ZUXRUF surasi

43.1 . Ho, Mim.

43.2 . Aniq Kitob (Qur'on)ga qasamki,

43.3 . albatta, Biz uni sizlar anglashlaringiz uchun arabiy Qur'on qildik!

43.4 . Darhaqiqat, u (Qur'on) dargohimizdagi Asl Kitobda (Lavhul - Mahfuzda) oliy (martabali) va hikmatli (Kitob)dir.

43.5 . Bas, haddan oshuvchi qavm bo'lsangiz, sizlardan (bu) eslatmani burib (o'z hollaringizga tashlab) qo'yaylikmi?!

43.6 . Avvalgilarga ham qanchalab payg'ambar yuborganmiz.

43.7 . Ular ham o'zlariga kelgan payg'ambarni faqat masxara qilar edilar.

43.8 . Bas, ulardan (makka kofirlaridan) kuchliroqlarni ham halok qilganmiz. (Qur'onda) avvalgilarning masal (qissa)lari o'tdi.

43.9 . (Ey, Muhammad,) qasamki, agar ulardan: "Osmonlar va Yerni kim yaratgan?" deb so'rasangiz, albatta: "Ularni qudratli va bilimli (Alloh) yaratgan", - derlar.

43.10 . O'sha zot sizlar uchun yerni beshik (qarorgoh) qilib qo'ydi va (safarlarda) yo'l topishlaringiz uchun unda (yerda) yo'llarni (paydo) qildi.

43.11 . O'sha zot osmondan (aniq) o'lchov bilan suv (yomg'ir) yog'dirdi. Bas, Biz u (suv) bilan "o'lik" qishloqlarni "tiriltirdik" (giyohlarni chiqardik). Sizlar ham (Qiyomatda qabrlaringizdan) mana shunday chiqarilursizlar.

43.12 . O'sha zot barcha juftlarni (mavjudotni) yaratdi va sizlar uchun kemalar va chorva hayvonlaridan ulovlarni (paydo) qildi.

43.13 . Toki sizlar ularning ustiga mingaysizlar, so'ngra unga o'rnashib olgach, Parvardigoringiz ne'matini eslab aytursizlar: "Bizlarga bu (ulov)ni bo'ysundirib qo'ygan zotga tasbeh aytamiz. Bizlar o'zimiz bunga qodir emas edik.

43.14 . Albatta, bizlar (barchamiz) Rabbimiz (huzuri)ga qaytuvchidirmiz".

43.15 . Ular (mushriklar) Unga O'z bandalaridan (farishtalarni) a'zo qildilar. Darhaqiqat, inson aniq noshukurdir.

43.16 . Yoki (Alloh) O'zi yaratadigan narsalardan qizlarni olib, sizlarga o'g'illarni tanlab berdimi?!

43.17 . Qachonki, ularning birortasiga Rahmonga misol qilgan narsa (qiz tug'ilgani) haqida "xushxabar" berilsa, g'azabga to'lib, yuzi qorayib ketar.

43.18 . Zeb-ziynat ichida o'stiriladigan, munozarada (o'z maqsadini) ochiq bayon qila olmaydigan (zaifa)ni-ya!

43.19 . Rahmonning bandalari bo'lmish farishtalarni "qizlar" dedilar. YO ularni (farishtalarni) yaratishga guvoh bo'lganmidilar?! Ularning bu "guvoh"liklari, albatta, yozilur va ular (qiyomat kunida) so'roq qilinurlar.

43.20 . Ular: "Agar Rahmon xohlaganida, bizlar ularga (butlarga) ibodat qilmagan bo'lur edik", - deydilar. Ular uchun bunga (hech qanday) bilim (asos) yo'qdir. Ular faqat yolg'on so'zlamoqdalar.

43.21 . Yoki Biz ularga undan (Qur'ondan) oldin (biror) kitob ato etganmiz-u, ular o'shani tutuvchimilar?!

43.22 . Balki ular (shunday) deydilar: "Bizlar ota-bobolarimizni bir din uzra topganmiz va albatta, bizlar ularning izlaridan borib hidoyat topuvchilardirmiz".

43.23 . (Ey, Muhammad,) shuningdek, Sizdan ilgari qaysi bir shaharga ogohlantiruvchi (payg'ambar) yubormaylik, u joyning maishatparastlari: "Albatta, bizlar ota-bobolarimizni bir millat (din) uzra topganmiz va albatta, bizlar ularning izlaridan ergashuvchidirmiz", - deganlar.

43.24 . (Payg'ambar ularga) "Agar men sizlarga siz ota-bobolaringizni u uzra topgan narsa (din)dan To'g'riroq (din)ni keltirgan bo'lsamchi?" - deganida, ular: "Albatta, bizlar sizlar elchi qilib yuborilgan (din)ga kofirdirmiz", - dedilar.

43.25 . Bas, ulardan intiqom oldik. Endi, u (payg'ambarlarni) yolg'onchi qiluvchilarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'ring!

43.26 . Eslang, Ibrohim otasiga va qavmiga degan edi: "Men sizlar ibodat qilayotgan ma'budalardan bezordirman.

43.27 . Illo, meni yaratgan zotgagina (ibodat qilurman). Bas, U meni (Haq dinga) hidoyat qilajak".

43.28 . U (Ibrohim) o'sha (nasihat)ni zora qaytsalar, deb o'z ortida qoluvchi so'z qildi.

43.29 . Men esa (u qoldirgan so'zga itoat etmagan) ana u (Makka aholisi)ni ham, ularning ota-bobolarini ham - to ularga Haq (Qur'on) va aniq payg'ambar (Muhammad) kelgunicha, (farovon hayotdan) foydalantirdim.

43.30 . (Ammo) ularga Haq (Qur'on) kelgach, ular: "Bu sehrdir, bizlar unga kofirdirmiz", - dedilar.

43.31 . Yana ular: "Bu Qur'on ikki shahar(ning biri)dan bo'lgan ulug' odamga nozil qilinganida edi", - dedilar.

43.32 . (Ey, Muhammad,) Rabbingizning rahmati (payg'ambarlik)ni ular taqsimlaydilarmi?! Ularning dunyo hayotidagi tirikchiliklarini ham ularning o'rtalarida Biz taqsimlaganmiz va bir-birlarini bo'yin sundirish (ishlatish)lari uchun ba'zilarini ba'zilaridan darajalarini ko'tarib qo'yganmiz. Rabbingizning rahmati esa ular to'playdigan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir.

43.33 . Agar (imon keltirmaganlarning to'q yashayotganlarini ko'rib) odamlar bir millat (kofir) bo'lib olishlari bo'lmaganida edi, albatta, Rahmonga kofir bo'ladigan kimsalarga uylarining shiftlarini ham, unga chiqadigan narvonlarni ham kumushdan qilib qo'ygan bo'lur edik.

43.34 . Yana ularning uylarining eshiklarini ham, o'zlari ustida yastanib o'tiradigan so'rilarni ham (kumushdan qilib qo'ygan bo'lur edik).

43.35 . Yana (barcha) zeb-ziynatni ham. (Zero, bularning) barchasi faqat dunyo hayoti matolaridir. Oxirat esa, Rabbingiz nazdida, taqvodorlar uchundir.

43.36 . Kimki Rahmon zikridan (Qur'on nasihatlaridan) ko'r bo'lib olsa (yuz o'girsa), Biz unga shaytonni yaqin qilib qo'yarmiz, bas, u unga hamrohdir.

43.37 . Albatta, ular (shaytonlar) yo'ldan to'sib turib, yana o'zlarini hidoyat topuvchilar, deb hisoblaydilar.

43.38 .To qachonki, Bizning huzurimizga kelgach, (o'sha shaytonga qarab): "Qani endi, men bilan sening o'rtang Sharqu G'arbning o'rtasidagi uzoqlik kabi bo'lsa. Bas,(sen) naqadar yomon hamroh", - der.

43.39 . Zulm qilganlaringiz sababli bu Kunda azobda sherik ekaningiz sizlarga sira foyda bermas.

43.40 . Bas, (ey, Muhammad,) Siz karlarga eshittira olurmisiz, yoki ko'rlar va aniq zalolatdagi kimsalarni hidoyat qila olurmisiz?!

43.41 . Bas, agar Biz Sizni ketkazsak (vafot ettirsak ham), albatta, Biz ulardan (oxiratda) intiqom oluvchidirmiz.

43.42 . Yoki Biz ularga va'da qilgan narsani (azobni hayotlik chog'ingizdayoq) Sizga ko'rsataylikmi?! Zero, Biz ularga (azob berishga) qodirmiz.

43.43 . Bas, Siz o'zingizga vahiy qilingan narsani (Qur'onni) mahkam ushlang! Albatta, Siz To'g'ri yo'ldadirsiz!

43.44 . Albatta, u (Qur'on) Siz uchun ham, qavmingiz (ummatingiz) uchun ham sharafdir va yaqinda (Qiyomatda) so'ralursizlar.

43.45 . (Ey, Muhammad,) Sizdan ilgari yuborgan payg'ambarlarimizdan so'rab boqing-chi, Rahmondan o'zga ibodat qilinadigan "iloh"lar qilganmikanmiz?!

43.46 . Biz Musoni mo''jizalarimiz bilan Fir'avn va uning zodagonlariga yubordik. Bas, u: "Men (barcha) olamlar Parvardigorining payg'ambaridirman", - dedi.

43.47 . Bas, qachonki, u mo''jizalarimizni ularga keltirganida, ular birdaniga ulardan (mo''jizalardan) kula boshladilar..43. Zuxruf surasi 25-pora

43.48 . Biz ularga qaysi bir mo''jizani ko'rsatsak, albatta, u (o'zidan avvalgi) sherigidan kattaroqdir. Shoyad (imonga) qaytsalar, deb ularni azobga tutdik.

43.49 . Ular mo''jizalarimizni ko'rishgach, Musoga: "Ey, sehrgar, senga bergan va'dasiga binoan Rabbingga bizlar uchun duo qil. (Agar U azoblarni aritsa,) albatta, bizlar hidoyat topuvchidirmiz", - dedilar.

43.50 . Bas, qachonki, Biz ulardan azobni aritsak, nogoh ular (o'z ahdlarini) buza boshlaydilar.

43.51 . Fir'avn o'z qavmiga jar solib dedi: "Ey, qavmim, Misr podshohligi va mana bu ostimdan oqib turgan daryolar meniki emasmi?! Axir, ko'rayapsizlarmi?!

43.52 . Yoki mana bu hozir (maqsadini) ochiq bayon qila olmaydigan kimsadan (Musodan) men yaxshiroq emasmanmi?!

43.53 . Bas, unga (Musoga) oltin bilaguzuklar tashlanganida edi yoki u bilan birga farishtalar hamroh bo'lib kelganida edi!"

43.54 . Bas, u o'z qavmini tezlatgan edi, ular unga itoat etdilar. Darhaqiqat, ular fosiqlar qavmi edilar.

43.55 . Bas, qachonki, ular g'azabimizni keltirishgach, Biz ulardan intiqom oldik - barchalarini (dengizga) g'arq qilib yubordik.

43.56 . Bas, ularni keyingilar uchun o'tmish (ibrat) va masal qilib qo'ydik.

43.57 . (Ey, Muhammad,) qachonki, Maryam o'g'li (Iso) misol keltirilsa, birdaniga qavmingiz (bundan shodlanib) qichqira boshlaydilar.

43.58 . Ular: "Bizlarning ilohlarimiz yaxshiroqmi yoki umi?!"- deydilar. Ular (bu misolni). Sizga faqat tortishish uchungina keltiradilar. Aslida, ular xusumatchi (urushqoq) qavmdirlar.

43.59 . U faqatgina Biz (payg'ambarlik) in'om etgan bir bandadir. Biz uni (otasiz yaratish bilan) Isroil avlodi uchun bir misol (ibrat) qildik.

43.60 . Agar xohlaganimizda, albatta, sizlarning o'rningizga yerda o'rinbosarlikka farishtalarni (paydo) qilgan bo'lar edik.

43.61 . Albatta, (Iso) Qiyomat haqidagi ilm (alomat)dir. Bas, sizlar u (Qiyomat) haqida sira shubha qilmangiz! (Ey, Muhammad, Makka ahliga ayting): "Menga ergashinglar! Mana shu To'g'ri yo'ldir.

43.62 . Sizlarni shayton (Allohning dinidan) sira to'smasin! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir.

43.63 . Qachonki, Iso hujjatlarni keltirgach, dedi: "Mana men sizlarga Hikmat (Injil) bilan, sizlarga o'zlaringiz ixtilof qilayotgan ayrim narsalarni bayon qilib berish uchun keldim. Bas, Allohdan qo'rqingiz va menga itoat etingiz!

43.64 . Albatta, Allohning O'zi Rabbim va Rabbingizdir, bas, Unga ibodat qilingiz! Mana shu To'g'ri yo'ldir".

43.65 . So'ngra (nasroniylar ichidan chiqqan) firqalar (Iso xususida) o'zaro ixtilof qildilar. Bas, (u) zolimlarga alamli kun (qiyomat) azobi - halokat bo'lgay!

43.66 .Ular faqat o'zlari sezmagan hollarida Qiyomat to'satdan kelib qolishini kutmoqdalar, xolos.

43.67 . U kunda taqvolilardan o'zga do'stlar bir-birlariga dushmandirlar.

43.68 . (U kunda taqvolilarga aytilur:) "Ey, bandalarim, bu Kunda sizlarga xavf yo'qdir va sizlar aslo g'am chekmaysizlar.

43.69 . (Sizlar) oyatlarimizga imon keltirgan va musulmon bo'lgansizlar.

43.70 . Xotinlaringiz bilan birga mamnunlik hollaringizda jannatga kiringiz!"

43.71 . Ularga oltin laganlar(da taomlar) va qadahlar(da sharoblar) aylantirilur. U joyda ko'ngillar tilaydigan va ko'zlar lazzatlanadigan (barcha) narsa bordir. Sizlar u joyda mangu qolursizlar.

43.72 . Qilib o'tgan amallaringiz bilan sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir.

43.73 . Sizlar uchun u joyda ko'plab meva(lar) bo'lib, sizlar ulardan yegaysizlar.

43.74 . Albatta, jinoyatchilar (kofirlar) jahannam azobida mangu qoluvchidirlar.

43.75 . Ulardan (azob) yengillatilmas va ular unda butunlay noumiddirlar.

43.76 . Ularga Biz zulm qilmadik, lekin o'zlari zulm qiluvchi bo'ldilar.

43.77 . Ular (do'zax farishtasiga): "Ey, Molik, Parvardigoring bizlarga O'z hukmini qilsin (jonimizni olsin)", - deb nido qilganlarida, u (farishta): "Sizlar (shu azobda mangu) qoluvchidirsizlar", - deydi.

43.78 . Biz sizlarga Haq (Qur'on)ni keltirdik, lekin sizlarning ko'plaringiz Haqni yomon ko'ruvchidirsizlar.

43.79 . Yoki ular (ya'ni, Makka mushriklari) biror ishga qaror qildilarmi?! Bas, albatta, Biz ham qaror qiluvchidirmiz.

43.80 . Balki ularning gumonlaricha, Biz ularning sirlarini (bilmasmiz) va pichirlashuvlarini eshitmasmiz?! Yo'q! Bizning elchilarimiz (farishtalar) ularning oldilarida (qilgan ishlarini) yozib tururlar.

43.81 . (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Agar Rahmonning farzandi bo'lganida men (u bolaga) ibodat qiluvchilarning birinchisi bo'lur edim".

43.82 . Osmonlar va Yerning Parvardigori va Arsh egasi (bo'lmish Alloh) ular sifatlayotgan narsa (ayblar)dan pokdir.

43.83 . Bas, Siz ularni tark qiling! Ular, to o'zlariga va'da qilingan Kunga ro'baro' bo'lgunlaricha, (gunoh loyiga) botib, o'ynab yuraversinlar!

43.84 . U (Alloh) osmonda ham iloh, yerda ham ilohdir. U hikmat va ilm egasidir.

43.85 . Osmonlar va Yer hamda ularning o'rtasidagi narsalarning hukmronligiga ega bo'lgan zot barakotlidir. Qiyomat ilmi ham yolg'iz Uning huzuridadir va Ungagina qaytarilursizlar.

43.86 . (Allohni) qo'yib sig'inayotgan narsalari (Qiyomat kuni) shafoat qilishga ega bo'la olmas, illo o'zlari bilgan hollarida haqqoniy guvohlik bergan kishilargina (shafoat qilishga izn olurlar).

43.87 . (Ey, Muhammad,) qasamki, agar ulardan o'zlarini kim yaratgani haqida so'rasangiz, albatta, ular: "Alloh", - derlar. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdalar?!

43.88 . (Alloh o'z rasulining): "Ey, Rabbim, darhaqiqat, ana ular imon keltirmaydigan qavmdir", - deganini ham (bilur).

43.89 . Bas, (Ey, Muhammad,) ulardan yuz o'giring va "Salomatlik bo'lsin" deng! Bas, ular yaqinda (haqiqatni) bilib olajaklar.