Tavba surasi

9.1 . (Bu) Alloh va (Uning) Payg'ambaridan sizlar (bilan) ahdlashgan mushriklarga (nisbatan) ora ochiqlikdir.

9.2 . (Ey, mushriklar, urush harom etilgan) to'rt oyda yer (yuzi) bo'ylab sayohat qilingiz va bilib qo'yingizki, sizlar Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz va Alloh kofirlarni sharmsor etuvchidir!

9.3 . Shuningdek, (bu) Alloh va (Uning) Payg'ambaridan "Hajji akbar" (Qurbon hayiti) kuni odamlarga Allohning va Rasulining mushriklardan bezor ekanliklarini e'loni (ham)dir. Agar tavba qilsangiz, bu sizlar uchun yaxshidir. Bordiyu (tavbadan) bosh tortsangiz, u holda bilib qo'yingizki, sizlar Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz. (Ey, Muhammad!) Kofir bo'lganlarga alamli azob haqida "xushxabar" bering!

9.4 . Ammo sizlar (mo'minlar) ahdlashgan mushriklar keyin sizlarga biror narsada noqislik (vafosizlik) qilmasalar va sizlarga qarshi hech kim bilan hamkorlik qilmasalar, u holda ularning ahdlarini (belgilangan) muddatlarigacha yetkazingiz! Albatta, Alloh taqvolilarni yaxshi ko'rgay.

9.5 . (Urush) harom qilingan oylar chiqishi bilan mushriklarni topgan joyingizda o'ldiringiz, tutingiz (asir olingiz), qamal qilingiz va har qanday pistirmalarda ularni kuzatib turingiz! Agar tavba qilib, namozni mukammal ado etsalar va zakot bersalar, ularni qo'yib yuboringiz! Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.

9.6 . Agar mushriklardan birortasi Sizdan himoya so'rasa, bas, uni himoyangizga oling, toki u Allohning kalomini eshitsin. So'ngra uni xavfsiz joyiga yetkazib qo'ying! Bu ularning bilmaydigan qavm bo'lganlaridandir.

9.7 . Alloh nazdida va Rasuli nazdida qanday ham mushriklarda ahd (vafo) bo'lsin?! Ammo sizlar (bilan) Masjidi Harom (Ka'ba) oldida ahdlashganlar esa, modomiki (ular ahdlarida) sizlar uchun to'g'ri turar ekanlar, (sizlar ham) ular uchun to'g'ri turingiz! Albatta, Alloh taqvodorlarni sevgay.

9.8 . (Ha) qanday ham?! Vaholanki, agar sizlarni yengsalar, sizlar uchun na ahdni va na shartni rioya qiladilar. Og'izlarida sizlarni rozi qiladilaru, dillari inkor etib (jirkanib) turadi. Aksariyatlari fosiq (itoatsiz)dirlar.

9.9 . Allohning oyatlarini ozgina bahoga sotadilar-da, Uning yo'lidan (odamlarni) to'sadilar. Ularning qilmishlari naqadar yomon?!

9.10 . Mo'min (odam) uchun na ahdga va na shartga rioya qiladilar. Ana o'shalar tajovuzkor (ham)dirlar.

9.11 . Agar tavba qilsalar va namozni mukammal ado etib, zakot bersalar, u holda (ular) sizlarning din jihatdan birodarlaringizdir. Biladigan qavm uchun oyatlarni batafsil bayon eturmiz.

9.12 . Agar ahdlashganlaridan keyin (uni) buzsalar va sizlarga diningizni ta'na qilsalar, unda (bu kabi) kufr peshvolariga qarshi jang qilingiz! Zero, ular uchun (hech qanday muqaddas) qasamlar yo'qdir. Shoyad (shunda qilmishlaridan) qaytsalar.

9.13 . Qasamlarini buzgan va Payg'ambarni (Makkadan) chiqarib yuborishga qasd qilgan hamda o'zlari birinchi bo'lib sizlarga qarshi (jang) boshlaganlar bilan jang qilmaysizlarmi?! Ulardan qo'rqasizlarmi?! Bas, qo'rqishlaringga Alloh haqliroqdir, agar mo'min esangiz.

9.14 . Ular bilan urushingiz, (shunda) Alloh ularni sizlarning qo'llaringiz bilan azoblaydi, (asirga tushirib) sharmsor qiladi va sizlarni ular ustidan g'alaba qozontiradi hamda mo'minlar qavmi siynalariga shifo beradi

9.15 . va dillaridagi alamni ketkazadi. Alloh (O'zi) xohlagan kishilarning tavbasini qabul etadi. Alloh bilimli va hikmatli (zot)dir.

9.16 . Yoki sizlardan (Haq yo'lida) kurashgan va Allohdan, Rasulidan va mo'minlardan o'zgalarni (sirdosh) do'st tutmaganlarni Alloh bilmay (sinamay) o'z hollaringizga tashlab qo'yilasizlar, deb hisobladingizmi? Alloh qilayotgan ishlaringizdan ogohdir.

9.17 . Mushriklar o'zlarining kofirliklariga guvoh bo'lgan hollarida Allohning masjidlarini obod qilishlari mumkin emas. Ana o'shalarning qilgan ishlari habata (behuda) ketib, do'zaxda o'zlari mangu qolurlar.

9.18 . Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni mukammal o'qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo'rqqanlar obod qilurlar. Aynan o'shalar hidoyat topuvchilardan bo'lishlari mumkin.

9.19 . Hojiga suv ulashish va Masjidi Haromni obod qilish (vazifalarini o'tayotganlar)ni Allohga va oxirat kuniga ishongan va Alloh yo'lida kurashganlar bilan teng qildingizmi?! Alloh nazdida (ular) teng bo'lmaydilar. Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmagay.

9.20 . Imon keltirgan, hijrat qilgan va Alloh yo'lida (toatida) mollari va jonlari bilan kurashganlar Allohning nazdida darajalari ulkan zotlardir va aynan o'shalar yutuq egalaridir.

9.21 . Parvardigorlari ularga O'z tarafidan rahmat, rizolik va ular uchun ne'matlari doimiy (bo'lmish) jannat (bog')lari to'g'risida xushxabar berur.

9.22 . (Ular) o'sha joylarda mangu qolurlar. Albatta, Allohning huzuridagina ulkan mukofot(lar) bordir.

9.23 . Ey, imon keltirganlar! Agar imondan kufrni yaxshiroq ko'rsalar, ota-onalaringiz va aka-ukalaringizni (ham) do'st tutmangiz! Sizlardan kimki ularni do'st tutsa, bas, ana o'shalar zolimlardir.

9.24 . Ayting (ey, Muhammad): "Agar otalaringiz, farzandlaringiz, aka-ukalaringiz, xotinlaringiz, qarindoshlaringiz, mehnat bilan topgan mol-mulklaringiz, kasod bo'lishidan qo'rqqan tijoratingiz va yoqtirgan maskanlaringiz, sizlar uchun Alloh va Rasulidan (Madinaga hijrat qilishdan), Uning (toati) yo'lidagi jiddu jahd qilishdan (ko'ra) suyukliroq bo'lsa, (unda) to Alloh o'z amri (azobi)ni keltirguniga qadar kutib turingiz! Alloh (esa) fosiqlar qavmini hidoyat etmagay."

9.25 . Alloh sizlarni ko'p joylarda va (xususan) Hunayn kunida g'olib etdi. O'shanda (son jihatdan) ko'pligingiz sizlarni mag'rurlantirgan edi, ammo (bu) sizlardan biror narsani daf qila olmadi va o'zining (shuncha) kengligi bilan yer (sizlarga) tanglik qilib qoldi. So'ngra ortingizga chekindingiz.

9.26 . So'ngra Alloh Rasuliga va mo'minlarga O'zining taskini (xotirjamligi)ni nozil etdi hamda sizlar oldin ko'rmagan lashkarlar (farishtalar)ni tushirdi va kofir bo'lganlarni azobladi. Bu kofirlarning jazosidir.

9.27 . So'ngra, o'sha (jang)dan keyin Alloh (O'zi) xohlaganlarning tavbasini qabul etadi. Alloh kechirimli va rahmlidir.

9.28 . Ey, imon keltirganlar! Albatta, mushriklar najas (nopok)dirlar*. Shu yillaridan keyin (ular) Masjidi Harom (Ka'ba)ga yaqinlashmasinlar! Agar (sizlar) faqirlikdan qo'rqsangiz, Alloh xohlasa, O'z fazli bilan sizlarni boyitajak. Albatta, Alloh bilimli va hikmatli (zot)dir.

9.29 . Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan, Alloh va Rasuli harom qilgan narsalarni harom sanamaydigan, haq din (Islom)ni din qilib olmaydigan ahli kitoblardan iborat kishilarga qarshi - to ular o'zlarini past tutib, jizya (soliq)ni naqd bermagunlaricha - jang qilingiz!

9.30 . Yahudiylar: "Uzayr - Allohning o'g'li", - dedilar, nasroniylar: "(Iso) Masih - Allohning o'g'li", - dedilar. Bu ularning og'izlaridagi (botil) gaplaridir. (Bu gaplari) xuddi avvalgi kofir bo'lganlarning gapiga o'xshaydi. Alloh ursin ularni! Qayoqqa og'ib ketmoqdalar?!

9.31 . (Ular) Allohni qo'yib, o'zlarining donishmandlari va rohiblarini hamda Masih ibn Maryamni rabb (iloh) qilib oldilar. Vaholanki, Yolg'iz Allohgagina ibodat qilishga buyurilgan edilar. Undan o'zga iloh yo'q! (Ularning) keltirgan shirklaridan U pokdir.

9.32 . (Ular) Allohning nuri (dini)ni og'izlari (inkorlari va shirklari) bilan o'chirmoqchi (yo'q qilmoqchi) bo'ladilar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasalar-da, O'z nurini kamoliga yetkazmasdan qo'ymagay.

  

9.33 . U Rasulini hidoyat va haq din bilan - garchi mushriklar yoqtirmasalar-da - barcha dinlar uzra g'olib qilish uchun yuborgan zotdir.

9.34 . Ey, imon keltirganlar! (Nasroniy) din peshvolari va rohiblarning ko'pchiligi odamlarning mollarini nohaqlik bilan yeydilar va (odamlarni) Alloh yo'lidan to'sadilar. Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo'lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob "xushxabari"ni bering!

9.35 . (Mazkur oltin-kumushlar) jahannam o'tida qizitilib, ular bilan peshonalari, yonlari, orqalari kuydirilgan kuni: "Bu o'zlaringiz uchun saqlagan xazinangizdir. Saqlagan xazinangiz (mazasini) totingiz!" (deyiladi).

9.36 . Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi - Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq - o'n ikki oydir. Ulardan to'rttasi (urush) harom qilingan oylardir*. Ana shu to'g'ri dindir. Bas, o'sha (oy)larda jang qilib o'zlaringizga zulm qilmangiz! Mushriklar (mazkur to'rt oy asnosida) sizlarga yoppasiga urush ochsalar, (sizlar ham) ularga yoppasiga urush ochingiz! Yana, bilib qo'yingizki, Alloh taqvolilar bilan birgadir!

9.37 . Albatta, (hurmatli oylarni) kechiktirish ortiqcha kofirlikdir. U bilan kofir bo'lganlarni chalg'itilur. (Ular) uni bir yil halolga, bir yil haromga chiqarib, Alloh harom qilgan (oylar) adadiga (o'zlaricha) moslab oladilar. Shu tarzda Alloh harom qilgan narsani "halollab" oladilar. Ularga (bu) yomon ishlari ziynatli (tuyuladigan) qilib qo'yildi. Alloh kofirlar qavmini hidoyatga boshlamagay.

9.38 . Ey, imon keltirganlar! Sizlarga ne bo'ldiki, Alloh yo'lida (yovga qarshi) qo'zg'alingiz, deyilsa, yerga og'irligingizni solasiz (chiqmay o'tirasiz)?! Oxiratdan (kechib) dunyo hayotiga rozi bo'lasizmi? Oxiratga nisbatan dunyo hayotining matohi (lazzati juda) ozdir!

9.39 . Agar (yovga qarshi) chiqmasangizlar, (Alloh) sizlarni alamli azob bilan azoblab, o'rningizga sizdan boshqa qavmni keltirur. Sizlar (esa) Unga biror narsada zarar yetkaza olmaysiz. Alloh har narsaga qodirdir.

9.40 . Agar sizlar unga (Muhammadga) yordam qilmasangiz, Alloh (O'zi) unga yordam qilgan. Qachonki, uni kofirlar ikki kishining biri sifatida (vatanidan) chiqarib yuborganlarida, ikkovilari g'orda turib, (Muhammad) hamrohi (Abu Bakr)ga: "Tashvish chekma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!" - degan edi*. Shunda Alloh unga taskin (xotirjamlik) nozil etdi va sizlar ko'rmagan lashkarlar (farishtalar) bilan uni quvvatladi hamda kofir bo'lganlar so'zini tuban qildi. Allohning so'zi esa, u yuksakdir. Alloh qudratli va hikmatli (zot)dir.

9.41 . Yengil va og'ir holatda (ham yovga qarshi) qo'zg'alingiz va Alloh yo'lida mollaringiz va jonlaringiz bilan jihod qilingiz! Agar bilsangiz, ana shu (ish)ingiz sizlar uchun yaxshidir.

9.42 . Agar (Sizning chaqirig'ingiz) yaqindagi buyum yoki o'rtacha (masofadagi oddiy) safar bo'lganda edi, (ular) Sizga ergashgan bo'lur edilar. Lekin ularga masofa uzoqlik qildi. Albatta, ular o'zlarini halok qilib (charchatib): "Qodir bo'lganimizda, sizlar bilan birga (jangga) chiqar edik", - deb Alloh nomiga qasam ichadilar. Alloh esa ularning (g'irt) yolg'onchi ekanliklarini bilur.

9.43 . Alloh Sizni afv etdi. (Lekin) Sizga rostgo'ylar aniqlanib, yolg'onchilarni bilmaguningizgacha, nega ularga (jangdan qolishga) ruxsat berdingiz?

9.44 . Allohga va oxirat kuniga imon keltiruvchilar mollari va jonlari bilan jihod qilishdan (qolish uchun) Sizdan ruxsat so'ramaydilar. Alloh taqvodorlarni (yaxshi) bilur.

9.45 . Balki, Sizdan Allohga va oxirat kuniga imon keltirmaydigan va dillari shak-shubhali bo'lganlargina (jangdan qolish uchun) ruxsat so'raydilar. Ular o'z shubhalarida ikkilanib yuraveradilar.

9.46 . Agar (ular) chiqishni istaganlarida, uning uchun tayyorgarlik ko'rib qo'ygan bo'lur edilar. Lekin Alloh (ularning) qo'zg'alishlarini yoqtirmaydi, ularni susaytirib qo'ydi va ularga: "O'tiruvchilar bilan birga o'tiraveringiz!" - deyildi.

9.47 . Agar ular sizlarning ichingizda (jangga) chiqqanlarida ham, sizlarga faqat buzg'unchilikni ziyoda qilib, oralaringizga (rahna) solib, sizlarni fitnaga duchor qilgan bo'lur edilar. Sizlarning ichingizda esa, ularga quloq soladigan (ishonuvchi)lar bor. Alloh zolimlarni biluvchidir.

9.48 . (Ular) oldin ham fitna qo'zg'atmoqchi bo'lgan va ular yoqtirmagan hollarida to haq (g'alaba) kelib, Allohning amri (dini) g'olib bo'lguncha ham ishlaringizni (makr-hiyla, ig'vo bilan) ostin-ustun qilgan edilar.

9.49 . Ular ichida: "Menga izn bering, meni fitnaga qo'ymang!" - deydiganlar ham bor. (Ular jangdan qolish bilan) fitnaga tushdilar-ku! Albatta, jahannam kofirlarni (o'ziga) qamrab oluvchidir.

9.50 . Agar Sizga biror yaxshilik (g'alaba yoki o'lja) yetishsa, (bu) ularga yoqmaydi. Agar Sizga biror musibat yetishsa: "Ishning oldini olibmiz", - deb xursand hollarida yuz o'girib ketadilar.

9.51 . Ayting: "Bizga Allohning yozib qo'yganidan o'zga narsa yetmaydi. U xojamizdir. Allohga esa, faqat mo'minlar tavakkul etsinlar!"

9.52 . Ayting: "Sizlar biz uchun ikki xayrli ishdan biri (bo'lishi)ni kutmoqdasiz. Biz ham sizlar uchun Allohning O'z huzuridan yoki bizning qo'limiz bilan sizlarga (yetadigan) biror azobni kutmoqdamiz. Bas, kutaveringiz! Biz ham sizlar bilan birga kutuvchilardirmiz".

9.53 . Ayting: "Xoh ixtiyoriy, xoh majburiy holda nafaqa (sadaqa) qilingiz, (baribir) sizlardan sira qabul qilinmagay. Zero, sizlar fosiqlar qavmi bo'lgansizlar".

9.54 . Nafaqa (sadaqa)larining qabul qilinishidan to'sgan narsa bu - ularning Allohga, Rasuliga kufr keltirganlari, namozga faqat sust holda kelishlari va nafaqa (sadaqa)ni faqat yoqtirmagan hollarida berishlaridir.

9.55 . Bas, Sizni ularning mol-mulklari ham, farzandlari ham taajjublantirmasin! Zero, Alloh o'shalar sababli dunyo hayotida ularni azoblashni* va kofirlik hollarida jonlari chiqishini iroda qilur.

9.56 . Ular: "Sizlardanmiz", - deb Alloh nomiga qasam ichadilar. Vaholanki, ular sizlardan emaslar. Balki, ular qo'rqadigan qavmdirlar.

9.57 . Agar ular boshpana yo g'orlar yoki kiradigan joy topsalar, o'sha yerga shitob ketgan bo'lur edilar.

9.58 . Ular ichida sadaqalar xususida Sizga ta'na qiladiganlar ham bor. Ularga u (sadaqa)lardan berilsa, rozi bo'ladilar. Bordiyu ularga ulardan berilmasa, unda ular birdan achchiqlanadilar.

9.59 . Agar ular Alloh va Rasuli ularga ato etgan narsaga rozi bo'lib: "Bizga Alloh kifoya. Bizga, albatta, Alloh o'z fazlidan ato etur va Rasuli ham. Biz Alloh (roziligi)gagina rag'bat qiluvchilarmiz", - desalar edi (o'zlariga yaxshi bo'lur edi).

9.60 . Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchilar, (haq to'lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo'lida hamda yo'lovchiga (berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli (zot)dir.

9.61 . Ular ichida Payg'ambarga aziyat yetkazadigan va "U quloq" (eshitganiga ishonaveradigan)dir deydiganlar ham bor. Ayting: "(U) yaxshilik qulog'i, Allohga imon keltiruvchi, mo'minlarga ishonuvchi va sizlardan imon keltirganlaringiz uchun rahmat (manbai)dir. Allohning Rasuliga aziyat yetkazadiganlar - ular uchun alamli azob (bor)dir".

9.62 . Ular (munofiqlar) sizlarni qoniqtirish uchun (Payg'ambarga aziyat yetkazmadik, deb) qasam ichadilar. Agar mo'min bo'lsalar, (bilib qo'ysinlarki) qoniqtirishlariga Alloh va Rasuli loyiqroqdir.

9.63 . Kimki, Alloh va Rasuli (belgilagan) haddan tajovuz etsa, uning uchun mangulikdagi jahannam olovi bo'lishini bilmaganmidilar?! Bu ulkan sharmsorlik-ku!

9.64 . Munofiqlar o'zlari haqida dillaridagi narsa (munofiqlik)ni fosh qiladigan sura nozil qilinishidan qo'rqib turadilar. Ayting: "Masxara qilaveringiz, Alloh siz qo'rqayotgan (o'sha) narsani (yuzaga) chiqaruvchidir".

9.65 . Qasamki, agar ulardan (nega masxara qilasiz, deb) so'rasangiz, albatta, ular: "Biz faqat (bahsga) cho'mib, hazillashyapmiz", - deyishadi. Ayting: "Allohni, oyatlarini va Rasulini masxara qilayotgan edingizmi?!"

9.66 . Uzr aytmangiz! Imoningizdan keyin (yana) kufrga ketgansiz. Agar sizlardan bir toifani (tavba qilgach) afv etsak, boshqa bir toifani jinoyatchi bo'lganlari sababli azoblaymiz.

9.67 . Munofiq erkaklar bilan munofiq ayollar bir-birlaridandirlar*. (Ular odamlarni) yomonlikka buyuradilar, yaxshilikdan qaytaradilar va qo'llarini (xayr-ehsondan) yumadilar. Allohni unutishgach, (U) ham ularni "unutadi". Munofiqlar, albatta, fosiqdirlar.

9.68 . Munofiqlar, munofiqalar va kofirlarga Alloh (ular) abadiy qoladigan jahannam olovini va'da qildi. Ularga u kifoyadir. Ularni Alloh la'natladi. Ular uchun yana doimiy azob bordir.

9.69 . (Sizlar, ey, munofiqlar!) Xuddi sizlardan oldingi (munofiq)larga o'xshaysizlar. (Ular) sizlardan quvvatliroq, mol-mulklari va farzandlari ko'proq edi, nasibalaridan bahramand bo'ldilar. Sizlardan oldingilar nasibalaridan bahramand bo'lganlari kabi Sizlar ham (o'z) nasibalaringizdan bahramand bo'ldingiz va (ular) sho'ng'igan narsa (zalolat)ga (sizlar ham) sho'ng'idingiz. Ana o'shalarning (dunyoda qilgan savobli) amallari behuda ketdi. Ziyon ko'ruvchilar ham ana o'shalardir.

9.70 . Ularga o'zlaridan oldingilar - Nuh, Od, Samud qavmlari, Ibrohim qavmi, Madyan (shahri) aholisi (Shuayb qavmi) hamda ostin-ustun bo'lgan shaharlar (Lut qavmi)ning xabarlari (yetib) kelmabdimi?! Ularga (o'z) payg'ambarlari hujjatlar (mo''jizalar)ni keltirgan edilar. Bas, Alloh ularga zulm qiluvchi bo'lmadi, balki o'zlariga zulm qiluvchi bo'ldilar.

9.71 . Mo'minlar va mo'minalar bir-birlariga do'stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni mukammal ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o'shalarga Alloh marhamat ko'rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir.

9.72 . Alloh mo'minlar va mo'minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaydigan jannat (bog')laridagi pok maskanlarni va'da qildi. Allohning rizosi esa, (hammasidan) kattaroqdir. Ana shu(lar) ulkan yutuqdir.

9.73 . Ey, Payg'ambar! Kofirlar va munofiqlarga qarshi kurashing va ularga nisbatan (Siz ham) dag'allik qiling! Ularning joylari jahannamdir. Naqadar mudhish qismat bu!

9.74 . (Yomon so'z) aytmadik, deb qasam ichadilar. Vaholanki, kufr so'zini aytganlar va islomlaridan keyin (yana) kufrga qaytganlar hamda yetolmagan narsalariga* qasd qilganlar. Alloh va (Uning) Rasuli ularni (Payg'ambar va sahobalarini) fazli (o'ljalar) bilan boyitib qo'ygani uchungina (munofiqlar) ularni yoqtirmadilar. Bas, agar tavba qilsalar, o'zlari uchun yaxshi. Bordi-yu bosh tortsalar, Alloh ularni ham bu dunyo, ham oxiratda alamli azob bilan azoblagay. Yer (yuzi)da ularga na bir do'st va na yordam beruvchi bor.

9.75 . Ular orasida: "Agarda bizga (Alloh) fazli (boyligi)dan bersa, albatta, sadaqa qilurmiz va solih (kishi)lardan bo'lurmiz", - deb Alloh bilan ahdlashadiganlar ham bor.

9.76 . Alloh ularga fazlidan berganda esa, (ular) unga baxillik qildilar va yuz o'girib ketdilar.

9.77 . Allohga bergan va'dalariga xilof qilganlari va yolg'onchilik qilganlari sababli ularga, to Uni uchratadigan kunlari (qiyomat)gacha dillarida munofiqlik bo'lishini qismat qilib qo'ydi.

9.78 . Allohning ular yashirgan va shivirlaganlarini ham bilishini va Allohning g'ayb narsalarni ham allomasi ekanligini bilmaganmidilar?!

9.79 . Mo'minlardan ixtiyoriy iona qiluvchilarini va zo'rg'a topib-tutuvchilarni masxaralaydiganlarni Alloh "masxara" qiladi va ular uchun alamli azob (bor)dir.

9.80 . Ular uchun (Siz) xoh kechirim so'rang, xoh kechirim so'ramang - agar yetmish bor ular uchun kechirim so'rasangiz ham - Alloh sira ularni kechirmagay. Bu ularning Alloh va Rasuliga kufr keltirganlaridandir. Alloh esa fosiqlar qavmini hidoyat qilmagay.

9.81 . (Jangdan soxta uzrlar bilan) qolganlar Allohning rasuliga xilof qilib o'tirishlaridan (o'zlari) shod bo'ldilar va mollariyu jonlari bilan Alloh yo'lida jihod qilishni yoqtirmadilar. Hamda: "Issiqda (jangga) chiqmanglar!" - deyishdi. Ayting: "Agar anglaganlarida edi, jahannam olovi (undan) issiqroqdir".

9.82 . Bas, (ular) qilmishlarining jazosi uchun (bu dunyoda) oz kulsinlar va (oxiratda) ko'p yig'lasinlar!

9.83 . Bas, agar Alloh Sizni (yana) biror toifa (yov)ga (to'qnashish uchun) qaytarganda Sizdan (jangga) chiqishga izn so'rasalar, ayting: "Men bilan birga (endi) sira chiqmaysizlar va Men bilan birga biror dushmanga qarshi urushmaysizlar ham. Zero, sizlar avvalgi gal (jangga chiqmay) o'tirishga rozi bo'ldingizlar. Yana qoluvchilar bilan (qolib) o'tiraveringizlar!"

9.84 . Ulardan o'lgan biror kishiga zinhor janoza namozini o'qimang va qabri ustida ham turmang! Zero, ular Allohga va Rasuliga kufr keltirdilar hamda fosiqlik hollarida o'ldilar.

9.85 . Ularning mol-mulklari va farzandlari (ko'pligi) Sizni taajjublantirmasin! Zero, Alloh ularni (shu dunyoda) o'shalar (tashvishlari) sababli azoblashni va kofirlik hollarida jonlari chiqishini iroda etadi.

9.86 . "Allohga imon keltiringiz va Rasuli bilan birga jihod qilingiz!" - degan (mazmundagi) sura (oyat) nozil qilinsa, ularning iqtidorli (boy)lari (darhol) izn so'rab: "Bizni qo'ygin, o'tiruvchilar bilan birga bo'laylik!" - deydilar.

9.87 . (Ular) qoluvchi (ayol va bola)lar bilan birga bo'lishga rozi bo'ldilar. Dillari esa muhrlab qo'yildi. Bas, ular (jihodning fazlini) anglamaydilar.

9.88 . Lekin, Rasul va u bilan birga imon keltirganlar jonlari va mollari bilan jihod qildilar. Yaxshiliklar ana o'shalar uchundir va tolei yor kishilar ham aynan o'shalardir.

9.89 . Alloh ular uchun ostidan anhorlar oqadigan, unda mangu qolinadigan jannat (bog')larni tayyorlab qo'ygandir. Ana o'sha - ulkan yutuqdir.

9.90 . A'robiy (badaviy)lardan ularga ruxsat berilishi uchun uzr ko'rsatuvchilar keldi va (shunday qilib) Allohga va Rasuliga yolg'on gapirganlar (jangga chiqmay uylarida) o'tirdilar. Albatta, ulardan kofir bo'lganlariga alamli azob yetqusidir.

9.91 . Zaiflar, bemorlar va (jang uchun) xarj qilishga narsa topa olmaydiganlarga - Alloh va Rasuliga sodiq turgan bo'lsalar - qiyinchilik (majburlik) yo'q. Ezgu ish qiluvchilar (sha'ni)ga (ta'na uchun) yo'l yo'q. Alloh kechirimli va rahmlidir.

9.92 . Shuningdek, Sizning huzuringizga ularni ulovli qilib qo'yishingiz uchun kelganlarida, "sizlarni ulovli qilishga narsa topa olmayman", - dedingiz. Ular esa sarf qilishga narsa topa olmaganlari uchun g'amgin bo'lib, ko'zlaridan yosh oqib qaytib ketdilar. Ularga ham (ta'na yo'q).

9.93 . (Ta'na uchun) yo'l - o'zlari boy bo'la turib, Sizdan ruxsat so'raydiganlar (sha'ni)gadir. (Ular) qoluvchi (ayol)lar bilan birga bo'lishga rozi bo'ldilar. Alloh ularning dillarini muhrlab qo'ydi. Bas, ular (shuning uchun savob bilan gunoh farqini) bilmaydilar.

9.94 . Ular sari qaytganlaringizda, sizlarga uzrlarini aytadilar. Ayting: "Uzr aytmangizlar! Sizlarga sira ishonmaymiz. Alloh bizlarga sizlarning xabarlaringizdan bildirdi. Albatta, Alloh va Rasuli ishlaringizni ko'rar. So'ngra g'oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (zot - Alloh)ga qaytarilursizlar. Bas, (U) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur".

9.95 . Ular huzuriga qaytganlaringizda ulardan (uzrli deb bilib) beparvo bo'lishlaringiz uchun Alloh (nomi) bilan qasam ichadilar. Mayli, ularga parvo qilmangiz! Zero, ular nopokdirlar. Joylari esa, qilmishlariga yarasha, jahannamdir.

9.96 . Ulardan qanoat hosil qilishlaringiz uchun sizlarga qasamyod etadilar. Sizlar ulardan qanoatlansangiz ham, Alloh fosiqlar qavmidan sira rozi bo'lmas.

9.97 . A'robiylar (odatda) kufr va nifoqda kuchliroq va Allohning Rasuliga nozil qilgan narsalar hududini bilmasliklari aniqroqdir. Alloh (esa) ilmli va hikmatlidir.

9.98 . A'robiylar ichida qilgan sadaqasini zarar (ortiqcha chiqim) deb biladigan va sizlarga musibatlar bo'lishini kutib turadiganlar ham bor. Ularga yomon balo bo'lsin! Alloh eshituvchi va biluvchidir.

9.99 . A'robiylar ichida Allohga va oxirat kuniga imon keltiradigan, qilgan sadaqalarini Alloh huzurida yaqinlik va Rasul olqishi deb biladiganlari ham bor. Albatta, u ular uchun (Allohga) yaqinlikdir. Alloh ularni, albatta, o'z rahmati (jannati)ga kirgizur. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.

9.100 . Muhojirlar va ansorlarning dastlabki peshqadamlari hamda ular ortidan ezgulik bilan borganlardan Alloh rozi bo'ldi, ular ham Undan rozi bo'ldilar. Yana ular uchun ostida anhorlar oquvchi, (ular) unda abadiy mangu qoladigan (jannat) bog'larini tayyorlab qo'ydi. Ana o'sha ulkan yutuqdir.

9.101 . Tevaragingizdagi a'robiylar va Madina aholisi ichida ( ya`ni o`zini sizga yaqin qilib yurgan sahobalar ichida ) munofiqlar bor. (Ular) nifoqda bardavomdirlar. Ularni (Siz) bilmaysiz, ularni Biz bilamiz. Albatta, ularni ikki bor azoblaymiz. So'ngra (qiyomatda) ulkan azob (do'zax)ga qaytarilurlar.

9.102 . Yana boshqalari ham borki, gunohlarini tan olurlar. Yaxshi ishni boshqa – yomoniga aralashtirib yuborganlar. Alloh ularning tavbalarini shoyad qabul qilsa. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.

9.103 . Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling va ular (haqqi)ga duo qiling! Albatta, duoingiz ularga taskin (tasalli)dir. Alloh eshituvchi va biluvchidir.

9.104 . Ular Allohning bandalari tomonidan (qilinadigan) tavbani qabul etishini, sadaqalarni olishini hamda Alloh tavbalarini qabul etuvchi va rahmli ekanligini bilmaganmidilar?!

9.105 . Ayting: "Ishlangizlar! Albatta, Alloh, Rasuli va mo'minlar ishlaringizni ko'rajaklar. Shuningdek, albatta, g'oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (zot) huzuriga qaytarilursizlar. Bas, (o'shanda) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur.

9.106 . Yana Allohning amriga havola etilgan boshqalari ham borki, ularni yo azoblar yoki tavbalarini qabul etar. Alloh bilimli va hikmatlidir.

9.107 . Yana shundaylar ham borki, ular (mo’minlarga) zarar yetkazish, kufr, mo'minlar orasiga tafriqa solish va oldin Alloh va (Uning) Rasuliga qarshi urushgan (bir) kishiga ko'z tutish uchun masjid qurib oldilar. Yana: "Faqat (bundan) yaxshilikni istagan edik",-deb qasam ham ichadilar. Alloh guvohlik beradiki, ular, albatta, yolg'onchidirlar!

9.108 . (Ey, Muhammad,) zinhor (Siz) unda (namoz o'qish uchun) turmang! Birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid - Sizning o'shanda turishingiz loyiqroqdir. Unda poklanishni xush ko'radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar.

9.109 . Binolarini Allohdan (beriluvchi) taqvo va rozilik asosida qurgan kishi yaxshiroqmi yoki binolariga qulayotgan jar yoqasini asos qilib olgan va shu sababli (o'zi ham) jahannam o'tiga qulagan kishimi?! Alloh zolimlar qavmini hidoyat qilmagay.

9.110 . Qurgan binolari (buzib tashlangach,) to yuraklari yorilgunga (o'lgunga) qadar dillarida shak bo'lib qolur. Alloh bilimli va hikmatlidir.

9.111 . Alloh mo'minlardan jonlari va mollarini jannat evaziga sotib oldi: Alloh yo'lida jang qilib, o'ldiradilar va o'ldiriladilar. Tavrot, Injil, va Qur'onda O'zining haq va'dasini bergan Allohdan ko'ra kim ahdiga vafodorroqdir?! Bas, bitishgan bu savdolaringizdan shodlaningizlar! Ana o'sha ulkan yutuqdir!

9.112 . (Ular) tavba qiluvchilar, ibodat qiluvchilar, hamd (shukrona) aytuvchilar, ro'za tutuvchilar, ruku' etuvchilar, sajda qiluvchilar, yaxshilikka buyuruvchilar, yomonlikdan qaytaruvchilar va Allohning hududi (buyruqlari)ni rioya qiluvchilardir. Mo'minlarga xushxabar bering!

9.113 . Na payg'ambar va na mo'minlar mushriklar uchun, garchi ular qarindoshlari bo'lsa ham - ularning do'zax ahli ekanliklari ma'lum bo'lgandan keyin - istig'for (gunohlarini kechirishini) so'rashlari joiz emas.

9.114 . Ibrohimning (o'z) otasi uchun istig'for so'rashi faqat unga qilgan va'dasi tufayli edi. Allohning dushmani ekanligi bilingandan keyin undan (otasidan) voz kechdi. Albatta, Ibrohim oqko'ngil va halimdir.

9.115 . Alloh biror qavmni hidoyat qilgandan keyin to ularga nimadan saqlanishlarini bayon qilmagunicha, ularni adashtiruvchi bo'lmagan. Albatta, Alloh har narsani biluvchidir.

9.116 . Albatta, osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga xosdir. (U) tiriltiradi va o'ldiradi. Sizlar uchun Allohdan o'zga do'st ham, yordamchi ham yo'qdir.

9.117 . Alloh Payg'ambarning, muhojirlar va ansorlarning tavbalarini qabul etdi. Ulardan bir guruhining dillari chalg'iyozgandan keyin og'ir (bir) soatda unga ergashgan edilar. So'ng tavbalarini qabul etdi. Albatta, U ularga mushfiq va rahmlidir.

9.118 . Yana (jangga chiqmay) qolgan uch kishining ham (tavbalarini qabul etdi)*. Ularga Yer (shuncha) kengligi bilan torlik qilgach va dillari tang bo'lgach hamda Alloh (g'azabi)dan faqat Unga qochish bilan panoh topilishini bilishgach, so'ngra ular tavba qiluvchilardan bo'lishlari uchun Alloh tavbalarini qabul etdi. Albatta, Alloh tavbalarni qabul etuvchi va o'ta rahmlidir.

9.119 . Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo'rqingiz va (imonda) sodiq kishilar bilan birga bo'lingiz!

9.120 . Madina aholisi va ularning tevaragidagi a'robiylar uchun Allohning Rasulidan qolishlari va undan kechib o'zlari bilan mashg'ul bo'lishlari joiz emas edi. Buning boisi-ularga Alloh yo'lida biror tashnalik, qiyinchilik, ochlik yetsa va kofirlarni jahlini chiqaradigan qadam bossalar, dushmanga biror musibat yetkazsalar, albatta, ularga shu sababli yaxshi amal yozilur. Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilar mukofotini zoye qilmas.

9.121 . Biror kichik yoki katta sadaqa qilsalar yoki (Alloh yo'lida) biror vodiyni bosib o'tsalar, albatta, qilgan yaxshi ishlari sababli Alloh ularni mukofatlashi uchun ularga (savob) bitilur.

9.122 . Mo'minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari) dinni o'rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!

9.123 . Ey, imon keltirganlar! Yaqinlaringizdagi kofirlarga qarshi jang qilingiz! Ular sizlardan dag'allikni topsinlar! Yana bilib qo'yingizki, albatta, Alloh taqvolilar bilan birgadir.

9.124 . Biror sura nozil qilinsa, ular ichida: "Bu (sura) qaysilaringning imonlaringizni ziyoda etdi?" - deydigan (munofiq)lar ham bo'ladi. Ammo imon keltirganlarning imonlarini esa (bu sura) ziyoda qilur va ular shod bo'lurlar.

9.125 . Ammo dillarida illat (shak va nifoq) bo'lganlarning esa, iflosliklari (kufrlari)ga yana ifloslik (kufr) qo'shiladi va ular kofirlik hollarida o'lurlar.

9.126 . Ko'rmaydilarmi, (ular) har yili bir yoki ikki marta sinovga uchramoqdalar. (Shundan) so'ng (ham) na tavba qiladilar va na eslatma oladilar.

9.127 . Biror sura nozil qilinsa: "Sizlarni biror kishi ko'rmayaptimi?" - deb bir-birlariga qarab olib, so'ngra (uylariga) qaytadilar. Anglamaydigan qavm bo'lganlari sababli Alloh ularning dillarini (aksiga) burib qo'ygandir.

9.128 . Haqiqatan, sizlarga o'zlaringizdan (chiqqan), sizlarning qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan qiziquvchi va mo'minlarga mushfiq va rahmdil Rasul kelgandir.

9.129 . Bas, (shunda ham) yuz o'girsalar, ayting: "Menga Alloh kifoyadir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Unga tavakkul qildim. U buyuk Arshning rabbidir!".