BAQARA surasi

2.1 . Alif, Lom, Mim.

2.2 . Ushbu (ilohiy) Kitob (Qur'on) shubhadan xoli va (u shunday) taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dirkim,

2.3 . ular g'oyib (diniy xabarlar)ga imon keltiradigan, namozni mukammal o'qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir.

2.4 . Yana, ular Siz (Muhammad)ga va Sizdan ilgari (o'tgan payqambarlarga) nozil qilingan narsa (ilohiy kitoblar)ga imon keltiradigan hamda oxirat (qiyomat)ga qat'iy ishonch hosil qiladiganlardir.

2.5 . Aynan ular Parvardigorlari tomonidan (ato etilgan) hidoyat uzradirlar va aynan ular najot topuvchilardir.

2.6 . Haqiqatan, kufr (imonsizlik)ni tanlaganlar - ularni ogohlantirsangiz ham, ogohlantirmasangiz ham, ularga baribir - imon keltirmaydilar.

2.7 . Ularning dillari va quloqlariga Alloh muhr urib qo'ygan. Ko'zlarida esa parda (bor). Ular uchun ulkan azob (tayyorlab qo'yilgandir).

2.8 . Odamlar orasida shundaylar ham borki, ular "Biz Allohga va oxiratga imon keltirdik", - deydilar. Vaholanki, o'zlari mo'min emaslar.

2.9 . Ular (bu bilan) Allohni va imon keltirganlarni aldamoqchi bo'ladilar. Lekin, o'zlari sezmagan holda o'zlarinigina aldaydilar.

2.10 . Ularning dillarida nuqson (shubha va kibr kasali) bor. Alloh ularga (shu) xastalikni ziyoda qildi. (Mo'minmiz, deb) yolg'on gapirganlari uchun ularga (oxiratda) alamli azob bordir.

2.11 . Ularga: "Yer yuzida fasod (buzg'unchilik) qilmanglar!", - deyilsa, ular: "Albatta, biz asl islohchilarmiz", - deydilar.

2.12 . Ogoh bo'lingki, aynan ularning o'zlari buzg'unchilardir, lekin (buni o'zlari) sezmaydilar.

2.13 . Ularga: "Sizlar ham (ana u) odamlardek imon keltiringlar", - deyilsa, "Biz (shu) nodonlarga o'xshab imon keltiramizmi?!" - deydilar. Ogoh bo'lingki, ularning o'zlari nodondirlar, lekin (buni o'zlari) bilmaydilar.

2.14 . Imon keltirgan kishilarga duch kelib qolganlarida:12354 "Biz ham imon keltirdik", - deydilar. O'z shaytonlari (boshliqlari) bilan xoli qolganlarida esa: "Biz, albatta, sizlar bilan birgamiz, faqat biz (mo'minlarni) mazax qiluvchilarmiz, xolos", - deydilar.

2.15 . Alloh ularni "mazax qiladi" va ularning shu (haddan oshgan) tug'yonlarida adashib yurishlariga qo'yib beradi.

2.16 . Hidoyat (to'g'ri yo'l) o'rniga zalolat (noto'g'ri yo'l)ni sotib olganlar o'shalardir, (lekin) bu savdolari foyda qilmadi va haq yo'lga yuruvchi ham bo'lmadilar.

2.17 . Ular bamisoli bir olov yoqqan kimsa (yo'lovchi)ga o'xshaydilar: olov uning atrofini yoritganida, Alloh (bexos) nurlarini ketkazib, ularni zulmatlar ichra (hech narsani) ko'rolmaydigan holda qoldirgani kabidir.

2.18 . (Ular) kar, soqov va ko'rdirlar. Bas, ular zinhor (hidoyatga) qaytmagaylar.

2.19 . Yoki (yana bir o'xshatish) osmondan jala keltiruvchi bulut kabiki, unda zulmat, momaqaldiroq va chaqmoq bo'lib, (ular ostida) yashin tegib o'lishdan qo'rqib, barmoqlarini quloqlariga tiqib olurlar. Alloh esa kofirlarni (har tomondan) qurshab oluvchidir.

2.20 . Chaqmoq ularning ko'zlarini ko'r qilgudek bo'ladi. (U) har gal yoritganida (ozgina) yurib oladilar, ularga qorong'i tushirganida esa (joylarida) turib qoladilar. Agar Alloh xohlasa edi, ularni quloq va ko'zlaridan (momaqaldiroq ovozi va chaqmoq yorug'ligi bilan) judo qilgan bo'lur edi. Zero, Alloh har narsaga qodirdir.

2.21 . Ey, insonlar, sizlarni va sizlardan oldingilarni taqvoli bo'lishlaringiz uchun yaratgan Rabbingizga ibodat qilingiz!

2.22 . U sizlar uchun Yerni poyandoz, osmonni "bino" qilib qo'ydi va osmondan suv tushirib, u sababli sizlarga rizq sifatida mevalar undirdi. Bas, bilib turib Allohga (ibodatda) boshqa (soxta ma'buda)larni tenglashtirmangiz!

2.23 . Agar bandamiz (Muhammad)ga tushirgan narsamiz (Qur'on)dan shubhada bo'lsangiz, bas, siz ham unga o'xshash (birgina) sura (yozib) keltiring va Allohdan o'zga guvohlaringizni chaqiring - agar rostgo'y bo'lsangiz.

2.24 . Bordiyu (bu ishni) qilmasangiz - zinhor qila olmaysiz ham - u holda yonilg'isi odamlar va toshlardan iborat, kofirlar uchun tayyorlab qo'yilgan do'zaxdan saqlaningiz!

2.25 . Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga xushxabar beringki, ular uchun ostilaridan anhorlar (suvi) oqib turuvchi bog'lar (jannatlar) bor. Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: "Bu ilgari bizga rizq qilib berilgan mevalarning xuddi o'ziku", - deydilar. Zero, ularga (surati) bir-biriga o'xshash mevalar beriladi. Yana ular uchun u yerda pokiza juftlar bordir va ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

2.26 . Alloh chivin yoki undan kattaroq narsalarni  misol qilib keltirishdan uyalmaydi. Imonli kishilar u (masal)ni haqiqatan ularning Rabbilari tomonidan (yuborilgan) haqiqat deb biladilar. Kofirlar esa: "Bu masal bilan Alloh nima demoqchi, o'zi?" - deydilar. U (masal) bilan Alloh ko'plarni adashtiradi va u bilan ko'plarni (to'g'ri yo'lga) hidoyat qiladi. Lekin, (Alloh) u bilan faqat fosiq kimsalarni adashtiradi,

2.27 . qaysiki, (ular) Alloh ahdini uning bitimidan keyin buzadigan, Alloh bog'lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va yer (yuzi)da buzg'unchilik qiladigan kimsalardir. Ular, albatta, ziyon ko'ruvchilardir.

2.28 . O'lik ekaningizda sizni tiriltirgan, so'ng sizga (yana) o'lim beradigan, keyin sizni tiriltirgach, sizni o`z huzuruga qaytarguvchi zot- Allohni qanday inkor etasiz?!

2.29 . U shunday zotki, sizlar uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi. So'ngra samo sari "turdi-da," uni yetti osmondan iborat qilib qo'ydi. U barcha narsani biluvchi (dono)dir.

2.30 .( Eslang, ey, Muhammad,) Rabbingiz farishtalarga: "Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman", - deganida, (ular) aytdilar: "Unda (Yerda) buzg'unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to'kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamdu- tasbehlar aytamiz va Seni muqaddaslaymiz. (Alloh) aytdi: "Men sizlar bilmagan narsani bilaman".

2.31 . (Alloh) Odam (Ato)ga barcha nomlarni o'rgatdi. So'ng ularni farishtalarga (birma-bir) ko'rsatib dedi: "Agar rostgo'y bo'lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!"

2.32 . (Ular) dedilar: "Zoti poking haqqi, bizda O'zing bildirganlaringdan  boshqa  ilm yo'qdir. Albatta, Sen ilm va hikmat egasidirsan".

2.33 . (Alloh) aytdi: "Ey, Odam, ". mana bu narsalarning nomlarini aytib bergin. Odam  nomlarni aytib berganida, (U) dedi: "Aytmadimmi men sizlar bilmagan narsalarni  yer-osmonlardagi  g`aybni, sizlar pinhon va oshkor qiladigan narsalarni ham bilguvchiman - deb?!"

2.34 . Eslang, (ey, Muhammad,) Biz farishtalarga: "Odamga sajda qilinglar!" - deb buyurishimiz bilan ular sajda qildilar. Faqat Iblis bosh tortib, kibr qildi va kofirlardan bo'ldi.

2.35 . Biz yana aytdik: "Ey, Odam, sen va jufting (Havvo) jannatda yashangiz va xohlagan joylaringizda undan (ne'matlaridan) bemalol tanovul qilingiz. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangiz, (aks holda) zolimlardan bo'lib qolursiz".

2.36 . Bas, shayton ikkisini (vasvasa bilan) undan toydirib, turgan joylaridan (jannatdan) chiqardi. Biz (ularga) aytdik: "Bir-biringizga (kelajak zurriyotingiz bilan o'zaro) dushman bo'lib, (Yerga) tushingiz! Ma'lum vaqtgacha (ajal yetguncha) sizlar uchun Yerda barqarorlik va (undan) foydalanish (bordir).

2.37 . Bas, Odam Rabbisidan (tavba qabul bo`ladigan) kalimalarni  o`rgangach (va uni aytgach)  (Alloh) uning tavbasini ijobat etdi. Albatta, U tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdir.

2.38 . "U yerdan (jannatdan) hammangiz tushingiz", - dedik. Bas, sizlarga Mendan hidoyat kelganda, unga  ergashganlarga xavf yo'qdir va ular  hech tashvish chekmaydilar.

2.39 . Kofir bo'lgan va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar- o'shalar do'zax ahlidirlar va . ular unda (do'zaxda) abadiy qolurlar.

2.40 . Ey, Isroil avlodi, sizlarga in'om etgan ne'matimni eslangiz, ahdimga vafo qilingiz, toki Men ham sizlarning ahdingizga vafo qilay va Mendangina qo'rqingiz!

2.41 . O'zlaringizdagi narsa (Tavrot va Injil)ni tasdiq etuvchi holda nozil qilgan narsam (Qur'on)ga imon keltiringiz. Uni birinchi bo'lib inkor etuvchi bo'lmangiz. Oyatlarimni ozgina bahoga sotmangiz va Mendangina qo'rqingiz.

2.42 . Haqni nohaqlik bilan qorishtirmangiz hamda bila turib, haqiqatni yashirmangiz.

2.43 . Namozni mukammal ado etingiz, zakot beringiz va ruku' qiluvchilar bilan birga ruku' qilingiz.

2.44 . Kitob (Tavrot va Injil)ni o'qib turib, odamlarni yaxshilikka buyurasizlar-u, o'zlaringizni unutasizlarmi?! Aqlni ishlatmaysizlarmi?!

2.45 . (Allohdan) sabr va namoz ila yordam so'rangizlar. Darhaqiqat, namoz (qalbdan o`qilgani)oson emasdir. Lekin Xudodan qo`rquvchi bandalar (namozga intiluvchilar) uchun og`ir emasdir

2.46 . Ular (itoatlilar) Rabbilariga (oxiratda) yuzma-yuz bo'lishlarini va Unga qaytajaklarini (haq deb) bilurlar.

2.47 . Ey, Isroil avlodi, sizlarga in'om etgan ne'matimni va sizlarni olamlar uzra afzal qilganimni eslangiz.

2.48 . Biror jon biror narsada boshqa jonning o'rniga o'tmaydigan, undan shafoat ham qabul qilinmaydigan va (gunohlari uchun) badal ham olinmaydigan hamda ularga yordam berilmaydigan kundan (qiyomat kunidan) qo'rqingiz!

2.49 . Sizlarni (Muso qavmini) og'ir azoblar bilan qiynagan, o'g'illaringizni qatl etib, xotinlaringizni kaniz qilishlik uchun  tirik qoldirgan Fir'avn navkarlaridan qutqarganimizni ham eslangiz. Bunda Rabbingizdan sizlarga ulkan sinov bordir.

2.50 . Sizlar sababli dengizni (o'n ikkiga) bo'lib, sizlarni qutqarganimiz, ko'z o'ngingizda Fir'avn lashkarini g'arq qilganimizni ham eslangiz.

2.51 . Muso bilan qirq kecha va'dalashganimiz, undan (huzurimizga ketganidan) keyin, sizlar (o'zlaringizga) zulm qilgan holingizda buzoqqa sig'inganingizni eslangiz.

2.52 . So'ngra, o'shandan keyin ham shukr qilarsiz, deb, sizlarni afv etdik.

2.53 . To'g'ri yo'lga tusharsizlar, deb, Musoga Kitob (Tavrot)ni va (haq bilan nohaqni ajratuvchi) Furqonni berganimizni eslangiz.

2.54 .Musoning o'z qavmiga: "Ey, qavmim, sizlar buzoqqa sig'inish bilan o'zingizga zulm qildingiz. Endi o'zingizni (bir-biringizni) o'ldirish bilan Yaratuvchingizga tavba qilingiz. Yaratuvchingiz nazdida shu (qatl) sizlar uchun yaxshiroqdir", - degan so'zini eslang. Shunday qilib, Alloh tavbangizni qabul etdi. Albatta, U kechirimli va rahmlidir.

2.55 . (ya Bani Isroil qavmi, eslang)  siz"Ey, Muso, Allohni oshkora ko'rmagunimizcha, senga hech ham ishonmaymiz" - deyishingiz bilan ko'z o'ngingizda sizlarni chaqmoq urgan edi.

2.56 . So'ngra shukr qilursizlar, deb, o'lganingizdan keyin yana sizlarni tiriltirdik.

2.57 . Shuningdek, ustingizga bulutlarni soyabon qildik, samoviy noz-ne'matlar va (pishirilgan) bedanalar nozil etib, "Sizlarga rizq sifatida berilgan pok narsalarni yenglar" (dedik). Ular (Isroil avlodi) Bizga zulm qilmadilar, balki o'zlarigagina zulm qildilar.

2.58 . Biz sizlarga: "Ushbu qishloqqa (Qudsga) kiringizlar va unda xohlagan joylaringizda lazzatlanib, yeb-ichingizlar. Darvozadan sajda qilgan holingizda kirib, (Allohga) "afv et" denglar, (shunda) Biz xatolaringizni kechiramiz va ezgulik qiluvchilarga (ajru savobni ham) ziyoda qilurmiz", - deganimizni eslangiz.

2.59 . Shunda zolim kimsalar ularga aytilgan so'zni boshqa so'zga almashtirdilar. Bas, qilgan bu buzg'unchiliklari tufayli Biz zulm qilganlar ustiga osmondan jazo tushirdik.

2.60 . Eslang (ey, Isroil avlodi,) Muso o'z qavmi uchun suv so'raganida, "Asoingni toshga ur" dedik. Bas, undan (toshdan) o'n ikki chashma otilib chiqdi. (O'n ikki urug'dan) har bir guruh o'z suvini bilib (taqsimlab) oldi. "Allohning rizqidan yeb-ichingizlar, Yer yuzida buzg'unchilik qilmangizlar".

2.61 . Yana eslang, "Ey, Muso, biz bir (xil) taom (yeyish)ga sabr qila olmayapmiz. Rabbingdan duo qilib so'ra, bizga Yer (o'zidan) undirib chiqaradigan bodring, sarimsoq, mosh-loviya, piyoz kabi sabzavotlardan yetishtirib bersin", - deganingizda, u: "Yaxshi narsaniyomonrog`iga  almashtirmoqchimisizlar, (biror) shaharga tushingiz ,(u yerda) sizlar uchun so'ragan narsangiz bor", - degan edi. Ularga (bu noshukrliklari tufayli) xorlik va miskinlik bitib qo'yildi hamda Allohning g'azabiga uchradilar. Bunga ularning Alloh oyatlarini inkor qilganlari va payg'mbarlarni nohaq qatl etganlari sabab bo'ldi. Yana boshqa sababi esa ularning itoatsizliklari va tajovuzkorliklaridir.

2.62 . Albatta, mo'minlar, yahudiylar, nasroniylar va sobiiylardan kimki (avvalgi aqidasidan qat'iy nazar) Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa hamda solih amallarni qilsa, ularga Rabbilaridan ajr bordir, ularga xavf yo'qdir va  tashvish chekmaslar.

2.63 . Eslang, (ey, Isroil avlodi,) Biz ahdu -paymoningizni olgan edik va tepangizda Tur ("Muso tog'i" deb ataluvchi Misr hududidagi Qizil dengizga tutash tog')ni ko'tarib turib: Sizga keltirgan narsamiz (Tavrot)ni mahkam tuting va undagi narsani zikr eting - shunda taqvoli bo'lsangiz", - degan edik.

2.64 . Keyin, o'shandan so'ng (vafosidan) yuz o'girdingiz. Agarda sizlarga Allohning fazli va rahmati bo'lmaganida edi, albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qolar edingiz.

2.65 . Shanba (kuni)da sizlardan tajovuz qilganlarni bildingiz. Biz ularga: "qadrsiz maymunlarga aylaningiz", - dedik.

2.66 . Biz buni ulardan oldingi va keyingi davr uchun (ibratli) jazo, taqvoli kishilar uchun esa nasihat (manbai) qildik.

2.67 .Eslang, Muso o'z qavmiga: "Alloh sizlarga (bir) sigir so'yishlikni buyurdi", - deganida, ular: "Bizni mazax qilyapsanmi?-dedilar. (Muso) dedi: "Johillardan bo'lib qolishimdan meni Alloh asrasin".

2.68 . Ular dedilar: "Rabbingdan duo qilib so'ra, u (sigir) nimaligini bayon qilsin". (Muso) dedi: "(U) aytmoqdaki, u qari ham, yosh ham bo'lmagan o'rta yosh sigirdir. Bas, sizlarga buyurilgan narsa (ish)ni qilinglar!"

2.69 . Ular dedilar: "Rabbingdan duo qilib so'ra, uning rangini bayon qilsin". (Muso) dedi: "U aytmoqdaki, u yarqiroq, sariq rangli sigir bo'lib, ko`rgan ko`zni  quvnatar”

2.70 . Ular dedilar: "Rabbingdan duo qilib so'ra, uning qanaqaligini bayon qilsin, zero, bizga sigirlar bir-biriga o'xshash tuyuldi. Xudo xohlasa biz, albatta, to'g'ri yo'lni topuvchilarmiz".

2.71 . (Muso) aytdi: "U aytmoqdaki, u shunday sigirki, yer haydashga ham, ekinlarni sug'orishga ham o'rgatilmagan bo'lib, nuqsonsiz, unda (sarg'ish rangidan boshqa) rang yo'q". Ular: "Endi haqiqatni keltirding", - deb uni (o'sha sifatlarga ega sigirni zo'rg'a topib) so'ydilar, vaholanki, (bu ishni) qila olmasliklariga sal qolgan edi.

2.72 . Eslang, bir insonni o'ldirib qo'yib, shu (mojaro) sababli janjallashib qolgan edingizlar, holbuki, Alloh sizlar yashirgan narsalarni (sirlarni yuzaga) chiqaruvchidir.

2.73 .Dedik: "Uni (o'ldirilgan odamni) uning (so'yilgan sigirning) bir bo'lagi bilan uringlar". Alloh o'liklarni (xuddi) shu kabi (osongina) tiriltiradi va aql ishlatishlaringiz (fikr yuritishlaringiz) uchun sizlarga o'z alomatlarini ko'rsatadi.

2.74 .So'ngra, shundan (mo''jizalarni ko'rgandan) keyin ham dillaringiz qotdi. Bas, ular tosh kabidir, balki undan ham qattiqroqdir. Zero, shunday tosh ham borki, undan daryolar otilib chiqadi, yana shundayi ham borki, yorilib undan suv chiqadi va yana shundayi ham borki, Allohdan qo'rqib (joyidan) qulaydi. Alloh sizlarning kirdikorlaringizdan g'ofil emasdir.

2.75 . Ular (Isroil avlodi)ning sizlarga ishonishidan umid qilasizlarmi (ey, musulmonlar?!) Vaholanki, ulardan bir guruhi Allohning kalomini eshitib, anglab olganlaridan so'ng, bila turib, uni o'zgartirar edilar.

2.76 . Ular imonli kishilar bilan uchrashganlarida: "Imon keltirdik", - deb, o'zlari xoli qolganlarida esa (bir-birlariga): "Rabbingiz huzurida Siz bilan bahslashishlari uchun ular (musulmonlar)ga Alloh sizlarga ochgan (Tavrotda bildirgan) narsa (Muhammad haqidagi bashorat) to'g'risida gapiryapsizlarmi? Aqlni ishlatmaysizlarmi?!" - deyishar edi.

2.77 . Alloh ularning yashirgan va oshkora qilgan narsalarini bilib turuvchi ekanini bilmaydilarmi?!

2.78 . Ularning ichida yozuvni bilmaydigan, faqat xayolot gumonsirabgina yuradigan omiylari ham bor, albatta.

2.79 . Ammo, o'z qo'llari bilan kitobni yozib, so'ngra uni arzimagan bahoga sotish uchun: "Bu kitob Alloh huzuridandir", - deydigan kimsalarning holiga voy! Bas, o'z qo'llari bilan yozganlari ham, topgan (foyda)lari ham o'zlariga falokat bo'lur.

2.80 . Ular (yahudiylar) deydilar: "Bizlarga do'zax o'ti sanoqli (oz) kunlardagina tegar". (Ularga) ayting: "Alloh huzurida (shunga) ahd qabul qilganmisizki, Alloh ahdiga xilof qilmasa yoki Alloh nomidan bilmagan narsalaringizni gapirmoqdamisiz?!"

2.81 . Yo'q, aslo! Kimki yomonlik kasb etsa va o'z gunohlariga botsa, bas, ana o'shalar do'zax ahlidirlar va ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

2.82 .Imon keltirib, solih amallarni qilganlar esa, aynan ular jannat ahlidirlar va ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

2.83 . Eslang, Isroil avlodidan: "Faqat Allohgagina sig'inasizlar, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasizlar, odamlarga shirinso'z bo'ling, namozni mukammal ado eting, zakot bering", - deb ahd olgan edik. Keyin (siz, Isroil avlodi,) ozchilik qismingizdan boshqangiz (ushbu ahddan) yuz o'girdingiz.

2.84 . Eslang, sizlardan "Bir-biringizning qoningizni to'kmaysiz, o'zlaringizni (hech kimni) yurtingizdan badarg'a qilmaysiz", - degan ahdingizni olgan edik. So'ngra o'zlaringiz guvohlik berib, uni e'tirof ham etgan edingiz.

2.85 . So'ngra sizlar yana o'sha, bir-birlaringizni o'ldirayapsiz, bir qismingizni yurtlaridan chiqarib yuborayapsiz, ularga qarshi gunoh va zulm ila hamkorlik qilmoqdasiz. Sizga (ularning dushmanlariga qarashli) asirlar kelsa, tovon bilan qutqarib yubormoqdasiz, vaholanki, ularni chiqarib yuborish sizlarga taqiqlangan edi. Yoki kitob (Tavrot)ning bir qismiga ishonib, bir qismini inkor etasizmi? Sizlardan kim shunday qilsa, uning jazosi shu dunyoda sharmanda bo'lish, qiyomat kunida esa qattiq azobga giriftor qilinishdir. Alloh (bu) qilmishlaringizdan g'ofil emasdir.

2.86 . Ular, haqiqatan, oxirat o'rniga (foniy) dunyo hayotini sotib olgan kimsalardir. Shunday ekan, ularga beriladigan azob-uqubatlar yengillashtirilmaydi va ularga yordam ham berilmaydi.

2.87 . Haqiqatan, Biz Musoga kitob (Tavrot)ni berib, uning ortidan (bir necha) payg'mbarlar yubordik. Iso ibn Maryamga ham hujjatlarni berdik va uni Ruhul-qudus (Jabroil) bilan quvvatladik. Har gal biror payg'mbar sizlarga yoqmaydigan narsa (oyatlar)ni keltirsa, kibr qilib, bir qismini yolg'onchiga chiqarib, bir qismini qatl qilaverasizmi?!

2.88 . "Dillarimiz (Islom uchun) berk", - deydilar. Yo'q, balki kufrlari sababli ularni Alloh la'natlagan. Binobarin, ularning ozchilik qismigina imon keltiradilar.

2.89 . Qachonki, ularga Alloh huzuridan o'zlaridagi narsa (Tavrot)ni tasdiq etuvchi Kitob (Qur'on) kelganida, ilgari kofirlarga qarshi (xuddi) shu kitob (vositasi) bilan yordam so'rab yurar edilar - o'zlariga tanish zot (Muhammad) kelganda, (uni inkor etib) kofir bo'ldilar. Kofirlarga Allohning la'nati bo'lsin!

2.90 . Alloh o'z bandalaridan xohlaganiga fazli (vahiysi)dan yuborishiga hasad qilib, Alloh nozil qilgan narsa (Qur'on)ni inkor etdilar. O'zlarini sotgan bu narsalari na qadar yomon?! Bas, g'azab ustiga g'azab bilan qaytdilar. Kofirlarga xor etuvchi azob muqarrardir.

2.91 . Ularga: "Alloh nozil qilgan narsaga imon keltiringlar", - deyilsa, "Biz o'zimizga nozil qilingan narsaga imon keltiramiz", - deydilar va keyin kelgan, ulardagi narsa (Tavrot)ni tasdiq etadigan Haq (Qur'on)ni inkor etadilar. Ularga ayting (ey, Muhammad): "Agar mo'min bo'lsangizlar, nega oldindan Allohning payg'mbarlarini o'ldirar edingiz?"

2.92 . Muso sizlarga hujjatlar (oyatlar va mo''jizalar)ni keltirganidan keyin (ham) zolim bo'lib (kufrga botib) buzoqqa sig'indingiz.

2.93 . Eslang (ey, Isroil avlodi,) Biz (o'shanda) ahdu paymoningizni olgach, tepangizda Tur (tog'i)ni ko'tarib (turib): "Keltirgan narsamiz (Tavrot oyatlari)ni mahkam tuting va eshiting", - deganimizda, "eshitdik va (lekin) bo'ysunmadik", - dedilar. Kufrlari tufayli dillari buzoqqa (sig'inish havasi bilan) sug'orilgan edi. Ayting: "Agar mo'min bo'lsangizlar, imoningiz sizlarni buncha ham yomon narsaga buyuradi?!"

2.94 . Ayting (ey, Muhammad): "Agar Alloh huzurida oxirat diyori (jannat) odamlarga emas, faqat sizlarga xos bo'lsa va (bu da'volaringizda) rostgo'y bo'lsangizlar, (tezroq) o'lishni orzu qilinglar!"

2.95 .O'z qo'llari taqdim etgan narsa (gunoh) sababli ular uni (o'limni) sira orzu qila olmaydilar. Alloh zolimlarni (yaxshi) biluvchidir.

2.96 . Ularni odamlardan va mushriklardan ham hayotga (yashashga) hirs qo'yganroq holda topasiz. Ba'zilari ming yil umr ko'rishni xohlaydi. Vaholanki, umrining uzunligi uni azobdan uzoqlashtiruvchi emas. Alloh (esa) ularning qilmishlarini ko'rib turuvchidir.

2.97 . Ayting (ey, Muhammad): "Kim Jabroilga dushman bo'lsa, axir, u uni (Qur'onni) qalbingizga Allohning izni bilan o'zidan avvalgi (ilohiy kitoblar)ni tasdiq etadigan, mo'minlarga hidoyat va xushxabar holida nozil qildi-ku!

2.98 .Kim Allohga, Uning farishtalariga, payg'mbarlariga, Jabroil va Mekoilga dushman bo'lsa, (bilib qo'ysinki,) Alloh ham (unday) kofirlarga dushmandir".

\.99 .Haqiqatan, Biz Sizga aniq oyatlarni nozil qildik. Ularni faqat fosiqlargina inkor eturlar.

2.100 . Har gal biror ahd-paymon qilsalar, ulardan bir guruhi uni buzaveradimi? Aslida ularning aksariyati imon keltirmaslar.

2.101 . Alloh tomonidan ulardagi narsani tasdiq etuvchi Payg'mbar (Muhammad) kelishi bilan, kitob (Tavrot) berilganlardan bir guruhi Allohning kitobi (Qur'on)ni xuddi bilmagandek ortlariga uloqtirdilar.

2.102 .(Ular), yana Sulaymon podshohligidagi shaytonlar (jinlar) o'qigan narsalarga ergashib ketdilar. Sulaymon kofir emas edi, lekin odamlarga sehr (jodu)ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o'rgatadigan shaytonlar kofir edilar. (Ikki farishta): "biz faqatgina sinov (vositasimiz, bizga ishonib) kofir bo'lib qolma", - deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) o'rgatmas edilar. Ikkisidan er-xotinning o'rtasini buzadigan narsani o'rganar edilar. Lekin, ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar. (Xullas,) o'zlariga foydasiz, balki zararli narsalarni ta'lim olar edilar. (Allohning kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yo'qligini ham yaxshi bilar edilar. O'z (nasiba)larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi!

2.103 . Qani endi ular imonga kelib, taqvo yo'lini tutganlarida, Alloh tarafidan beriladigan savob yaxshiroq bo'lishini bilsalar edi!

2.104 . Ey, mo'minlar, "Roino" demay, "Unzurno" deb aytingizlar, hamda (Muhammad so'zini) tinglangizlar. Kofirlarga esa alamli azob bordir.

2.105 . Ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar)ning kofirlari va mushriklar sizlarga Rabbingiz tarafidan biror yaxshilik (vahiy) tushishini aslo yoqtirmaydilar. Alloh esa rahmatiga O'zi xohlagan (kishi)ni xos etadi. Alloh buyuk fazl sohibidir.

2.106 . (Ey, Muhammad,) biror oyatni bekor qilsak yoki yodingizdan chiqartirsak, undan yaxshirog'ini (ummatingizga munosibrog'ini) yoki o'shaning (aynan) o'ziga teng (boshqa oyat)ni keltiraveramiz. Allohning har narsaga qodir ekanini bilmadingizmi?!

2.107 . Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga xos ekani va sizlar uchun Allohdan boshqa biror do'st yoki yordamchi yo'q ekanini bilmas edingizmi?!

2.108 . Yoki (ey, mo'minlar,) ilgari Musodan so'ralganidek, payg'mbaringizdan ham so'rashni xohlaysizmi? Kim imonni kufrga almashtirsa, to'g'ri yo'ldan adashishi muqarrardir.

2.109 . Ahli kitoblarning ko'pchiligi, imon keltirganingizdan keyin va ularga haqiqat ravshan bo'lgandan so'ng ham hasad yuzasidan sizlarni (yana) kufrga qaytarishni istaydilar. Bas, Alloh O'z amrini keltirguncha ularni afv etib, (xatolaridan) o'ting. Albatta, Alloh har narsaga qodirdir.

2.110 . Namozni mukammal ado etingiz va zakot beringiz! O'zingiz uchun nimaiki yaxshilik qilgan bo'lsangiz, uni Alloh huzurida topajaksiz. Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.

2.111 . Ular: "Jannatga faqat yahudiy yoki nasroniy bo'lganlar kiradi", - dedilar. Bu ularning orzulari. Ayting (ularga): "Agar rostgo'y bo'lsangiz, dalilingizni keltiring!"

2.112 . Yo'q, kimki o`zini  Allohga bo'ysundirsa, Rabbi huzurida unga ajr muhayyodir. Ularga xavf ham yo'q va ular tashvish ham chekmaydilar.

2.113 . Yahudiylar: "Nasroniylarda haqdan nech narsa yo`q" - desalar, nasroniylar: "Yahudiylarda haqiqatdan asar yo'q" - deydilar, vaholanki, ular (har ikki toifa) kitob ahli bo`lib, samoviy kitobdan bahramanddirlar. Shuningdek, (o'qishni) bilmaydiganlar (boshqa soxta dinlarga mansub kimsalar) ham ularning gapiga o'xshash gapni aytdilar. Ularning (bu kabi) kelisha olmagan narsalari yuzasidan qiyomat kuni Alloh hukm qilur.

2.114 . Allohning masjidlarida Uning nomi zikr etilishiga qarshilik qiladigan va ularni xarob qilishga urinuvchilardan zolimroq kim bor?! Axir, bu (kabi) kimsalar uchun u yerlar (Ka'ba yoki Baytul-Maqdis)ga faqat qo'rqqan hollaridagina kirishlari mumkin edi. Ular uchun bu dunyoda rasvolik, oxiratda esa, buyuk azob (bordir).

2.115 . Mashriq ham, Mag'rib ham Allohnikidir. Bas, qaysi tarafga yuzingizni qaratsangiz, o'sha tomonda Allohning "yuzi" mavjuddir. Albatta, Alloh (fazli) keng, dono zotdir.

2.116 . "Allohning farzandi bor", - dedilar. U (Alloh) esa (ularning iddaosidan) pok zotdir. Balki, osmonlar va Yerdagi narsalar Uning mulkidir. Hamma(si) Unga bo'ysunuvchidir.

2.117 . (U) Yeru osmonlarning Yaratuvchisidir. Biror ishni qiladigan bo'lsa, (faqatgina unga) "Bo'l!" desa, bas, u bo'ladi.

2.118 . Bilmaydigan (nodon) kimsalar: "Alloh bizga (bevosita) gapirsa edi yoki biror alomat kelsa edi", - deydilar. Ulardan oldingilari ham ularning gaplariga o'xshash gaplarni aytgan edilar: dillarida o'xshashlik bor. Biz chinakam ishonadigan kishilar uchun oyatlarni bayon qildik.

2.119 . Albatta, Biz Sizni haq bilan (Qur'on, tavhid, Islom bilan) xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik. Do'zax ahli uchun Siz javobgar bo'lmaysiz.

2.120 . Yahudiy va nasroniylar, to ularning dinlariga kirmaguningizcha, Sizdan sira rozi bo'lmaydilar. Ayting: "Allohning yo'li to'g'ri yo'ldir". Qasamki, agar Sizga kelgan (to'g'ri) ma'lumotlardan keyin ham ularning xohishlariga ergashsangiz, Alloh tarafidan Sizga biror do'st ham, yordam beruvchi ham yo'qdir.

2.121 .Biz kitob (Tavrot, Injil yoki Qur'on) bergan kishilar (mo'minlar) uni to'g'ri (buzmay) tilovat qiladilar. Ular unga (Muhammadga va Kitobga) imon keltiradilar. Kim uni inkor etsa, ana o'shalar ziyon ko'ruvchilardir.

2.122 . Ey, Isroil avlodi, sizlarga in'om etgan ne'matimni va sizlarni (butun) olamlar uzra afzal qilganimni eslangiz!

2.123 . Birov biror narsada o'zganing o'rniga o'ta olmaydigan, (gunohkor uchun) badal ham olinmaydigan, unga shafoat ham foyda bermaydigan hamda ularga yordam ham berilmaydigan kun (qiyomat)dan qo'rqingiz!

2.124 . Eslang: Ibrohimni bir necha so'zlar bilan Rabbi imtihon qilganida, ularni mukammal ado etdi. Shunda (Alloh): "Albatta, Men seni odamlarga imom (peshvo) qilaman", - dedi. (Ibrohim) "Zurriyotimdan hammi?" - deb so'radi. (Alloh) aytdi: "Mening ahdim zolimlarga tegishli emas".  (oyat mazmunidan shunday natija kelib chiqadiki, imomlik mansabi yuqori lavozimlardan hisoblanib, hz. Ibrohim og`ir imtihonlardan keyin unga noil bo`lganlar, shuningdek imom Alloh tarafidan tayinlanadi,- degan xulosaga kelish mumkin)

2.125 . Eslang: Bayt (Ka'ba)ni odamlar uchun ziyoratgoh va xavfsiz joy qilib qo'ydik. "Ibrohim maqomi"ni namozgoh qilib olinglar! Ibrohim bilan Ismoilga: "Tavof, e'tikof va ruku'-sujud qiluvchilar uchun Baytimni poklangiz!" - deb buyurdik.

2.126 . Eslang: Ibrohim: "Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin", - deganda, Alloh: "Kofirlarni esa bir oz rizqlantirib, so'ng do'zax azobiga mubtalo eturman. Bu o'ta yomon oqibatdir", - dedi.

2.127 . Eslang: Ibrohim (farzandi) Ismoil bilan birgalikda Uy (Baytulloh)ning poydevorini ko'tarar ekanlar, (shunday duo qildilar): "Ey, Rabbimiz, bizdan (ushbu ishimizni) qabul et. Albatta, Sen eshituvchi va dono zotdirsan!

2.128 . Ey, Rabbimiz, bizni o'zingga bo'yin sunuvchi qilgin va zurriyotimizdan ham Senga itoat qiladigan ummat (chiqargin)! Shuningdek, bizga (hajga doir) ibodatlarimizni ko'rsatib ber va tavbalarimizni qabul et! Albatta, Sen tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdirsan.

2.129 . Ey, Rabbimiz, ularga (kelajak ummatlarga) o'zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur'on va Hadis)ni o'rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg'mbarni yuborgin! Albatta, Sen qudrat va hikmat egasidirsan".

2.130 . Ibrohimning dinidan faqat o'zini qadrlamaydigan , nodonlargina yuz o'giradilar. Dunyoda Biz uni (payg'mbarlik va imomatlikka) tanlab oldik va u oxiratda (ham), albatta, loyiq(banda)lardan bo'lur.

2.131 . Eslang, Rabbi unga: ( Allohning yagonaligiga turli dalillar keltirgach ilhom yo`li bilan)  taslim bo`l (ya`ni islomni tan olgin) deganda,- U: - jahonlar parvardigoriga  taslim bo`ldim,-dedi. Keyin (vahiy va ilhom orqali) Parvardigori-

Allohning amriga bo`ysungin,-deganda, Ibrohim –“ Allohning amrlariga itoat

2.132 . Ibrohim va  Ya'qub   o`z dinlarini avlodlariga vasiyat qilgan edilar va har ikkisi ham shunday degan edilar: -"O'g'illarim,  shubhasiz , Alloh sizlar uchun shu dinni tanladi. Bas, musulmonlik holingizdagina dunyodan o'tingiz!"

2.133 . (Ey, Isroil avlodi!) Yoki Ya'qubga o'lim kelganda, o'g'illariga: "Mendan keyin nimaga sig'inasizlar?" - deganida, ular: "Sening ilohing va bobolaring - Ibrohim, Ismoil va Ishoq ilohi bo'lmish yagona Allohga sig'inamiz va bizlar faqat Uning o'zigagina bo'yin sunuvchilarmiz", - deb javob berganlariga guvoh bo'lganmisizlar?

2.134 . Ular o'tib ketgan ummat(lar)dir. Ularning a'mollari o'zlariga va sizlarning a'mollaringiz o'zlaringizga. Sizlar ularning qilgan ishlari uchun javob bermaysiz.

2.135 . (Yahudiylar va nasroniylar): "Yahudiy yoki nasroniy bo'ling, shunda hidoyat topasiz", - dedilar. Siz (ey, Muhammad,) ayting: "Aslo yo'q, biz to'g'ri yo'ldan toyilmagan, mushriklardan bo'lmagan Ibrohim diniga ergashamiz".

2.136 . Aytingiz (ey, mo'minlar): "Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Kitob)ga, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va uning avlodlariga nozil qilingan narsalarga, Musoga, Isoga va (barcha) payg'mbarlarga Parvardigorlaridan berilgan narsalarga imon keltirdik (ishondik). Biz ular o'rtasidan birortasini (payg'mbar emas deb) ajratib qo'ymaymiz va Unga (Allohga) bo'yin sunuvchilarmiz".

2.137 . Agar ular (ahli kitoblar) sizlar imon keltirgan narsalarga imon keltirsalar, to'g'ri yo'lni topgan bo'ladilar. Bordiyu yuz o'girsalar, u holda, demak, sizlarga nisbatan adovatlari bordir. Sizni ulardan (himoya etishga) Allohning o'zi kifoya qilur. U eshituvchi va donodir.

2.138 . Allohning "bo'yog'i"ga (diniga kiringiz!) Allohnikidan yaxshiroq "bo'yoq" (din) bormi?! Biz Ungagina sig'inuvchilarmiz.

2.139 . Ayting (ey, Muhammad): "Bizning ham, sizning ham Rabbingiz bo'lmish Alloh haqida biz bilan tortishasizmi?! Bizning a'mollarimiz - bizga, sizning a'mollaringiz - sizga. Biz faqat Ungagina ixlos qiluvchilarmiz".

2.140 . Yoki sizlar (Isroil avlodi): "Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va uning avlodi (hammasi) yahudiy yoki nasroniy bo'lgan" deysizmi? Ayting (ey, Muhammad): "(Ularning dinlarini) sizlar biluvchiroqmi yoki Allohmi? Guvohlikni Allohdan yashirgan kimsadan kim ham zolimroqdir?!" Alloh qilayotgan ishlaringizdan g'ofil emasdir.

2.141 . Ular o'tib ketgan ummatdir. Ularning qilgan a'mollari (ishlari) o'zlariga, sizlarning qilgan a'mollaringiz o'zingizgadir. Sizlar ularning qilmishlari uchun javob bermaysizlar.

2.142 . Odamlarning nodonlari: "Ular (musulmonlar) ilgari yuzlangan qiblalaridan (baytul-muqaddasdan) voz kechishlariga bois nima ekan?" deyishadi. Ayting: "Mashriq ham, Mag'rib ham Allohnikidir. U o'zi xohlagan kishilarni to'g'ri yo'lga boshlaydi".

2.143 . Shuningdek, sizlarni  o`rta miyona (ya`ni  mo`tadil) ummat  qildik va sizlarni hamma odamlarga guvoh qildik, sizlarga esa Payg`ambarni guvoh qildik ummat qilib qo'ydik. Siz ilgari qaragan qiblani (baytul-muqaddasni) Biz faqat kim payg'mbarga ergashar ekan, deb o`zgartirdikAlbatta, bu (qiblasini o'zgartirish) Alloh hidoyat etgan kishilardan o'zgalar uchun og'ir ishdir. Alloh imonlaringizni (Baytul-Maqdisga qarab o'qigan oldingi namozlaringiz ajrini) zoye ketkazmas. Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir.

2.144 . Goho yuzingizni (vahiy kutib) osmon bo'ylab o'girib turishingizni ko'rayapmiz. (Xotirjam bo'ling,) Sizni o'zingiz rozi bo'ladigan qibla (Ka'ba)ga (yuz) o'girtiramiz. Yuzingizni Masjidi Harom (Ka'ba) tomonga buring! (Ey, mo'minlar, sizlar ham) qayerda bo'lsangizlar, yuzlaringizni o'sha tarafga buringiz! Ahli kitoblar bu - Parvardigorlaridan (kelgan) haqiqat (ilohiy farmon) ekanini yaxshi biladilar. Alloh ularning qilmishlaridan g'ofil emasdir.

2.145 . Qasamki, agar Siz ahli kitoblarga har qanday hujjat keltirsangiz ham, ular qiblangizga ergashmaydilar. Siz ham ularning qiblalariga ergashuvchi emassiz. Ular (yahudiylar va nasroniylar) bir-birlarining qiblalariga tobe emaslar. Bordiyu, Sizga kelgan ilm (vahiy)dan keyin ham ularning xohishlariga ergashib ketsangiz, u holda, albatta, Siz zolimlardan bo`lib qolasiz.

2.146 . Biz kitob bergan o'sha (zolim) kimsalar uni (Muhammadni) xuddi o'z farzandlarini tanigandek taniydilar va ulardan bir guruhi bila turib, (kitoblaridagi) haqiqatni sir tutadilar.

2.147 . Haqiqat bu - Rabbingizdan (bo'lganidir). Bas, (Siz) shubhalanuvchilardan bo'lmang!

2.148 . Har bir (diniy guruhlar) uchun o'zi yuzlanadigan tarafi (qiblasi) bor. ( Bas, bu narsalar uchun talashib tortishib yurmang, undan ko`ra)  xayrli ishlarda o'zib ketingiz! Qayerda bo'lmangiz, Alloh hammangizni (mahshargohga) keltiradi. Albatta, Alloh har narsaga qodirdir.

2.149 . Qaysi joydan (safarga) chiqsangiz ham, (namozda) yuzingizni Masjidi Harom (Ka'ba tomon)ga o'giring! Ushbu (buyruq) Parvardigoringiz tomonidan (aytilgan) haqiqatdir. Alloh qilayotgan ishlaringizdan g'ofil emasdir.

2.150 . Qaysi joydan (yo'lga) chiqsangiz, yuzingizni (namozda) Masjidi Harom tomonga o'giring! (Ey, mo'minlar) qayerda bo'lsangizlar, yuzlaringizni o'sha (Ka'ba) tomonga o'giringizlar! Toki g'arazli odamlarda sizlarga qarshi hujjat bo'lmasin. (ya`ni musulmonlar biz Ibrohib dinidamiz deyishadiyu, lekin o`zlari uning qiblasiga qarab namoz o`qimaydilar-demasinlar)  ular ichida zolimlari (ham) borki, sizlar ulardan qo'rqmangiz, balki Mendan qo'rqingiz. Bu ( Ka`baning qibla qilinishi)sizlarga ne'matlarimni (yanada) mukammal qilib berishimdir zora hidoyat bo`lsangizlar

2.151 . Shuningdek, sizlarga o'zingizdan bo'lmish bir payg'ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o'qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur'on) va Hikmat (Hadis)ni ta'lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi.

2.152 . Bas, Meni yod etingiz, Men ham sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!

2.153 . Ey, imon keltirganlar! sabr va namoz (o'qish) bilan (Mendan) yordam so'rangizlar! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir.

2.154 . Alloh yo'lida qatl etiladigan (shahid)lar haqida: "(Ular) o'likdirlar", - demangiz! Yo'q, (ular) tirikdirlar, lekin sizlar (buni) sezmaysizlar. (shunday ekan agar shialar shahidlar qabriga qarab salom bersalar va dardlashsalar ularni mushrik deyish qanday bo`larkan?!)

2.155 . Sizlarni biroz xavf, ochlik bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo'li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering

2.156 . Ularga musibat yetganda: "Albatta, biz Allohning mulkimiz va albatta, Uning o`ziga qaytguvchimiz", - deydilar.

2.157 . Aynan o'shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag'firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir.

2.158 . Albatta, Safo va Marva (tepaliklari) Allohning shiorlaridandir.* Bas, kim haj yoki umra qilganida u ikkisini tavof etsa, unga gunoh yo'qdir.(balki vojibdir) O'z ixtiyori bilan biror xayrli ish (nafl haj yoki umra) ni ko`paytirsa, albatta, Alloh  shokir (amaliga yarasha ajr beradi) va dono zotdir.

2.159 . Biz nozil qilgan oyatlar va hidoyatdan iborat narsalarni (Muhammadning haq payg'ambar ekanini) odamlarga Kitob (Tavrot)da aniq qilib berganimizdan keyin (uni) sir tutganlarni, shubhasiz, Alloh la'natlagay va ularni la'natlovchilar (farishtalar va mo'minlar) ham la'natlagaylar.

2.160 . Illo, qaysilari tavba qilib, xatolarini tuzatib, (haqiqatni) bayon qilsalar, ularning tavbalarini qabul eturman. Men - tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdirman.

2.161 . Kufrda bo'lib, kofirlik holida o'lib ketganlarga barchaning - Allohning, farishtalar va odamlarning la'natlari bo'lgay.

2.162 . U yerda (do'zaxda) abadiy qolurlar, azoblari yengillashtirilmas va (jazo ham) kechiktirilmas.

2.163 . Ilohingiz yagona ilohdir. Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) mehribon va rahmlidir.

2.164 . Albatta, osmonlar va Yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, odamlar uchun foydali narsalar ortilgan kemalarning dengizda suzishida, Alloh osmondan tushirib, u sababli "o'lik" yerni tiriltirgan suvda, turli jonzotlarni unda (yerda) tarqatib qo'yishida, shamollarni (turli tomonga) yo'naltirishida va osmon bilan Yer orasidagi itoatli bulutda aqlni ishlatadigan kishilar uchun alomatlar (Allohning qudratiga dalillar) bordir.

2.165 . Odamlar orasida shunday kimsalar borki, ular Allohdan o'zga (soxta ma'buda)larni Unga teng bilib, Allohni sevgandek ularni sevadilar. Imon keltirganlarning Allohga bo'lgan muhabbatlari esa (ularnikidan) kuchliroqdir. Zolimlar (qiyomatda) azobni ko'rganlarida butun kuch-qudrat Allohga xos ekanini va Allohning azobi (o'ta) qattiqligini bilsalar edi!

2.166 . (Qiyomat kuni) azobni ko'rib peshvolar o'z ergashuvchilaridan tonadilar va (ularni birlashtirib turuvchi) aloqalar uziladi.

2.167 . Ergashganlar: "Qani edi bir bor (dunyoga) qaytish mumkin bo'lsa-yu, ular bizdan tonganlaridek, biz ham ulardan tonsak",- deydilar. Shunday qilib, Alloh taolo ularning qilmishlarini o'zlariga hasrat qilib ko'rsatadi. Ular do'zaxdan chiquvchi emaslar.

2.168 . Ey, odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan yenglar va shaytonning izlaridan ergashmanglar! Albatta, u sizlarning aniq dushmaningizdir.

2.169 . U sizlarni faqatgina yomonlik va buzuqlikka va Alloh sha'niga bilmagan narsalaringizni gapirishga buyuradi.

2.170 . Ularga (mushriklarga): "Alloh nozil etgan (oyatlar)ga ergashinglar!" - deyilsa, ular: "Yo'q, biz ota-bobolarimizni ne uzra topgan bo'lsak, o'shanga ergashamiz", - deydilar. Ota-bobolari garchi hech narsaga aqllari yetmaydigan va to'g'ri yo'ldan yurmaydigan bo'lsalar-chi?!

2.171 . (Haqiqatan ham) kufr yo'lidagi kimsalar (vahiydan ta'sirlanmaslikda) xuddi hayvonlarga qichqirayotgan kishining ovozidan va hayqirig'idan o'zga narsani eshitmayotgani kabidir. (Ular) kar, soqov va ko'rdirlarki, (gapni) anglamaydilar.

2.172 . Ey, imon keltirganlar, Allohgagina ibodat qiluvchi bo'lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar va Unga shukr qilingizlar!

2.173 . U sizlarga o'limtik, qon, cho'chqa go'shti va Allohdan o'zgaga atab so'yilgan narsalarni (qat'iy) harom qildi. Ammo, zulmkor va tajovuzkor bo'lmasdan, zaruratan (tanglik yuzasidan) iste'mol qilsa, uning gunohi yo'qdir. Darhaqiqat, Alloh kechirimli va rahmlidir.

2.174 . Alloh nozil qilgan Kitob (Tavrot)dagi narsani (Muhammad vasfini) sir tutadigan va uni ozgina bahoga sotadiganlar, albatta, o'z qorinlariga olov yegan bo'lurlar. Alloh qiyomat kunida ular bilan so'zlashmaydi va ularni (gunohlaridan) poklamaydi. Ularga alamli azob (berilur).

2.175 . Hidoyat o'rniga zalolatni, mag'firat o'rniga azobni sotib olgan kimsalar ana o'shalardir. Bas, do'zax (azobi)ga buncha ham "toqatli" bo'lmasalar!

2.176 . Bu (jazo) - Alloh Kitob (Tavrot)ni haqiqatan nozil qilgani va bu Kitob xususida ixtilof qiluvchilar (haqiqatdan) juda ham uzoqda bo'lganlari uchundir.

2.177 . Yuzlaringizni Mashriq va Mag'rib tomonlariga burib, (ibodat qilishingizning o'zi to'la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg'ambarlarga imon keltirgan, o'zi yaxshi ko'rgan molidan qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, yo'lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo'lida beradigan, namozni to'kis ado etib, zakotni to'lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og'ir-yengil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshi kishilardir. Aynan o'shalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan o'shalar taqvodordirlar.

2.178 . Ey, imon keltirganlar! Sizlarga o'ldirilgan kishilar uchun qasos olish farz qilindi: ozod kishi muqobiliga ozod kishidan, qul uchun quldan, ayol kishi uchun ayoldan. Birodari tomonidan avf etilsa (xun to'lashga rozi bo'linsa), u holda yaxshilik bilan bo'yin sunish va xunini yaxshilab to'lash (zarurdir). Bu (hukm) Rabbingiz tomonidan yengillik va marhamatdir. Bas, kimki shundan keyin ham haddidan oshsa, unga alamli azob (berilur).

2.179 . Sizlar uchun qasosda hayot bor, ey, aql egalari! (Bu bilan) shoyad (jinoyatlardan) saqlansangizlar.

2.180 . Qaysi biringizga o'lim hozir bo'lsa (yaqinlashsa) va (o'zidan keyin) biror yaxshilik (boylik) qoldirayotgan bo'lsa, ota-ona va qarindoshlariga ma'lum miqdorda vasiyat qilishlik bitildi (farz qilindi). Bu taqvoli kishilar zimmasidagi burchdir.

2.181 . Kimki uni (vasiyatni) eshitganidan keyin o'zgartirsa, gunohi faqat o'zgartirganlarga bo'lur. Albatta, Alloh eshituvchi va dono zotdir.

2.182 . Ammo, kimki vasiyat qiluvchi tomonidan biror xatolik yoki gunoh sodir bo'lishidan qo'rqib, (vasiyatni o'zgartirib bo'lsa ham) oralarini isloh qilib qo'ysa, unga gunoh yo'q. Albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir.

2.183 . Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo'lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro'za tutish farz qilindi,

2.184 . sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo'lsa, sanog'i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo'lganidan ortiq fidya bersa), o'ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro'za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir.

2.185 . Ramazon oyi - odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda hozir bo'lsa, ro'zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo'lsa, (tuta olmagan kunlar) sanog'i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og'irlikni xohlamaydi. Bu - hisobni to'ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishlaringiz va shukr qilishlaringiz uchundir.

2.186 . Sizdan (ey, Muhammad), bandalarim Mening haqqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to'g'ri yo'lga tushib ketsalar.

2.187 . Sizlarga ro'za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsizlar. Sizlarning o'zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbalaringizni qabul qilib, sizlarni avf etdi. Endi, ular bilan (ro'za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringizlar. Shuningdek, tonggacha, ya'ni, oq ipni qora ipdan ajratsa bo'ladigan vaqtgacha yeb-ichaveringlar. So'ng, ro'zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingizlar! Masjidlarda e'tikofda bo'lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo'shilmangizlar! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz. Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o'z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi.

2.188 . Mol(-mulk)laringizni o'rtalaringizda botil (yo'llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo'l bilan yeyish (o'zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola qilmangiz.

2.189 . Sizdan (ey, Muhammad), hilollar (yangi oylar) haqida so'raydilar. "Ular odamlarga (yil hisobi) va haj uchun vaqt o'lchovlaridir", -deb ayting. Uylarga orqa tomondan kirishingiz yaxshilik emas, balki yaxshilik – kishining taqvosi (bilan o'lchanur). Uylarga eshiklaridan kiringiz va Allohdan qo'rqingiz! Shoyad (shunda) tole topsangizlar.

2.190 . Sizlarga qarshi jang qiluvchilar bilan Alloh yo'lida jang qilingiz, (lekin) haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi.

2.191 . Ularni (mushriklarni) qayerda topsangiz, o'ldiringiz va sizlarni chiqargan joydan (Makkadan) ularni chiqaringiz! Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir. Ular boshlamaguncha, Masjidi Haromda ular bilan urushmangiz. Agar urushni (Haramda) boshlasalar, u holda ularni o'ldiringiz! Kofirlarning jazosi shundaydir.

2.192 . Agar (shirk va tajovuzkorlikdan) qaytsalar, bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir.

2.193 . Fitna bosilib, butun din Alloh uchun bo'lgunga qadar ular bilan urushingiz! Agar tinsalar, u holda zolimlardan boshqaga adovat qilishlik (Islomda) yo'q.

2.194 . (Urush) man etilgan oy - (urush) man etilgan oy evazigadir (urush ochsalar, sizlar ham shu oyda urush ochaveringizlar), (toptalgan) hurmatlar (jazosi) - qasosdir. Kim sizlarga tajovuz qilsa, sizlar ham o'sha me'yorda tajovuz qiling! Allohga taqvo qilingiz va bilingizki, albatta, Alloh taqvodorlar bilan birgadir.

2.195 . Alloh yo'lida (boyliklaringizdan) sarflangiz va o'z qo'llaringiz (baxillik qilish) bilan o'zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko'radi.

2.196 . Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting! Agar (kasallik yoki qaroqchilar tufayli) yo'lingiz to'silib qolsa, qurbingiz yetgan biror (bo'taloq, sigir, qo'y kabi) jonliq so'ying. (O'sha) qurbonlik o'z joyiga yetib bormagunicha, boshlaringizni (sochingizni) qirmang! Sizlardan kimdir (hajda) kasal bo'lsa yoki boshidan (bit yoki biror darddan) aziyat cheksa (sochini oldinroq oldirishi yoki qisqartirishi mumkin), bu bilan u ro'za yoki sadaqa yoxud qurbonlik bilan fidya (evaz) to'laydi. Qachonki, (mone'liklardan) xotirjam bo'lsangiz, so'ng (haj vaqtigacha) kimki umra qilib tamattu' qilsa (ehromdan vaqtincha chiqib olsa), muyassar bo'lgan qurbonlikni qilsin! Kim (bunga imkoniyat) topa olmasa, uch kun hajda, yetti kun qaytganlaringizdan keyin ro'za (tutsin!) O'sha rosa o'n kundir. Bu (hukmlar) oilasi (yashash joyi) Masjidi Haromda bo'lmaganlar uchundir. Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, Alloh azobi shiddatli zotdir.

2.197 . Haj (mavsumi uchun) ma'lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o'ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida ayolga yaqinlashishi, gunoh ishlar va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo'q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh biladi. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo'rqingiz), ey, oqillar!

2.198 . Rabbingizdan (haj mavsumida tijorat bilan) fazl tilashingizda sizlarga (hech qanday) gunoh yo'qdir. Arafotdan tushganingizda, Mash'ari Haromda (Muzdalifada) Allohni (talbiya, tahlil, takbir, sano bilan) zikr eting! U sizlarni - garchi ilgari adashganlardan bo'lsangiz-da - haq yo'lga hidoyat qilgani kabi, sizlar ham Uni yod etingiz!

2.199 . So'ngra odamlar tushgan yerdan (Arafotdan) tushingizlar va Allohdan mag'firat so'rangizlar. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.

2.200 . (Hajga oid) ibodatlaringizdan forig' bo'lganlaringizdan keyin Allohni go'yo ota-bobolaringizni (madhiyalar bilan) yod etganlaringizdek, balki undan ham ziyodroq yod etingiz! Odamlar orasida shunday kimsa ham bo'ladiki, u: "Ey, Rabbimiz, bizga shu dunyoda bergin", - deydi. Vaholanki, unga oxiratda nasiba yo'qdir.

2.201 . Yana shundaylari ham borki, ular: "Ey, Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do'zax azobidan asragin", - deydilar.

2.202 . Aynan o'shalarga qilgan ishlaridan nasiba (savob) bordir. Alloh tez hisob (kitob) qiluvchidir.

2.203 . Sanoqli (ma'lum) kunlarda Allohni (ko'proq) zikr qilingiz!* Kimki ikki kunda shoshilsa (haj ishlarini tugatib ketsa), unga gunoh yo'q. Kim (uchinchi kungacha) kechiksa, unga ham gunoh yo'qdir, basharti taqvoli bo'lsa. Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, sizlar, albatta, Uning huzuriga (qiyomatda) to'planursizlar.

2.204 . Odamlar orasida shunday kimsalar borki, dunyo hayoti to'g'risidagi gapi Sizga qiziqarli bo'ladi. Dilidagi "imoni"ga Allohni guvoh qiladi, vaholanki, o'zi (Islomga) dushmanlarning ashaddiysidir.

2.205 . (Oldingizdan) ketganida yerda fitna-fasod, ekin va naslni halok qilish ishlari bilan yuradi. Alloh esa fasodni (buzg'unchilikni) yoqtirmaydi.

2.206 . Unga "Allohdan qo'rqqin" deyilsa, g'ururi uni gunoh ishlarga undaydi. Unga faqat jahannam bas kelur. Naqadar mudhish joy u!

2.207 . Odamlar orasida Allohning roziligini istab, jonini beradigani ham bor. Alloh bandalarga mehribondir.

2.208 . Ey, mo’minlar, yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga ochiq dushmandir.

2.209 . Agar sizlarga hujjatlar (oyatlar) kelgandan keyin ham yanglishsangizlar, bilingizki, albatta, Alloh qudrat va hikmat sohibidir.

2.210 . Ular (haqni inkor etuvchilar) balkim, soyabon bulutlar ostida Alloh va farishtalar kelganda ish tugashini (qiyomatni) kutayotgandirlar. Barcha ishlar Allohga oshirilajak, albatta.

2.211 . Isroil avlodidan so'rang, ularga qanchalab aniq mo''jizalar beribmiz! Kim Allohning ne'mati kelgandan keyin uni o'zgartirar (noshukrlik qilar) ekan, albatta, Allohning jazosi qattiqdir.

2.212 . Kufr yo'lidagilarga bu dunyo ziynatli qilib qo'yilgan. Ular imon keltirganlar ustidan kuladilar. Holbuki, qiyomat kuni taqvoli bo'lganlar ulardan balanddirlar. Alloh xohlagan kishilarga behisob rizq berur.

2.213 . Odamlar bir millat (bir xil dinda, ya'ni, Islomda) edilar. So'ng (ular buzilib ketgach,) Alloh ham xushxabar beruvchi, ham ogohlantiruvchi payg'ambarlarni yubordi. Yana ular bilan birga odamlar orasida chiqqan kelishmovchiliklarni hal etadigan hukmlarni chiqarsin deb (ilohiy) Kitob ham nozil qildi. Hujjatlar (oyatlar) kelgandan keyin, shu kitob berilganlarning o'zi hadlaridan oshib (hasad qilib,) u to'g'rida ixtilof qildilar. Lekin, Alloh imon keltirganlarni ular ixtilof qilgan narsalar (ichi)dan O'z izni bilan haqqoniy yo'lga yo'lladi. Alloh O'zi xohlagan kishilarni hidoyatga yo'llaydi.

2.214 . Yoki (ey, mo’minlar,) sizlardan ilgari o'tganlarning kuni (boshlaringizga) kelmay turib, jannatga (osongina) kiramiz, deb o'yladingizmi? Ularga balo va musibatlar kelib, shunchalik larzaga tushgan edilarki, hatto payg'ambar va imonli kishilar: "Allohning yordami qachon (kelar ekan)?" deganlar (betoqat bo'lishgan). Aslida esa Allohning yordami yaqindir.

2.215 . Sizdan (ey, Muhammad,) qanday ehson qilishni so'raydilar. Ayting: "Nimaniki xayr-ehson qilsangizlar, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingizlar! Har qanday qilgan ehsonlaringizni Alloh bilib turuvchidir".

2.216 . Sizlarga (yov bilan) jang qilish farz qilindi, vaholanki, u sizlar uchun yoqimsizdir. Ehtimol, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) o'zlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsalaringiz esa (aslida) yomondir. Alloh bilur, sizlar esa bilmassizlar.

2.217 . Sizdan "Shahri Harom"da jang qilish (hukmi) haqida so'raydilar. Ayting: "Unda jang qilish katta gunohdir. (Lekin, odamlarni) Alloh yo'lidan qaytarish, Unga kufr keltirish va (hojilarni) Masjidi Haromdan to'sish hamda aholisini quvib chiqarish Alloh nazdida yana ham kattaroq gunohdir. Fitna qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir. Ular imkon topsalar, to diningizdan qaytarmaguncha, sizlar bilan jang qilaveradilar. Sizlardan kimda-kim o'z (Islom) dinidan qaytib, kofir holida o'lsa, unday kimsalarning qilgan amallari (toat-ibodatlari) dunyoyu oxiratda behuda ketar. Ular do'zax ahlidirlar va unda mangu qolurlar.

2.218 . Imon keltirgan, (vatanlaridan) hijrat qilgan va Alloh (toati) yo'lida jiddu jahd qilgan kishilar - aynan o'shalar Allohning rahmatidan umid qilurlar. Alloh (esa) kechiruvchi va rahmlidir.

2.219 . Sizdan may (mast qiluvchi ichimlik) va qimor haqida so'raydilar. Ayting: "U ikkisida katta gunoh va odamlar uchun (ba'zi) foydalar bor. Ikkisining gunohi foydasidan kattaroqdir". Sizdan yana nimalarni ehson qilish to'g'risida so'raydilar. (O'zingizdan) ortganini, deb javob bering. Shunday qilib, Alloh sizlarga o'z oyatlarini bayon etadi, shoyad fikr yuritsangizlar

2.220 . dunyo va oxirat haqida. Sizdan, shuningdek, yetimlar (haqlari) to'g'risida so'raydilar. Ayting: "Ularni isloh qilish yaxshidir. Agar (mollaringizga) ularning mollarini qo'shib yuborsalaringiz (zarari yo'q), zero, ular (bamisoli) o'z birodarlaringizdir. Alloh buzg'unchi bilan isloh etuvchini (farqini) biladi. Agar Alloh xohlasa, sizlarni qiyinchilikka solib qo'ygan bo'lar edi. Albatta, Alloh qudrat va hikmat egasidir.

2.221 . Mushrika ayollarni, to imon keltirmagunlaricha, nikohingizga olmangiz. Zero, hur mushrika ayoldan ko'ra imonli cho'ri yaxshiroqdir, garchi u (mushrika) sizlarga yoqimli tuyulsa ham. Mushrik erkaklarga ham, to imon keltirmagunlaricha, (mo’mina qizlarni) nikohlab bermangiz. Zero, hur mushrikdan imonli qul yaxshiroqdir, garchi u (mushrik) sizlarga yoqimli tuyulsa ham. Ular (mushriklar) do'zaxga chorlaydilar. Alloh (esa) o'z izni bilan jannatga va mag'firatga chorlaydi va eslatma olishlari uchun odamlarga o'z oyatlarini bayon etadi.

2.222 . Sizdan hayz to'g'risida so'raydilar. Ayting: "U (er-xotin uchun) aziyatdir. Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha, ularga yaqinlashmangizlar! Poklanganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan ravishda kelaveringizlar (qovushaveringizlar). Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi".

2.223 . Xotinlaringiz ziroatgohingizdir. Bas, ziroatgohingizga xohlagan jihatingizdan kelaveringiz va o'zingiz uchun (savobli ishlarni) taqdim etingiz. Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, siz U bilan muloqot qiluvchidirsiz. Mo’minlarga (oxirat mukofotlari haqida) xushxabar bering (ey, Muhammad)!

2.224 . Ezgu ish qilishingiz, taqvoda bo'lishingiz va odamlar o'rtasini isloh etishingiz borasidagi qasamlaringiz uchun Alloh (nomi)ni ko'ndalang qilavermangiz! Alloh eshituvchi va biluvchidir.

2.225 . Alloh sizlarni (faqat tilingiz uchida aytgan) behuda qasamlaringiz uchun javobgar qilmaydi. Balki, dillaringiz kasb etgan narsa (qasamlaringiz) uchun javobgar qilur. Alloh kechirimli va halimdir.

2.226 . Xotinlaridan qasam bilan voz kechganlar uchun to'rt oy muhlat bor. Agar (shu muddat ichida) qaytsalar (joizdir), zero, Alloh, albatta, kechirimli va rahmlidir.

2.227 . Bordiyu taloq qilishga azmu qaror qilgan bo'lsalar, (buni ham) Alloh eshituvchi va biluvchidir.

2.228 . Taloq qilingan ayollar o'zlariga qarab, uch hayz muddati (o'tishini) kutib o'tiradilar. Agar ular Allohga va oxirat kuniga ishonsalar, bachadonlarida Alloh yaratgan narsa (homila yoki hayz)ni yashirishlari halol emas. Agar erlari islohni (oilani tiklashni) xohlasalar, shu muddat ichida ularni qaytarib olishga haqlidirlar. Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o'z me'yorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir. Ayollarga nisbatan erkaklarda bir daraja (ziyodalik) bor. Alloh qudrat va hikmat egasidir.

2.229 . Taloq ikki martadir. So'ngra (oilani) yaxshilik bilan saqlash yoki chiroyli suratda ajralish (mumkin). Ularga (xotinlaringizga) bergan narsalardan (mahrlaridan) biror narsani qaytarib olishlaringiz sizlarga halol emas, magar (er-xotin) Allohning (oila to'g'risidagi) buyruqlarini bajara olmaslikdan qo'rqsalar (bu undan mustasno). Agar ularning Alloh buyruqlarini bajara olmasligidan qo'rqsalaringiz (eridan taloq olish niyatida) evaz berishida (va erning shu evazni olishida) er-xotin uchun gunoh yo'q. Bu Allohning (belgilab qo'ygan) hadlaridir. Ulardan tajovuz qilmangizlar! Kim Allohning hadlaridan tajovuz qilsa, ana o'shalar zolimlardir.

2.230 . Agar uni (uchinchi marta) taloq qilsa, (u ayol) to boshqa er bilan niqohlanmaguncha (va undan ham taloq olmaguncha), unga halol bo'lmaydi. Bas, agar (keyingi er) uni taloq qilsa, (qaraladi,) agar Allohning buyruqlarini bajara olishga ishonsalar, (avvalgi er bilan) turmushga qaytishlarida gunoh yo'qdir. Bular Allohning (belgilab qo'ygan) hadlaridir. Ularni anglaguvchi qavm (odamlar) uchun bayon qilur.

2.231 . Xotinlarni taloq qilganlaringizda (idda) muddatiga yetsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolingiz yoki yaxshilik bilan javoblarini beringiz. Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o'ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz! Allohning sizlarga bergan ne'matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni yodingizda tutingiz, Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, albatta, Alloh hamma narsani biluvchidir.

2.232 . Xotinlarni taloq qilganlaringizda (idda) muddatiga yetgan bo'lsalar, (ey, ota-ona va qarindoshlari), ular o'zaro yaxshilikcha kelishib olgan bo'lsalar, erlariga (qayta) nikohlanishlarida ularga tazyiq o'tkazmangizlar! Sizlardan kimki Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo'lsa, (bu gaplar Unga) nasihat sifatida aytiladi. Bu (hukm) sizlar uchun eng beg'ubor va pok (hukm)dir. Alloh bilur, sizlar esa bilmassizlar.

2.233 . Onalar bolalarini to'la ikki yil emizadilar. (Bu hukm) emizishni kamoliga yetkazishni istovchilar uchundir. Ularni (onalarni) me'yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir. Hech kimga toqatidan ortiq (mas'uliyat) yuklanmaydi. Bolalari tufayli ota ham, ona ham zarar ko'rmasin! Merosxo'rning zimmasida ham xuddi shunday (mas'uliyat) bor.* Agar ota-ona o'zaro kelishib, maslahat bilan (bolani sutdan) ajratmoqchi bo'lsalar, gunohkor bo'lmaydilar. Agar bolalaringizni (begona ayolga) emizdirmoqchi bo'lsangiz, haqqini me'yorida to'lab tursangiz, gunohkor bo'lmaysiz. Allohdan qo'rqingiz va bilingizkim, albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizni ko'rib turuvchidir.

2.234 . Sizlardan vafot etib xotinlarini (beva) qoldirgan bo'lsalar, (ular) to'rt oyu o'n kun o'zlarini kuzatib (idda saqlab) o'tiradilar. (Idda) muddatlarini o'tab bo'lsalar, ular o'z (turmushlari) xususida yaxshilik bilan qilgan ishlarida sizlar uchun (ey, mayyit egalari) gunoh yo'qdir. Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.

2.235 . Bu kabi (tul) xotinlarga sovchilikni ishora qilishingizda yoki (aytmay) ichingizda pinhon saqlashingizda sizlar uchun gunoh yo'q. Alloh, u (xotin)larga (sovchilik haqida) gapirishingizni bildi. Lekin, ular bilan xufyona va'dalashmangiz! Faqat (ularga) yaxshi gap gapirishingiz (mumkin). To bitik (idda) o'z muddatiga yetmaguncha, nikoh bog'lashga azmu qaror qilmang va bilingizki, albatta, Alloh ichlaringizdagi narsani biladi. Bas, Undan ehtiyot bo'ling va yana bilib qo'yingizki, albatta, Alloh kechirimli va halimdir.

2.236 . Agar xotinlaringizni, qovushmay turib yoki ularga mahr belgilamay turib, taloq qilsangiz sizlar uchun gunoh yo'qdir. Lekin, ularni moddiy jihatdan ta'minlang; boy ham, kambag'al ham o'z hollariga qarab (ta'minlasin). Ezgulik qiluvchilar zimmasidagi burch (shudir).

2.237 . Agar ularga mahrni belgilab, ammo qovushmay turib taloq qilgan bo'lsalaringiz, belgilangan mahrning yarmi (zimmangizdadir). Magar ular (shu yarmidan ham) kechib yuborsa yoki nikoh o'z ixtiyorida bo'lgan zot (ya'ni, er o'ziga qaytib beriladigan yarim mahrdan) voz kechsa (mahrni mukammal to'lasa, joizdir). Kechib yuborishingiz taqvoga yaqinroqdir. O'zaro bir-biringizga fazl (muruvvat) qilishni unutmangiz. Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.

2.238 . (Barcha) namozlarni, xususan o'rta namozni saqlanglar (o'z vaqtida o'qinglar) va (namozda) Allohga bo'yin sunib (kamtarlik bilan) turinglar!

2.239 . Agar (dushman hujumidan) xavfda bo'lsangiz, bas, piyoda yoki ulovda (namoz o'qiyveringiz). Bexavotir bo'lganingizda, bilmaganlaringizni sizlarga qanday o'rgatgan bo'lsa, xuddi shundek Allohni zikr etingiz (namozda).

2.240 . Sizlardan vafot etib xotinlarni qoldirganlar xotinlariga bir yilgacha (erining uyidan) chiqarilmay ta'minlanadigan miqdordagi narsani vasiyat qilsinlar. Agar ular (xotinlar) o'zlari (ixtiyoriy ravishda) chiqib ketib, o'zlariga tegishli (ziynat, pardoz va sovchilarga ko'rinish kabi) yaxshi ishlarni qilishsa, sizlarga gunoh yo'qdir. Alloh qudrat va hikmat egasidir.

2.241 . Taloq qilingan ayollarni me'yorida ta'minlash taqvodor (er)larning zimmalariga vojibdir.

2.242 . Shu tariqa Alloh sizlarga o'z oyatlarini bayon etadi, shoyad aqlni ishlatsangizlar.

2.243 . Ko'rmadingizmi (ey, Muhammad), o'lishdan qo'rqib, o'z yurtlaridan chiqib ketgan minglab kishilarga Alloh: "O'linglar!" - dedi. So'ng (yana) ularni tiriltirdi. Albatta, Alloh odamlarga fazlu karamlidir. Lekin, ko'p odamlar (bunga) shukr qilmaydilar.

2.244 . Alloh yo'lida jang qilingiz va bilingizki, albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir.

2.245 . Allohga chiroyli qarz beradigan (Uning yo'lida o'z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko'p qilib qaytarsa? Holbuki, (rizqni) tang va keng qiladigan Allohning o'zidir va Unga qaytarilajaksizlar.

2.246 . Musodan keyin Isroil avlodining zodagonlarini ko'rmadingizmi?! Ular o'zlarining payg'ambariga: "Bizga bir podshoh yuborgin, (biz u bilan) birga Alloh yo'lida jang qilaylik",- deyishdi. "Balkim sizlarga urush farz qilinsa, urushmassiz", - dedi (payg'ambar). Ular: "Yurtimizdan va farzandlarimizdan judo qilinib turibmiz-ku, nega Alloh yo'lida urushmas ekanmiz?" - dedilar. Urush farz qilinganda esa, ozgina kishidan tashqarilari bosh tortdilar. Alloh zolimlarni yaxshi biluvchidir.

2.247 . Ularga payg'ambarlari: "Alloh sizlarga Tolutni podshoh etib yubordi", - desa, ular: "Unga ustimizdan qanday ham podshohlik bo'lsin, axir hukmronlikka biz undan haqliroqmiz-ku, (bundan tashqari) unga mol-mulk ham mo'l-ko'l berilmagan", - deyishdi. Payg'ambar aytdi: "Alloh uni sizlarga O'zi tanlab, uni ilmda va jismonan ziyoda etdi. Alloh mulkini O'zi xohlagan kishiga beradi. Alloh (karami) keng va bilimdondir".

2.248 . Payg'ambarlari ularga aytdi: "Uning podshohlik belgisi shuki, sizlarga bir sandiq keladi. Unda Rabbingizdan taskin va Muso hamda Horun oilalaridan qolgan qoldiqlar joylashgan bo'lib, uni (sandiqni) farishtalar ko'tarib turadilar. Agar (chin) mo’min bo'lsangizlar, shubhasiz, bunda sizlar uchun belgi bor".

2.249 . Tolut askarlari bilan (shahardan) chiqqach, aytdi: "Alloh sizlarni daryo bilan sinab ko'ruvchidir. Bas, kim undan ichsa, u mendan (tobelarimdan) emas va kim undan ichmasa, albatta, u mendandir. Magar qo'li bilan bir hovuch olsa (joizdir). Bas, ozchilikdan tashqari hammalari undan ichdilar. U (Tolut) mo’minlar bilan daryodan o'tgach, (askarlar) aytdilar: "Bu kun bizda Jolut va uning lashkariga toqat yo'q". (Shunda) Allohga (qiyomat kuni) yuzma-yuz bo'lishlariga ishonadigan kishilar aytdilar: "Qanchadan-qancha kam sonli guruhlar Allohning izni bilan ko'p sonli guruhlar ustidan g'alaba qozongan. Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir".

2.250 . Jolut va uning lashkarlari bilan to'qnashganlarida: "Ey, Rabbimiz! Bizga sabr (-toqat)ni yog'dir, qadamlarimizni sobit qil va kofirlar qavmi ustidan bizga g'alaba ato et!" dedilar.

2.251 . Shunday qilib, Allohning izni bilan ular ustidan g'alaba qozondilar. Dovud Jolutni o'ldirdi va Alloh unga (Dovudga) podshohlik va payg'ambarlik hamda O'zi xohlagan narsalarni o'rgatdi. Agar Alloh odamlarning birini ikkinchisi bilan daf' etib turmas ekan, shubhasiz, Yer fasodga (buzg'unchilik va xarobaga) aylangan bo'lur edi, lekin Alloh (barcha) olamlarga (nisbatan) fazl egasidir.

2.252 . Bular Allohning oyatlaridir. Ularni Sizga (ey, Muhammad), haqqoniy ravishda tilovat qilmoqdamiz. Siz, albatta, payg'ambarlardandirsiz.

2.253 . O'sha payg'ambarlarning ayrimlaridan ayrimlarini afzal etdik. Ular ichida Alloh (bevosita) gaplashganlari va darajasini (Alloh) ko'targanlari bor. Iso ibn Maryamga mo''jizalar berdik va uni Ruhul-qudus (Jabroil) bilan quvvatladik. Agar Alloh xohlaganda edi, (odamlar) payg'ambarlardan keyin, hujjatlar kelganidan so'ng urishishmagan bo'lur edilar. Ammo, ular ixtilof qildilar; ular orasida mo’minlari ham, kofirlari ham bor. Agar Alloh xohlaganda, urishmagan bo'lur edilar. Lekin, Alloh O'zi xohlagan ishini qilur.

2.254 . Ey, mo’minlar, na savdo-sotiq, na oshna-og'aynichilik va na shafoat bo'lmaydigan kun (qiyomat) kelishidan oldin (shu dunyoda) sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan ehson qilinglar! Kofirlar esa, ular zolimlardir.

2.255 . Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. (U hamisha) tirik va abadiy turuvchidir. Uni na mudroq tutar va na uyqu. Osmonlar va Yerdagi (barcha) narsalar Unikidir. Uning huzurida hech kim (hech kimni) Uning ruxsatisiz shafoat qilmas. (U) ular (odamlar)dan oldingi (bo'lgan) va keyingi (bo'ladigan) narsani bilur. (Odamlar) Uning ilmidan faqat (U) istaganicha o'zlashtirurlar. Uning Kursiysi osmonlar va Yerdan (ham) kenglik qilur. U ikkisining hifzi (tutib turishi) Uni toliqtirmas. U oliy va buyukdir.

2.256 . Dinda zo'rlash yo'q, zero, to'g'ri yo'l yanglish yo'ldan ajrim bo'ldi. Bas, kim shayton (yoxud butlar)ni inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u mustahkam halqani ushlabdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir.

2.257 . Alloh imon keltirganlarning do'stidir. Ularni zulmatdan nur sari chiqaradi. Kofirlarning do'stlari esa shaytonlar (butlar)dir. Ularni (kofirlarni) nurdan zulmat sari chiqaradilar. Ana o'shalar do'zax ahlidirlar va ular unda mangu qoluvchilardir.

2.258 . Alloh saltanat berganidan (g'ururlanib,) Ibrohim bilan uning Rabbi xususida bahslashgan kimsani (Namrudni) ko'rmadingizmi?! Qaysiki, Ibrohim: "Mening Rabbim tiriltiradi ham, o'ldiradi ham", - deganida, u: "Men (ham) tiriltiraman va o'ldiraman", - dedi. Ibrohim aytdi: "Alloh quyoshni Mashriqdan chiqaradi, sen uni Mag'ribdan chiqarginchi?" Shunda (o'sha) kofir (gap topolmay) lol bo'lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo'llamaydi.

2.259 . Yoki boshqa bir kishi (Uzayr) kabiki, (u) tomlari yiqilib, vayronaga aylangan qishloqdan (Baytul-Maqdisdan) o'tib borarkan: "Alloh bu xarobaga aylangan qishloq (ahli)ni qanday tiriltirar ekan-a?" - dedi. Shunda Alloh uni (Uzayrni) yuz yil (muddatga) o'ldirdi. So'ngra uni tiriltirib dedi: "Qancha muddat (o'lik holda) turding?" "Bir kun yoki yarim kun", - dedi u. Alloh: "Yo'q, yuz yil turding. Taoming va ichimligingga qara, buzilmagan. Endi, eshagingni (chirib ketganini) ko'r! (Bu mo''jizalarni) odamlarga seni ibrat qilishimiz uchun (keltirdik). Bu suyaklarni qanday tiklab, so'ng ularni go'sht bilan qoplashimizni ko'rgin". Qachonki, unga (bu ishlar) aniqlangach: "Men (endi) bilamanki, Alloh hamma narsaga qodir ekan",- dedi.

2.260 . Eslang (ey, Muhammad), Ibrohim: "Ey, Rabbim, menga o'liklarni qanday tiriltirishingni ko'rsat", - deganida, Alloh: "Ishonmadingmi?" - dedi. Ibrohim aytdi: "Yo'g'-ye, lekin dilim yanada taskin topsin". Alloh aytdi: "To'rtta qushni olib, huzuringga jamla (va ularni maydalab), so'ng (atrofingdagi) har bir tog'ning ustiga ularni bo'lak-bo'lak qilib qo'yginda, keyin ularni chaqirgin, (ular tirilib,) darhol huzuringa keladilar. Bilginki, albatta, Alloh qudrat va hikmat egasidir.

2.261 . Alloh yo'lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go'yo bir donga o'xshaydiki, u har bir boshog'ida yuztadan doni bo'lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga yanada ko'paytirib (savob) beradi. Alloh (karami) keng va bilimdondir.

2.262 . Mollarini Alloh yo'lida sarflab, keyinchalik bergan narsalari ketidan minnat va ozor yetkazmaydigan kishilar uchun Parvardigorlaridan mukofot bordir. Ularga xavf ham bo'lmas va ular tashvish ham chekmaslar.

2.263 . Yaxshi gap va kechirim (uzr so'rash) ketidan ozor keladigan sadaqadan yaxshiroqdir. Alloh behojat va halimdir.

2.264 . Ey, imon keltirganlar, molini odamlar ko'rsin uchun beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o'xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo'qqa chiqarmang! U (riyokor), ustini tuproq qoplagan silliq qoyaga o'xshaydi; ustiga jala yoqqanda, (tuproq yuvilib,) sip-silliq toshning o'zini qoldiradi. Ular topgan (va sarflagan) boyliklaridan hech narsaga ega bo'la olmaydilar. Alloh kofirlar qavmini hidoyat etmaydi.

\.265 . Mollarini Alloh rizoligi va dillarining sobitligi uchun sarf qiladigan kishilar adirdagi boqqa o'xshaydi: unga jala tekkach, hosilini ikki barobar yetishtirar. Agar unga jala yog'magan bo'lsa, tomchilab yoqqan yomg'ir ham (o'ziga yarasha undirar). Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.

2.266 . Ostidan anhorlar oqib turuvchi, xurmoyu uzumlari bor, turli xil mevalari mo'l bo'lgan bog'i bor odam o'zi keksayib, notavon (yosh) bolalari bilan qolgan paytida o'sha bog'ini olovli to'fon urib, yonib ketishini xohlaydimi? Tafakkur qilursizlar, deb, Alloh o'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi.

2.267 . Ey, imon keltirganlar, o'zingiz kasb etgan va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz! O'zingiz faqat ko'zingizni chirt yumibgina oladigan darajadagi yomon narsalarni (ehson qilishga) tanlamangiz! Shuningdek, bilingizki, albatta, Alloh g'aniy va maqtovga loyiqdir.

2.268 . Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) faqir bo'lib qolishdan qo'rqitadi va fahsh ishlarga undaydi. Alloh (esa) sizlarga O'zidan mag'firat va fazl (boylik) va'da qiladi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir.

2.269 . U O'zi xohlagan kishilarga hikmat (foydali ilm) beradi. Kimga hikmat berilgan bo'lsa, demak, unga ko'p yaxshilik berilibdi. Bundan faqat oqil kishilargina eslatma olurlar.

2.270 . Ehson qilgan har bir nafaqangiz (sadaqangiz) yoki atagan nazringizni, albatta, Alloh biladi. (Xayr-ehson qilmay o'ziga) zulm qiluvchilarga esa, yordam beruvchilar yo'qdir.

2.271 . Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu kambag'allarga pinhona bersangiz - o'zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o'tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir.

2.272 . Ularning hidoyati Sizning zimmangizda emas (ey, Muhammad), balki Alloh xohlagan kishilarni hidoyat etur. Neki qilgan xayr-ehsonlaringiz bo'lsa, u o'zlaringiz uchundir. Faqat Allohning "yuzi" uchungina ehson qilgaysiz. Qilgan har bir xayr-ehsoningiz (savobi) sizlarga adolatsizlik qilinmagan holda mukammal qaytarilur.

2.273 . (Sadaqa va ehsonlar) Alloh yo'lida (jang bilan) band bo'lib, safarga chiqa olmaydigan, iffatlari (tortinchoqliklari) sababli bilmagan odam boy deb gumon qiladigan faqirlar uchundir. Ularning (faqir ekanliklarini) siymolaridan (tashqi ko'rinishdagi belgilaridan) bilib olasiz. (Ular) odamlardan tilanib turib olmaydilar. Qilgan xayr-ehsoningizni Alloh bilib turuvchidir.

2.274 . Mol(-dunyo)larini kechayu kunduz, pinhonayu oshkora ehson qiladigan kishilarning Parvardigorlari huzurida (maxsus) mukofotlari bordir. Ularga xavf ham bo'lmas va ular tashvish ham chekmaslar.

2.275 . Sudxo'rlar (qiyomat kuni qabrlaridan) jin chalib ketgan odam kabi (holatda) qo'padilar. Buning sababi - ularning: "Bay' (savdosotiq) ham sudxo'rlikning xuddi o'zi" degan gaplaridir. Holbuki, Alloh bay'ni halol, sudxo'rlikni (esa) harom qilgan. Bas, kim Rabbidan nasihat yetgach, (sudxo'rlikdan) to'xtasa, u holda avvalgi o'tgani o'ziga va uning ishi Allohga (havola). Kim yana (sudxo'rlikka) qaytsa, o'shalar do'zax ahlidirlar va ular unda abadiy qoluvchilardir.

2.276 . Alloh sudxo'rlikni (foydasini) yo'q qiladi va sadaqa (beruvchilarga boylik)larni ziyoda etadi. Alloh har qanday (sudxo'rlikni halol deb biluvchi) kofirni va (uni davom ettiruvchi) gunohkorni yoqtirmaydi.

2.277 . Albatta, imon keltirgan, yaxshi ishlarni qilgan, namozni mukammal ado etib, zakot berganlar uchun Parvardigorlarining huzurida (maxsus) mukofotlari bordir. Ularga xavf ham bo'lmas va ular tashvish ham chekmaslar.

2.278 . Ey, imon keltirganlar, Allohdan qo'rqingiz va (chinakam) mo'min bo'lsangiz, sudxo'rlik sarqitidan voz kechingizlar!

2.279 . Mabodo (bu buyruqqa itoat) qilmasangiz, u holda Alloh va payg'ambari tomonidan (sizlarga qarshi bo'lajak) urushni (azobni) eshitingiz! Agar tavba qilsangiz, dastmoyalaringiz o'zingizga. Zulm ham qilmaysizlar, zulm qilinmaysizlar ham.

2.280 . Agar (qarzdor) qiynalsa, boyiguncha kutish lozim. Agar bilsangiz (bergan qarzingizni) sadaqa qilib yuborishingiz o'zingiz uchun yaxshiroqdir.

2.281 . (Barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan (qiyomatdan) qo'rqingiz! So'ngra har bir jon (egasi)ga qilgan amallariga yarasha narsa (mukofot yoki jazo) berilur va ularga zulm qilinmas.

2.282 . Ey, imon keltirganlar, bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz berishsangiz, uni yozib qo'yinglar! O'rtalaringizda bir kotib adolat bilan yozsin! Hech bir kotib Alloh bildirgandek yozishdan bosh tortmasin, albatta, yozsin! Zimmasida qarzi bo'lgan kishi aytib tursin, Rabbi - Allohdan qo'rqsin va undan biror narsani kamaytirib yozmasin! Agar gardanida qarzi bo'lgan kishi aqlsiz yo ojiz (yosh yoki o'ta keksa) bo'lsa, yoki (kar, soqovligi yo til bilmasligi tufayli aytib) yozdirishga qodir bo'lmasa, uning homiy-vakili adolat bilan aytib tursin! Sizlar rozi bo'ladigan (adolatli) guvohlardan ikki erkak kishini guvoh qilinglar. Agar ikki erkak topilmasa, bir erkak bilan ikki ayoldir - biri (unutib) adashganda, ikkinchisi eslatadi. Guvohlar chaqirilganda, (kelib guvohlik berishdan) bosh tortmasinlar! Xoh katta, xoh kichik qarz bo'lsin, muddatigacha yozib qo'yishdan erinmanglar. Mana shu Alloh nazdida adolatliroq, guvohlik uchun to'g'riroq va shak-shubha qilmaslikka yaqinroq (hukm)dir. Lekin, o'rtalaringizdagi aylanma naqd savdo bo'lsa, uni yozmasligingizda sizlarga gunoh yo'qdir. O'zaro savdo-sotiq qilganda ham guvoh keltiring! Kotib ham, guvoh ham zararlanmasin. Agar shunday qilsangiz (zararlantirsangiz), bu sizning fosiqligingizdir. Allohdan qo'rqingiz! Alloh sizlarga (shunday) ta'lim beradi. Alloh hamma narsani biluvchidir.

2.283 . Agar safarda bo'lib, kotib topa olmasangiz, (qarz evaziga) naqd garov (berilsin!) Agar bir-biringizga omonat qo'ysangiz, omonat qo'yilgan kishi omonatni qaytarsin va Rabbi - Allohdan qo'rqsin! Guvohlikni yashirmangiz! Kim uni yashirsa, bas, uning qalbi osiy (gunohkor)dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni yaxshi bilib turuvchidir.

2.284 . Osmonlaru Yerdagi bor narsa Allohnikidir. Ichingizdagi narsani oshkora qilsangiz yoki yashirsangiz ham, Alloh sizlarni u bilan hisob-kitob qilur. So'ng O'zi xohlagan kishini mag'firat qilib, O'zi xohlagan kishini azoblar. Alloh hamma narsaga qodirdir.

2.285 . Payg'ambar (Muhammad) o'ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo'minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg'ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi. "Eshitdik va itoat etdik. Ey, Rabbimiz, mag'firatingni (so'raymiz). Sengagina qaytish (bor)", - dedilar.

2.286 . Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi. Uning kasb etgani (yaxshiligi) - o'ziga, va orttirgani (yomon amali) ham o'zigadir. (Yana dedilarki:) "Ey, Rabbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, bizni koyima! Ey, Rabbimiz, bizdan ilgari o'tganlarning zimmasiga ortgan mashaqqatni bizning zimmamizga ortma! Ey, Rabbimiz, toqatimiz yetmaydigan narsani bizga yuklab tashlama! Bizlarni afv et va kechir hamda bizlarga rahm qil! Sen bizning xojamizsan. Bas, bizlarga kofirlar qavmi ustidan g'oliblik ato et!"