SOFFOT surasi

37.1 .(Alloh yo'lida) saf tortib turuvchi,

37.2 . (gunoh ishlardan) mudom to'suvchi,

37.3 . (Allohning kalomini) doimo zikr qiluvchi (farishtalar va insonlardan iborat barcha) zotlarga qasamki,

37.4 . haqiqatan, ilohingiz yagonadir!

37.5 . (U) osmonlar, Yer va ularning o'rtasidagi narsalarning Parvardigoridir. (U yana) kunchiqar (va kunbotar) tomonlarning Parvardigoridir.

37.6 . Darhaqiqat, Biz dunyo osmonini yulduzlar bilan ziynatladik.

37.7 . (Uni) har qanday itoatsiz shaytondan (jindan) saqladik.

37.8 . U (jin)lar eng oliy mavjudotlar (farishtalar so'zlari)ni eshita olmaslar, ularga har tomondan (yulduzlar) otilur

37.9 . haydash uchun. Ularga (oxiratda) doimiy azob bordir.

37.10 . Illo, biror marta (biror so'zni) ilib olgani bo'lsa, unga ham uchar yulduz quvib yetar (va halok etar).

37.11 . Bas, (ey, Muhammad, Makka kofirlaridan) so'rang-chi, ular(ni) yaratish qiyinroqmi yoki Biz yaratgan narsalarnimi?! Zotan, Biz ularni (Odamni) yopishqoq loydan yaratgandirmiz.

37.12 . Balki Siz (ulardan) taajjubdadirsiz, (ammo) ular esa masxara qilurlar.

37.13 . Ularga (Qur'on bilan) nasihat qilinsa, nasihatni olmaslar.

37.14 . Biror mo''jizani ko'rsalar, (imon keltirish o'rniga) yanada ziyodaroq masxara qilurlar

37.15 . va derlar: "Bu faqat aniq sehrdir.

37.16 . Bizlar o'lib, tuproq va suyaklarga aylanib ketganimizda (rostdan ham), yana qayta tiriluvchi ekanmizmi?!

37.17 . Avvalgi (o'tib ketgan) ota-bobolarimiz ham-a?!

37.18 . (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "O'a! Sizlar (o'sha kuni) xor bo'luvchidirsizlar!"

37.19 . U (ya'ni, qayta tirilish) faqatgina (Isrofilning suri bilan chalinuvchi) bir qichqiriqdir, xolos, bas, ular (qayta tirilib, hukmga) qarab tururlar.

37.20 . "Holimizga voy! Bu jazo kuni-ku!" - deb qolurlar.

37.21 . Mana shu sizlar yolg'on deb o'tgan Ajrim kunidir.

37.22 . (Ey, farishtalar,) zolim (kofir) bo'lgan kimsalar va ularning yoronlarini hamda ibodat qilib o'tgan narsalarini to'plangiz,

37.23 . Allohdan o'zga. Bas, ularni do'zax yo'liga boshlangiz.

37.24 . (Ammo farmonim bo'lguncha) ularni to'xtatib (do'zaxga tashlamay) turinglar! Chunki, ular (qilmishlari to'g'risida) so'raluvchidirlar.

37.25 . (Ularga deydilar): "Nega bir-birlaringizga yordam bermayapsizlar?!"

37.26 . Yo'q, ular bu Kunda taslim bo'luvchidirlar!

37.27 . Ularning ba'zisi ba'zisiga qarab savoljavob qilurlar:

37.28 . (Aldanganlar o'z peshvolariga): "Haqiqatan, sizlar bizlarga o'ng tomondan (ya'ni, ishonchli tomondan) kelar edinglar", - deydilar.

37.29 .(Peshvolar) ayturlar: "Yo'q, sizlar o'zlaringiz mo'min bo'lmagan edinglar.

37.30 . (Axir) bizlar uchun sizlarning ustingizdan hukmronlik yo'q edi-ku! Yo'q, sizlar o'zlaringiz haddan oshuvchi qavm edingizlar.

37.31 .Bas, endi bizlarga Parvardigorimizning So'zi (azobi) muqarrar bo'ldi. Bizlar (uni) totuvchidirmiz.

37.32 . Chunki, bizlar yo'ldan ozuvchi bo'lganimiz sababli sizlarni ham yo'ldan ozdirdik".

37.33 . Bas, albatta, ular (ozganlar va ularning peshvolari) o'sha Kunda azobda sherik bo'luvchidirlar.

37.34 . Darhaqiqat, Biz jinoyatchilarga mana shunday (ish) qilurmiz.

37.35 . Chunki, ularga: "Allohdan o'zga iloh yo'q",deyilganda, kibrlangan edilar.

37.36 . Ular: "Hali bizlar bir majnun shoirni deb ilohlarimizni tark etar ekanmizmi?" - der edilar.

37.37 . Yo'q, (Muhammad) haq (din)ni olib keldi va (o'tgan) barcha payg'ambarlarni tasdiq etdi.

37.38 . (Ey, jinoyatchilar,) sizlar, albatta, alamli azobni totuvchidirsizlar!

37.39 . Sizlar faqat qilib o'tgan jinoyatlaringiz sababli jazolanursizlar.

37.40 . Illo, Allohning shunday ixlosli bandalari bordirki,

37.41 . aynan o'shalar uchun ma'lum rizq,

37.42 . (turli) mevalar bo'lur. Ular izzat-ikromdadirlar,

37.43 . ne'mat bog'larida,

37.44 . so'rilar ustida bir-birlariga ro'baro' bo'lib o'tirurlar.

37.45 . Ularga oqin chashmadan qadahlar aylantirilur.

37.46 . Ichuvchilar uchun lazzatli, oppoq (qadahlar)dir (ular).

37.47 . U (sharob)da aqldan ozdiruvchi narsa bo'lmas va ular undan mast bo'lmaslar.

37.48 . Yana ularning oldilarida nigohlari (begonaga qarashdan) chegaralangan, keng-katta ko'zli (hur qiz)lar bo'lur.

37.49 . Ular go'yo (pardaga) o'ralgan (oppoq) tuxumdekdirlar.

37.50 . Bas, ular bir-birlariga qarab savol-javob qilurlar.

37.51 . Ulardan biri deydi: "Mening bir do'stim bor edi.

37.52 U (menga): "Rostdan ham sen (qayta tirilishimizni) tasdiq etuvchilardanmisan?

37.53 . O'lib, tuproq va suyaklarga aylanib ketgan vaqtimizda haqiqatan ham (tiriltirilib) jazolanuvchimizmi?" - der edi.

37.54 . (Jannatdagi birodarlariga): "Sizlar (ham o'sha do'stimning do'zaxdagi holiga) qarayapsizlarmi?" - deydi.

37.55 . So'ng o'zi qarab uni do'zaxning o'rtasida ko'rgach,

37.56 . deydi: "Allohga qasamki, darhaqiqat, sen meni ham halok qilayozgan eding.

37.57 . Agar Rabbimning ne'mati (hidoyati) bo'lmasa edi, albatta, men ham (sen bilan birga do'zaxga) hozir qilinuvchilardan bo'lur edim.

37.58 . (Qani endi menga aytchi), bizlar o'luvchi emas ekanmizmi?!

37.59 . O'sha birinchi o'limimizdan boshqa-ya?! (So'ng) azoblanuvchi ham emas ekanmizmi?!

37.60 . Albatta, mana shu (jannat ne'matlari) ulkan yutuqning o'zidir!

37.61 . Bas, aynan mana shunday yutuq uchun amal qiluvchilar amal qilsinlar!"

37.62 . Mana shu yaxshi ziyofatmi yoki zaqqum daraxtimi?

37.63 . Haqiqatan, Biz uni (zaqqum daraxtini) zolimlar uchun fitna (sinov va azob) qilib qo'ydik.

37.64 . Darhaqiqat, u do'zax qa'rida chiqadigan (o'sadigan) bir daraxtdir.

37.65 . Uning butoqlari(dagi mevalari xunuklikda) xuddi shaytonlarning boshlariga o'xshar.

37.66 . Bas, ular (do'zax ahli), albatta, undan yeyuvchi va qorinlarni u bilan to'ldiruvchidirlar.

37.67 .So'ngra, albatta, ular uchun uning (zaqqum mevalari) uzra qaynoq suvdan aralashtirish bordir.

37.68 . So'ngra ularning qaytishlari, albatta, do'zax sari bo'lur.

37.69 . Albatta, ular (Makka mushriklari) o'zlarining ota-bobolarini adashgan holda topdilar.

37.70 . Bas, o'zlari ham ularning izlaridan chopmoqdalar.

37.71 . Ulardan avval o'tganlarning ko'plari ham yo'ldan ozgan edilar.

37.72 . Holbuki, Biz ularning orasiga ogohlantiruvchi (payg'ambar)larni yuborgan edik.

37.73 . Bas, ogohlantirilganlarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'ring!

37.74 . Illo, Allohning ixlosli bandalarigina (halokatga duchor bo'lmadilar).

37.75 . Qasamki, Nuh (qavmidan shikoyat etib,) Bizga nido (iltijo) qildi. Bas, (Biz) naqadar yaxshi ijobat qiluvchidirmiz!

37.76 . Biz unga va uning ahli (oilasi)ga ulkan tashvishdan (g'arq bo'lishdan) najot berdik.

37.77 . Uning zurriyotini boqiy qoluvchi kishilar qilib qo'ydik.

37.78 . Keyingi (avlod)lar orasida u haqda (maqtovlar) qoldirdik.

37.79 . Olamlarda Nuhga salom!

37.80 . Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz!

37.81 . Darhaqiqat, u Bizning mo'min bandalarimizdandir!

37.82 . So'ngra boshqalar (Nuhni inkor etganlar)ni g'arq qilib yubordik.

37.83 . Haqiqatan, Ibrohim ham u (Nuh)ning guruhidandir.

37.84 .Qaysiki, Parvardigoriga sog'lom qalb bilan keldi.

37.85 .O'shanda u otasi va qavmiga: "Nimaga ibodat qilmoqdasizlar?!

37.86 . Allohni qo'yib, soxta ilohlarni istaysizlarmi?!

37.87 .U holda (barcha) olamlarning Parvardigori (jazosi) haqida ne gumoningiz bor?!" - degan edi.

37.88 . Bas, u yulduzlarga tikilib qaradi.

37.89 . So'ngra: "Haqiqatan, men betobman", - dedi.

37.90 . Darhol undan yuz o'girib qaytdilar.

37.91 .Bas, (Ibrohim) ularning "ilohlari" oldiga asta kelib dedi: "(Oldilaringizdagi taomni) yemaysizlarmi?

37.92 . Ne bo'ldi sizlarga, so'zlamaysizlar?!"

37.93 . So'ng ularga yaqin kelib, o'ng qo'li(dagi bolta) bilan urdi.

37.94 . Bas, (qavmi) uning oldiga shosha-pisha kelishdi.

37.95 . U dedi: "O'zlaringiz yo'nib (yasab) olgan narsalarga ibodat qilasizlarmi?!

37.96 . Holbuki, sizlarni ham, sig'inayotgan butlaringizni ham Alloh yaratgan-ku?!"

37.97 .Ular (bir-birlariga) dedilar: "(Ibrohim) uchun (ichida olov yonadigan) binolar qurib, uni o'sha olovga tashlanglar".

37.98 . Bas, ular (Ibrohimga) makr qilmoqchi bo'ldilar. Bas, Biz ularni tuban (mag'lub) qildik.

37.99 .(U o't ichidan salomat chiqdi) va dedi: "Albatta, men Rabbim (buyurgan taraf)ga ketuvchidirman. Uning O'zi meni (To'g'ri yo'lga) hidoyat qilur.

37.100 . Ey, Rabbim, O'zing menga solih (farzand)lardan ato etgin!"

37.101 . Bas, Biz unga bir halim o'g'il xushxabarini berdik.

37.102 . Bas, qachonki u (otasi) bilan birga yuradigan bo'lgach, (Ibrohim): "Ey, o'g'ilcham, men tushimda seni (qurbonlik uchun) so'yayotganimni ko'rmoqdaman. Endi sen o'zing nima ra'y (fikr) qilishingni bir (o'ylab) ko'rgin", - degan edi, u aytdi: "Ey, otajon, senga (tushingda Alloh tomonidan) buyurilgan ishni qilgin. Inshoalloh, meni sabr qiluvchilardan topursan".

37.103 . Bas, qachonki, ikkisi ham (Allohning amriga) bo'yin sunib, (Ismoilni qurbonlikka) peshonasi bilan (yerga) yotqizgan ediki,

37.104 . biz unga nido qildik: "Ey, Ibrohim!

37.105 . Darhaqiqat, sen tushni tasdiq etding. Albatta, Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz".

37.106 . Albatta, bu (qurbonlikka buyurishim) ayni sinovdir.

37.107 . Biz (Ismoilning) o'rniga katta bir (qo'chqor) so'yishni evaz qilib berdik.

37.108 . Keyingi (avlod)lar orasida u (Ibrohim) haqida yaxshi gaplarni qoldirdik.

37.109 . Ibrohimga salom!

37.110 .Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz!

37.111 . Darhaqiqat, u Bizning mo'min banda larimizdandir.

37.112 . Yana, Biz unga solihlardan (bo'lg'usi) payg'ambar Ishoqning xush-xabarini berdik.

37.113 . Unga (Ibrohimga) ham, Ishoqqa ham barakot berdik. Ularning zurriyotidan ezgu amal qiluvchi ham, o'ziga aniq zulm qiluvchi ham bo'lur.

37.114 . Qasamki, Biz Muso va Horunga (payg'ambarlik) in'om etdik.

37.115 . Biz ikkisiga va ularning qavmiga ulug' g'amdan najot berdik.

37.116 . Ularga madad berdik, bas, ular (Fir'avn ustidan) g'olib bo'ldilar.

37.117 . Biz ularga aniq Kitob (Tavrot) ato etdik.

37.118 . Hamda ularni To'g'ri yo'lga hidoyat qildik.

37.119 . Keyingi (avlod)lar orasida u ikkisi haqida (yaxshi gaplarni) qoldirdik.

37.120 . Muso va Horunga salom!

37.121 . Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz!

37.122 . Darhaqiqat, ikkisi ham Bizning mo'min bandalarimizdandir.

37.123 . Ilyos ham, albatta, payg'ambarlardandir!

37.124 . Qaysiki, u o'z qavmiga degan edi: "(Allohdan) qo'rqmaysizlarmi?!

37.125 .Sizlar yaratuvchilarning yaxshisini qo'yib, Ba'l (nomli but)ga sig'inyapsizlarmi?

37.126 .Sizlarning Rabbingiz va avvalgi otabobolaringizning ham Rabbini qo'yib-a?!"

37.127 . Bas, (Ilyosni) yolg'onchiga chiqardilar. Bas, albatta, ular (do'zaxga) hozir qilinuvchidirlar,

37.128 . illo, Allohning ixlosli bandalarigina (hozir bo'lmaslar).

37.129 . Biz keyingi (avlod)lar orasida u (Ilyos) haqida (go'zal maqtovlar) qoldirdik.

37.130 . Ilyosga salom!

37.131 . Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz!

37.132 . Darhaqiqat, u Bizning mo'min bandalarimizdandir.

37.133 . Lut ham, albatta, payg'ambarlardandir!

37.134 . Qaysiki, Biz unga va uning barcha ahliga najot bergan edik.

37.135 . Faqat (azobda) qoluvchilardan bo'lmish bir kampirga (Lutning xotiniga najot bermadik).

37.136 . So'ngra boshqalarni halok qildik.

37.137 . (Ey, Makka ahli,) aniqki sizlar ularning ustidan tongda o'tib turursizlar,

37.138 . tunda ham. Axir, aql yurgizmaysizlarmi?!

37.139 . Yunus ham, albatta, payg'ambarlardandir!

37.140 . Qaysiki (o'z qavmidan g'azablanib) to'la yukli kemaga qarab qochgan edi.

37.141 . Bas, (kemadagilar bilan) qur'a tashlashdi va mag'lub bo'ldi.

37.142 . Bas, malomatga qolgan holida uni bir nahang baliq yutib yubordi.

37.143 . Bas, agar u (Allohga doimo) tasbeh aytuvchilardan bo'lmaganda,

37.144 . albatta, u (baliq) qornida, to qayta tiriladigan kunlarigacha (qiyomatgacha), qolib ketgan bo'lur edi.

37.145 . Bas, Biz uni xasta holida quruqlikka uloqtirdik.

37.146 . Uning ustida (soya tashlab turishi uchun) qovoq daraxtini undirib qo'ydik.

37.147 . Biz uni yuz ming, balki undan ham ko'proq (odam)ga payg'ambar qildik.

37.148 . Bas, ular (Yunusga) imon keltirdilar. So'ng Biz ularni (ma'lum) bir muddatgacha (ajallari yetguncha hayotdan) bahramand etdik.

37.149 . Endi, (ey, Muhammad, Makka kofirlaridan) so'rang-chi, qizlar (farishtalar) Parvardigoringizniki-yu, o'g'illar ularnikimi?!

37.150 .Yoki Biz farishtalarni ularning guvohliklarida qiz qilib yaratibmizmi?!

37.151 . Ogoh bo'lingizkim, ular yolg'onchiliklari tufayli aytadilar:

37.152 . "Alloh farzandli". Ular, albatta, yolg'onchidirlar!

37.153 . (Alloh) o'g'illarni qo'yib, qizlarni tanlagan emishmi?!

37.154 . (Ey, Makka ahli,) sizlarga nima bo'ldi?! Qanday (nohaq hukm chiqarmoqdasizlar-a?!

37.155 . Axir eslatma olmaysizlarmi?!

37.156 . Yoki sizlar uchun (Allohning farzandi haqida) biror aniq hujjat bormi?!

37.Bas, agar rostgo'y bo'lsangizlar, kitobingizni keltiringlar-chi?!Then produce your writ , if ye are truthful .

37.158 . (Mushriklar) U bilan jinlar (farishtalar) o'rtasida nasab (ota-bolalik bor, deb gumon) qildilar. Holbuki, jinlar (farishtalar) ularning Alloh azobiga hozir qilinuvchi ekanlarini bilganlar.

37.159 . Alloh ularning ("farzandi bor", deb) sifatlashlaridan pokdir.

37.160 . Illo, Allohning ixlosli bandalarigina (Allohni to'g'ri sifatlaydilar).

37.161 . (Ey, Makka ahli,) shak-shubha yo'qki, sizlar ham, sig'inayotgan butlaringiz ham

37.162 . (Alloh)ga qarshi fitnaga soluvchi (alday oluvchi) emasdirsizlar,

37.163 . illo, Allohning taqdirida do'zaxga kiruvchi bo'lgan kimsalarnigina (alday olursizlar).

37.164 . (Farishtalar dedilar): "Bizlarning har birimiz uchun (osmonlarda) aniqki, ma'lum bir maqom bordir.

37.165 . Darhaqiqat, bizlar (Alloh xizmatida) saf tortib turuvchilardirmiz.

37.166 . Yana, bizlar (Allohga) tasbeh aytuvchilardirmiz".

37.167 . Darvoqe, (Makka ahli) aytar edilar:

37.168 . "Agar bizning oldimizda ham avvalgilar(ning kitoblari)dan biror eslatma (Kitob) bo'lsa edi,

37.169 . albatta, bizlar ham Allohning ixlosli bandalari bo'lur edik".

37.170 . Bas, (Qur'on nozil bo'lgach,) unga kofir bo'ldilar. Bas, yaqinda (buning oqibatini) bilurlar.

37.171 .Bizning payg'ambar bo'lgan bandalarimiz haqidagi (ushbu) So'zimiz kechgandir:

37.172 . "Shubhasiz, ular qo'llab-quvvatlanuvchilardir.

37.173 . Va albatta, Bizning qo'shinimiz (ya'ni, payg'ambarlar va mo'minlar) g'olibdirlar".

37.174 . Bas, (ey, Muhammad,) Siz ulardan (mushriklardan) vaqtincha yuz o'giring!

37.175 . Ularni (mag'lub bo'lganlarida) ko'ring! Bas, yaqinda ular (kufrlarining oqibatini) ko'rajaklar.

37.176 . Hali ular Bizning azobimizni qistamoqdamilar?!

37.177 . Bas, qachonki, (azobimiz) ularning hovlilariga (ustilariga) tushganida (o'sha) ogohlantirilgan kimsalarning tonglari xayrli bo'lmas.

-

37.178 . Siz ulardan (ma'lum) bir vaqtgacha yuz o'giring!

37.179 . Ularning (mag'lub bo'lganlarida) ko'ring! Bas, yaqinda ular (kufrlarining oqibatini) ko'rajaklar.

37.180 . Qudrat egasi bo'lmish Rabbingiz ularning tavsiflaridan (aybu nuqsondan) pokdir.

37.181 . Payg'ambarlarga salom!

37.182 . Hamd esa, (barcha) olamlar Rabbiga (xosdir).