') //-->
8.1 . Sizdan (ey, Muhammad,) o'ljalar haqida so'raydilar. Ayting: "O'ljalar Alloh va Payg'ambarnikidir. Bas, Allohdan qo'rqingiz va oralaringizni tuzatingiz! Agar mo'min bo'lsangizlar, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingizlar!
8.2 . Mo'minlar - Alloh (nomi) zikr etilganda - dillari qo'rquvda bo'ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganda - imonlari ziyoda bo'ladigan, Parvardigorlarigagina tavakkul qiladigan,
8.3 . namozni mukammal o'qiydigan va rizq qilib berganimizdan ehson qiladigan kishilardir.
8.4 .Aynan o'shalar haqiqiy mo'minlardir. Ular uchun Parvardigorlari huzurida darajalar va farovon rizq (bordir).
8.5 .(Bu) Rabbingiz uyingizdan Sizni haq (yo'l) bilan chiqargani kabidir. Mo'minlardan bir guruhi esa (bu chiqishni) yoqtirmaydiganlardir.
8.6 . Siz bilan haq to'g'risida (u) ayon bo'lgandan keyin bahslashmoqdalar. (Bu) go'yoki, qarab turgan hollarida, ularni o'lim sari haydalayotgandekdir.
8.7 . Allohning ikki toifadan biri sizlarga bo'ladi, deb va'da qilganini eslang. Vaholanki, shavkatli bo'lmagani sizlarga bo'lishini xohlaysizlar. Alloh (esa) o'z kalima (amr)lari bilan haqni haqqa chiqarish va kofirlarni tor-mor qilishni xohlaydi.
8.8 .Jinoyatchilar (mushriklar) yoqtirmasalar ham (Alloh) haqni haq, nohaqni nohaq (ekanini isbot) etish uchun (shu ishlarni qiladi).
8.9 .Rabbingizga (yordam so'rab) faryod qilganingizda: "Men sizlarga ketma-ket (keluvchi) ming nafar farishta bilan madad beruvchidirman", - deb (duoingizni) ijobat etganini eslang!
8.10 . Alloh (bu yordamni) faqat (sizlarga) xushxabar bo'lishi va dillaringiz taskin topishi uchun qildi. G'alaba faqat Alloh huzuridangina (bo'lur). Alloh, albatta, qudrat va hikmat sohibidir.
8.11 . Uning tarafidan xotirjamlik uchun sizlarni mudroq bostirgani, ustilaringizga osmondan suv (yomg'ir) tushirib, u bilan sizlarni poklash, shaytonning vasvasasini sizlardan daf etish, dillaringizga (o'zaro) aloqa paydo qilish va u bilan qadamlaringizni sobit (mustahkam) qilishni iroda etganini eslang!
8.12 . Rabbingiz farishtalarga vahiy qilib: "Men sizlar bilan birgadirman. Bas, imon keltirganlarni sabotga undangiz! Kufrga ketganlarning dillariga qo'rquv solib qo'yajakman. Bo'yinlar uzra uringiz (qatl etingiz) va ularning har bir barmog'iga (har taraflama) zarba beringiz", - deganimni eslang!
8.13 . Bu shuning uchunki, ular Alloh va Rasuliga muxolif bo'ldilar. Kimki Alloh va Rasuliga muxoliflik qilsa, bas, Alloh jazosi qattiq zotdir.
8.14 . Ana shu sizlarga! Uni totib ko'ringiz! Kofirlar uchun (esa) do'zax azobi muqarrardir.
8.15 . Ey, imon keltirganlar! Kofir bo'lganlar to'dasi bilan to'qnashganingizda, ulardan ortga qarab chekinmangiz!
8.16 . Kimki o'sha kuni ulardan ortga chekinsa - jang ishi bilan chetlagan va biror bo'linmaga qo'shilishga borganlar bundan mustasno - Allohning g'azabi bilan (birga) qaytgan bo'lib, joyi jahannam bo'lur. Qanday ham yomon oqibat bu?!
8.17 . Ularni sizlar o'ldirmadingiz, balki ularni Alloh o'ldirdi. Otganingizda Siz otmadingiz (ey, Muhammad,) balki Alloh otdi. Mo'minlarni O'zining yaxshi sinovi bilan (bir) sinash uchun (shunday qildi). Albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir.
8.18 .Sizlarga - shu! Alloh esa kofirlar makrini susaytiruvchidir.
8.19 . Agar yordam so'rasangiz, mana sizlarga yordam keldi. Agar tiyilsangiz, unda u sizlar uchun yaxshidir. Bordi-yu (yana) qaytsangiz, (Biz ham) qaytamiz. Sizlarga to'dangiz biror foyda bermaydi, garchi ko'pchilik bo'lsa ham. Alloh esa, mo'minlar bilan birgadir.
8.20 . Ey, imon keltirganlar, Allohga va (Uning) Rasuliga itoat etingiz! O'zlaringiz eshitib turib, Undan yuz o'girib ketmangiz!
8.21 .O'zlari eshitmasalarda, "Eshitdik" deydiganlardan bo'lmangiz!
8.22 . Allohning nazdida hayvonlarning eng yomoni bu aqlni ishlatmaydigan "kar" va "soqov"lardir.
8.23 . Agar Alloh ularda yaxshilik (bo'lishi)ni bilsa edi, ularni eshitadigan qilib qo'yar edi. Eshitadigan qilganda ham (ular) bosh tortib, yuz o'girgan bo'lar edilar.
8.24 . Ey, imon keltirganlar! Sizlarni tiriltiruvchi narsa (ilm olish) uchun chorlaganlarida, Allohga va Rasulga (labbay deb) javob qilingizlar! Yana bilib qo'yingizki, Alloh inson bilan uning dili (o'rtasi)da "parda"ni bo'lib turadi va Uning (huzuriga) jam bo'lursizlar.
8.25 . Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo'yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir.
8.26 .Yana, sizlar Yerda (Makkada) ozchilik va zaiflashgan holingizda, odamlar (mushriklar) sizlarni talon-taroj qilib ketishlaridan qo'rqib turganingizda, sizlarga (Madinadan) joy berib, yordami bilan sizlarni quvvatlagani va shukr qilarsizlar, deb pokiza (ne'mat)lar bilan rizqlantirganini eslangizlar!
8.27 . Ey, imon keltirganlar! Allohga va Rasulga (buyruqlariga) xiyonat qilmangiz va (bir-biringizdagi qo'ygan) omonatlaringizga (ham) bilib turib xiyonat qilmangiz!
8.28 . Bilib qo'yingizki, albatta, mol-mulklaringiz va farzandlaringiz fitna (gunoh, azob va mashaqqat manbai)dir. Allohning huzurida (esa) ulkan mukofot (bordir).
8.29 . Ey, imon keltirganlar! Agar Allohdan qo'rqsangiz, Sizlar uchun (haq bilan nohaqlikni) ajrim etuvchi (yordam)ni berur va gunohlaringdan o'tib, sizlarni mag'firat qilur. Alloh ulkan fazl sohibidir.
8.30 .Kofir bo'lganlarning Sizni asir olish yo o'ldirish yoki (yurtdan) chiqarib yuborish uchun makr qilganlarini eslang! (Ular) makr qiladilar, Alloh (ham) "makr" qiladi*. Alloh makr qiluvchilarning yaxshisidir.
8.31 .Ularga oyatlarimiz o'qib berilsa, "Eshitdik, bas! Xohlasak, (biz ham) shunga o'xshash (oyatlar)ni aytar edik. Bu avvalgilarning afsonalaridan boshqa narsa emas",- deyishadi.
8.32. Ular: "Ey, Alloh! Agar shu (Qur'on) Sening huzuringdanligi haq bo'lsa, (mayli) ustimizga osmondan tosh yog'dir yoki bizga alamli azob keltir",- deganlarini eslang!
8.33 . Ularning ichida Siz bo'la turib, Alloh ularni azoblovchi emas. Ular istig'for aytib (kechirim so'rab) turgan hollarida ham Alloh ularni azoblovchi emas.
8.34 . Ularga ne bo'ldiki, (mo'minlarni) Masjidi Harom (ziyorati)dan to'ssalar ham, ularni Alloh azoblamasin, deydilar?! Ular uning (Masjidi Harom)ning egasi emaslar. Uning egalari faqat taqvoli (mo'min) kishilardir. Lekin, ularning aksariyati (buni) bilmaydilar.
8.35 . Ularning Bayt (Ka'ba) oldidagi namozlari faqat hushtak va chapak chalishdan iborat edi*. Bas, (ey, mushriklar, Badr jangi kuni) kufringiz sababli azobni totingiz!
8.36 . Kofir bo'lganlar mol-mulklarini Alloh yo'lidan to'sish uchun sarflaydilar. Bas, ularni sarflaydilar-u, (lekin) o'zlariga (bu) hasrat bo'lib, so'ngra mag'lubiyatga uchraydilar. Kofir bo'lganlar jahannamga (haydalish uchun) jam qilinurlar.
8.37 .(Bu) Allohning nopokni pokdan ajrim etishi va nopok (kimsa-kofir)larni bir-birlariga qo'shib, qalashgan hollarida hammasini jahannamga tashlashi uchundir. Ana o'shalar ziyon ko'ruvchilardir!
8.38 . Kofir bo'lganlarga ayting, agar (kufrdan) to'xtasalar, o'tmish (gunoh)lari kechirilur. Bordiyu (kufrga) qaytsalar, (unda) oldingilarning yo'li (ibrat sifatida) o'tgan.
8.39 . Fitna (shirk) yo'q bo'lgunicha va din butunlay Allohga bo'lgunga qadar ular bilan urishingiz! Agar (kufr)dan qaytsalar, albatta, Alloh ularning ishlarini ko'rib turuvchidir.
8.40 . Bordiyu (ular) yuz o'girsalar, bilib qo'yingizki, Alloh xojangizdir. (U) naqadar yaxshi xoja va naqadar yaxshi madadkordir!
8.41 . Agar Allohga va ajrim kuni* - ikki qo'shin to'qnashgan kuni - bandamiz (Muhammad)ga nozil qilgan narsamiz (oyatlar, farishtalar, g'alaba)ga imon keltirgan bo'lsangiz, bilib qo'yingizki, o'lja qilib olgan narsalaringizning yoki tirikchilik qilib topgan mollaringizdan beshdan biri Allohga, Rasulga, qarindoshlariga (ya`ni sayyidlarga) , yetimlar, miskinlar va musofirlarga (tegishli)dir. Alloh har narsaga qodirdir.
8.42 . Qaysiki, sizlar (Madina)ga yaqinroq tomonda, ular (mushrik)lar uzoqroq tomonda, otliqlar esa sizlardan pastroqda edilar. Agar (mushriklar bilan) va'dalashganingizda ham (baribir) va'da joyi va vaqtida kelisha olmagan bo'lur edingiz. Lekin, Alloh (jang sababli) halok bo'lganlar ham hujjat bilan halok bo'lishlari, tirik qolganlar ham hujjat bilan tirik qolishlari uchun bo'ladigan ishni (taqdir)ni tamomiga yetkazish maqsadida (yov bilan tasodifan to'qnashtirib qo'ydi). Albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir.
8.43 .Tushingizda Alloh ularni Sizga ozchilik qilib ko'rsatganini eslang! Agar ularni Sizga ko'pchilik qilib ko'rsatganda edi, sizlar sustlashib qolgan va bu ish (jang) to'g'risida nizolashgan bo'lur edingiz. Lekin, Alloh sizlarni (bundan) salomat qildi. Albatta, U siynalar (dillar)dagi sirlarni biluvchidir.
8.44 . Bo'ladigan ish (taqdir)ni tamomiga yetkazish uchun (yov bilan) to'qnashganingizda, ko'zingizga ularni ozchilik qilib ko'rsatgani va ularning ko'zlariga sizlarni ozchilik qilib ko'rsatganini eslang! (Barcha) ishlar Allohga qaytarilur.
8.45 . Ey, imon keltirganlar! Biror to'daga to'qnash kelsangiz, sabot (va matonat) bilan turingiz va Allohni ko'p yod etingiz, shoyad (shunda) sizga tole yor bo'lsa!
8.46 . Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va bo'yingiz (obro'yingiz) ketib qolur. Sabr qilingiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir.
8.47 . O'z yurtlaridan - kibr va riyokorlik bilan chiqqan va Allohning yo'lidan to'sadiganlar kabi bo'lmangiz! Alloh ularning qilayotgan ishlarini qamrab (hisobga) oluvchidir.
8.48 . O'shanda shayton ularga qilayotgan ishlarini ziynatli qilib ko'rsatib: "Bu kun odamlar ichida sizlarga g'olib keladigani yo'q. Mana, men yoningizdadirman!" - dedi. Ikki to'p (lashkarlar) to'qnashganda esa (shayton) ortiga chekinib: "Men sizlardan bezorman. Men sizlar ko'rmagan narsani ko'rayapman. Men Allohdan qo'rqaman. Alloh jazosi qattiq (zot)dir", - dedi.
8.49 . Munofiqlar va dillarida "illat" bor kimsalar: "Ana u (musulmon)larni (o'z) dinlari mag'rurlantirib qo'yibdi", - deb yurganlarini eslang!* Kimki Allohga tavakkul etsa (U inobatga oladi), albatta, Alloh qudratli va hikmatli (zot)dir.
8.50. Farishtalar kofir bo'lganlarning yuzlari va ketlariga urib jonlarini olayotganlarini ko'rganingizda edi. (Farishtalar o'sha paytda aytadilar:) "Yong'in (do'zax) azobini totingiz!"
8.51 . Bu - o'z qo'llaringiz bilan qilgan qilmishlaringiz tufaylidir. Alloh esa bandalarga zulm etuvchi emasdir.
8.52 . (Ularning bu hollari) Fir'avn zodagonlari va ulardan oldingilarning qilmishlari kabidir. (Ular) Allohning oyatlarini inkor qilishgach, Alloh ularni gunohlari sababli tutgan edi. Albatta, Alloh quvvatli va jazosi qattiq (zot)dir.
8.53 . Bu (jazolarning sababi) Allohning bir qavmga in'om etgan ne'matini, to ular o'zlaridagi narsani (yomon holatga) o'zgartirmagunlaricha, o'zgartiruvchi bo'lmaganidandir. Shuningdek, yana Allohning eshituvchi va biluvchi ekanidandir.
8.54 . (Bu) Fir'avn zodagonlari va ulardan oldingilarning qilmishlari kabidirki, (ular) Parvardigorlarining oyatlarini yolg'onga chiqarishgach, gunohlari sababli ularni halok etdik va Fir'avn zodagonlarini (suvga) g'arq qildik. Hammasi zolim edilar.
8.55 .Allohning nazdida jonzotlarning eng yomoni - bu kofir bo'lgan kimsalardir. Bas, (shuning uchun ham ular aslo) imon keltirmaydilar.
8.56 .Ularning ichida Siz bilan ahdlashgandan so'ng, taqvosizlik qilib, har gal ahdlarini buzaveradiganlari bordir.
8.57 . Bas, agar ularni jangda topsangiz, ularni (halok qilish) bilan ortlaridagi (himoyachi)larni tum-taraqay qiling! Shoyad (shunda) ular eslatma olsalar.
8.58 . Agar (biror) qavm tarafidan (ahdga) xiyonat (bo'lishi)dan qo'rqsangiz, ularga (ahd bekor qilingani to'g'risidagi xabarni) barobar tarzda tashlang! Albatta, Alloh xoinlarni yaxshi ko'rmagay.
8.59 . Kofir bo'lganlar "o'zib ketdik" deb o'ylamasinlar. Ular (Allohni) sira ojiz qoldira olmaydilar.
8.60 . Ular uchun imkoningiz boricha (harbiy) kuch va otliq bo'linmalarni tayyorlab qo'yingizlar! Bu bilan Allohning va o'zlaringizning dushmaningizni va ulardan o'zga sizlar bilmaydigan, lekin Alloh biladigan (dushman)larni ham qo'rquvga solgan bo'lursizlar. Allohning yo'lida nimani sarf qilsangiz, sizlarga (uning savobi) zulm qilinmagan holingizda to'la-to'kis berilur.
8.61 . Agar ular sulhga moyil bo'lsalar, Siz ham unga moyil bo'ling va Allohga tavakkul qiling! Albatta, U eshituvchi va biluvchidir.
8.62 . Agar (ular) Sizni aldamoqchi bo'lsalar, bas, albatta, Sizga Alloh (O'zi) kifoyadir. U Sizni (O'z) yordami va mo'minlar bilan quvvatlantirgan
8.63 . va ularning dillarini (o'zaro) yaqinlashtirgan zotdir. Agar (Siz) yerdagi (hamma) narsani sarflaganingizda ham (ularning) dillarini (bir-biriga) bog'lay olmagan bo'lur edingiz. Lekin, Alloh ularning o'rtasini bog'ladi. Albatta, U qudratli va hikmatlidir.
8.64 . Ey, Payg'ambar! Sizga va Sizga ergashgan mo'minlarga Alloh kifoyadir.
8.65 . Ey, Payg'ambar! Mo'minlarni jangga undang! Agar sizlardan yigirma nafar sabrli (kishi) bo'lsa, ikki yuz nafar (dushman)ni yengar. Agar sizlardan yuz nafar bo'lsa, mingta kofir bo'lganlarni yengar. Sabab - ularning anglamaydigan qavm ekanligidir.
8.66 . Endi, Alloh sizlardan (yukingizni olib) yengillashtirdi. Sizlarda ojizlik bor ekanini bildi. Bas, sizlardan yuz nafar sabrli (jangchi) bo'lsa, ikki yuzta (yov)ni yengar. Agar sizlardan ming nafar bo'lsa, Allohning izni bilan ikki ming (yov)ni yengar. Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir.
8.67 . Biror Payg'ambar uchun, to yerda (dushmanlarga) zarba bermagunicha, asirlarga ega bo'lish mumkin emas. (Siz - mo'minlar) dunyo matohini istaysizlar. Alloh esa, (sizlar uchun) oxiratni istaydi. Alloh qudratli va hikmatli (zot)dir.
8.68 . Agar Allohning (taqdirda xatoni kechi- rishi to'g'risidagi) bitigi bo'lmaganda, albatta, sizlarga olgan (tovon)laringiz uchun ulkan azob yetgan bo'lur edi.
8.69 . Olgan o'ljalaringizdan halol-pok holida tanovul etingiz va Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.
8.70 . Ey, Payg'ambar! Qo'llaringizdagi asirlarga ayting: "Agar Alloh dillaringizda yaxshilik (imon borligi)ni bilsa, sizlardan olingan (tovon)dan yaxshiroq narsa berur va sizlarni kechirur. Alloh kechirimli va rahmlidir".
8.71 . Agar (ular) Sizga xiyonat qilmoqchi bo'lsalar, ular ilgari ham Allohga xiyonat qilgan edilar. Shunda ulardan (jazoga) imkoniyat hosil bo'lgan edi. Alloh ilmli va hikmatli (zot)dir.
8.72 . Albatta, imon keltirganlar, hijrat qilganlar, mollari va jonlari bilan Alloh yo'lida (dushmanga qarshi) kurashgan va (muhojirlarga) joy berib yordam ko'rsatgan (madinalik ansor)lar, aynan o'shalar bir-birlariga do'stdirlar. Imon keltirganu, lekin hijrat qilmaganlar, to hijrat qilmagunlariga qadar, ular bilan do'stlik qilish sizlar uchun joiz emasdir. Agar (ular) sizlardan din xususida yordam so'rasalar, ularga yordam berish sizning zimmangizdadir. Illo, o'rtalaringizda (urushmaslik haqida) ahdlashuv bo'lgan qavm ziddiga (yordamlashish joiz) emas. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.
8.73 . Kofir bo'lganlar (ham) bir-birlariga do'stdirlar. Agar shuni qilmasangiz, yerda fitna va katta fasod bo'lur.
8.74 . Imon keltirgan, hijrat qilgan va Alloh yo'lida (yovga qarshi) kurashganlar hamda (muhojirlarga) joy berib yordam qilganlar, aynan o'shalar haqiqiy mo'mindirlar. Ular uchun mag'firat va farovon rizq bordir.
8.75 . Keyinroq imon keltirib, hijrat qilgan va sizlar bilan birga (yov bilan) kurashganlar, aynan o'shalar (ham) sizlardandirlar. Qarindoshlar esa, Allohning Kitobida bir-birlariga yaqinroqdirlar. Albatta, Alloh har narsani biluvchidir.