') //-->
83.1 . (O'lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy!
83.2 . Ular odamlardan (biror narsani) o'lchab olgan vaqtlarida to'la qilib oladigan,
83.3 . ularga o'lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir.
83.4 . Ular qayta tiriluvchi ekanliklarini o'ylamaydilarmi
83.5 . Ulug’ kun (Qiyomat)da -
83.6 . odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida tik turadigan (hisob-kitob beradigan) kun-da?!
83.7 . Yo'q! Albatta, fojirlarning nomai a'mollari, albatta, Sijjiynda bo'lur.
83.8 . (Ey, Muhammad,) Sijjiyn nima ekanini qayerdan ham bilursiz?
83.9 . (U) bitilgan kitobdir.
83.10 . U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!
83.11 . Ular jazo (Qiyomat) Kunini inkor etadigan kimsalardir.
83.12 . U (Kun)ni gunohga botgan har bir tajovuzkorgina inkor etar.
83.13 . Qachonki, (unday kimsaga) oyatlarimiz tilovat qilinsa, u: "(Bu) avvalgilarning afsonalari", - der.
83.14 . Yo'q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o'zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir.
83.15 . Shubha yo'qki, ular o'sha (Qiyomat) Kunida Parvardigorlari (diydori)dan to'siluvchidirlar.
83.16 . So'ngra, albatta, ular do'zaxda toblanuvchidirlar.
83.17 . So'ngra (ularga): "Mana shu sizlar yolg’on deb yurgan narsadir", - deyilur.
83.18 . Darhaqiqat, yaxshilarning nomai a'mollari, albatta, Illiyyundadir.
83.19 . (Ey, Muhammad,) Illiyyun nima ekanini qayerdan ham bilursiz?!
83.20 . (U) bitilgan kitobdirki,
83.21 . unga (Allohga) yaqin (farishta)lar guvoh bo'lurlar.
83.22 . Albatta, yaxshilar (mo'minlar jannat) ne'matlari ichradirlar.
83.23 . Ular so'rilarda, (ne'matlarga) boqurlar.
83.24 . Ularning yuzlarida ne'matlarning tarovatini tanirsiz (ko'rursiz).
83.25 . Ularga (jannatda) muhrlangan maydan ichirilurki,
83.26 . u (may)ning muhri mushkdir. Bas, musobaqachilar mana shu (ne'mat) yo'lida musobaqa qilsinlar!
83.27 . U (may)ning mijozi tasnimdandir.
83.28 . (Tasnim Allohga) yaqin (banda)lar ichadigan bir chashmadir.
83.29 . Darvoqe, jinoyatkor (kofir)lar imon keltirgan zotlardan (masxara) qilib kular edilar.
83.30 . Qachonki, ularning oldidan o'tsalar, birbirlariga ko'z qisishib, imo-ishora qilardilar.
83.31 . Qachonki, uylariga qaytsalar, (qilmishlaridan) zavqlanib qaytardilar.
83.32 . Qachonki, ularni (mo'minlarni) ko'rsalar, "Ana ular, shubhasiz, yo'ldan ozgan kimsalardir", -derdilar.
83.33 . Holbuki, ular (mo'minlarning) ustiga qo'riqchi qilib yuborilgan emasdilar.
83.34 . Endi bugun imon keltirganlar kofirlardan kulurlar.
83.35 . Ular (jannatdagi) so'rilarda (kofirlar holiga) boqib (o'tirurlar).
83.36 . Kofirlar qilmishlarining jazosini oldilarmi?!