rqmagin. (Biz farishtalar taom yemaymiz)", - dedilar va (Ibrohimga) bir dono o'g'il (tug'ilishi) xushxabarini berdilar.

51.29 . Shunda (Ibrohimning) xotini qichqirgancha keldida, (ajablanganidan) o'zining yuziga urib: "(Axir, men) tug'mas kampir(man)ku!" - dedi.

51.30 . Ular aytdilar: "Parvardigoring mana shunday, dedi. Albatta, Uning O'zi hikmat va bilim sohibidir".

51.31 . (Ibrohim) dedi: "Ey, elchilar, yumushlaringiz nedir?"

51.32 . Aytdilar: "Bizlar bir jinoyatchi qavmga (Lut qavmiga) yuborildik.

51.33 . Loy sopolidan qilingan toshni ular uzra yog'dirishimiz kerak.

51.34 . Parvardigoring nazdida haddan oshuvchi kimsalar uchun (har bir toshga) belgi qo'yilgan (nomlari yozib qo'yilgan)."

51.35 . Bas, Biz u joydagi mo''minlardan bo'lmish kishilarni chiqarib yubordik.

51.36 . U joyda bir xonadondan (Lut xonadonidan) o'zga musulmonlarni topmadik.

51.37 . Biz (kofirlarni halok qilganimizdan so'ng) alamli azobdan qo'rqadigan zotlar uchun u joyda alomat qoldirdik.

51.38 . Muso (qissasi)da ham (ibrat bordir). Eslang, Biz uni aniq hujjat bilan Fir'avn oldiga yuborgan edik.

51.39 . U o'z arkoni (davlati)ga suyanib, imon keltirishdan yuz o'girdi va: "(Muso) sehrgar yoki majnun", - dedi.

51.40 .Bas, Biz uni ham, qo'shinlarini ham ushlab, ularni dengizga otdik (g'arq qilib yubordik). U malomatga loyiqdir.

51.41 . Od (qabilasi qissasi)da ham (ibrat bordir). Qaysiki, Biz ularning ustiga yaxlit (foydasiz) bo'ronni yuborgan edik.

51.42 . U (bo'ron) nimaning ustidan o'tsa, albatta, uni (halok etib), xuddi chirigan suyaklardek qilib qo'yar edi.

51.43 . Samud (qabilasining qissasi)da ham (ibrat bordir). Qaysiki, ularga (man etilgan tuyani so'yib yuborganlarida) "bir vaqtgacha (ya'ni, uch kungacha tiriklik ne'matidan) bahramand bo'lingiz", - deyilgan edi.

51.44 . Bas, ular Parvardigorning amri (itoati)dan kibr qilishgach, qarab turgan hollarida ularni chaqmoq urdi.

51.45 . Bas, ular (qochish uchun o'rinlaridan) turishga ham qodir bo'lmadilar va (hech kim tomonidan) yordam beriluvchi ham bo'lmadilar.

51.46 . (Mazkur qavmlardan) oldin Nuh qavmini ham (halok qilgandirmiz). Chunki, ular fosiq (itoatsiz) qavm edilar.

51.47 . Osmonni Biz "qo'llar" bilan barpo etdik. Darhaqiqat, Biz qudratlidirmiz.

51.48 . Yerni esa (yoyib) to'shab qo'ydik. Bas, (Biz) naqadar yaxshi yoyuvchidirmiz!

51.49 . Sizlar eslatma olishlaringiz uchun Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik.

51.50 . (Ey, Muhammad, ularga ayting): "Bas, Allohga (imon keltirish uchun) qochinglar! Albatta, men sizlar uchun U zot(ning azobi)dan aniq ogohlantiruvchidirman.

51.51 . Alloh bilan birga yana boshqa iloh bor, demanglar! Albatta, men sizlar uchun U(ning azobi)dan anig' ogohlantiruvchidirman".

51.52 . Xuddi shuningdek, ulardan (Makka mushriklaridan) avvalgi (kofir)larga (biror) payg'ambar kelsa, ular ham, albatta, uni sehrgar yoki majnun, der edilar.

51.53 . Ular o'sha (so'z)ni bir-birlariga vasiyat qilib qoldirganmilar? Yo'q! Ular tug'yonga ketgan qavmlardirlar!

51.54 . Bas, (ey, Muhammad,) Siz ulardan yuz o'giring! Endi Siz malomat qilinuvchi emassiz.

51.55 . Eslating! Zero, eslatma mo'minlarga manfaat etkazur.

51.56 . Men jin va insni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim.

51.57 . Men ulardan biror rizq istamasman va ular Meni taomlantirishini ham istamasman.

51.58 . Zero, Allohning O'zi (barcha xaloyiqqa) rizq beruvchi, quvvat sohibi va qudratlidir.

51.59 . Bas, zolim (kofir)lar uchun, shubhasiz, xuddi (ilgari o'tgan kofir) do'stlarining nasibalari kabi (azobdan) nasiba bordir. Bas, ular Meni(ng azobimni) qistamay qo'ya qolsinlar!

51.60 . Bas, kofir bo'lgan kimsalarga va'da quilinayotgan Kunlarida ularning hollariga voy!