YUSUF surasi

12.1 . Alif, Lom, Ro. Ushbular aniq Kitobning oyatlaridir.

12.2 . Albatta, Biz uni (Kitobni) anglashlaringiz uchun arabiy Qur'on tarzida nozil qildik.

12.3 . Biz Sizga ushbu Qur'on (surasi)ni vahiy qilishimiz bilan birga go'zal qissani aytib berurmiz. Siz esa undan (vahiydan) oldin bexabarlardan (biri) edingiz.

12.4 . Eslang, Yusuf (o'z) otasi (Ya'qub)ga dedi: "Ey, otajon! Men (tushimda) o'n bitta yulduz, quyosh va oyning menga sajda qilgan hollarida ko'rdim".

12.5 . (Otasi) aytdi: "Ey, o'g'ilcham! Tushingni akalaringga* so'zlab bermagin! Aks holda senga qattiq makr qilishadi. Zero, shayton insonga aniq dushmandir.

12.6 . Shu (tushingda ko'rganing) kabi Rabbing seni tanlab oladi, senga gaplar (tushlar yoki ilohiy kitoblar) mazmunini o'rgatadi va ikki bobolaring - Ibrohim va Ishoqqa to'la bergani kabi, senga va Ya'qub nasliga (O'zining) ne'matini to'la baxsh etadi. Albatta, Rabbing bilim va hikmat egasidir".

12.7 . Haqiqatan, Yusuf va (uning) akalari (qissasi)da so'rovchilar uchun alomatlar bordir.

12.8 . O'shanda (akalari) aytdilar: "Yusuf va uning ukasi (Binyamin) otamizga bizdan ko'ra suyukliroqdir. Vaholanki, biz bir to'p (ko'pchilik)miz. Haqiqatan, otamiz aniq gumrohlik uzradir."

12.9 . (Bir-birlariga): "Yusufni o'ldiringiz yoki uni biror yerga chiqarib tashlangiz, shunda otangiz o'zi sizlarga ortar (faqat sizlarga mehr qo'yar). Undan keyin (yana) solih (kishi)lar qavmi bo'lursizlar".

12.10 . Ulardan bir so'zlovchi dedi: "Yusufni o'ldirmangiz, balki agar qilmoqchi bo'lsangiz, uni quduq qa'riga tashlangiz, (shunda) uni ba'zi yo'lovchilar olib ketar!"

12.11 . Dedilar: "Ey, otamiz! Nechun Siz Yusufni bizga ishonmaysiz? Axir, biz unga juda xayrixohmiz-ku!

12.12 . Ertaga uni biz bilan birga jo'nating, yayrab o'ynasin! Biz uning uchun qo'riqlovchilarmiz".

12.13 . (Ya'qub) dedi: "Uni olib ketishingiz meni juda tashvishlantiradi, sizlar undan g'aflatda bo'lgan chog'laringda uni bo'ri yeb qo'yishidan qo'rqaman".

12.14 . Aytdilar: "Agarda biz bir to'da bo'la turib, uni bo'ri yeb ketsa, unda biz rosa ziyon ko'ruvchilar bo'lib qolamiz-ku?!"

12.15 . Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa'riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: "Akalaringga bu ishlari to'g'risida (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, lekin ular (haqiqatni) sezmaydilar", - deb vahiy qildik.

12.16 . Otalari huzuriga oqshom paytida yig'lab kelishdi.

12.17 . Aytdilar: "Ey, otamiz! Biz Yusufni matohlarimiz oldida qoldirib quvlashib ketsak, uni bo'ri yeb ketibdi. Rost gapirsak ham, (baribir) siz bizga ishonuvchi emassiz".

12.18 . Uning ko'ylagi uzra soxta qon bilan keldilar. (Ya'qub) dedi: "Yo'q! Sizlarni (o'z) nafsingiz (bunday mudhish) ishga undagan. Bas, (mening burchim) chiroyli sabrdir. Sizlar tavsiflayotgan narsa ustidan Alloh (menga) madadkordir".

12.19 . (Yusuf uch kun yotgach) bir karvon keldi. Suv keltiruvchini yuborgan edilar, u chelagini (quduqqa) tushirgach: "Xushxabar! Bu bola-ku!" -dedi. Uni matoh sifatida maxfiy tutdilar. Alloh esa qilayotgan ishlarini biluvchidir.

12.20 . Uni (Misrda) arzon - sanoqli dirhamlarga sotdilar va (bu ishda go'yo) tarki dunyochilardan bo'ldilar.

12.21 . Misrda uni sotib olgan kishi (shahar hokimi Qitfir) xotini (Zulayxo)ga: "Unga yaxshi joy ber, zora bizga foydasi tegsa yoki o'g'il qilib olsak", - dedi. Shunday qilib, Yusufni yerga (Misrga) joylashtirdik va gaplar (tushlar yoki ilohiy kitoblar) ta'vili (mazmuni)ni bildirishimiz uchun (shunday qildik). Alloh (O'z) ishida g'olibdir, lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaydilar.

12.22 . Voyaga yetgach, unga hukm (hakamlik) va ilm ato etdik. Chiroyli ish qiluvchilarni shu tarzda mukofotlaymiz.

12.23 . U (Yusuf) uyida bo'lgan ayol (Zulayxo) undan nafsi (jinsiy yaqinlik qilishi)ni talab qildi va eshiklarni qulflab: "Qani kel!" -dedi. (Yusuf) dedi: "Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku?! Menga yaxshi joy bergan bo'lsa?! Zolimlar, zotan, iqbolsiz bo'lurlar!"

12.24 . (Zulayxo) unga moyil, u (Yusuf dili) ham bunga moyil bo'lgandi. Agar Rabbining hujjatini ko'rmaganda (bo'lar ish bo'lar edi). Shu tarzda undan yomonlik va fahshni burib yubordik. Albatta, u (dili) xolis bandalarimizdandir.

12.25 . (Ikkisi) eshik tomon quvlashib ketdi (Yusuf qochdi, u quvdi) va (Zulayxo) uning ko'ylagini orqa tomondan yirtib yubordi. Eshik oldida xojasi (eri)ga yo'liqdilar. (Zulayxo) dedi: "Oilangga yomonlikni ravo ko'rgan kishining jazosi faqat hibsga olinish yoki alamli azobdir".

12.26 . (Yusuf) dedi: "Uning o'zi mendan nafsim (jinsiy yaqinlik qilishim)ni talab qildi". Uning (Zulayxoning) qarindoshlaridan biri guvohlik berib: "Agar uning ko'ylagi old (tomon)dan yirtilgan bo'lsa, u (Zulayxo) rost so'zlagan, u (Yusuf) esa yolg'onchilardandir.

12.27 . Bordiyu ko'ylagi orqa (tomon)dan yirtilgan bo'lsa, u (Zulayxo) yolg'on so'zlagan, u esa rostgo'ylardandir".

12.28 . (Zulayxonining eri uning) ko'ylagi orqa tomonidan yirtilganini ko'rgach: "Albatta, bu siz (ayollar)ning makrlaringizdir. Haqiqatan, sizlarning makringiz ulkandir.

12.29 . Yusuf! Bu (ish)ni qo'ygin, sen esa (ey, Zulayxo) gunohing uchun kechirim so'ra. Zero, sen yanglishganlardan bo'lding", - dedi.

12.30 . Shahardagi ayollar: "Hokimning xotini o'z xizmatkori bilan o'ynashmoqchi bo'libdi. Yuragidan urib qo'yibdi. Albatta, biz uni aniq adashganlikda deb bilurmiz", - dedilar.

12.31 . Bas, (Zulayxo) ularning makrlarini eshitgach, ular huzuriga (odam) yubordi va ularga suyanib o'tiradigan joy hozirladi hamda ulardan har biriga bittadan pichoq berib (Yusufga): "Ular huzuriga chiqqin!" - dedi. Bas, uni ko'rishgach, unga mahliyo bo'ldilar va qo'llarini kesib oldilar hamda : "YO, Alloh! Bu bashar emas! Bu (azizu) mukarram farishtaning o'zginasi-ku!" - dedilar.

12.32 . (Zulayxo) dedi: "Meni u to'g'rida malomat qilganlaring shu (yigit)dir. Haqiqatan, undan nafsi (jinsiy yaqinligi)ni talab qilganimda, u saqlandi. Qasamki, agar (u) mening buyrug'imni bajarmas ekan, albatta, u zindonband qilinib, haqirlardan bo'lib qolur".

12.33 . (Yusuf) dedi: "Ey, Rabbim! Menga taklif etishayotgan narsadan ko'ra zindon ma'qulroqdir. Agar ularning makrlarini mendan darig' tutmasang, ularga moyil bo'lib, johillardan bo'lib qolurman".

12.34 . Bas, Rabbi (duosini) ijobat qildi va u (ayol)larning makrlarini undan bartaraf etdi. Albatta, U eshituvchi va biluvchidir.

12.35 . So'ngra ularga (Misr hokimi va uning a'yonlariga) alomatlarni ko'rganlaridan so'ng uni (ma'lum) bir vaqtgacha zindonband qilib turish (fikri) paydo bo'ldi.

12.36 . Zindonga u bilan birga yana ikki yigit (tuhmat bilan) tushdi. Ulardan biri (soqiy bo'lgani): "Men tushimda may tayyorlayotgan emishman", - dedi. Unisi (shohning nonvoyi) esa: "Men boshimda non ko'tarib turgan emishman. Qushlar undan yeyayotgan emish. Sen bizga shuning ta'birini aytib ber! Zero, biz seni ezgu ish qiluvchilardan ekaningni ko'rib turibmiz", - dedi.

12.37 . (Yusuf) aytdi: "Men sizlarga ozuqa bo'ladigan taom oldingizga kelishidan burun uning (qandayligi) ta'vilini aytib berurman. Bu Rabbimning menga bildirgan narsalaridandir. Men Allohga imon keltirmaydigan va oxiratni inkor etuvchi qavm dinini tark etdim.

12.38 . Shuningdek, ajdodlarim Ibrohim, Ishoq va Ya'qublarning diniga ergashdim. Biz uchun Allohga biror narsani sherik qilish mumkin emasdir. Bu Allohning bizlarga va odamlarga (nisbatan) fazlidir, lekin aksariyat odamlar shukr qilmaydilar.

12.39 . Ey, ikki hamzindonlarim! Turli-tuman "ilohlar" yaxshimi yoki yagona va g'olib Allohmi?

12.40 . Sizlar Uni qo'yib, o'zlaringiz va ota-bobolaringiz atab olgan nomlar (but-sanamlar)gagina sig'inyapsizlar. Ularga Alloh biror hujjat tushirmagan bo'lsa?! (Ibodat va din to'g'risidagi) hukm faqat Alloh ixtiyoridadir. (U) O'zidan boshqaga sig'inmaslikka buyurgan. To'g'ri din - mana shu! Lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaydilar.

12.41 . Ey, ikki hamzindonlarim! Endi, sizlarning biringiz (ko'rgan tush)ga kelsak, (u ozod etilib, yana) xojasiga soqiylik qilur. Unisi bo'lsa, (dorga) osiladi va uning boshidan qushlar (cho'qib) yerlar. Sizlar javobini so'ragan ish bitdi".

12.42 . Ikkovidan xalos topuvchi deb hisoblagan (soqiyga Yusuf): "Xojang huzurida meni yod et!" - dedi. Lekin, shayton xojasiga aytishni unuttirdi. Natijada (Yusuf) bir necha yil zindonda qoldi.

12.43 . Shoh dedi: "Men tushimda yettita ozg'in sigir yettita semiz sigirni yeyayotganini va yettita yashil boshoq bilan birga boshqa (yettita) qurigan boshoqlarni ko'rdim. Ey, a'yonlar! Agar tush ta'birini aytuvchi bo'lsangiz, tushim to'g'risida fatvo (javob) beringiz-chi!"

12.44 . (A'yonlar) aytdilar: "(Bu) alag'da tushlar. Biz (bunday) tushlar ta'biriga olim emasmiz".

12.45 . Ikki (mahbuslar)dan ozod bo'lgani allaqancha muddat o'tgach, (Yusuf) yodiga tushib dedi: "Uning ta'birini men aytib berurman. Meni (Yusuf huzuriga) yuboringiz!"

12.46 . (U borib dedi): "Yusuf! Ey, rostgo'y odam! Bizga yettita ozg'in sigir yettita semiz sigirni yegani hamda yettita yashil boshoq bilan birga turgan boshqa (yetti) quruqlari to'g'risidagi (tush) fatvosi (ta'biri)ni aytib bergin. Shoyad odamlar oldiga borsam va zora, ular ham (buni) bilib olishsa".

12.47 . (Yusuf) aytdi: "Odatlaring bo'yicha yetti yil ziroat qilaveringiz. Olgan hosilingizni (omborda) boshog'i bilan qoldiringiz. Faqat ozgina o'zlaring yeydiganini (yanchib olingiz).

12.48 . So'ngra, undan keyin qattiq yetti (yil) keladi va shu (qahatchilik yil)lar uchun g'amlab qo'ygan zaxirangizni yeb ketadi. Faqat ozgina asrab qo'yganingizdan (qolur).

12.49 . So'ngra, undan keyin bir yil kelib, odamlar unda yomg'irga serob bo'lurlar va unda (mevalardan) sharbat olurlar".

12.50 . Shoh, (bularni eshitib): "Uni huzurimga olib kelingiz!" - dedi. Chopar kelgach, u (Yusuf) dedi: "Xojang huzuriga qaytib borginda, undan qo'llarini kesib olgan ayollar nima bo'lganini so'ra! Albatta, Rabbim ularning makrlarini biluvchidir".

51(Shoh ayollarni topib) dedi: "Yusufdan shahvoniy mayllik talab qilganingizda ne bo'lgan edi?" Aytdilar: "Alloh saqlasin! Uning biror yomonligini bilmadik". Hokimning xotini (Zulayxo) dedi: "Mana endi, haqiqat ro'yobga chiqdi. Undan men (jinsiy) mayllik talab qilgan edim. U, haqiqatan, (so'zida) sodiqlardandir".

12.52 . (Shundan keyingina Yusuf dedi): "Buni men (shahar hokimi) g'oyibligida unga xiyonat qilmaganimni va Alloh xiyonatchilar makrini ravo qilmasligini (shoh ham) bilishi uchun (qildim).

12.53 . Nafsimni oqlamayman. Zero, nafs -agar Rabbim rahm aylamasa - faqat yomonlikka qistovchidir. Albatta, Rabbim kechirimli va rahmlidir".

51(Shoh ayollarni topib) dedi: "Yusufdan shahvoniy mayllik talab qilganingizda ne bo'lgan edi?" Aytdilar: "Alloh saqlasin! Uning biror yomonligini bilmadik". Hokimning xotini (Zulayxo) dedi: "Mana endi, haqiqat ro'yobga chiqdi. Undan men (jinsiy) mayllik talab qilgan edim. U, haqiqatan, (so'zida) sodiqlardandir".

12.52 . (Shundan keyingina Yusuf dedi): "Buni men (shahar hokimi) g'oyibligida unga xiyonat qilmaganimni va Alloh xiyonatchilar makrini ravo qilmasligini (shoh ham) bilishi uchun (qildim).

12.53 . Nafsimni oqlamayman. Zero, nafs -agar Rabbim rahm aylamasa - faqat yomonlikka qistovchidir. Albatta, Rabbim kechirimli va rahmlidir".

12.54 . Shoh: "Keltiringlar uni huzurimga, uni o'zimga xos kishilardan qilib olay!" - dedi. U bilan so'zlashgach (shoh): "Sen bugun(dan boshlab) bizning huzurimizda martabali va ishonchli (shaxs)dirsan", - dedi.

12.55 . (Yusuf) dedi: "Meni shu yerning xazinaboni qilib qo'y! Zero men saqlovchi va (tasarrufni) biluvchidirman".

12.56 . Shunday qilib, Yusufni (o'sha) yerning o'zi xohlagan joyida istiqomat qiladigan qilib quydik. Rahmatimizni O'zimiz xohlagan kishilarga yetkazurmiz va ezgu ish qiluvchilar mukofotini zoye qilmaydurmiz.

12.57 . Oxirat mukofoti esa, imon keltirgan va taqvoli bo'lganlar uchun yaxshidir.

12.58 . Yusufning birodarlari (Misrga) kelishib, uning huzuriga kirganlarida, ularni tanidi. Ular esa, uni tanimas edilar.

12.59 . Ularni sarmoyalari bilan jihozlagach, (Yusuf) dedi: "O'sha, ota bir inilaringizni mening huzurimga keltiringiz. Axir, men sizlarga yaxshi mezbonlik qilib, (donlarni) to'la holda o'lchab berayotganimni ko'rayapsizlarmi?

12.60 . Bas, agar uni mening huzurimga olib kelmasangizlar, u holda mening dargohimda -sizlar uchun o'lchanadigan narsa yo'qdir – menga yaqin kelmay qo'ya qolinglar".

12.61 . Ular: "Otasidan uni (bizga qo'shib yuborishni) so'raymiz. Albatta, bizlar (shunday) qiluvchimiz", - dedilar.

12.62 . (Yusuf o'zining tarozibon) yigitlariga: "Ularning, (donga almashtirish uchun) keltirgan narsalarini yuklarining ichiga (qaytarib) solib qo'yinglar. Shoyad uylariga qaytgan vaqtlarida, ularni tanib, yana qaytib kelsalar",-dedi.

12.63 . Otalarining oldiga qaytib kelishgach, dedilar: "Ey, ota, (bundan keyin) bizlarga o'lchov (oziq-ovqat) berilmaydigan bo'ldi. Biz bilan birga inimizni yuborgin, shunda o'lchab ola bilamiz. Bizlar, albatta, uni muhofaza qiluvchimiz".

12.64 . (Ya'qub) dedi: "Men uni sizlarga ilgari uning akasini ishonganimdek ishonayinmi?! (Lekin) Zotan, Alloh eng yaxshi saqlaguvchidir va U mehribonlarning mehribonrog'idir".

12.65 . (Olib kelgan) yuklarini ochib ko'rishgach, (almashtirib kelish uchun olib borgan) narsalarini o'zlariga qaytarilganini ko'rib, dedilar: "Ey, ota, mana narsalarimiz o'zimizga qaytarilibdi. (Yana) bizga nima kerak?! (Inimizni qo'shib yuborsang), yana oilamizga oziqovqat keltirurmiz, inimizni muhofaza qilurmiz va (uning uchun ham) bir tuya yukni ortiqroq olurmiz. Bu (misrlik xazinachi uchun) ozgina o'lchovdir".

12.66 . Ya'qub aytdi: "Uni (Binyaminni) mening oldimga keltirishingiz haqida Allohdan vasiqa keltirmaguningizga qadar (ya'ni, Alloh nomiga qasam ichmaguningizcha,) qurshovda qolishingiz bundan mustasno, uni sira sizlar bilan birga yubormasman". Unga vasiqalarini keltirishgach, (Ya'qub): "Bu aytayotgan gaplarimizga Alloh guvohdir", - dedi.

12.67 . (So'ng ularni safarga kuzatar ekan), aytdi: "Ey, o'g'illarim, (Misrga) bir darvozadan kirmanglar, balki turli xil darvozalardan kiringlar! Men sizlardan Allohning biror hukmini qaytara olmayman. Hukm faqat Allohning izmidadir. Ungagina tavakkul qildim. Barcha tavakkul qiluvchilar (ham) Uning O'zigagina tavakkul qilsinlar!"

12.68 . Ularning otalari buyurgan taraflardan (Misrga) kirishlari ulardan Allohning biror hukmini qaytaruvchi emasdir. (Bu) faqat Ya'qubning dilidagi (farzandlariga nisbatan mehridan paydo bo'lgan) bir ehtiyoj bo'lib, u o'shani qondirgan edi, xolos. Zotan, u Biz (vahiy orqali) bergan ta'limimiz sababli (chuqur) bilim egasidir. Lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaydilar.

12.69 . Yusufning huzuriga kirganlarida, u inisini o'ziga tortib: "Men sening akangman. Endi ular (ya'ni, akalarimiz) qilayotgan narsa (hasad-adovatlari)dan g'amgin bo'lmagin", - dedi.

12.70 . Bas, ularning hojatlarini ravo qilgach, inisining yuki orasiga (bildirmay) bir qadahni solib qo'ydi. So'ngra jarchi: "Ey karvon (egalari), sizlar o'g'ridirsizlar", - deb jar soldi.

12.71 . Ular kelishgach: "Nima yo'qotdingizlar?", - dedilar.

12.72 . (Jarchilardan biri) aytdi: "Podshohning qadahini yo'qotdik. Uni topib keltirgan kishiga bir tuya yuk (mukofotdir). Men shunga kafilman".

12.73 . Ular dedilar: "Allohga qasamki, bizlar bu yerga buzg'unchilik qilish uchun kelmaganimizni bilasizlar-ku! (Bizlar) o'g'ri emasmiz".

12.74 . "Agar yolg'onchi bo'lsangizlar, (o'g'rining) jazosi nima bo'lur?"- so'rashdi (jarchilar).

12.75 . Ular dedilar: "Uning jazosi, kimning yuki orasidan topilsa, o'sha kimsa jazolanur. Bizlar zulm (o'g'rilik) qiluvchi kimsalarni mana shunday jazolaymiz".

12.76 . Bas, (Yusufning xizmatkori axtarishni) uning birodari (Binyamin)ning idishidan oldin ularning (ya'ni, akalarining) idishlaridan boshladi. So'ngra uni ukasi idishidan "topib" chiqardi. Biz Yusufga mana shunday hiyla (tadbir)ni qildik (bildirdik). (Chunki) podshohning dinida o'z birodarini - Alloh xohlamasa - (boshqa yo'l bilan) olib qola olmas edi. Biz (o'zimiz) xohlagan kishilarning darajalarini ko'tarurmiz. Har bir ilm egasining ustida (undan) bilimdonroq (olim) bordir.

12.77 . Ular: "Agar bu (Binyamin) o'g'rilik qilgan bo'lsa (qilgandir, chunki) ilgari uning akasi ham o'g'rilik qilgan edi", - dedilar. Bas, Yusuf bu gapni ichiga solib, ularga bildirmadi va "Sizlar yomon (tuban) martabadadirsizlar. Alloh sizlarning "vasflaringizni" yaxshi biluvchidir", - dedi.

12.78 . Ular dedilar: "Ey, aziz, uning bir keksa otasi bor. Sen uning (Binyaminning) o'rniga bizlardan birimizni olib qolgin. Bizlar sening ezgu ishlarni qiluvchi zotlardan ekaningni ko'rmoqdamiz".

12.79 . (Yusuf) aytdi: "Narsamizni idishidan topib olgan kimsadan o'zgani olib qolishdan Alloh saqlasin! Aks holda biz zolim kimsalardan bo'lib qolurmiz".

12.80 . Undan umidlari uzilgach, (og'a-inilar) bir chetga chiqib shivirlashdilar. Ularning kattalari aytdi: "Otalaringiz sizlarning zimmangizga Allohdan vasiqa olib qolganini bilmay qoldingizmi?! Ilgari Yusuf to'g'risida ham shunday sustkashlik qilgan edinglar. Bas, to otam menga izn bermagunicha yoki Alloh men uchun (biror) hukm qilmagunicha mana shu yerdan sira jilmayman. U (Alloh) hukm qiluvchilarning yaxshirog'idir.

12.81 . Sizlar otalaringiz oldiga qaytib, aytinglar: "Ey, ota, o'g'ling o'g'rilik qildi. Bizlar faqat bilgan narsamizga guvohlik bermoqdamiz. (Oldin va'da qilganimizda) g'aybni (ya'ni, kelajakda nima bo'lishini) esa, biluvchi emasmiz.

12.82 . Biz bo'lib qaytgan shahar (ahli)dan va birga ketgan karvondan so'ragin. Albatta, bizlar rost so'zlovchilarmiz".

12.83 . (Ya'qub) dedi: "Yo'q! Sizlarga havoyinafsingiz (yomon) ishni chiroyli qilib ko'rsatgan. Endi (mening ishim) chiroyli sabrdir. Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va katta o'g'limning) barchalarini (bag'rimga) qaytarsa. Albatta, U bilim va hikmat sohibidir".

12.84 . Keyin ulardan yuz o'girib: "Esizgina Yusuf!" dedi. G'am-g'ussadan uning ko'zlari oqarib (ojiz bo'lib) qoldi va u endi hazindir.

12.85 . (Shunda o'g'illari): "Alloh haqqi, to chala o'lik bo'lib qolguningcha yoki (bir yo'la) halok bo'lguningcha, Yusufni eslayverar ekansanda?!" - dedilar.

12.86 . U aytdi: "Men g'am va tashvishlarimdan yolg'iz Allohgagina shikoyat qilaman va men Allohning (mehribonligi haqida) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman".

12.87 . "Ey, o'g'illarim, boringlar, Yusuf va uning ukasini izlanglar va Allohning rahmatidan noumid bo'lmanglar. Zero, Allohning rahmatidan faqat kofirlar qavmigina noumid bo'lur".

12.88 . (Ular bor bisotlarini olishib, yana Misr tomonga ravona bo'lishdi). (Yusufning) huzuriga kirishgach, dedilar: "Ey, aziz zot, bizni va ahlu oilamizni ocharchilik tutdi. Bizlar (bu safar) o'tmas matohlarni olib keldik. Bizlarga o'lchov (oziq-ovqat)ni to'la bergin va bizlarga xayr-sadaqa qilgin. Alloh, albatta, sadaqa beruvchilarni mukofotlagay".

12.89 . (Yusuf) dedi: "Jaholatda bo'lgan paytingizda Yusuf va uning ukasiga nima ishlar qilganingizni bilasizlarmi?"

12.90 . Ular: "Sen o'sha Yusufmisan?" - deb so'radilar. U: "Ha, men Yusufman, bu esa ukamdir. Alloh bizga marhamat ko'rsatdi. Darhaqiqat, kimda-kim Allohdan qo'rqib, sabr qilsa, albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilarning mukofotini zoye qilmas", - dedi.

12.91 . Ular dedilar: "Allohga qasamki, Alloh seni bizlardan afzal qilibdi. Bizlar esa, haqiqatan, xatoga ketganlardan bo'ldik".

12.92 . U dedi: "Bu kun sizlarga ayblov yo'q. Alloh sizlarni mag'firat qilgay. U rahm qiluvchilarning rahmlirog'idir".

12.93 . "Sizlar mana bu ko'ylagimni olib borib, otamning yuziga tashlangiz, shunda uning ko'zlari sog'ayur. So'ng barcha ahlu oilalaringiz bilan birga mening oldimga kelinglar".

12.94 . Karvon (Misrdan) chiqishi bilan otalari (Ya'qub o'z huzuridagi kishilarga): "Men Yusufning bo'yini sezmoqdaman. Meni aqldan ozganga chiqarmasangizlar edi", - dedi.

12.95 . (Ular) aytdilar: "Allohga qasamki, sen (hali ham) o'sha eski xatoyingda turibsan".

12.96 . Bas, xushxabarchi kelib, uni (ko'ylakni Ya'qubning) yuziga tashlagach, u ko'radigan bo'lib qoldi. "Sizlarga men Allohning (mehribonligi haqida) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman, demaganmidim", - dedi u.

12.97 . Ular dedilar: "Ey, ota, (Allohdan) bizlarning gunohlarimizni mag'firat qilishini so'ragin. Albatta, bizlar xato qiluvchilardan bo'ldik".

12.98 . U aytdi: "Albatta, Rabbimdan sizlarni mag'firat qilishini so'rayman. Albatta, mag'firat qiluvchi va mehribon zot Udir".

12.99 . Bas, qachonki, (yetib kelishib) Yusufning huzuriga (chodirga) kirganlarida, u o'zini otaonasining quchog'iga otdi va "Inshoalloh, Misrga tinch-omon kiringlar", - dedi.

12.100 . (Keyin, Misrga kirib Yusufning saroyiga kelganlaridan so'ng) u ota-onasini o'z taxtiga chiqardi va ular (ya'ni, ota-ona va akalari Yusufga) sajda qilgan hollarida yiqildilar. U dedi: "Ey, otajon, mana shu (qirq yil) ilgari ko'rgan tushimning ta'biridir. Rabbim uni rost qildi. Darhaqiqat, u menga yaxshilik qildi - meni zindondan chiqardi, shayton men bilan akalarim orasini buzib ig'vo qilganidan keyin, mana sizlarni sahrodan (Misrga sog'-salomat holingizda) keltirdi. Albatta, Rabbim O'zi xohlagan narsani lutf bilan amalga oshiruvchidir. Albatta, Uning O'zigina bilim va hikmat sohibidir.

12.101 . Ey, Rabbim! Menga podshohlik ato etding, yana barcha gap (tush)larning ta'vil (ta'bir)laridan menga ta'lim berding. Ey, osmonlar va Yerni ijod etgan zot! Dunyoyu oxiratda O'zing egamdirsan. (Ajalim yetganida) musulmon holimda jonimni olgin va meni solihlar (qatori)ga qo'shgin."

12.102 . (Ey, Muhammad,) bu Biz Sizga vahiy qilayotgan g'ayb xabarlaridandir. (Chunki siz Yusufning akalari) makr-hiyla bilan o'zlarining ishlarini tuzib, ittifoq qilishayotgan paytlarida ularning huzurlarida yo'q edingiz.

12.103 . Odamlarning ko'plari, garchi Siz juda istasangiz-da, mo'min bo'lmaydilar.

12.104 . Siz ulardan bu (da'vatingiz) uchun biror ajr (haq) so'ramaysiz. U (Qur'on) faqatgina (barcha) olamlar uchun bir eslatmadir, xolos.

12.105 . Osmonlar va Yerda qanchadan-qancha alomatlar bordir. (Lekin) ular bu oyatlardan yuz o'girgan hollarida (beparvo) o'tib ketaveradilar.

12.106 . Ularning aksariyati Allohga faqat mushriklik hollaridagina "imon" keltiradilar.

12.107 . Yoki ular Allohning azobidan biror qamrab oluvchi (balo) kelib qolishidan yo to'satdan ular sezmagan hollarida qiyomat qoyim bo'lishidan xotirjammilar?!

12.108 . Ayting: "Mening yo'lim shu! Men va menga ergashganlar aniq hujjat bilan Allohga da'vat etamiz. (Har qanday sherikdan) Allohni pok deb bilaman. (Zero,) men mushriklardan emasman".

12.109 . (Ey, Muhammad,) Biz Sizdan oldin ham faqat shahar ahllaridan bo'lgan kishilarni payg'ambar qilib, ularga vahiy yuborganmiz. Axir, (odamlar) yer yuzida sayohat qilib, o'zlaridan avvalgi (imonsiz) kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi? Taqvoli bo'lganlar uchun, shubhasiz, oxirat diyori (bu foniy dunyodan) yaxshiroqdir. Aql yurgizmaysizlarmi?!

12.110 . Har qachon (o'sha) payg'ambarlar noumid bo'lib: "Bizlar yolg'onchi qilindik", - deb gumon qila boshlaganlarida, ularga Bizning g'alabamiz (yordamimiz) kelib, Biz xohlagan kishilarga najot berilar edi. (Ammo) jinoyatchilar qavmidan Bizning azobimiz qaytarilmas!

12.111 . Darhaqiqat, ularning qissalarida aql egalari uchun (katta) ibrat bordir. (Ushbu Qur'on) to'qib chiqariladigan gap emas, balki o'zidan oldingi narsalarni (ya'ni, samoviy kitoblarni) tasdiq etuvchi, unga imon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat (manbai bo'lgan bir Kitob)dir.