ANKABUT surasi

29.1 . Alif, Lom, Mim.

29.2 . Odamlar: "Imon keltirdik", - deyishlari bilangina, sinalmagan hollarida, qoldiriladilar, deb o'yladilarmi?!

29.3 . Biz ulardan oldingi (imonli) kishilarni sinagan edik-ku! Bas, (shu sinov bilan va usiz ham), albatta, Alloh (imonda) sodiq kishilarni bilur va (shuningdek,) yolg'onchilarni ham aniq bilur!

29.4 . Yoki yovuz ishlarni qiladigan kimsalar Bizdan o'zib ketishni (qutulishni) o'ylaydilarmi?! Naqadar yomon hukm chiqaradilar?!

29.5 . Kimki Allohga ro'baro' bo'lishdan umidvor bo'lsa, bas, Allohning (belgilangan) fursati, albatta, keluvchidir. U eshituvchi va biluvchidir!

29.6 . Kim jihod qilsa, faqat o'zi uchun jihod qilur. Zero, Alloh (barcha) olamlardan behojatdir!

29.7 . Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarning gunohlarini, albatta, o'chirurmiz va ularni qilib o'tgan chiroyli amallari bilan mukofotlarmiz!

29.8 . Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. (Ammo) agar ular sen bilmagan narsalarni (soxta ma'budalarni) Menga sherik qilishingga zo'rlasalar, u holda ularga itoat etmagin! (Barchangiz) Menga qaytursiz, bas, Men (o'shanda) sizlarga qilib o'tgan amallaringiz xabarini berurman!

29.9 . Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni, albatta, solih bandalar (qatori)ga kiriturmiz.

29.10 . Odamlar orasida shunday kimsalar (ham) borki, o'zlari: "Allohga imon keltirdik", - deydi-da, so'ng Alloh (yo'li)da ozorlansa, odamlarning (bu) fitna (ozor)larini Allohning azobidek bilur. Qasamki, agar Rabbingiz (tomoni)dan g'alaba kelsa, shubhasiz ular: "Albatta, bizlar sizlar bilan birga edik", - derlar. Axir, Alloh (barcha) olamlarning dillaridagi narsalarni yaxshi biluvchi emasmi?!

29.11 . Albatta, Alloh imon keltirganlarni ham, munofiqlarni ham yaxshi bilur.

29.12 . Kofir bo'lganlar imon keltirganlarga: "Sizlar bizlarning yo'limizga ergashinglar, gunohlaringizni bizlar ko'tarurmiz",- deydilar. Holbuki, ularning gunohlaridan biror narsani ko'tara oluvchi emasdirlar. Albatta, ular yolg'onchidirlar!

29.13 . Albatta, ular o'zlarining yuk (gunoh)larini ham, u yuklari bilan birga (boshqa) yuklarni ham ko'tarurlar va albatta, qiyomat kunida o'zlari to'qib olgan (yolg'on)lari to'g'risida so'ralurlar.

29.14 . Biz Nuhni o'z qavmiga (payg'ambar qilib) yubordik. Bas, u ularning orasida ellik yili kam ming yil turdi. Bas, ularni zolim (kofir) bo'lgan hollarida to'fon (balosi) tutdi.

29.15 . So'ng Biz (Nuh)ga va kemadagi hamrohlariga najot berdik va uni (barcha) olamlarga ibrat qilib qo'ydik.

29.16 . Ibrohimni (eslang) - u o'z qavmiga degan edi: "Allohga ibodat qilinglar va Undan qo'rqinglar! Agar biluvchi bo'lsangizlar, mana shu sizlar uchun yaxshiroqdir.

29.17 . Sizlar Allohni qo'yib faqat butlarga ibodat qilmoqdasizlar va (ularni ilohlar deb) yolg'on to'qimoqdasizlar. Aniqki, sizlar Allohni qo'yib ibodat qilayotgan narsalar sizlarga rizq berishga qodir emaslar. Bas, (shunday ekan,) sizlar rizqni Alloh dargohidan istanglar va Ungagina ibodat qilinglar va Unga shukr qilinglar. Sizlar Ungagina qaytarilursizlar!

29.18 . Agar sizlar (Payg'ambarimni) yolg'onchiga chiqarsangizlar, bas, sizlardan avvalgi ummatlar ham (o'z payg'ambarlarini) yolg'onchiga chiqargandirlar. Payg'ambar zimmasida esa faqat (Allohning buyruqlarini bandalariga) aniq yetkazishlik bordir".

29.19 . Axir, ular Alloh qanday qilib ilk bor (yo'qdan) yaratishini so'ngra (qiyomat kunida) U o'sha (yaratgan narsasi)ni qaytarishini ko'rmadilarmi?! Albatta, bu Allohga osondir!

29.20 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Yerda sayr qilib (Alloh) qanday qilib yaratishni boshlaganini ko'ringlar. So'ngra Alloh (qiyomatda) ikkinchi (marta) paydo qilur. Albatta, Alloh barcha narsaga qodirdir!

29.21 . U O'zi xohlagan kimsalarni azoblar va O'zi xohlagan kishilarga rahm qilur. Ungagina qaytarilursizlar!

29.22 . Sizlar na Yerda va na osmonda (hech kimni) ojiz qoldiruvchi emasdirsizlar. Sizlar uchun Allohdan o'zga (biror) do'st va yordamchi yo'qdir!"

29.23 . Allohning oyatlarini va U bilan muloqotda bo'lishni inkor qilgan kimsalar, aynan o'shalar Mening rahmatimdan noumid (mahrum) kimsalardir va ular uchun alamli azob bordir.

29.24 . Bas, (Ibrohimga) qavmining javobi faqat: "Uni o'ldiringlar yoki yoqib yuboringlar", - deyishlari bo'ldi. So'ngra Alloh unga olovdan najot berdi. Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun ibratlar bordir!

29.25 . (Ibrohim) aytdi: "Sizlar faqat dunyo hayotidagi o'zaro do'stlashishingizni ko'zlab, Allohni qo'yib, butlarni tutdingizlar. So'ngra qiyomat kunida ba'zilaringiz (peshvolaringiz) ba'zilaringizdan (ergashuvchilardan) tonur, ba'zilaringiz ba'zilaringizni la'natlar. Borar joyingiz do'zaxdir. (U joyda) sizlar uchun yordam beruvchilar yo'qdir!"

29.26 . Bas, Lut unga imon keltirdi. (Ibrohim) aytdi: "Albatta, men Rabbim (buyurgan tomon)ga hijrat qiluvchidirman. Albatta, Uning O'zigina qudrat va hikmat egasidir!"

29.27 . Biz unga Ishoq va (nabirasi) Ya'qubni ato etdik hamda payg'ambarlikni va (samoviy) kitob(lar)ni uning zurriyotiga (xos) qildik va unga shu dunyoda ham mukofotini berdik, albatta, u oxiratda ham solih zotlardandir.

29.28 . Lut o'z qavmiga: "Albatta, sizlar shunday fahsh ishni qilmoqdasizlarki, sizlardan oldin olamlardan hech kim uni qilmagan edi.

29.29 . Haqiqatan ham sizlar (xotinlaringizni qo'yib) erkaklarga borasizmi; qaroqchilik qilasizmi; majlisgohlaringizda yomon ishlar qilasizmi-a?!" - deganini eslang. Bas, (Lut) qavmining javobi faqat: "Agar sen rostgo'y kishilardan bo'lsang, bizlarga Allohning azobini keltir", - deyishlari bo'ldi.

29.30 . (Shunda) u aytdi: "Ey, Rabbim, bu buzg'unchilar qavmi ustidan O'zing meni g'olib qil!"

29.31 . Qachonki, elchilarimiz (farishtalar) Ibrohimga (farzand ko'rishi haqidagi) xushxabarni keltirishgach, aytdilar: "Albatta, bizlar mana shu qishloq ahlini halok qiluvchidirmiz. Chunki, uning aholisi zolimdirlar!"

29.32 . (Ibrohim): "Axir, u yerda Lut bor-ku?" - dedi. Ular aytdlar: "Bizlar u joyda kim borligini biluvchiroqdirmiz. Albatta, bizlar uni (Lutni) va ahlini qutqarurmiz. Illo, uning xotini qoluvchi (halok bo'luvchi)lardandir".

29.33 . Qachonki, elchilarimiz Lutning oldiga kelganlarida, u bundan yomon holga tushdi va ular tufayli yuragi siqildi. Ular dedilar: "Qo'rqma va g'am chekma! Albatta, bizlar senga va ahlingga najot beruvchilardirmiz. Magar xotining qoluvchi (halok bo'luvchi)lardandir".

29.34 . Biz fosiq (itoatsiz) bo'lganlari uchun bu qishloq ahli ustiga osmondan azob (tosh) yog’diruvchidirmiz.

29.35 . Biz aql yurgizadigan qavmga (ibrat uchun) u (qishloq)dan aniq asorat qoldirgandirmiz.

29.36 . Madyan (qavmi)ga o'z birodarlari Shuaybni (payg'ambar qildik). Bas, u aytdi: "Ey, qavmim, Allohga ibodat qilingiz va oxirat kunidan umidvor bo'lingiz hamda Yer (yuzi)da buzg'unchilik qilib yurmangiz!"

29.37 . Ular (Shuaybni) yolg'onchiga chiqarishgach, ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida murdaga aylandilar.

29.38 . Od va Samud (qabilalarini ham halok qildik). (Bu) sizlarga ularning maskanlaridan (xarobalardan) ko'rinib turibdi. Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko'rsatib, ularni (haq) yo'ldan to'sdi. Holbuki, ular aql-idrokli kishilar edi.

29.39 . Qorun, Fir'avn va Homonni ham (halok qildik). Muso ularga (payg'ambar ekaniga) hujjatlarni keltirganida, ular yer (yuzi)da kibrhavo qildilar va (lekin) o'zib ketuvchi bo'lmadilar.

29.40 . Biz (ularning) har birini o'z gunohi bilan tutdik. Bas, ularning orasida Biz ustiga tosh yog’dirganlar ham, ular orasida dahshatli qichqiriq tutganlar ham, ular orasida Biz yerga yuttirganlar va ular orasida Biz (suvga) g'arq qilgan kimsalar ham bordir. Alloh ularga zulm qiluvchi bo'lmadi, lekin ular o'zlariga jabr qiluvchi bo'ldilar.

29.41 . Allohdan o'zgalarni do'st tutgan kimsalarning misoli xuddi in qurib olgan o'rgimchakka o'xshaydi. Inlarning eng nimjoni esa, albatta, o'rgimchak inidir, agar bilsalar!

29.42 . Albatta, Alloh ularning Uni qo'yib, iltijo qilishayotgan narsalarini bilur! U qudrat va hikmat egasidir!

29.43 . Ushbu masallarni Biz odamlar (ibrat olishlari) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar.

29.44 . Alloh osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratgandir. Albatta, bunda mo'minlar uchun alomat bordir!

29.45 . (Ey, Muhammad,) Sizga Kitob (Qur'on) dan vahiy qilingan narsani tilovat qiling va namozni mukammal ado eting! Albatta, namoz fahsh va yomonlikdan qaytarur! Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug'dir! Alloh qilayotgan ishlaringizni bilib turur.

29.46 . (Ey, mo'minlar,) sizlar Kitob ahli bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilinglar, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustastnodirlar. Shuningdek, aytinglar: "Bizlar o'zimizga nozil qilingan (Qur'on)ga ham, sizlarga nozil qilingan (Tavrot va Injil)ga ham imon keltirganmiz. Bizlarning ilohimiz va sizlarning ilohingiz bir (Iloh)dir va bizlar Ungagina bo'yin sunuvchimiz".

29.47 . (Ey, Muhammad,) shuningdek, Sizga Kitob (Qur'on) nozil qildik. Bas, Biz Kitob (Tavrot va Injil) ato etgan zotlar unga (Qur'onga) imon keltirurlar. Ana ular (Makka ahli orasi)da ham unga imon keltiradigan kishilar bordir. Bizning oyatlarimizni faqat kofirlargina inkor qilurlar.

29.48 . Siz ilgari biror kitobni tilovat qiluvchi emas edingiz va o'z qo'lingiz bilan xat ham yozgan emas edingiz. Aks holda buzg'unchilar, albatta, shubhaga tushgan bo'lur edilar.

29.49 . Yo'q, u (Qur'on) ilm berilgan zotlarning dillaridagi aniq oyatlardir! Bizning oyatlarimizni faqat zolimlargina inkor qilurlar.

29.50 . Ular (kofirlar): "Unga (Muhammadga) ham Parvardigori tomonidan mo''jizalar tushganida edi", - dedilar. Ayting: "Mo''jizalar Allohning huzuridadir. Men esa faqat aniq ogohlantiruvchiman, xolos".

29.51 . Axir ularga tilovat qilinayotgan (shu) Kitobni Biz Sizga nozil qilganimiz ular uchun yetarli emasmi?! Albatta, bu (Kitob)da imon keltiradigan qavm uchun rahmat va eslatma bordir!

29.52 . Ayting: "Alloh men bilan sizlarning o'rtangizda yetarli guvohdir. U osmonlar va Yerdagi bor narsani bilur. Botil narsaga (butlarga) imon keltirib, Allohga kofir bo'lganlar - ana o'shalar ziyon ko'ruvchilarning o'zidirlar!"

29.53 . Ular Sizdan azobni tezlatishni talab qilurlar. Agar belgilangan muddat (qiyomat kuni) bo'lmasa edi, albatta, ularga (darhol) azob kelgan bo'lur edi. (Kelganda ham), albatta, ular sezmagan hollarida to'satdan kelur.

29.54 . Ular Sizdan azobni tezlatishni talab qilurlar. Albatta, jahannam kofirlarni qamrab oluvchidir!

29.55 . U kunda azob ularning ustilaridan ham, oyoqlarining ostidan ham o'rab olur va (Alloh) aytur: "Qilgan ishlaringizning jazosini totinglar!"

29.56 . Ey, imon keltirgan bandalarim, albatta, Mening yerim kengdir. Bas, Mengagina ibodat qilingizlar!

29.57 . Har bir jon o'lim (achchig'i)ni totuvchidir! So'ngra Bizga qaytarilursizlar.

29.58 . Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni, albatta, jannatda ostidan anhorlar oqib turadigan ko'shklarga joylashtirurmiz. Ular u yerda mangu qolurlar. (Yaxshi) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshidir!

29.59 . Ular sabr qilgan va yolg'iz Parvardigorlarigagina tavakkul qiladigan zotlardir.

29.60 . O'z rizqini ko'tara (topa) olmaydigan qanchalab jonzotlar bor. Alloh ularga ham, sizlarga ham rizq berur. U eshituvchi va biluvchidir!

29.61 . Qasamki, agar siz ulardan: "Osmonlar va Yerni yaratgan, quyosh va oyni (toatiga) bo'yin sundirgan zot kim?" - deb so'rasangiz, albatta, ular: "Alloh", - derlar. Bas, (shunday ekan), qayoqqa burilib ketmoqdalar?!

29.62 . Alloh bandalaridan o'zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilur va (O'zi xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur. Albatta, Alloh barcha narsani biluvchidir!

29.63 . Qasamki, agar siz ulardan: "Osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib yerni "o'lganidan" so'ng "tiriltirilgan" zot kim?" - deb so'rasangiz, albatta, ular: "Alloh", derlar. Siz (ularga): "Allohga hamd!", -deb ayting! Yo'q, ularning aksariyati aql yurgizmaydilar!

29.64 . Bu dunyo hayoti faqat (ozgina) o'yin kulgidir! Agar ular bilsalar, oxirat diyorigina (haqiqiy) hayot (joyi)dir.

29.65 . Qachonki, ular kemaga minsalar (g'arq bo'lishdan qo'rqib,) Allohga chin ixlos bilan iltijo qilurlar. Bas, qachonki, (Alloh ularni quruqlikka chiqarib,) najot bergach, banogoh ular (Allohga yana) shirk keltirurlar.

29.66 . Biz ularga ato etgan ne'matlarga noshukr bo'laversinlar va (shu dunyodagi hayotdan) "foydalanib" qolsinlar. Hali yaqinda (haqiqatni) bilib olajaklar!

29.67 . Ular o'zlarining atroflaridagi odamlar qirg'inga uchrab turgan bir paytda, Biz (Makkani) osoyishta haram qilib qo'yganimizni ko'rmadilarmi?! Nahotki, ular botil (butlar)ga imon keltirib, Allohning ne'mati (Islom)ni inkor etsalar?!

29.68 . Alloh sha'niga yolg'on to'qigan yoki Haq (Qur'on) kelgan chog'da uni yolg'onga yo'ygan kimsadan kim ham zolimroqdir?! Kofirlar uchun jahannamda joy bor emasmi?!

29.69 . Bizning (yo'limiz)da jihod (jiddu jahd) qilganlarni, albatta, O'z yo'llarimizga hidoyat qilurmiz. Albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar bilan birgadir!