QOF surasi

50.1 . Qof. Ulug' Qur'onga qasam!

50.2 . Ha, ularga (farishta o'rniga) o'zlaridan bo'lmish bir ogohlantiruvchi (payg'ambar) kelganidan ajablandilar. Shunda kofirlar aytdilar: "Bu juda qiziq narsa-ku!

50.3 . Bizlar o'lib, tuproqqa aylanganimizda (yana tirilamizmi)?! Bu juda uzoq (aqlga sig'mas) qaytishdir!"

50.4 . Biz ular(ning murdalari) ni yer kamaytirayotganini (chirib tuproqqa aylanayotganini) bilganmiz. Bizning huzurimizda esa, (qilmishlarini) saqlovchi Kitob (Lavhul-Mahfuz) bordir.

50.5 . Yo'q, ularga Haq (Qur'on) kelganda, uni ham yolg'onga yo'ydilar. Bas, ular iztirobli ishga (holga) tushib qolganlar.

50.6 . Axir, ular ustilaridagi osmonni - Biz uni qanday bino qilib, (yulduzlar bilan) bezab qo'yganimizni va uning teshik(yoriq)lari yo'q ekanini ko'rmadilarmi?!

50.7 . Yerni esa yoyiq (keng) qildik va unga tog'larni o'rnatib qo'ydik hamda unda (o'simlik, mevalardan) har turli go'zal juftlarni undirdik.

50.8 . (Parvardigorga) qaytuvchi har bir bandaga ko'rgazma va eslatma bo'lishi uchun (shunday qildik).

50.9 . Biz osmondan barakotli suv (yomg'ir) yog'dirib, u bilan bog'larni va o'rib olinadigan donlarni undirdik.

50.10 . Shuningdek, zich mevali, novdalari baland xurmolarni ham.

50.11 . Bandalarga rizq bo'lsin uchun (shunday qildik). Yana u (suv) bilan "o'lik" shaharni (yerni) "tiriltirdik". (Qabrlardan tirilib) chiqish ham mana shunday bo'lur.

50.12 . Ulardan (Makka kofirlaridan) oldin Nuh qavmi, quduq egalari (Shuayb qavmi), Samud (qabilasi) inkor qilgan edilar.

50.13 . Shuningdek, Od(qabilasi), Fir'avn (qavmi), Lutning og'a-inilari,

50.14 . daraxtzor egalari (ya'ni,Shuayb qavmi) va Tubba' qavmi ham. (Ularning) barchalari payg'ambarlarni inkor etishgach, Mening va'dam (azobim ularga) muqarrar bo'ldi.

50.15 . Axir, Biz avvalgi yaratishga (yo'qdan bor qilishga) ojizlik qildikmi? Yo'q, ular esa yangi yaralishdan shubhadadirlar.

50.16 . Insonni (Biz) yaratganmiz, (demak,) uning nafsi vasvasa qiladigan (ko'nglidan o'tgan) narsalarni ham bilurmiz. Biz unga bo'yin tomiridan ham yaqinroqdirmiz.

50.17 . Zotan, o'ng va chap (tomon)da o'tirgan ikki (yozib turuvchi farishta) qabul qilib(yozib) tururlar.

50.18 . U biror so'zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo'lgan bir kuzatuvchi (so'zni yozib oluvchi farishta) bordir.

50.19 . Mana o'lim mastligi (jon chiqish payti) haqiqatan (yetib) keldi. (Ey, inson,) bu (o'lim) sen undan qochuvchi bo'lgan narsadir.

50.20 . (Tasavvur qiling,) Sur ham chalindi. Bu (kofirlarga azob) va'da qilingan Kundir!

50.21 . Har bir jon o'zi bilan birga (uni mahsharga) haydovchi (bir farishta) va (amallariga) guvohlik beruvchi (ikkinchi farishta) bilan birga kelur.

50.22 . (Ey, inson,) sen bu (og'ir Kun)dan g'aflatda eding. Bas, Biz sendan pardangni ochib yubordik. Endi, bugun ko'zing o'tkirdir.

50.23 . Uning (kofirning) yaqini (bo'lgan farishta) deydi: "Mana bu (nomai a'mol) mening huzurimda (doimo) hozir bo'lgan narsadir".

50.24 . (Do'zax xodimlaridan ikki farishtaga aytilur): "Har bir noshukr, qaysarni jahannamga tashlangiz!

50.25 . Shuningdek, yaxshilikni man etuvchi, tajovuzkor va (Allohga) shak keltiruvchini hamki,

50.26 . u Alloh bilan boshqa "iloh"ni sherik qigan edi, uni qattiq azobga tashlangiz!"

50.27 . Uning yaqini (shayton): "Parvardigoro, uni men tug'yonga solganim yo'q, lekin uning o'zi (haq yo'ldan) yiroq zalolatda bo'ldi", - deydi.

50.28 . (Alloh) aytadi: "Mening dargohimda bahslashmanglar! Men ilgari sizlarga tahdid qilganman.

50.29 . Mening dargohimda (qilingan) so'z o'zgartirilmas va Men bandalarga zulm qiluvchi ham emasdirman".

50.30 . U Kunda Biz jahannamga "to'ldingmi?", - dermiz, u esa: "Yana qo'shimcha bormi?" - der.

50.31 . Jannat taqvodor zotlarga yiroq bo'lmagan (bir makonga) keltirilur

50.32 . (va ularga:) "Mana shu (ne'matlar) sizlarga - (Allohga) qaytuvchi, (ahdini) saqlovchiga (va'da qilinib yurgan narsadir).

50.33 . Shuningdek, Rahmondan g'oyibona qo'rqqan va tavba etuvchi qalb bilan kelgan kishilarga ham.

50.34 . Unga (jannatga) salomat kiringiz! Bu (kun) mangu (qoladigan) Kundir", ( - deyilur).

50.35 . Ularga u joyda xohlagan narsalari bordir. Bizning dargohimizda yana qo'shimcha (in'omlar) ham bordir.

50.36 . Ulardan (Quraysh kofirlaridan) oldin ulardan quvvatliroq qanchalab avlodni halok qildik. Bas, o'shalar najot bormikan, deb shaharlarni kezib yurdilar.

50.37 . Albatta, bunda (o'yg'oq) qalb egasi bo'lgan yoki o'zi hozir bo'lib, quloq tutgan kishi uchun eslatma bordir.

50.38 . Biz osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi (bor) narsani olti kunda yaratdik va Bizga hech qanday charchoq yetgani yo'q.

50.39 . Bas, (ey, Muhammad,) ular (kofirlar) aytayotgan so'zlarga sabr qiling va Quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting (namoz o'qing)!

50.40 . Yana kechaning (bir qismida) va sajdalar (namozlar) ortidan tasbeh ayting!

50.41 . Jarchi (Isrofil farishta) yaqin bir makondan turib jar soladigan Kunda (unga) quloq tuting!

50.42 . U Kunda ular (barcha xaloyiq) u (dahshatli) qichqiriqni chinakamiga eshiturlar. Bu (qabrlardan) chiqish Kunidir.

50.43 . Albatta, Biz (barcha jonzotni) tiriltirurmiz va o'ldirurmiz. Qaytish esa Biz saridir.

50.44 . U kunda ularning ustidagi yer yorilib, (ular) shoshgan hollarida (chiqib kelurlar). Bu faqat Bizgagina oson bo'lgan to'plashdir.

50.45 . Biz ular (kofirlar) aytayotgan gaplarni yaxshi bilurmiz. (Ey, Muhammad,) Siz ularning ustida (imonga) zo'rlovchi emassiz. Bas, ushbu Qur'on bilan Mening tahdidimdan qo'rqadigan kishilarga nasihat qiling!