YOSIN surasi

36.1 . Yo, Sin.

36.2 . (Ey, Muhammad, ushbu) hikmatli Qur'onga qasamki,

36.3 . haqiqatan, Siz payg'ambarlardandirsiz!

36.4 . (Siz) To'g'ri yo'ldadirsiz.

36.5 . (Bu Qur'on) qudratli va rahmli (Alloh)ning nozil qilgan (Kitob)idir,

36.6 . toki ota-bobolari ogohlantirilmay, g'ofil bo'lib qolgan qavmni ogohlantirgaysiz.

36.7 . Ularning ko'plariga So'z (azob haqidagi hukm) muqarrar bo'lgandir. Bas, ular imon keltirmaslar.

36.8 . Darhaqiqat, Biz ularning bo'yinlariga, to iyaklarigacha kishanlarni solib qo'ydik, bas, ular kekkayuvchilardir.

36.9 . Yana ularning oldilaridan bir to'siq (parda), ortlaridan bir to'siq (parda) qilib, ularni o'rab qo'ydik. Bas ular "ko'ra" olmaslar.

36.10 . (Ey, Muhammad,) Siz ularni ogohlantirdingizmi yoki ogohlantirmadingizmi – ularga barobardir - imon keltirmaslar.

36.11 . Siz faqat Zikr (Qur'on)ga ergashgan va Rahmondan g'oyibona qo'rqqan kishilarnigina ogohlantira olursiz. Bas, o'shalarga mag'firat va ulug' mukofot (jannat) xushxabarini bering!

36.12 . Albatta, Biz o'liklarni tiriltirurmiz va ularning qilgan amallarini hamda (qoldirgan) izlarini yozib qo'yurmiz. Barcha narsani Biz aniqlab beruvchi Imom (Lavhul-Mahfuz)da hisobga olganmiz.

36.13 . (Ey, Muhammad,) Siz ularga qishloq (ahli)ni - u joyga elchilar kelgan paytini misol keltiring!

36.14 . O'shanda Biz ularga ikkita (elchi)ni yuborganimizda (ular) ikkisini yolg'onchiga chiqarishgach, uchinchi (elchi) bilan quvvatlantirdik. Bas, (uchchala elchi Antokiya ahliga): "Haqiqatan, biz sizlarga (yuborilgan) elchilarmiz", degan edilar.

36.15 . Ular: "Sizlar ham xuddi bizga o'xshagan odamlarsiz. Rahmon (Alloh) biror narsa (vahiy) nozil qilgani yo'q. Sizlar faqat yolg'on so'zlamoqdasizlar", - dedilar.

36.16 . (Elchilar) aytdilar: "Rabbimiz bilurki, bizlar, albatta, sizlarga (yuborilgan) elchilardirmiz!

36.17 . Bizlarning zimmamizda faqat (Allohning vahiysini sizlarga) aniq yetkazishgina bordir".

36.18 . (Ular) dedilar: "Bizlar sizlardan shumlanmoqdamiz. Јasamki, agar (da'vatlaringizni) to'xtatmasangizlar, sizlarni, albatta, toshbo'ron qilurmiz va sizlarga biz tomondan alamli azob yetar".

36.19 . (Elchilar) aytdilar: "Shumlanishingiz o'zlaringiz bilandir. Sizlarga nasihat qilinsa (shumlanasizlarmi)?! Yo'q, sizlar haddan oshgan qavmdirsiz!"

36.20 . (Shu payt) bir kishi shaharning ichkarisidan shoshgancha kelib, dedi: "Ey, qavmim, (bu) elchilarga ergashinglar!

36.21 . O'zlari hidoyatda bo'lgan va sizlardan haq so'ramaydigan zotlarga ergashinglar!"

36.22 . (U yana aytdi): "Nega men o'zimni yaratgan Zotga ibodat qilmayin? (Sizlar ham) Ungagina qaytarilursizlar.

36.23 . Men Undan O'zgalarni iloh qilib olaymi?! (Holbuki), agar Rahmon menga biror zarar yetkazishni istasa, u ("iloh")larning shafoatlari menga biror foyda bera olmas va ular meni (azobdan) qutqara olmaslar.

36.24 . U holda men, albatta, aniq zalolatda bo'lurman-ku!

36.25 . Haqiqatan, men Rabbingizga imon keltirganman, meni eshitib qo'yingiz!"

36.26 . (So'zlariga boqmay uni qatl qilishgach, unga) "Jannatga kir",- deyildi. (U joydagi noz-ne'mat va izzat-ikromni ko'rgach), u aytdi: "Qani edi qavmim bilsalar.

36.27 . Rabbimning meni mag'firat etganini va meni mukarram kishilardan qilganini".

36.28 . Biz undan (Habib an-Najjor qatlidan) keyin uning qavmi ustiga osmondan biror qo'shin (azob farishtalarini) tushirmadik. Biz (shoshilinch) tushiruvchi emasmiz.

36.29 . Faqat birgina dahshatli qichqiriq bo'ldi-yu, birdaniga ular "o'chib" qoldilar.

36.30 . Bandalarga hasrat (nadomat) bo'lgayki, ularga payg'ambar kelishi bilan uni masxara qiluvchi bo'ldilar.

36.31 . Axir, ular o'zlaridan oldin ham qancha avlodlarni halok qilganimizni – o'shalar ularning oldiga (dunyoga) qaytib kelmayotganini ko'rmadilarmi?!

36.32 . Albatta, barchalari (qiyomatda) Bizning dargohimizda hozir qilinuvchidirlar.

36.33 . O'lik (qo'riq) yer ular uchun (qayta tirilishga) bir alomatdir, Biz uni ( suv bilan) tiriltirdik va undan (turli) donlarni undirib chiqardik. Bas, ular undan yerlar.

36.34 . Yana Biz u (yer)da xurmozor va uzumzor bog'larni (paydo) qildik va u yerda buloqlarni oqizib qo'ydik.

36.35 . Toki (odamlar) mevasidan yesinlar. Holbuki, u (mevalar)ni o'z qo'llari (bilan) qilmagan edilar. Axir shukr qilmaydilarmi?!

36.36 . Yer undiradigan narsalardan, (odamlarning) o'zlaridan va yana ular bilmaydigan narsalardan iborat barcha juftlarni yaratgan (Alloh)ga tasbeh aytilur.

36.37 . Tun ham ular uchun (qudratimizdan) bir alomatdir. Biz undan kunduzni sug'urib olishimiz bilan birdaniga ular zulmatda qolurlar.

36.38 . Quyosh (tinmay) o'z qarorgohi sari joriy bo'lur. Bu qudratli va bilimli zotning o'lchovidir.

36.39 . Biz oyni ham, toki u eski xurmo butog'idek bo'lib (egilib) qolgunicha, manzillarga (botadigan qilib) o'lchab qo'ygandirmiz.

36.40 . Na quyosh oyga yetishi mumkin va na kecha-kunduzdan o'zuvchidir. (Quyosh, oy va yulduzlarning) har biri (bir) falakda suzadilar.

36.41 . Biz ularning zurriyotlarini (Nuh payg'ambar yasagan) to'la kemada ko'targanimiz (va to'fondan qutqarganimiz) ular uchun (qudratimizdan yana bir) alomatdir.

36.42 . Yana Biz ularga xuddi o'sha (kemaga) o'xshash (ot, tuya kabi) minadigan narsalarni ham yaratdik.

36.43 . Agar Biz xohlasak, ularni g'arq qilurmiz-da, so'ng ular uchun biror yordamchi bo'lmas va ular qutqarilmaslar ham.

36.44 . Faqat Biz tomondan bo'lgan marhamat sababli va (ma'lum) bir vaqtgacha (hayotdan) bahramand bo'lishlari uchun (muhlat berilur).

36.45 . Qachonki, ularga: "Rahmatga erishishlaringiz uchun oldilaringizdagi (oxirat)dan va ortingizdagi (dunyo)dan qo'rqinglar",- deyilsa, (quloq solmaslar).

36.46 . Ularga Parvardigorlarining oyatlaridan biror oyat kelsa, albatta, ular (o'sha oyatdan) yuz o'giruvchi bo'lurlar.

36.47 . Qachonki, ularga: "Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilinglar", - deyilsa, kofir bo'lgan kimsalar imon keltirgan zotlarga (istehzo bilan): "Agar Alloh xohlasa, O'zi oziqlantiradigan kishilarga bizlar taom berurmizmi? Sizlar, shubhasiz, aniq zalolatdadirsizlar", - derlar.

36.48 . Yana ular: "Agar rostgo'y bo'lsangizlar (aytinglar-chi), mana shu va'da (azob) qachon bo'ladi?" - derlar.

36.49 . Ular janjallashib turganlarida, ularni tutuvchi birgina qichqiriqni kutmoqdalar, xolos.

36.50 . Bas, ular na biror vasiyat qilishga va na (oila) ahliga qaytishga qodir bo'lurlar.

36.51 . (Qiyomat kuni) sur chalinishi bilan birdaniga ular qabrlaridan Parvardigorlari sari sug'urilib chiqurlar.

36.52 . Ular: "Holimizga voy! Kim bizlarni uxlayotgan joyimizdan o'yg'otdi?" - deganlarida, (ularga aytilur): "Mana shu Rahmon va'da qilgan va payg'ambarlar so'zlagan rost narsa (qiyomat)dir".

36.53 . Faqatgina bir qichqiriq, bas, darhol ularning barchalari Bizning dargohimizda hozir qilinuvchidirlar.

36.54 . Mana bugun hech bir jonga zulm qilinmas va sizlar faqat o'zlaringiz qilib o'tgan amallaringizga qarab taqdirlanursizlar.

36.55 . Albatta, jannat ahli bu Kunda (rohat va farog'at) ish(lari) bilan shoddirlar.

36.56 . Ular o'z juftlari bilan birga soyalarda, so'rilarda suyanib o'tirurlar.

36.57 . Ularga u joyda (turli) mevalar va ular uchun istagan narsalari mavjuddir.

36.58 . (Ularga) rahmli Parvardigor (tomoni)dan salom (aytilur).

36.59 . Ey, jinoyatchilar, bu Kunda, endi (mo'minlardan) ajralinglar!

36.60 . Men sizlarga tavsiya qilib: "Ey, Odam bolalari, shaytonga ibodat (itoat) qilmangiz, chunki, u sizlarga ochiq dushmandir.

36.61 . Mengagina ibodat qilinglar! Mana shu To'g'ri yo'ldir",- demaganmidim?!

36.62 . (Shayton) sizlarning ichingizdan ko'p avlodni yo'ldan ozdirdi. Axir, aql yurituvchi bo'lmadingizlarmi?

36.63 . Sizlarga va'da qilingan jahannam mana shudir!

36.64 . (Dunyoda) kofir bo'lib o'tganlaringiz sababli bu Kunda unda toblaningiz!

36.65 . Bu Kunda Biz ularning og'izlarini muhrlab qo'yurmiz. Bizga ularning qilib o'tgan ishlari haqida qo'llari so'zlab, oyoqlari guvohlik berur.

36.66 . Agar Biz xohlasak, ularning ko'zlarini yo'q qilgan bo'lur edik. Ana u holda ular yo'lga shoshardilar-u, (lekin) qayoqdan (yo'lni) ko'ra olsinlar?!

36.67 . Agar Biz xohlasak, ularni turgan joylarida (maymun, to'ng'iz yo tosh kabi) narsalarga aylantirib qo'ygan bo'lur edik. So'ng ular (oldinga) yurishga ham qodir emaslar va (orqalariga ham) qayta olmaslar.

36.68 . Biz kimga uzoq umr bersak, uning vujudini xam (egik, zaif) qilib qo'yurmiz. Axir, aql yurgizmaydilarmi?!

36.69 . (Muhammadga) she'rni ta'lim bermadik va unga (shoirlik) mumkin ham emas. U (vahiy) faqat zikr (eslatma) va aniq Qur'ondir.

36.70 . (U) tirik (aqlli) kishilarni ogohlantirish va kofirlarga So'z (azob) muqarrar bo'lishi uchun (nozil qilingan)dir.

36.71 . Axir, ular uchun O'z "qo'limiz" ishi bilan chorva hayvonlarini yaratib qo'yganimizni ko'rmadilarmi?! Mana ular o'sha (hayvon)larga egadirlar.

36.72 . Biz o'sha (hayvon)larni ularga bo'yin sundirib qo'yganmiz. Ana ularning minadigan narsalari ham o'sha (hayvon)lardan va o'shalardan yegaylar.

36.73 . Yana ular uchun o'sha (hayvon)larda (turli) foydalar va ichimlik (sut-qaymoq)lar bordir. Axir, shukr qilmaydilarmi?!

36.74 . Allohni qo'yib yordam olish umidida "iloh"larni tutdilar.

36.75 . Ular hozirlangan qo'shin bo'la turib, ularga yordam berishga qodir bo'lmaslar.

36.76 . Bas, (ey, Muhammad,) Sizni ularning so'zlari g'amgin qilmasin! Zotan, Biz ularning yashiradigan narsalarini ham, oshkor qiladigan narsalarini ham bilurmiz.

36.77 . Inson, Biz uni nutfadan (bir tomchi shahvat suvidan) yaratganimizni, endi esa, u birdaniga (O'zimizga) oshkora xusumat qiluvchi bo'lib qolganini ko'rmadimi?!

36.78 . U Bizga: "Chirib ketgan suyaklarni kim ham tiriltira olur?"- deb, masal keltirdi-yu, (ammo) o'zining (qanday) yaralganini unutib qo'ydi.

36.79 . (Ey, Muhammad,) ayting: "U (chirigan suyak)larni dastlab paydo qilgan zotning O'zi qayta tiriltirur. U turli xil yaratish(lar)ni biluvchidir".

36.80 . U sizlar uchun yashil daraxtdan olov paydo qilgan zotdir. Bas, sizlar o'shandan olov yoqursizlar.

36.81 . Osmonlar va Yerni yaratgan zot yana ularning xuddi o'zidek yaratishga qodir emasmi?! Yo'q, (albatta, qodirdir). U yaratuvchi va biluvchidir!

36.82 . Biror narsa (yaratish)ni iroda qilganda, Uning ishi faqatgina: "Bo'l!"- deyishdir. U (narsa) esa bo'lur (vujudga kelur).

36.83 . Bas, barcha narsaning egaligi O'z "qo'li"da bo'lgan (Alloh)ga tasbeh (aytilur). Unga (huzuriga)gina qaytarilursizlar!