SAJDA surasi

32.1 . Alif, Lom, Mim.                                                                                                                                                     

32.2 . Bu Kitobning (Qur'onning) nozil qilinishi, shubhasiz, (barcha) olamlarning Parvardigori (tomoni)dandir.

32.3 . Balki: "Uni (Muhammadning o'zi) to'qib olgan", - derlar?! Yo'q, U (ya'ni, Qur'on) sizdan ilgari biror ogohlantiruvchi kelmagan qavmni ogohlantirishingiz uchun Rabbingiz (tomoni)dan (nozil qilingan) Haqiqatdir, shoyad, ular hidoyat topsalar.

32.4 . Alloh osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi bor narsani olti kunda yaratib, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan zotdir. Sizlar uchun Undan o'zga biror do'st va oqlovchi yo'qdir. Axir eslatma olmaysizlarmi?!

32.5 . U osmondan yergacha bo'lgan barcha ishni tadbirini ko'rar (boshqarar), so'ngra (bu ishlarning barchasi) sizlarning hisobingizcha ming yilga teng keladigan (bir) Kunda (ya'ni, qiyomatda) Uning O'ziga ko'tarilur.

32.6 . Ana o'sha g'oyib va hozirni biluvchi, qudratli va mehribon,

32.7 . barcha narsani chiroyli qilib yaratgan Zotdir. Insonni yaratishni esa loydan boshladi.

32.8 . So'ngra uning naslini haqir bir suvdan iborat nutfadan paydo qildi.

32.9 . So'ngra uni tiklab, ichiga O'z (mulkidagi) ruhidan kiritdi. Sizlar uchun quloq, ko'z, dillarni paydo qildi. Shukrni esa kam qilursizlar.

32.10 . Ular (kofirlar): "Bizlar yer (osti)da gumdon bo'lib ketgach, haqiqatan ham yana yangitdan yaralurmizmi?" - dedilar. Yo'q, ular Parvardigorlari muloqotini inkor qiluvchidirlar!

32.11 . Ayting: "Sizlarga vakil qilingan o'lim farishtasi jonlaringizni olur, so'ngra Rabbingizga qaytarilursizlar".

32.12 . Agar Siz u jinoyatchilarni (qiyomat kunida) Parvardigorlari huzurida boshlari egik holda turib: "Parvardigoro, ko'rdik va eshitdik, bas, bizlarni (hayotga) qaytargin, bizlar yaxshi amal qilaylik. Endi bizlar, albatta, ishonuvchidirmiz", - (deyishlarini) ko'rsangiz edi!

32.13 . Agar Biz xohlasak, albatta, har bir jonga o'z hidoyatini ato etgan bo'lur edik, lekin Men tomondan bu so'z muqarrar bo'lgandir: "Men jahannamni barcha (kufrdagi) jin va odamlar bilan to'ldirurman".

32.14 . Bas, (ey, kofirlar,) ushbu kuningizdagi muloqotni unutib qo'yganingiz sababli (azobni) totingiz! Darvoqe, Biz ham (bugun) sizlarni "unutdik". Qilmishlaringiz sababli mangu azobni totingiz!

32.15 . Bizning oyatlarimizga faqat u (oyat)lar zikr qilinganda sajda qilgan hollarida yiqiladigan va kibr qilmagan hollarida hamd bilan Parvardigorlariga tasbeh aytadigan zotlargina imon keltirurlar.

32.16 . Ularning yonboshlari o'rindiqlardan ajrab turar (oz uxlaydilar). Ular Parvardigorlariga qo'rquv va umidvorlik bilan duo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilurlar.

32.17 . Bas, ularning qilib o'tgan amallariga mukofot uchun yashirib qo'yilgan ko'zlar quvonchini (oxirat ne'matlarini) hech kim bilmas.

32.18 . Axir, mo'min kishi bilan fosiq (itoatsiz) kimsa teng bo'lurmi?! (Yo'q), barobar bo'lmaslar!

32.19 . Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar uchun qilgan amallari sababli jannat maskanlari manzil bo'lur.

32.20 . Fosiq bo'lgan kimsalarning maskanlari esa do'zaxdir. Har qachon undan chiqmoqchi bo'lsalar, yana unga qaytarilurlar va ularga: "O'zlaringiz inkor etgan do'zax azobini totingiz!" - deyilur.

32.21 . Albatta, Biz ular (itoatsizlikdan) qaytishlari uchun ularga katta azobdan ilgari yaqin azobni (dunyo azobini) tottirurmiz.

32.22 . Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan so'ng, ulardan yuz o'girgan kimsadan kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan intiqom oluvchidirmiz.

32.23 . Biz Musoga Kitob (Tavrot) ato etdik, Bas, (ey, Muhammad,) Siz uning (Tavrotga) ro'baro' bo'lganidan shubhada bo'lmang. Biz (Tavrotni) Isroil avlodi uchun hidoyat (manbai) qildik.

32.24 . Ular sabr qilishgach, Biz ulardan hidoyat qiladigan peshvolarni chiqardik. Ular oyatlarimizga puxta ishonar edilar.

32.25 . (Ey, Muhammad,) albatta, Rabbingizning O'zi qiyomat kunida (odamlar) o'zaro ixtilof qilgan narsalari haqida ajrim qilur.

32.26 . Axir, ularga (mushriklarga) Biz ulardan ilgari qancha avlodlarni halok qilganimiz va o'zlari o'shalarning maskanlarida yurganlari ma'lum emasmi?! Albatta, bunda alomatlar bor! Axir, ular eshitmaydilarmi?!

32.27 . Axir, ular quruq yerga suv haydab, uning vositasida ularning chorvalari ham, o'zlari ham yeydigan ekinlarni chiqarishimizni bilmadilarmi?! Axir, (buni) ko'rmaydilarmi?!

32.28 . Ular (musulmonlarga): "Agar rostgo'y bo'lsangizlar, qachon mana shu fath (g'alaba) ro'y berur?" - derlar.

32.29 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Fath kunida kofir bo'lgan kimsalarga imon keltirishlari foyda bermay qolur va ularga (tavba uchun) muhlat ham berilmas".

32.30 . Bas, ulardan yuz o'giring va (ne bo'lishini) kuting! Zero, ular ham kutuvchidirlar.