MARYAM surasi

19.1 . Kof, Ho, Yo, Ayn, Sod.

19.2 . (E

y, Muhammad! Bu) Rabbingiz O'z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri (qissasi)dir.

19.3 . Qachonki, u Parvardigoriga xufyona duo qilib,

19.4 . degan edi: "Ey, Rabbim, darhaqiqat, mening suyaklarim mo'rtlashdi, keksalikdan boshim (sochim) oqardi. Ey, Rabbim, men senga duo qilib (hech qachon) baxtsiz bo'lgan emasman.

19.5 . Meni ortimda qoladigan qarindoshlarim (dinni zoye qilib yuborishlari)dan xavfdaman. Xotinim esa tug'mas bo'lib qolgan. Endi Sen O'z dargohingdan menga bir do'st (farzand) ber.

19.6 . U menga va (bobom) Ya'qub xonadoniga merosxo'r bo'lsin va undan barchani rozi qilgin".

19.7 . (Alloh aytdi): "Ey, Zakariyo, Biz senga bir farzand xushxabarini berurmizki, uning ismi Yahyo bo'lib, ilgari unga biror (kimsani) hamnom qilgan emasmiz".

19.8 . (Zakariyo) dedi: "Ey, Rabbim! Xotinim tug'mas bo'lib qolgan, o'zim esa keksalikni notavon holatiga yetib qolgan bo'lsam, menga farzand qayoqdan bo'lsin?"

19.9 . (Alloh) aytdi: "Shunday. Rabbing ayturki, bu (ish) Menga osondir. (Axir) Men seni ilgari hech narsa bo'lmagan paytingda (ham) yaratgan edim-ku!"

19.10 . "Ey, Rabbim! Men uchun (kampirim homilali bo'lganiga) biror belgi qilsang", - dedi u (Zakariyo). (Alloh) aytdi: "Senga belgi shuki, sog' bo'la turib, uch kecha (va kunduz)gacha odamlarga gapirmaysan".

19.11 . Bas, (Zakariyo) mehrobdan qavmining oldiga chiqib, ularga ertayu kech (Allohga) tasbeh aytishni ishora qildi.

19.12 . (Biz unga): "Ey, Yahyo! Kitobni (ya'ni, Tavrotni) mahkam tutgin!" - (dedik) va unga go'daklik chog'idayoq hikmat (va ilm) ato etdik.

19.13 . Yana unga O'z dargohimizdan mehr hamda poklik (ato etdik) va u taqvoli bo'ldi.

19.14 . U ota-onasiga mehribon bo'lib, jabr qiluvchi, quloqsiz bo'lmadi.

19.15 . Unga tug'ilgan kunida ham, vafot etadigan kunida ham, qayta tiriladigan (qiyomat) kunida ham salom (omonlik) bo'lur.

19.16 . (Ey, Muhammad,) ushbu Kitobda (Qur'onda) Maryamni yod eting! U o'z oilasidan chetga, sharq tomonga bordi.

19.17 . Ulardan pardaga berkinib olgan paytida, Biz unga ruhimiz (ya'ni, Jabroil)ni yubordik. Bas, u (Maryamga) chin odam bo'lib ko'rindi.

19.18 . (Maryam unga): "Men Rahmonga iltijo qilib, sendan panoh berishini so'rayman. Agar (Allohdan) qo'rquvchi bo'lsang (menga ziyon yetkazmagin)", - dedi.

19.19 . (Jabroil) aytdi: "(Qo'rqmagin), men faqat senga bir pokiza o'g'il hadya qilish uchun (kelgan) Parvordigoring elchisidirman, xolos".

19.20 . (Maryam) dedi: "Menga odamzot "tegmagan" bo'lsa, buzuq ayol ham bo'lmasam, menga qayoqdan farzand bo'lsin?!"

19.21 . (Jabroil) aytdi: "Shunday. Rabbing ayturki, bu (ish) Menga osondir. Biz u (bolani) odamlar uchun mo''jiza va O'z tomonimizdan bo'lgan rahmat (manbai) qilurmiz. Bu bitgan ishdir".

19.22 . Bas, (Maryam) unga homilador bo'lib, u bilan birga yiroq bir joyga ketdi.

19.23 . Bas, to'lg'oq dardi uni bir xurmo daraxti tubiga olib bordi va u dedi: "Qani edi, mana shu (kun)dan oldin o'lib, butunlay unutilib ketgan bo'lsam".

19.24 . Shunda (xurmo daraxtining) ostidan (Jabroil) nido qildi: "G'amgin bo'lma, Rabbing (oyoq) ostingdan bir ariq oqizib qo'ydi.

19.25 . (Mana shu qurib qolgan) xurmo shoxini silkitgin, u senga yangi xurmo mevalarini to'kar.

19.26 . Endi, yeb-ichgin va shod bo'lgin. Bas, agar odamzotdan birortasini ko'rib qolsang (va u savol so'rasa) u holda: "Men Rahmon (roziligi) uchun ro'za tutishni nazr (ahd) qilganman, bas, bugun biror insonga so'zlamayman", degin!

19.27 . So'ng (Maryam bolasini) ko'targan holda qavmiga kelganida ular: "Ey, Maryam! Sen qiziq ish qilibsan-ku!

19.28 . Ey, Horunning singlisi, sening otang yomon odam emas, onang ham fohisha emas ediku!" - dedilar.

19.29 . Shunda (Maryam o'zi gapirmay, bolasiga) ishora qildi. Ular aytdilar: "Beshikdagi go'dak bilan qanday so'zlashurmiz?!"

19.30 . (Shu payt chaqaloq tilga kirib) dedi: "Men Allohning bandasidirman. (U) menga Kitob (Injil) ato etdi va meni payg'ambar qildi.

19.31 . Yana meni qayerda bo'lsam barakotli qildi va modomiki, hayot ekanman, menga namozni va zakotni (ado etishni) buyurdi.

19.32 . Shuningdek, (meni) onamga mehribon (qildi) va meni takabburli, badbaxt qilmadi.

19.33 . Menga tug'ilgan kunimda ham, vafot etadigan kunimda ham, qayta tiriladigan kunimda ham salom (omonlik) bo'lur".

19.34 . Ular (ya'ni, yahudiy va nasroniylar) shubha qilayotgan Iso ibn Maryam - Haq so'z mana shudir!

19.35 . Allohga hech qanday farzand tutish mumkin emas - U (bunday) nuqsondan pokdir. U biror ishni qilishni istasa, faqat unga "Bo'l!" der. Bas, (o'sha ish) bo'lur.

19.36 . (Iso aytdi): "Albatta, Alloh Rabbim va Rabbingizdir. Bas, Unga ibodat qilingiz! Mana shu to'g'ri yo'ldir".

19.37 . So'ngra firqalar (Iso xususida) o'zaro ixtilof qildilar. Bas, ulug' Kun (Qiyomat) manzarasidan kofir bo'lganlar holiga voy!

19.38 . Ular Bizga keladigan kunda juda (aniq) ko'radigan va eshitadigan bo'lib qolurlar. Lekin (u) zolimlar bugun aniq zalolatdadirlar.

19.39 . (Ey, Muhammad,) ularni (Makka mushriklarini) barcha ish bitirilgan hasrat kuni - (Qiyomat)dan qo'rqiting! Ular (bugun) g'aflatdadirlar, (shu sababdan) ular imon keltirmaydilar.

19.40 . Albatta, Biz O'zimiz bu Yerni va undagi bor jonzotni meros qilib olurmiz va faqat Bizgagina qaytarilurlar.

19.41 . (Ey, Muhammad,) Kitobda Ibrohim (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u juda sadoqatli payg'ambar edi.

19.42 . Qaysiki, u otasiga: "Ey, ota! Nega sen eshitmaydigan, ko'rmaydigan va senga biror foyda yetkaza olmaydigan narsaga ibodat qilursan?

19.43 . Ey, ota! Darhaqiqat, senga kelmagan ilm menga keldi. Bas, menga ergashgin, seni to'g'ri yo'lga hidoyat qilurman.

19.44 . Ey, ota! Shaytonga ibodat qilmagin! Chunki shayton Rahmonga itoatsiz bo'lgan.

19.45 . Ey, ota! Haqiqatan, men senga Rahmon (tomoni)dan azob yetib, (do'zaxda) shaytonga yaqin bo'lib qolishingdan qo'rqaman", - dedi.

19.46 . (Otasi) aytdi: "Sen mening ilohlarimdan yuz o'giruvchimisan, ey, Ibrohim?! Qasamki, agar sen (bu ishingdan) qaytmasang, albatta, seni toshbo'ron qilurman va (yoki) meni bir zamon tark et!"

19.47 . (Ibrohim): "Omon bo'l! Endi Rabbimdan senga kechirim so'rayman. Zero, U menga mehribon zotdir.

19.48 . Men sizlardan ham, Allohni qo'yib iltijo qilayotgan (but)laringizdan ham chetlanurman va (yolg'iz) Rabbimga iltijo qilurman. Rabbimga iltijo qilish bilan baxtsiz bo'lib qolmasman, degan umiddaman".

19.49 . Bas, (Ibrohim) ulardan va Allohni qo'yib sig'inayotgan butlaridan chetlangach, (Biz) unga (farzand va nabira) Ishoq va Ya'qubni berdik va barchalarini payg'ambar qildik.

19.50 . Shuningdek, ularga O'z rahmatimizdan in'om etdik va ular uchun oliy rostgo'ylikni yaratdik.

19.51 . (Ey, Muhammad,) (ushbu) Kitobda Muso (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u tanlab olingan elchi - payg'ambar edi.

19.52 . Biz unga Tur (tog'i)ning o'ng tomonidan nido qildik va uni munojot qilgan holida (O'zimizga) yaqin etdik.

19.53 . Biz unga O'z fazlimiz bilan birodari - Horunni payg'ambar qilib berdik.

19.54 . (Ey, Muhammad,) Kitobda Ismoil (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u va'dasida sodiq turuvchi va elchi - payg'ambar edi.

19.55 . U o'z ahli (va ummati)ni namoz va ro'zaga buyurar edi. U Parvadigori nazdida rozi bo'lingan kishi edi.

19.56 . Yana (ushbu) Kitobda Idris (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u sadoqatli payg'ambar edi.

19.57 . Biz uni yuksak maqomga ko'tardik.

19.58 . Aynan o'shalar Odam zurriyotidan (Idris kabi), Biz Nuh bilan birga (kemada) ko'tarib (to'fon balosidan najot bergan) kishilardan (ya'ni, ularning farzandlaridan), Ibrohim zurriyotidan (Ismoil, Ishoq, Ya'qub kabi), Isroil (Ya'qub zurriyotidan bo'lgan Muso, Horun, Zakariyo, Yahyo va Iso kabi) va Biz hidoyat qilgan va tanlab olgan kishilardan bo'lmish Alloh in'om etgan payg'ambarlardir. Ularga qachon Rahmon oyatlari tilovat qilinsa, sajda qilgan va yig'lagan hollarida yiqilurlar.

19.59 . So'ngra ularning ortidan namozni zoye qilgan va shahvatlarga ergashgan kimsalar o'rin oldilar. Endi ular, albatta, yomonlikka (yomon jazoga) yo'liqurlar.

19.60 . Illo, imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan zotlargina (bundan mustasnodirlar). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror narsada zulm qilinmas.

19.61 . Ular Rahmon g'oyibona O'z bandalariga va'da qilgan mangu (yashaladigan) jannatlarga (kirurlar). Albatta, Uning va'dasi (o'z vaqtida) keluvchidir.

19.62 . U joyda ular behuda so'z eshitmaslar, balki salom (eshiturlar, xolos). U joyda ular uchun ertayu kech rizqlari hozirdir.

19.63 . U - bandalarimizdan taqvodor bo'lgan kishilarga Biz meros qilib beradigan jannatdir.

19.64 . (Jabroil dedi): "Biz yolg'iz Rabbingiz amri bilangina nozil bo'lurmiz. Oldimizdagi (oxirat) ham, ortimizdagi (dunyo) ham, (ikkisi) o'rtasidagi barcha ishlar ham faqat Uning izmidadir. Parvardigoringiz unutuvchi emasdir".

19.65 . (U) osmonlar, Yer va ularning orasidagi bor narsalarning murabbiysidir. Bas, Unga ibodat qiling va ibodatida toqatli bo'ling! Unga teng biror (kuch)ni bilurmisiz?!

19.66 . (Kofir) inson: "O'lganimdan so'ng yana tirik holda (qabrimdan) chiqarilurmanmi?!" - der.

19.67 . Axir, o'sha inson Biz uni ilgari o'zi hech narsa bo'lmagan paytida yaratganimizni eslamaydimi?!

19.68 . Bas, (ey, Muhammad,) Rabbingizga qasamki, albatta, Biz ularni shaytonlari bilan birga to'plarmiz, so'ngra (barchalarini) jahannam atrofida tiz cho'kkan hollarida hozir qilurmiz.

19.69 . Keyin har bir guruhdan qaysinisi Rahmonga qattiqroq osiy bo'lsa, (o'shani) sug'urib olurmiz (va jahannamga oturmiz).

19.70 . So'ngra, Biz o'zimiz unda (jahannamda) toblanishga loyiqroq kimsalarni yaxshiroq biluvchidirmiz.

19.71 . Sizlardan har biringiz unga tushuvchidirsiz. (Bu) Rabbingiz (irodasiga binoan) vojib bo'lgan hukmdir.

19.72 . So'ngra taqvodor bo'lganlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho'kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz.

19.73 . Qachonki ularga (insonlarga) aniq oyatlarimiz tilovat qilinsa, kofir bo'lganlar imon keltirganlarga: "Qaysinisi yaxshiroq martaba va go'zalroq manzilda?" - deydilar.

19.74 . Holbuki, Biz ulardan oldin qancha anjom va ko'rinishlari chiroyli bo'lgan avlodlarni halok qilganmiz!

19.75 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Kim zalolatda bo'lsa, bas, Rahmon uning muddatini uzaytirsin, toki o'zlariga va'da qilingan (dunyo) azobini yoki qiyomatni ko'rganlarida, albatta, kimning martabasi yomonroq va lashkari ojizroq ekanini bilurlar.

19.76 . Alloh haq yo'ldagi kishilarga yanada hidoyatni ziyoda qilur. Rabbingiz nazdida boqiy ezgu (ish)lar savob jihatidan ham, oqibat jihatidan ham ortiqroqdir".

19.77 . (Ey, Muhammad,) oyatlarimizga kofir bo'lgan va: "Qasamki, albatta, (oxiratda ham) menga mol-mulk va farzand ato etilur", - degan kimsani ko'rdingizmi?

19.78 . U g'oyibdan xabardor bo'libdimi yoki Rahmon dargohidan ahd olibdimi?!

19.79 . Yo'q! Albatta, (Biz) uning aytayotgan so'zini yozib qo'yurmiz hamda unga azobni ziyoda qilurmiz.

19.80 . U aytayotgan (mol-mulk)ni (Biz) meros olurmiz va u huzurimizga yolg'iz holda kelur.

19.81 . Ular (Makka mushriklari) Allohni qo'yib, o'zlariga madad bo'lishi uchun "ilohlar" tutdilar.

19.82 . Yo'q! (Qiyomat kuni butlari) ular qilgan ibodatlarni inkor qilurlar va ularga zid bo'lurlar.

19.83 . (Ey, Muhammad,) Biz kofirlarga ularni (gunoh ishlariga) qo'zg'atadigan shaytonlarni yuborganimizni ko'rmadingizmi?!

19.84 . Bas, Siz ularga shoshqaloqlik qilmang! Albatta, Biz ularni (gunohlarini) aniq hisoblab tururmiz.

19.85 . Taqvodorlarni Biz suvora hollarida Rahmon dargohiga to'playdigan,

19.86 . jinoyatchi-kofirlarni esa, Biz jahannamga tushishlari uchun haydaydigan kunni (eslang)!

19.87 . (U kunda) faqat Rahmon nazdida ahd (izn) olgan kishilargina shafoat qilishga ega bo'lurlar.

19.88 . (Mushriklar): "Rahmon farzand tutdi", - dedilar.

19.89 . (Ey, mushriklar,) sizlar shunday og'ir gap aytingizki,

19.90 . uning (og'irligidan) osmonlar yorilib, Yer bo'linib, tog'lar qulab parchalanib ketayozur.

19.91 . Sabab - Rahmonga farzand da'vo qilishlaridir.

19.92 . Rahmon uchun farzand tutish loyiq emasdir.

19.93 . Osmonlar va Yerdagi bor jonzot (qiyomat kunida) Rahmon (huzuriga) bo'yin sungan holda kelur.

19.94 . U ularni hisoblab, adadini sanab qo'ygandir.

19.95 . Ularning barchasi qiyomat kuni yolg'iz holda Uning huzuriga keluvchidir.

19.96 . Albatta, imon keltirib ezgu (ish)larni qilgan zotlar uchun Rahmon do'stlikni paydo qilur.

19.97 . (Ey, Muhammad,) albatta, Biz (Qur'on) bilan taqvo egalariga xushxabar berishingiz uchun va sarkash qavmni ogohlantirishingiz uchun uni Sizning tilingizga oson qilib qo'ydik.

19.98 . Biz ulardan (Makka mushriklaridan) oldin ham qanchalab (itoat etmagan) avlodlarni halok etgandirmiz. Siz ulardan birortasini sezyapsizmi yoki ovozlarini eshityapsizmi?!