QASOS surasi

28.1 .To, Sin, Mim.

28.2 . Ushbu (oyatlar) aniq Kitob oyatlaridir.

28.3 . (Ey, Muhammad,) imon keltiradigan qavm uchun Sizga Muso va Fir'avn xabarini haqiqati bilan tilovat qilib berurmiz.

28.4 . Darhaqiqat, Fir'avn yerda (Misrda) tug'yonga ketib, uning aholisini bo'lib tashladi. Ulardan bir toifani (Isroil avlodi qavmini) xorlab, o'g'illarini so'yar, ayollarini tirik qo'yar edi. Albatta, u buzg'unchilardandir.

28.5 . Biz esa u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni, ularni (xorlikdan chiqarib, barchaga) peshvo zotlarga aylantirishni va ularni (Fir'avn mulkiga) merosxo'r qilishni istaymiz.

28.6 . Yana ularni o'sha yerda barqaror qilib, Fir'avn va (uning vaziri) Homonga hamda ikkovining lashkarlariga ular xavotirlanayotgan narsani ko'rsatib qo'yishni (istaymiz).

28.7 . Biz Musoning onasiga vahiy qildikki: "Uni emizaver. Bas, (uni o'ldirib ketishlaridan) qo'rqsang, uni daryoga tashlagin va qo'rqmagin ham, qayg'urmagin ham. Zero, Biz uni senga qaytaruvchidirmiz va uni payg'ambarlardan qiluvchidirmiz".

28.8 . Bas, Fir'avn xonadoni uni (o'sib-ulg'aygach,) o'zlariga "dushman va tashvish" bo'lishi uchun tutib oldilar. Albatta, Fir'avn, Homon va ularning lashkarlari yanglishgan edilar.

28.9 . Fir'avnning xotini (unga): "(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko'z quvonchidir. Uni o'ldirmanglar. Shoyadki, uning bizlarga nafi tegsa yoki uni farzand qilib olsak", - dedi. Vaholanki, ular (haqiqatni) sezmas edilar.

28.10 . Muso onasining qalbi tashvishdan forig' bo'ldi. - Agar Biz ("Musoni o'zinga qaytarurmiz", degan va'damiz)ga imon keltiruvchilardan bo'lishi uchun uning ko'nglini xotirjam qilmaganimizda, albatta, u (o'z o'g'li ekani)ni ochib qo'ygan bo'lur edi.

28.11 .(Ona Musoning) opasiga: "Uning (ortidan) tushgin", - dedi. Bas, u ular sezmagan hollarida (Musoni) bir chetdan kuzatib turdi.

28.12 . Biz oldindan (Musoga barcha) emizuvchi ayollarni taqiqladik (u hech bir ayolni emmadi), shunda (uning opasi kelib): "Men sizlarga unga kafil bo'lib (emizadigan) va unga xolis (tarbiya beradigan) bir oilani ko'rsataymi?" - dedi.

28.13 . Shunday qilib, Biz (Musoning onasining) ko'zlari quvonishi va g'am chekmasligi uchun hamda Allohning va'dasi haq ekanini bilishi uchun uni onasiga qaytardik. Lekin, ko'pchiligi (buni) bilmaydilar.

28.14 . Qachonki, u voyaga yetib, (aqli) to'lgach, Biz unga hikmat va bilim ato etdik. Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz.

28.15 . (Kunlardan birida Muso) shaharga uning aholisi qaflatda bo'lgan (peshin) paytida kirgan edi, unda ikki kishini urushayotgan holatda topdi. Bunisi o'z guruhidan (Isroil avlodi qavmidan) va unisi dushmanidan (qibtiylardan) edi. (Bas, Musoning) guruhidan bo'lgan kishi undan dushmaniga qarshi yordam so'radi. Shunda Muso bir musht urib, uni o'ldirib qo'ydi. (So'ng pushaymon bo'lib,) dedi: "Bu shaytonning ishidandir. Albatta, u aniq adashtiruvchi dushmandir".

28.16 . (Keyin Allohga iltijo qilib,) dedi: "Ey, Rabbim, darhaqiqat, men o'zimga zulm qilib qo'ydim. Bas, meni mag'firat et". (Alloh) uni mag'firat etdi. Albatta, Uning O'zigina mag'firatli va rahmli zotdir.

28.17 . U (yana) dedi: "Ey, Rabbim, menga qilgan in'oming haqqi endi sira jinoyatchilarga yordam qiluvchi bo'lmasman!"

28.18 . Bas, u erta tongda shaharda qo'rquvga tushib, (biror ko'ngilsizlikka) ko'z tutgan holda ketayotgan edi, qarasa, birdan kecha undan yordam so'ragan kimsa yana uni yordamga chaqirayotibdi. Muso unga dedi: "Darhaqiqat, sen aniq gumrohdirsan!"

28.19 . Endi u ikkisiga dushman bo'lgan kimsani (Qibtiyni) tutmoqchi bo'lgan edi, "Ey, Muso, kecha bir jonni o'ldirganing kabi (bugun) meni ham o'ldirmoqchimisan?! Sen faqat yer yuzida jabr qiluvchi bo'lmoqchisan. Sen isloh qiluvchilardan bo'lishni istamaysan",- dedi.

28.20 . Shaharning ichkarisidan bir kishi shoshgancha kelib: "Ey, Muso, zodagonlar seni o'ldirish uchun til biriktirmoqdalar. Bas, sen (bu shahardan) chiqib ketgin. Albatta, men senga nasihatgo'y kishilardandirman",- dedi.

28.21 . Bas, u qo'rquvga tushib, (atrofni) kuzatgan holda u yerdan chiqib, dedi: "Ey, Rabbim, O'zing menga (bu) zolimlar qavmidan najot bergin!"

28.22 . Qachonki, Madyan (shahri) tomonga ravona bo'lgach, dedi: "Zora Rabbim meni to'g'ri yo'lga hidoyat etsa!"

28.23 . Qachonki, Madyanning suvi (qudug'i)ga yetib kelgach, u joyda bir to'p odamlar (chorvalarini) sug'orayotganlarini ko'rdi va ulardan beriroqda ikki ayol (o'z qo'ylarini) qo'riqlab turganlarini ko'rib: "Sizlarga ne bo'ldi?" - dedi. Ular: "Biz, to podachilar (mollarini) qaytarmaguncha, sug'ora olmaymiz. Otamiz esa qari chol", - dedilar.

28.24 . Shunda (Muso) ularga (qo'ylarini) sug'orib berdi. So'ngra (bir chetdagi) soyaga borib (o'tirib), dedi: "Ey, Rabbim, men uchun nima yaxshilik (rizq) tushirsang, o'shanga muhtojdirman".

28.25 . Bas, ulardan biri hayo bilan yurib kelib: "Otam seni bizlarga (qo'ylarimizni) sug'orib berganing haqini berish uchun chaqirmoqda",- dedi. Bas, (Muso Shuaybning huzuriga) kelib, unga o'z qissasini, so'ylab bergach, u: "Qo'rqmagin. Sen zolimlar qavmidan najot topding", - dedi.

28.26 .(Qizlardan) biri: "Ey, ota, uni (ishga) yollagin! Zero, sen yollagan eng yaxshi kishi kuchli, ishonchli kishidir", - dedi.

28.27 . (Shuayb) aytdi: "Menga sakkiz yil ishlab berishing badaliga men senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman. Endi, agar o'n yilni bitirsang (o'n yil ishlab bersang) o'zingdan (marhamat)dir. Men seni qiynashni istamayman. Inshoalloh, mening solih kishilardan ekanimni bilursan".

28.28 . (Muso) dedi: "Mana shu sen bilan mening o'rtamizdagi (bitim)dir. Ikki muddatdan qay birini ado qilsam, bas, menga adovat qilinmas. Alloh aytayotgan so'zimizga guvohdir".

28.29 . Bas, qachonki, Muso (kelishilgan) muddatni o'tab, oilasi bilan (Misr tomon) yo'lga tushgach, Tur (tog'i) tarafidan bir olovni ko'rib qoldi. U oilasiga: "Sizlar (shu yerda) kutib turinglar. Men bir olovni ko'rib qoldim. Shoyad sizlarga biror xabar yoki isinib olishlaringiz uchun (u) olovdan cho'g' olib kelsam", - dedi.

28.30 . Bas, qachonki, uning oldiga yetib kelgach, u muborak joydagi vodiyning o'ng tarafidan - daraxtdan unga nido qilindi: "Ey, Muso, Men (barcha) olamlarning Parvardigori - Allohdirman!

28.31 . Asoyingni (yerga) tashla!" Bas, qachonki, (Muso) uni ilondek qimirlayotganini ko'rgach, ortiga qaramay qochdi. (Unga deyildi:) "Ey, Muso, qayt va qo'rqma! Zero, sen (xavfu-xatardan) omonlikdagi kishilardandirsan!

28.32 . Qo'lingni qo'yningga tiqqin, biror yomonliksiz oppoq bo'lib chiqur va qanotingni (ya'ni, qo'lingni) qo'rquvdan yumib olgin (u yana o'z holiga qaytur). Bas, shu ikkisi (aso bilan qo'l) Rabbing tomonidan Fir'avn va uning zodagonlariga ikki hujjatdir. Darhaqiqat, ular fosiqlar qavmi edilar".

28.33 . (Muso) dedi: "Ey, Rabbim, men ulardan bir jonni o'ldirib qo'yganman. Bas, meni o'ldirishlaridan qo'rqurman.

28.34 . Birodarim Horun mendan ko'ra tili burroroq. Bas, uni ham men bilan birga meni tasdiqlaydigan yordamchi qilib yuborgin. Chunki ular meni yolg'onchi qilishlaridan qo'rqurman". ( hz. Ali Tabuk g`azotiga chiqmasdan ( Payg`ambarimiz amrlariga muvofiq) Madinadada qolib,  bundan juda hafa edilar, shunda Rasululloh (S) “ menga nisbating xuddi  Horunning Musoga bo`lgan nisbati kabidir, birgina farqi mendan keyin hech Payg`ambar kelmas, “-dedilar.) 

28.35 . (Alloh) aytdi: "Biz seni birodaring bilan quvvatlantirurmiz va ikkingiz uchun saltanat (g'alaba ato) qilurmiz. Bas, ular sizlarga (biror) ziyon yetkaza olmaslar. Bizning mo''jizalarimiz bilan sizlar ham, sizlarga ergashganlar ham g'olibdirlar".

28.36 . Bas, qachonki, Muso ularga Bizning aniq mo''jizalarimizni keltirgach, ular: "Bu sehrdan boshqa narsa emas. Bizlar bu narsani o'tgan ota-bobolarimiz (zamoni)da bo'lganini eshitgan emasmiz",- dedilar.

28.37 . Muso aytdi: "Rabbim O'zining huzuridan kimga hidoyat keltirganini ham, oxirat diyoridagi oqibat kimga bo'lishini ham juda yaxshi biluvchidir. Albatta, zolimlar tole topmaslar".

28.38 . Fir'avn: "Ey, odamlar, men sizlar uchun o'zimdan boshqa (biror) ilohni bilmasman. Bas, ey, Homon, loyni pishirib, (g'isht quyib) men uchun bir baland burj (minora) bino qil, shoyadki, men (uning ustiga chiqib) Musoning ilohini ko'rsam. Men uni yolg'onchilardan deb o'ylamoqdaman", - dedi.

28.39 . U (Fir'avn) va uning lashkarlari yer yuzida nohaq kibrlandilar va o'zlarini Bizga qaytarilmaydilar, deb gumon qildilar.

28.40 . Bas, Biz uni va lashkarlarini tutdik-da, dengizga tashladik. Bas, zolimlarning oqibati qanday bo'lganini ko'ring!

28.41 . Ularni do'zaxga chorlaydigan peshvolar qilib qo'ydik. Qiyomat kunida ham ularga yordam berilmas.

28.42 . Biz bu dunyoda ularga la'natni ergashtirdik. Qiyomat kunida ham ular qabih kimsalardandirlar.

28.43 . Biz avvalgi avlodlarni (kofirliklari sababli) halok qilganimizdan keyin Musoga odamlar uchun nur, hidoyat va rahmat bo'lgan Kitob ato etdik. Shoyad, ular eslatma olsalar!

28.44 . (Ey, Muhammad,) Biz Musoga ishni (gaplashish va najotni) hukm qilgan paytda Siz (Tur tog'ining) g'arb tomonida (Biz bilan Muso va'dalashgan joyda) bo'lmagansiz va guvohlardan ham emas edingiz.

28.45 . Lekin Biz (Musodan so'ng, ko'p) avlodlarni paydo qildik, bas, ularga umr (zamon) cho'zilib ketdi. Siz Madyan ahli orasida turuvchi ham, ularga oyatlarimizni tilovat qiluvchi ham bo'lmagansiz. Lekin, Biz (Sizni) payg'ambar qilib yuboruvchi bo'ldik.

28.46 . Biz (Musoga) nido qilgan paytda Siz Turning yonida bo'lmagansiz. Lekin, Rabbingiz (tomoni)dan rahmat sifatida Sizdan ilgari biror ogohlantiruvchi kelmagan bir qavmni ogohlantirish uchun (payg'ambar qilindingiz). Shoyad, ular eslatma olsalar.

28.47 . Boridiyu ularga o'z qilmishlari sababli biror musibat yetganida: "Parvardigoro, bizlarga payg'ambar yuborganingda edi, Sening oyatlaringga ergashar va imon keltiruvchilardan bo'lar edik", - deyishmaganda (Biz Sizni ularga payg'ambar qilib yubormas edik).

28.48 . Bas, qachonki, ularga Bizning huzurimizdan Haq (payg'ambar) kelgach esa, ular: "Unga (ya'ni, Muhammadga) ham Musoga berilgan narsa (mo''jiza) berilganida edi (bizlar unga ergashgan bo'lardik)",- dedilar. Axir, ular ilgari Musoga berilgan narsa (mo''jiza)ni ham inkor qilmaganmidilar?! Ular: "(Tavrot va Qur'on) bir-birini qo'llab-quvvatlaydigan ikki sehrdir",- dedilar va: "Bizlar (bu ikki kitobning) har biriga kofirdirmiz",- dedilar.

28.49 . Ayting: "Agar rostgo'y bo'lsanglar, Alloh huzuridan u ikki (Kitob)dan ko'ra to'g'riroq bo'lgan biror kitob keltiringlar, men unga ergashayin.

28.50 . Bas, agar ular Sizga javob bera olmasalar, bas, bilinki ular faqat havoyi nafslarigagina ergashurlar. Alloh (tomoni)dan hidoyatlanmagan holda o'z havoyi nafsiga ergashgan kimsadan kim ham ozganroqdir?! Albatta, Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmas!

28.51 . Eslatma olishlari uchun ularga So'zni (Qur'onni) muttasil nozil qildik.

28.52 . Biz (Qur'ondan) ilgari Kitob (Tavrot, Injil) bergan zotlar (yahudiy va nasroniylarning mo'minlari) unga (Qur'on)ga imon keltirurlar.

28.53 . Qachonki, ularga (Qur'on) tilovat qilinsa: "Bizlar unga imon keltirdik. Albatta, u Rabbimiz tomonidan (kelgan) Haqiqatdir. Bizlar (Qur'on nozil bo'lishidan) ilgari ham musulmon edik", - derlar.

28.54 . Ana o'sha zotlarga (imon yo'lida) sabr qilganlari sababli mukofotlari ikki barobar ato etilur. Ular yomonlikni (ya'ni, kofirlarning ozorlarini) yaxshilik (sabr) bilan daf qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilurlar.

28.55 . Qachonki, behuda (so'z yo ish)ni eshitsalar, undan yuz o'girurlar va: "Bizlarning amallarimiz o'zimiz uchun, sizlarning amallaringiz o'zlaringiz uchundir. Omon bo'linglar. Bizlar nodon kimsalarni xohlamaymiz", - derlar.

28.56 . (Ey, Muhammad,) Siz o'zingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmaysiz, lekin Alloh O'zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. U hidoyat topuvchilarni yaxshi biluvchidir.

28.57 . Ular (Quraysh kofirlari): "(Ey, Muhammad,) agar bizlar sen bilan birga to'g'ri yo'lga ergashsak, yerimizni oldirib qo'yarmiz",- dedilar. Axir, Biz ularga osoyishta Haramni maqom qilib bermadikmi?! Barcha narsaning hosillari Bizning dargohimizdan rizq bo'lgan holda o'sha joyga yig'iladi-ku! Lekin, ularning aksariyati (buni) bilmaslar.

28.58 . Biz qanchadan-qancha maishati haddan oshgan yurtlarni halok qildik. Bas, maskanlarida ulardan keyin kamdan-kam istiqomat qilindi. (Ularning mulku-diyorlariga) Biz voris bo'ldik.

28.59 . Rabbingiz barcha yurtlarning markazlariga oyatlarimizni ularga tilovat qiladigan payg'ambar yubormagunicha, u (yurtlar)ni halok qiluvchi bo'lmadi. Biz yurtlarni faqat ularning aholisi zolim (kofir) bo'lgandagina halok qiluvchi bo'ldik.

28.60 . Sizlarga nima berilgan bo'lsa faqat dunyo hayotining mato va ziynatlaridir. Alloh huzuridagi (mukofot) esa yaxshiroq va boqiyroqdir. Axir, aql yurgizmaysizlarmi?!

28.61 . Axir, Biz go'zal va'da (jannat)ni va'da qilgan va unga erishgan kishi, Biz dunyo hayoti matosidan ozgina foydalantirib, so'ngra qiyomat kunida (mangu azobga) hozir qilinuvchi kimsa kabi bo'lurmi?!

28.62 . (Eslang, Alloh qiyomat kuni) ularga nido qilur: "Sizlar (bor deb) e'tiqod qilib yurgan "sheriklarim" qani?!" - deb.

28.63 . Ustilaridan (azob haqidagi) So'z muqarrar bo'lgan kimsalar: "Ey, Rabbimiz, ana u bizlar yo'ldan ozdirgan kimsalarni ham xuddi o'zimiz ozgan kabi yo'ldan ozdirgandirmiz. Bizlar Senga (aybdor emas) oqdirmiz. Ular bizlarga ibodat qiluvchi bo'lmaganlar", - derlar.

28.64 . Ularga: "Shirklaringizni (yordamga) chorlangiz",- deyilur, ularga iltijo qilganlarida (ular) javob qilmaslar va ular azobni ko'rurlar. Agar hidoyat topsalar edi (azobni ko'rmas edilar).

28.65 . (Alloh) ularga nido qilib: "Payg'ambarlarimga ne javob qilgan edinglar?" - deydigan kunda,

28.66 . o'sha kunda ularga xabarlar (bahona va sabablar) ko'rinmay qolur, bas, bir-birlaridan ham so'rasha olmaslar.

28.67 . Bas, kim tavba qilib, imon keltirib, solih amal qilgan bo'lsa, shoyadki (u) najot topuvchilardan bo'lsa.

28.68 . Rabbingiz O'zi xohlagan narsani yaratur va (xohlagan ishni) ixtiyor qilur. Ularda ixtiyor yo'qdir! Alloh ularning shirklaridan pok va yuksakdir!

28.69 . Rabbingiz ularning dillari yashirgan narsalarini (sirlarini) ham, oshkor qilgan narsalarini (so'zlarini) ham bilur.

28.70 . U Allohdir. Undan o'zga iloh yo'qdir! Avvalu oxirda (ya'ni, dunyoyu oxiratda) hamd faqat Uning uchundir. Hukm ham Unikidir va Ungagina qaytarilursizlar.

28.71 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Xabar beringiz-chi, agar Alloh kechani qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo'ysa, Allohdan o'zga qaysi "iloh" sizlarga biror yorug'lik keltira olur?! Axir, eshitmaysizlarmi?!"

28.72 . Ayting: "Xabar beringiz-chi, agar Alloh kunduzni qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo'ysa, Allohdan o'zga qaysi "iloh" sizlarga taskin topadigan kechani keltira olur?! Axir, ko'rmaysizlarmi?!

28.73 . (Alloh) sizlar uchun kecha va kunduzni unda (ya'ni, kechada) orom olishlaringiz, (kunduzi esa) Uning fazli (rizqi)dan istashlaringiz va shukr qilishlaringiz uchun paydo qilib qo'ygani Uning rahmatidandir!

28.74 . (Eslang, Alloh qiyomat kunida) ularga nido qilib: "Sizlar (bor deb) gumon qilib yurgan "sheriklarim" qani?!" - der.

28.75 . Biz (u kunda) har bir ummatdan bir guvohni (payg'ambarni) chiqarib, (keltirgan shirklaringizga) hujjatlaringizni keltiringlar-chi", - deymiz. Bas, ular haqiqat Alloh tomonda ekanini biladilar va o'zlari to'qib olgan ("xudolari") esa ulardan g'oyib bo'lur.

28.76 . Albatta, Qorun Muso qavmidan edi. Bas, u (qavm)larga kibr qildi. Biz unga xazinalardan kalitlari baquvvat jamoatga ham og'irlik qiladigan narsalarni ato etgan edik. O'shanda qavmdoshlari unga: "Hovliqmagin. Chunki, Alloh hovliquvchilarni suymas!

28.77 . Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo'lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg'unchilik qilishni istama. Chunki, Alloh buzg'unchilarni suymas", - dedilar.

28.78 . (U:) "Men unga faqat o'zimdagi bilim sababligina erishdim",- dedi. Axir, u o'zidan avval Allohning undan ko'ra quvvatliroq va zaxirasi ham ko'proq (qanchadan-qancha) avlodlarni halok qilganini bilmasmi?! Jinoyatchilardan gunohlari haqida so'rab o'tirilmas!

28.79 . So'ng, (Qorun) qavmi oldiga yasanib chiqqan edi, dunyo hayotini istaydigan kimsalar: "Eh, qani edi, bizlarga ham Qorunga ato etilgan narsa (boylik) bo'lsa. Darhaqiqat, u ulkan nasiba egasidir", - dedilar.

28.80 . Ilm ato etilgan kishilar esa: "O'lim bo'lsin sizlarga! Imon keltirgan va ezgu ish qilgan kishi uchun Allohning savobi yaxshiroq-ku! U (savob)ga faqat sabrli kishilargina erishurlar", - dedilar.

28.81 . Bas, Biz uni ham, hovlisini ham yerga yuttirdik. So'ng uning uchun Allohdan o'zga yordam beradigan biror jamoa bo'lmadi va uning o'zi ham g'oliblardan bo'lmadi.

28.82 . Kuni kecha uning maqomini orzu qilganlar: "Vo ajab, Alloh bandalaridan o'zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilib, (O'zi xohlaganlarining rizqini) tang qilib berar ekan-da! Agar Alloh bizlarga marhamat qilmaganida, bizlarni ham (yerga) yuttirgan bo'lur edi. Vo ajab, kofirlar najot topmas ekan da!" - deb qoldilar.

28.83 . Biz o'sha oxirat diyorini yer yuzida zulm va buzg'unchilik qilishni istamaydigan kishilar uchun yaraturmiz. Oqibat esa, taqvoli kishilarnikidir!

28.84 . Kim yaxshilik bilan kelsa, bas, uning uchun undan yaxshiroq (mukofot) bo'lur. Kim yomonlik bilan kelsa, bas, yomonliklarni qilgan kimsalar faqat o'zlari qilgan yomonliklari barobaridagina jazolanurlar.

28.85 . (Ey, Muhammad,) albatta, Sizga (ushbu) Qur'onni farz qilgan Zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir. (Mushriklarga) ayting: "Rabbim hidoyat bilan kelgan kishilarni ham, aniq zalolatdagi kimsalarni ham yaxshi biluvchidir!"

28.86 . Siz o'zingizga Kitob (Qur'on) tushirilishidan umidvor ham emasdingiz. Faqat Rabbingiz (tomoni)dan rahmat sifatida (u nozil qilindi). Bas, kofirlarga sira madadkor bo'lmang!

28.87 . Sizga Allohning oyatlari nozil qilinganidan so'ng zinhor ular Sizga to'sqinlik qilmasinlar! Siz (odamlarni) Rabbingizga (ibodat qilishga) chorlang va sira mushriklardan bo'lmang!

28.88 . Allohga qo'shib boshqa "iloh"ga iltijo qilmang! Undan o'zga iloh yo'qdir. Uning "yuzi"dan boshqa barcha narsa halok bo'luvchidir. Hukm Unikidir va Ungagina qaytarilursizlar!