RUM surasi

30.1 . Alif, Lom, Mim.

30.2 . Rum mag'lub bo'ldi

30.3 . juda yaqin yerda. (Lekin) ular (ya'ni, rumliklar) bu mag'lubiyatlaridan so'ng, albatta, g'alaba qilurlar

30.4 . bir necha yil ichida. Oldin ham, keyin ham ish Allohnikidir. O'sha kunda mo'minlar shodlanurlar.

30.5 . Alloh madad bergani sababli. (U) xohlagan kishiga madad berur. U qudratli va rahmlidir!

30.6 . (Bu) Allohning va'dasidir! Alloh O'z va'dasiga xilof qilmas. Lekin, ko'p odamlar bilmaslar.

30.7 . Ular oxiratdan g'ofil (bexabar) bo'lgan hollarida faqat dunyo hayotining zohirinigina bilurlar.

30.8 . Axir, ular o'zlaricha Alloh osmonlar va Yerni hamda ular orasidagi bor narsani faqat haq (hikmat) va belgilangan muddat bilan yaratganini tafakkur qilib ko'rmadilarmi?! Darhaqiqat, odamlarning aksariyati (qayta tirilib) Parvardigorlariga ro'baro' bo'lishni inkor qiluvchidirlar!

30.9 . Axir, ular yer yuzida sayr etishib, o'zlaridan avvalgi payg'ambarlarni inkor qilib, imonsiz (ketgan) kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi?! O'shalar bulardan (Makka kofirlaridan) ko'ra quvvatliroq bo'lgan va (o'z) yerlarini bular obod qilganidan ko'ra ko'proq ishlov berib, obod qilgan edilar-ku! Ularga ham o'z payg'ambarlari hujjatlar keltirganlar. Bas, Alloh ularga zulm qiluvchi bo'lmadi, lekin ular o'zlariga zulm qiluvchi bo'ldilar.

30.10 . So'ngra (oxiratda) Allohning oyatlarini yolg'on deyish va ularning ustidan kulish bilan yomonlik qilgan kimsalarning oqibati yanada yomonroq bo'lur.

30.11 . Alloh yaratishni boshlar, so'ngra uni (bu yaratishni qiyomatda) takrorlar. So'ngra (hisobkitob uchun) Unga qaytarilursizlar!

30.12 . Qiyomat qoyim bo'ladigan kunda jinoyatchilar noumid bo'lurlar.

30.13 . (U kunda) ular uchun but-sanamlari (tomoni)dan oqlovchilar bo'lmas va ular but-sanamlarini inkor eturlar.

30.14 . Qiyomat qoyim bo'ladigan kun - ana o'sha kunda (mo'minlar bilan kofirlar) bir-birlaridan ajralurlar.

30.15 . Bas, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlargina ravza (jannat)da shodlanurlar.

30.16 . Ammo kufr yo'lini tutgan va oyatlarimizni hamda oxirat muloqotini inkor etgan kimsalar - ana o'shalar (mangu) azobga hozir qilinurlar.

30.17 . Bas, tunga kirish paytlaringizda ham, tongga kirish paytlaringizda ham Allohga tasbeh aytingiz!

30.18 . Osmonlar va Yerdagi (bor) hamd Unikidir. Oqshomda ham, peshin paytiga kirishlaringizda ham (tasbeh aytingiz)!

30.19 . (Alloh) o'likdan tirikni chiqarur, tirikdan o'likni chiqarur va yerni "o'lganidan" keyin (bahorda qayta) "tiriltirur". Sizlar ham (qiyomat kunida qabrlaringizdan) shu tarzda chiqarilursizlar.

30.20 . Uning alomatlaridan (biri) - U sizlarni (Odamni) tuproqdan yaratgani, so'ngra sizlar basharga aylanib, (yer yuziga) tarqalishlaringizdir.

30.21 . Uning alomatlaridan (yana biri) - sizlar taskin topishlaringiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratishi va o'rtalaringizda inoqlik va mehribonlik paydo qilishidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir.

30.22 . Uning belgilaridan (yana biri) - osmonlar va Yerni yaratishi va sizlarning tillaringiz va ranglaringizni xilma-xilligidir. Albatta, bunda barcha olamlar uchun alomatlar bordir.

30.23 . Uning belgilaridan (yana biri) - kechasi va kunduzi uxlashlaringiz hamda (kunduzlari) Uning fazli (rizqi)dan istashlaringizdir. Albatta, bunda eshitadigan qavm uchun alomatlar bordir.

30.24 . Uning belgilaridan (yana biri) - sizlarga (momaqaldiroqdan) qo'rqqan va (yomg'ir yog'ishidan) umidvor bo'lgan holingizda chaqmoqni ko'rsatishi va osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib, u bilan yerni "o'lganidan" so'ng "tiriltirishidir". Albatta, bunda aql yurgizadigan qavm uchun alomatlar bordir.

30.25 . Uning belgilaridan (yana biri) - osmon va Yer Uning amri bilan (fazoda muallaq) turishidir. So'ngra (qiyomatda) U sizlarni (yotgan) yerlaringizdan bir bor chaqirishi bilan barchangiz birdan chiqursizlar.

30.26 . Osmonlar va Yerdagi (bor) jonzotlar Unikidir. Hammasi Unga bo'yin sunur!

30.27 . U ilk bor O'zi yaratib, so'ngra (qiyomat kuni) O'zi yana qayta yaratadigan zotdir. U zotga (bu) juda osondir. Osmonlar va Yerdagi eng oliy masal (yaratishdagi oliy namunalik) Unikidir. U qudratli va hikmatlidir.

30.28 . (Alloh) sizlarga o'zlaringizdan bir misol keltirur: sizlar uchun qo'llaringiz egallagan (qul)laringizdan Biz sizlarga rizq qilib bergan mol-mulkka sherik bo'lib oluvchilar bormiki, sizlar unda barobar bo'lsangiz, holbuki, ulardan go'yo o'zlaringizdan qo'rqqanday qo'rqursizlar! Aql yurgizadigan qavm uchun oyatlarni mana shunday keng bayon qilurmiz!

30.29 . Yo'q, zolim kimsalar biror bilim (hujjat)siz havoyi nafslariga ergashdilar. Bas, Alloh yo'ldan ozdirgan kimsani kim hidoyat qila olur?! Ular uchun (oxiratda) yordam beruvchilar ham bo'lmas!

30.30 . Bas, (ey, Muhammad,) yuzingiz (o'zingiz)ni doimo to'g'ri bo'lgan dinda (Islomda) tuting! Insonlarni o'sha asosda yaratgan Allohning yaratuvchiligini (anglangiz!) Allohning yaratishiga o'zgartirish yo'q. Eng to'g'ri din shudir! Lekin ko'p odamlar bilmaslar.

30.31 . Unga o'zingizni topshirgan hollaringizda (dinini mahkam tutinglar) va Undan qo'rqinglar hamda namozni mukammal ado etinglar, mushriklardan bo'lmanglar!

30.32 . Ular (mushriklar) dinlarini bo'lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa o'z nazdilaridagi narsa bilan shoddirlar.

30.33 . Qachonki, (dinsiz) odamlarga biror ziyon yetsa, Parvardigorlariga qaytib, unga iltijo qilurlar, so'ngra qachonki, (Alloh) ularga O'z tomonidan marhamatni tottirib qo'ysa, bexos ulardan bir guruhi Parvardigorlariga shirk keltira boshlaydilar.

30.34 . Ular Biz ato etgan ne'matlarga noshukrlik qilaversinlar! Bas, (ey, mushriklar,) foydalanib qolinglar! Bas, yaqinda (haqiqatni) bilib olursizlar!

30.35 . Yoki Biz ularga (osmondan) ularning shirk keltirishlarini (to'g'ri deb) so'zlaydigan biror hujjat nozil qildikmi?!

30.36 . Qachonki, Biz odamlarga biror marhamat tottirsak ular bundan shodlanadilar. Agar o'z qilmishlari sababli ularga biror yomonlik (musibat) yetsa, birdaniga ular noumid bo'la boshlaydilar.

30.37 . Allohning xohlagan kishilar rizqini farovon qilishi va (boshqalar rizqini) tang qilishini ko'rmadilarmi?! Albatta, bunda imon keltiruvchi qavm uchun alomatlar bordir!

30.38 . Bas, qarindosh haqqini ado eting! Miskin va musofir haqqini ham. Ana shu Allohning "yuzi"ni istaydiganlar uchun yaxshidir! Aynan o'shalar iqbollidirlar!

30.39 . Odamlarning mol-mulki ko'paysin deb sizlar bergan ribo (foiz)laringiz, Alloh nazdida (hech narsani) ko'paytirmaydi! Allohning "yuzi"ni maqsad qilib bergan zakotingiz esa, bas, aynan o'shalar ko'paytiruvchilardir!

30.40 . Alloh - sizlarni yaratgan, so'ngra sizlarni rizqlantirgan, so'ngra vafot ettiradigan, so'ngra (qiyomatda) tiriltiradigan zotdir! (Keltirayotgan) shirklaringiz ichida shu (mazkur)lardan birortasini qila oladigani bormi?! Alloh ularning keltirayotgan shirklaridan pok va yuksakdir!

30.41 . Odamlarning qilmishlari tufayli quruqlik va dengizda buzg'unchilik paydo bo'ldi. Bu ularning (o'z qilmishlaridan) qaytishlari uchun qilgan ba'zi (yomon) ishlari (jazosi)ni ularga tottirish uchundir.

30.42 . Ayting: "Yerda sayr qilinglar, bas, oldingilar oqibati ne bo'lganini ko'ringlar! Ularning aksariyati mushriklar edi.

30.43 . Alloh (tomoni)dan qaytarilishi bo'lmaydigan Kun kelmay turib, to'g'ri din (Islom)ga yuzingizni to'g'rilang! O'sha kunda (odamlar turli xillarga) bo'linurlar.

30.44 . Kimki kofir bo'lgan bo'lsa, bas, kufri o'ziga! Kimki solih (amal) qilgan bo'lsa, bas, o'zlari uchun oldini olgan bo'ladilar.

30.45 . (Bu) imon keltirib, solih (amal)larni qilganlarni O'z fazlidan mukofatlashi uchundir. U kofirlarni suymas.

30.46 . Uning belgilaridan biri (yomg'ir ёg'ishidan) xushxabar beruvchi, Uning rahmati (yomg'iri)dan sizlarni bahramand etishi uchun, Uning amri bilan kemalar suzishi uchun, Uning fazli (rizqi)dan istashlaring va shukr qilishlaringiz uchun shamollarni yuborishidir.

30.47 . Sizdan oldin ham payg'ambarlarni o'z qavmlariga yuborganmiz. Bas, (elchilarimiz) ularga hujjatlarni keltirganlar. Jinoyatchilardan esa intiqom (o'ch) olganmiz. Bizning zimmamizda mo'minlarga madad berish haqqi bordir.

30.48 . Alloh shunday zotki, (U) shamollarni yuborib, bulutlarni qo'zg'aydi, bas, uni osmonda xohlaganicha yoyadi va uni bo'lak-bo'lak qilgach, uni orasidan yomg'ir chiqishini ko'rasiz. Bas, qachonki uni (yomg'irni) O'z bandalaridan xohlagan kishisiga yetkazganda, ular birdan shodlanib keturlar,

30.49 . garchi oldin ularga (yomg'ir) yog'may turganda ular noumid bo'lsalar ham.

30.50 . Allohning rahmati (yomg'iri) asoratlariga boqing - yerni "o'lgani"dan keyin qanday qilib uni "tiriltiradi"! Albatta, U (Alloh) o'liklarni tiriltiruvchi va U har narsaga qodirdir.

30.51 . Bordi-yu bulutlarni yuborsa-yu, uni sarg'aygan (yomg'irsiz) holda ko'rsalar, shundan keyin ham (baribir) kofirliklaricha qolavergan bo'lardilar.

30.52 . Aniqki, Siz "o'liklar"ga (so'zingizni) anglata olmassiz, orqa o'girib ketayotgan "kar"larga ham da'vatni uqtira olmassiz.

30.53 . Yana Siz ("ko'r"larni o'z zalolatlaridan (qaytarib), hidoyat qiluvchi emassiz. Siz faqat bizning oyatlarimizga imon keltiradigan kishilargagina (o'z so'zlaringizni) uqtira olursiz. Bas, o'shalar musulmonlardir.

30.54 . Alloh shunday zotdirki, sizlarni zaif narsadan (bir tomchi suvdan) yaratdi, so'ngra (sizlar uchun) zaiflikdan keyin (quvvat paydo) qildi. So'ngra quvvatdan keyin yana zaiflik va qarilikni (paydo) qildi. U O'zi xohlagan narsani yaratur. U bilimdon va qudratlidir.

30.55 . Qiyomat qoyim bo'ladigan kunda jinoyatchi kimsalar (dunyoda) bir soatdan ortiq turmaganlariga qasam ichurlar. Ular (dunyoda ham) mana shunday (rostdan yolg'onga) buriluvchi edilar.

30.56 . (Shunda) ilm va imon berilgan zotlar ayturlar: "Aniqki, sizlar Alloh (Lavhul-Mahfuzda) yozib qo'yganidek, tirilish kunigacha turdinglar. Bas, mana shu tirilish kunidir. Lekin, sizlar (buni haq ekanini) bilmas edinglar".

30.57 . Ana o'sha kunda zulm qilgan kimsalarga uzr (bahona)lari foyda bermas va ulardan qaytish ham talab qilinmas.

30.58 . Biz ushbu Qur'onda odamlar uchun har (turli) masaldan bayon etdik. Qasamki, agar Siz, (ey, Muhammad,) ularga (talab qilishgan) mo''jizani keltirsangiz ham, albatta, kofir bo'lgan kimsalar: "Sizlar, albatta, yolg'onchidirsizlar", - derlar.

30.59 . Alloh (haqiqatni) bilmaydigan kimsalarning dillarini ana shunday muhrlab qo'yar.

30.60 . Bas, (ey, Muhammad,) sabr qiling! Albatta, Allohning va'dasi haqdir. (Oxiratga) ishonmaydigan kimsalar (qilmishlari) Sizni yengiltaklik (qarg'ash)ga olib kelmasin!