AL-ISRO surasi

17.1 . (O'z) bandasi (Muhammad)ga mo''jizalarimizdan ko'rsatish uchun tunda, (Makkadagi) Masjidul-Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilib qo'ygan Masjidul-Aqsoga sayr qildirgan zot tasbeh aytishga (loyiqdir). Darhaqiqat, U eshituvchi va ko'ruvchidir.

17.2 . (Biz) Musoga Kitob (Tavrot)ni ato etdik va uni Isroil avlodi uchun hidoyat qilib (dedik): "Mendan o'zgani vakil qilib olmanglar!"

17.3 . "(Ey,) Biz (g'arq bo'lishdan qutqarib,) Nuh bilan birga (kemada) ko'tarib najot bergan kishilarning zurriyotlari! Albatta, u ko'p shukr qiluvchi banda edi".

17.4 . Shuningdek, Biz Isroil avlodiga Kitobda: "Sizlar, albatta, (Shomdek) zaminda ikki marta buzg'unchilik qilursizlar va katta tug'yonga ketursizlar", - deb xabar berdik.

17.5 . Bas, qachonki, u (buzg'unchilik)lardan avvalgisining belgilangan vaqti kelganida, sizlarning ustingizga (jazolash uchun) kuch-quvvatga ega bo'lgan bandalarimizni yubordik. Ular hovlima-hovli kezdilar. (Bu va'da) ado etiluvchi va'da edi.

17.6 . So'ngra (tavba qilganlaringizdan keyin) ularning (Bobil hukmdorining) ustidan g'alabani sizlarga qaytardik va sizlarga mol-dunyo va farzandlar bilan madad berib, adadingizni ko'paytirdik.

17.7 . Agar (shundan keyin) ezgu ish qilsangizlar - o'zlaringizga ezgulik qilgan bo'lursizlar. Agar yovuzlik qilsangizlar ham o'zlaringiz uchundir. Bas, qachon keyingi (buzg'unchilikning) belgilangan vaqti kelganida, (ular yana) yuzlaringizni shuvut qilishlari, oldingi safar kirganlari kabi Masjid (Baytul-Maqdis)ga kirib, (uni toptashlari) uchun hamda o'zlari egallab olgan (barcha) yerlarni vayron etishlari uchun (dushmanlaringizni yana ustingizga yuborurmiz).

17.8 . (Agar tavba qilsangizlar), shoyad Rabbingiz sizlarga rahm qilsa. Agar (yana buzg'unchilikka) qaytsangizlar, biz ham (halok etishga) qayturmiz. Kofirlar uchun esa jahannamni zindon qilib qo'yganmiz.

17.9 . Albatta, bu Qur'on eng to'g'ri yo'lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo'minlarga katta mukofot borligi (haqida) bashorat berur.

17.10 . Shuningdek, oxiratga ishonmaydiganlar uchun alamli azob tayyorlab qo'yganimizni(ng) ham ("bashorati"ni berur).

17.11 . Inson (Allohdan) yaxshilik so'rab duo qilgani kabi (goho siqilgan paytlarida) yomonlik tilab ham duo qilur. Inson (mana shunday) shoshqaloqdir.

17.12 . Biz kecha va kunduzni (qudratimizni ko'rsatib turadigan) ikki belgi qilib qo'ydik. Kechaning belgisini o'chirdik. Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog'ini va hisobini bilishlaringiz uchun yorug'lik qilib qo'ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo'yganmiz.

17.13 . Biz har bir insonning amalini bo'yniga kilib qo'ygandirmiz. Qiyomat kunida unga ochiq holda uchratadigan kitobni (Nomai a'molini) chiqarib berurmiz.

17.14 . (Unga aytilur): "Kitobingni o'qi! Bugun o'z shaxsing o'zingga qarshi yetarli hisobchidir".

17.15 . Kim hidoyat yo'liga yursa, bas, o'zi uchun yurar. Kim (hidoyat) yo'lidan chalg'isa, u ham o'z ziyoniga chalg'ir. Hech bir (yuk) ko'taruvchi (gunohkor shaxs) o'zga jonning yukini (gunohini) ko'tarmas. To payg'ambar yubormagunimizcha (biror kimsani) azoblovchi bo'lmadik.

17.16 . Biror shaharni halok qilishni istasak, undagi maishat ahlini (itoat etishga) buyuramiz va ular itoatsizlik qilishgach, u shahar (aholisi) ustiga (azob haqidagi) so'z muqarrar bo'lur. Bas, biz uni vayronaga aylantirurmiz.

17.17 . Nuh (qavmi)dan keyin ham qancha avlodlarni halok qildik. Rabbingiz o'z bandalarining gunohlaridan yetarli xabardor va ko'ruvchidir.

17.18 . Kimki naqd (dunyo)ni istasa, Biz (shu dunyoda) O'zimiz istagan kimsalarga xohlaganimizcha naqd qilib berurmiz. So'ngra (oxiratda) jahannamni xor va zor bo'lgan holida toblanadigan joy qilib berurmiz.

17.19 . Kimki oxiratni istasa va mo'minlik holida (o'z) sa'yi bilan harakat qilsa, bas, unday zotlarni sa'ylari (Alloh nazdida) manzurdir.

17.20 . (Ey, Muhammad,) barchaga - mana bu (mo'min)larga ham, anavi (kofir)larga ham Rabbingizning ne'matidan ato eturmiz. Rabbingizning ne'mati (hech kimdan) man qilinmas.

17.21 . (Bu dunyoda) ularning birlaridan birlarini (rizq va martabada) qanday ustun qilganimizni ko'ring! Shak yo'qki, oxirat darajalari kattaroq va afzalroqdir.

17.22 . Allohga yana biror "iloh"ni qo'sha ko'rmang! Aks holda qoralanuvchi va mahrum bo'lib qolursiz!

17.23 . Rabbingiz, Uning O'zigagina ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Ey, inson, agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga "uf" demagin va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so'z ayt!

17.24 . Ular uchun, mehribonlik bilan, xorlik aanotini past tut va (duoda): "Ey, Rabbim! Meni (ular) go'daklik chog'imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin", - deb ayt!

17.25 . (Ey, insonlar,) Rabbingiz dillaringizdagi narsa (sir)laringizni yaxshi biluvchidir. Agar sizlar solih bo'lsangizlar, albatta, U tavba qiluvchilarni mag'firat etuvchidir.

17.26 . Qarindoshga, miskin va yo'lovchiga (xayr ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo'l qo'ymang!

17.27 . Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga o'ta noshukr edi.

17.28 . Agar siz Rabbingiz (tomoni)dan bo'ladigan marhamatdan umidvor holingizda ulardan (qarindosh, miskin va yo'lovchilardan) yuz o'giradigan (yordam bermaydigan) bo'lsangiz, u holda ularga yumshoq so'z ayting!

17.29 . (Baxillik qilib) qo'lingizni bo'yningizga bog'lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda qolursiz.

17.30 . Shubhasiz, Rabbingiz O'zi xohlagan kishilarning rizqini keng ham, tang ham qilur. Albatta, U bandalaridan ogoh va (ularni) ko'rib turuvchi zotdir.

17.31 . (Ey, insonlar), bolalaringizni qashshoqlikdan qo'rqib o'ldirmangizlar - ularga ham, sizlarga ham Biz rizq berurmiz. Ularni o'ldirish, shubhasiz, katta xatodir.

17.32 . Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki u buzuqlik va yomon yo'ldir.

17.33 . Alloh taqiqlagan jonni o'ldirmangiz, magar haq (shar'iy sabab) bilangina mumkin. Kimki zulman (ya'ni, nohaq) o'ldirilsa, Biz uning egasi (vorisi) uchun (qasos olishga) saltanat (huquq) berdik. Bas, u (qotilni) o'ldirishda haddan oshmasin! Zero, u yordam beriluvchi shaxsdir.

17.34 . Yetimning moliga, to u voyaga yetgunicha, yaqinlashmanglar, illo chiroyli yo'sinda bo'lsa mayli. Ahdga vafo qilinglar! Zero, ahd (Qiyomat kuni) so'raladigan ishdir.

17.35 . (Savdo-sotiqda) o'lchagan vaqtlaringizda o'lchovni to'lato'kis qilinglar va to'g'ri tarozida tortinglar! Mana shu yaxshi va chiroyli yechim (hukm)dir.

17.36 . (Ey, inson), o'zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko'z, dil – bularning barchasi to'g'risida (har bir inson) mas'ul bo'lur (javob berur).

17.37 . Yer yuzida kibrlanib yurmagin! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog'larga yeta olmaysan.

17.38 . Bularning barchasi Rabbingiz nazdida makruh bo'lgan gunoh(lar)dir.

17.39 . (Ey, Muhammad), bu (oyatlar) Rabbingizning Sizga vahiy qilgan hikmatlaridan (ba'zilari)dir. Allohga boshqa biror "iloh"ni nisbat bermang! Aks holda malomatlangan va (Alloh rahmatidan) mahrum bo'lgan holda jahannamga tashlanursiz.

17.40 . (Ey, mushriklar), Rabbingiz sizlarni o'g'illar bilan mumtoz etib, (O'ziga) farishtalarni qiz qilib olibdimi?! Darhaqiqat, sizlar og'ir so'zni so'zlamoqdasiz!

17.41 . Albatta, bu Qur'onda ularning eslatma olishlari uchun (turli masal va hikmatlarni) bayon qildik. (Lekin bu eslatmalar) ularni yanada (haqdan) yiroqlashtirmoqda.

17.42 . Ayting: "Agar ular aytganlaridek Alloh bilan birga (boshqa) ilohlar ham bo'lsa edi, u holda ular Arsh sohibi (Alloh) sari yo'l izlagan bo'lur edilar".

17.43 . Ular aytgan narsadan U pok va nihoyat darajada yuksakdir.

17.44 . Yetti osmon, Yer va ulardagi bor jonzot Unga tasbeh aytur. Mavjud bo'lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur. Lekin sizlar ularning tasbehlarini anglamaysizlar. Darhaqiqat, U halim va kechirimli zotdir.

17.45 . (Ey, Muhammad,) Ciz Qur'on qiroat qilganingizda, Biz Siz bilan oxiratga ishonmaydiganlar o'rtasiga yopiq parda tortib qo'yurmiz.

17.46 . Shuningdek, (Qur'onni) anglay olmasinlar deb ularning dillarida to'siqlar va quloqlarida og'irlik (karlik) paydo qilurmiz. Qachonki, Siz Qur'onda yolg'iz Rabbingizni zikr qilsangiz, (mushriklar) orqalariga burilib keturlar.

17.47 . Biz ularning Sizga (qiroatingizga) quloq tutayotgan paytlarida nima sababdan quloq tutayotganlarini va zolimlar o'zaro shivirlashib, (mo'minlarga): "Aniqki, sehrlangan va aqldan ozgan kishiga ergashmoqdasizlar", -deyayotganlarini juda yaxshi bilurmiz.

17.48 . (Ey, Muhammad,) ular Sizning haqingizda (sehrlangan, majnun, shoir deb) qanday misol keltirganlarini, bas, adashib, so'ng yo'lni topa olmayotganlarini ko'ring!

17.49 . Ular: "Suyak va (chirik) murdalarga aylanib ketgach, haqiqatan ham yangitdan yaralib, tirilurmizmi?!" - deydilar.

17.50 . Ayting: "Xoh tosh yo temir bo'linglar.

17.51 . Yoki ko'ngillaringizda (tirilishi) qiyin bo'lgan boshqa biror maxluq bo'linglar, (bari bir Alloh sizlarni tiriltirur)". Hali ular: "Bizlarni kim qayta tiriltira olur?" - deydilar. "Sizlarni ilk bor yaratgan zot" deb ayting! Hali ular boshlarini chayqab: "U (kun) qachon bo'lur?" deb (so'raydilar). "Shoyadki yaqin bo'lsa" deb ayting!

17.52 . "U sizlarni chorlaydigan kunda Unga hamd (aytish) bilan javob berursizlar va o'zlaringizning (dunyoda) oz (muddat)gina turganlaringizni o'ylab qolursizlar".

17.53 . Bandalarimga aytingki, ular (o'zaro) go'zal (so'zlardan) so'zlasinlar. Zero, shayton ularning o'rtalarida buzg'unchilik qilur. Darhaqiqat, shayton insonga aniq dushmandir.

17.54 . (Ey, insonlar,) Rabbingiz sizlarni yaxshi biluvchidir. Xohlasa sizlarga rahm qilur, xohlasa - sizlarga azob berur. (Ey, Muhammad, Biz) Sizni (odamlar) ustidan muakkal qilib yuborgan emasmiz.

17.55 . Rabbingiz osmonlar va Yerdagi bor jonzotni yaxshi biluvchidir. Haqiqatan, (Biz) ba'zi payg'ambarlarni ba'zilaridan afzal qildik va Dovudga Zaburni berdik.

17.56 . (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Uni (Allohni) qo'yib (iloh) deb gumon qilgan (ma'buda)laringizga iltijo etinglarchi, ular sizlardan biror zararni arita olarmikinlar va (uni) burib yubora olarmikinlar?!"

17.57 . Ular (iloh deb) iltijo qilayotganlarning o'zlari ham Parvardigorga qaysi biridir yaqinroq bo'lishga yo'l izlaydilar. Uning rahmatidan umid qilurlar, azobidan esa qo'rqurlar. Darhaqiqat, Rabbingizning azobi qo'rqinchlidir.

17.58 . (Yer yuzida) biror qishloq (shahar ahli) yo'qki, Biz ularni qiyomat kuni (kelishi)dan ilgari halok qiluvchi bo'lmasak yoki ularni qattiq azob bilan azoblovchi bo'lmasak. Bu hukm Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) bitilgandir.

17.59 . (Ey, Muhammad, mushriklar so'ragan) mo''jizalarni yuborishdan Bizni faqat avvalgi (ummat)lar u (mo''jiza)larni yolg'onga chiqarganlarigina man etdi. Samud qabilasiga ochiq (mo''jiza sifatida) tuyani ato etganimizda, unga zulm etdilar. Biz mo''jizalarni faqat (odamlarni halokatdan) qo'rqitish uchungina yuborurmiz.

17.60 . Eslang, (ey, Muhammad,) Sizga Rabbingiz (barcha) odamlarni (o'rab) ihota qilib olgandir, degan edik. Biz Sizga ko'rsatgan tushni va Qur'onda la'natlangan (Zaqqum nomli) daraxtni odamlar uchun faqat sinov qildik. Biz (mushriklarni shu kabi xabarlar bilan) qo'rqiturmiz, ammo bu ularning tug'yonlarini yanada kuchaytiradi, xolos.

17.61 . Eslang, (Biz) farishtalarga Odamga sajda qiling, deyishimiz bilan sajda qildilar. Faqat iblis (kibrlanib): "Sen loydan yaratgan kimsaga sajda qilamanmi?" - dedi.

17.62 . U (yana shunday) dedi: "Menga xabar bergin-chi, mana shu kimsani mendan ko'ra mukarram qildingmi? Qasamki, agar meni Qiyomat kunigacha (tirik) qoldirsang, albatta, men uning zurriyotini qirib yuborurman (ya'ni, halokat yo'llariga burib yuborurman), faqat ozchiliklarigina (haq yo'lda) qolurlar".

17.63 . (Alloh) aytdi: "Bor, (senga Qiyomatgacha muhlat berdim). Bas, ulardan kimki senga ergashsa, u holda, shubhasiz, jahannam sizlarga to'liq jazo bo'lur!

17.64 . Ulardan kuching yetgan kimsani ovozing (vasvasang) bilan qo'zg'at, ularning ustiga otliq va piyoda (lashkaringni) tort, boyliklari va farzandlarida ularga sherik bo'l (ularni haromdan orttirishga unda), ularga (yolg'on) va'da ber!". Darhaqiqat, shayton ularga faqat aldov narsalarnigina va'da qilur.

17.65 . "Mening (mustahkam, solih) bandalarim ustidan esa sen uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) bo'lmas! Parvardigoring yetarli vakolat egasidir".

17.66 . (Ey, insonlar,) Rabbingiz Uning fazlidan (rizq) izlashlaringiz uchun sizlarga dengizda kemalarni yurgizib qo'ygan zotdir. Darhaqiqat, U sizlarga rahmlidir.

17.67 . Dengizda sizlarga biror musibat yetsa, sizlar iltijo qiladigan (ma'buda)lar g'oyib bo'lur, faqat Undan boshqa. Sizlarga najot berib quruqlikka chiqarib qo'ygach esa (Undan) yuz o'girursiz. Darhaqiqat, inson noshukrdir.

17.68 . Sizlarni (U) quruqlik tomonidan (yerga) yuttirib yuborishi yoxud ustingizdan tosh yog'dirishi, so'ngra o'zlaringiz uchun biror vakil (saqlovchi) topolmay qolish (xavfi)dan xotirjammisizlar?!

17.69 . Yoki U sizlarni yana (dengizga) qaytarib, ustingizga qattiq shamol yuborishidan, bas, kofir bo'lganlaringiz sababli g'arq qilishidan, so'ngra sizlarga Bizdan o'ch olib beruvchi topa olmay qolishdan ham xotirjammisizlar?!

17.70 . Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik.

17.71 . Biz barcha odamlarni o'z kitoblari (nomai a'moli) bilan chaqiradigan kun (Qiyomat)ni (eslangiz!) Bas, kimgaki kitobi o'ng qo'lidan berilsa, aynan o'shalar o'zlariga qilchalik zulm qilinmagan holda, kitoblarini o'qirlar.

17.72 . Kimki, bu (dunyo)da ko'r (gumroh) ekan, bas, u oxiratda ham ko'r va butunlay yo'ldan ozuvchidir.

17.73 . (Ey, Muhammad, mushriklar) Sizni Bizning sha'nimizga, (vahiydan) o'zga narsalarni to'qib chiqarishingiz uchun - Biz Sizga vahiy qilgan oyatlardan burib yuborishlariga oz qoldi. Xuddi o'shanda Sizni "do'st" qilib olmoqchi bo'ldilar.

17.74 . Agar (Biz) Sizni (haq yo'lda) sobitqadam qilmaganimizda, ularga biroz moyil bo'lishingizga oz qolgan edi.

17.75 . U holda, albatta, Biz Sizga dunyo (azobi)ni ham, oxirat (azobi)ni ham ikki hissa qilib tottirgan bo'lur edik, so'ngra Biz sari o'zingizga biror madadkor topa olmagan bo'lur edingiz.

17.76 . Ular Sizni (bu) yerdan (Makkadan) chiqarib yuborish uchun qo'zg'atib yuborishlariga oz qoldi. U taqdirda o'zlari ham Sizdan keyin ozgina (muddat) tura olardilar, xolos (so'ngra, halok qilinur edilar).

17.77 . (Bu) Sizdan ilgari yuborgan payg'ambarlarimizdan qolgan yo'ldir. Bizning yo'limiz uchun o'zgarish topmaysiz.

17.78 . Quyosh og'ishidan to tun qorong'usigacha namozni mukammal ado qiling va tonggi o'qishni (bomdod namozini) ham (ado qiling). Zero, tonggi o'qish (farishtalar) hozir bo'ladigan (namoz)dir.

17.79 . Tunda (bir qismida) uyg'onib o'zingiz uchun tahajjud (nafl) namozini o'qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa.

17.80 . Yana aytingki: "Ey, Rabbim, meni (qabrga) sodiqlik bilan (gunohlarim kechirilgan holimda) kiritgin va (tiriltirganingda ham) sodiqlik (roziliging bilan) chiqargin hamda men uchun o'z dargohingdan bir madad beruvchi hujjat ato qilgin".

17.81 . Yana ayting: "Haqiqat (ya'ni, Islom) keldi va botil (kufr) yo'qoldi. Chunki botil yo'qoluvchi (narsa)dir."

17.82 . (Biz) Qur'onda(n) mo'minlar uchun shifova rahmat bo'lgan (oyat)larni nozil qilurmiz. (Lekin bu oyatlar) zolim (kofir)larga faqat ziyonni orttirur.

17.83 . Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o'girib, o'z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag'allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo'lur.

17.84 . Ayting: "Har kim o'z ravishiga qarab amal qilur. Rabbingiz kim to'g'ri yo'lda ekanini yaxshi biluvchidir".

17.85 . (Ey, Muhammad,) Sizdan ruh haqida so'raydilar. Ayting: "Ruh faqat Rabbimning ishidandir". Sizlarga esa oz ilm berilgandir.

17.86 . Qasamki, agar hohlasak, albatta, Sizga qilgan vahiy (Qur'on)ni ketkazurmiz, so'ngra o'zingizga (Qur'onni qaytarib olish uchun) Bizga qarshi biror vakil (homiy) topa olmassiz.

17.87 . Illo Rabbingizning marhamati bilangina (Qur'onni qaytarib olishingiz mumkin). Darhaqiqat, Sizga Uning fazli kattadir.

17.88 . Ayting: "Qasamki, agar insu jin ushbu Qur'onning o'xshashini keltirish uchun birlashib, bir-birlariga yordamchi bo'lsalar-da, uning mislini keltira olmaslar".

17.89 . Aniqki, (Biz) ushbu Qur'onda odamlar uchun turli masal (ma'no)lardan bayon qildik. Lekin odamlarning ko'plari faqat inkornigina ixtiyor etdilar.

17.90 . Aytdilar: "Toki bizlar uchun (mana shu) yerni yorib, bir buloq chiqarib bermasang, biz senga sira imon keltirmaymiz.

17.91 . Yo sening xurmozor, uzumzor bog'ing bo'lib, uning o'rtasidan yorib anhorlar paydo qilmasang,

17.92 . yoki o'zing da'vo qilganingdek, osmonni ustimizga parcha-parcha qilib tushirmaguningcha, yoki Alloh va farishtalarini oldimizga keltirmaguningcha,

17.93 . yoki sening oltindan bir uying bo'lmagunicha (senga imon keltirmaymiz). Yana bizlarga o'qiydigan (biror) kitob tushirmas ekansan, (osmonga) ko'tarilishingga ham sira ishonmaymiz". Ayting(Ey, Muhammad): "Ey, Pok Parvardigoro, men faqat payg'ambar bo'lmish bir odam edim-ku!"

17.94 . Odamlarga hidoyat kelgan paytda, faqat: "Alloh (farishtalarni emas, balki) odamzotni payg'ambar qilib yuboribdimi?!" - deyishlarigina ularni imon keltirishlaridan to'sdi.

17.95 . Ayting: "Agar Yerda (odamlar emas) farishtalar maskan tutib yurganlarida edi, albatta, Biz ularga osmondan payg'ambar farishtani tushirgan bo'lur edik".

17.96 . Ayting: "Men bilan sizlarning o'rtamizda Allohning o'zi yetarli guvohdir. Albatta, U bandalaridan ogoh va (ularni) ko'rib turuvchi zotdir".

17.97 . Alloh kimni hidoyat qilsa, bas, o'sha hidoyat topuvchidir. Kimni yo'ldan ozdirsa, bas, ular uchun Undan o'zga do'stlarni topa olmassiz, ularni Qiyomat kunida yuztuban hollarida ko'r, soqov, kar qilib tiriltirurmiz. Ularning borar joylari jahannamdir. Har qachon (jahannam olovi) susaysa, ularga olovni lovullatib yuborurmiz.

17.98 . Bu - Bizning oyatlarimizga kofir bo'lganlari hamda: "Suyak va (chirik) murdalarga aylangan vaqtimizda, yangitdan yaralib, qayta tirilurmizmi?!" - deganlarining jazosidir.

17.99 . Axir, ular (kofirlar) osmonlar va Yerni yaratgan zot ularning mislini ham yaratishga qodir ekanini ko'ra bilmadilarmi?! (Alloh) ular uchun, shubha yo'qki, bir muddatni belgilab qo'ygandir. Lekin zolimlar kufrdan boshqasiga ko'nmaydilar.

17.100 . (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Agar sizlar Rabbimning rahmat (rizq) xazinalariga ega bo'lsangizlar, o'shanda ham (uni) ishlatishdan qo'rqib, mumsiklik (baxillik) qilgan bo'lur edingizlar". (Chunki) inson zoti xasis bo'lur.

17.101 . (Biz) Musoga to'qqizta aniq mo''jiza ato etdik. So'ng u (Fir'avn huzuriga) kelgan paytida, (unga): "Isroil avlodini (o'z yurtlari - Shomga qo'yib yuborishini, Fir'avndan) so'ragin", (deb buyurdik). Shunda Fir'avn unga: "Ey, Muso, haqiqatan, men seni sehrlangan, deb o'ylamoqdaman", - dedi.

17.102 . (Muso) dedi: "(Ey, Fir'avn,) sen anavi mo''jiza)larni faqat osmonlar va Yerning Parvardigori hujjat qilib nozil qilganini aniq bilursan. Hech shuhba yo'qqi, ey, Fir'avn, men seni halok qilinuvchi deb bilurman".

17.103 . Shunda, (Fir'avn Muso va uning qavmini) u yerdan qo'zg'atmoqchi bo'lganida, Biz uni (Fir'avnni) va u bilan birga bo'lganlarning barchalarini (dengizga) g'arq qildik.

17.104 . (Fir'avndan) so'ng, Isroil avlodiga: "Shu yer (Misr)ni maskan tutinglar. Endi qa chonki va'da qilingan oxirat kelganida, sizlarning barchalaringizni bir to'p qilib keltirurmiz", - dedik.

17.105 . Biz uni (Qur'onni) haqiqat (hikmat) bilan nozil qildik va (u) haqiqat bilan nozil bo'ldi. (Ey, Muhammad,) Biz Sizni (mo'minlarga) faqat xushxabar beruvchi va (kofirlarni do'zax azobidan) ogohlantiruvchi qilib yubordik.

17.106 . Qur'onni odamlarga bardosh bilan (asta) o'qib berishingiz uchun uni bo'laklarga bo'ldik va bo'lib-bo'lib nozil qildik.

17.107 . Ayting: "(Ey, mushriklar,) xoh (unga) ishoningiz, xoh ishonmangiz, (hechqisi yo'q). Zotan, ilgari ilm (tavrot) berilgan kishilar (Qur'on) tilovat qilingan vaqtida, sajda qilgan hollarida iyak (yuz)lari bilan yiqilurlar."

17.108 . Shuningdek ular: "Rabbimizga tasbih aytamizki, beshak Rabbimizning ("Men so'nggi payg'ambarimni yuborurman va unga Qur'on nozil qilurman" degan) va'dasi ado etiluvchi va'dadir", - deydilar.

17.109 . Ular, yig'lagan hollarida, yuzlari bilan yiqilurlar va (Qur'on) ularning kamtarliklarini ziyoda qilur.

17.110 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Alloh, deb chorlangiz yoki Rahmon deb chorlangiz. Qanday chorlasangizlar-da (joizdir). Zero, Uning go'zal ismlari bordir". (Ey, Muhammad,) Siz namozingizni juda jahriy (baland ovozda, oshkora) ham qilib yubormang (toki mushriklar eshitib, Qur'onni haqorat qilmasinlar) va o'ta maxfiy ham qilib yubormang (toki sahobalaringiz tinglab, foydalansinlar). Shularning (jahriylik bilan maxfiylik) o'rtasidagi yo'lni istang!

17.111 . "Hamd farzand tutmagan, podshohligida sherigi yo'q, xorlikdan (qutqaruvchi) do'sti bo'lmagan (ya'ni, hech kimga muhtoj bo'lmaydigan) zot - Allohga xosdir", - deng va (ulug'lab) Unga takbir ayting!