') //-->
77.1 . Qasamyod etaman, paydar-pay esdiriladigan (shamol)larga,
77.2 . quturadigan (bo'ron)larga,
77.3 . (bulutlarni) yoyib yuboradigan,
77.4 . (haq bilan nohaqlikni) ajratib beradigan,
77.5 . eslatma olib tushib,
77.6 . (mo'minlarni) uzr (mag'firat) qilish yo (kofirlarni) ogohlantirishga (xizmat qiladigan farishtalarga)ki,
77.7 . albatta, sizlarga va'da qilinayotgan narsa (Qiyomat va hisob-kitob) voqe bo'luvchidir!
77.8 . Bas, qachonki, yulduzlar (nurlari) so'ndirilgach,
77.9 . osmon (qobig'i) ochilgach,
77.10 . tog'lar (qumlar kabi) sochilgach
77.11 . va payg'ambarlarga belgilangan vaqt kelgach (Qiyomat qoyim bo'lur).
77.12 . (Payg'ambarlar o'z qavmlari bilan hisoblashishlari) qaysi Kunga belgilangan o'zi?!
77.13 . Ajrim Kuniga (albatta).
77.14 . (Ey, inson,) Ajrim Kuni nima (ekanligini) sen qayerdan ham bilursan?!
77.15 . U Kunda (Qiyomatni) inkor etuvchilar holiga voy!
77.16 . Axir, Biz avvalgi (osiy ummat)larni halok qilmadikmi?!
77.17 . So'ngra keyingilarni ham ularga qo'shurmiz!
77.18 . Jinoyatchi (kofir)larni mana shunday (halok) qilurmiz!
77.19 . U Kunda (Qiyomatni) inkor etuvchilar holiga voy!
77.20 . Axir, Biz sizlarni bir haqir suvdan yaratmadikmi?!
77.21 . So'ngra u (suvni - nutfa)ni puxta qaror (topadigan joy)da qilib qo'ymadikmi?!
77.22 . (Ya'ni, ona qornida) ma'lum muddatgacha.
77.23 . Bas, Biz (undan insonni yaratishga) qodir bo'ldik. Naqadar qudratlidirmiz!
77.24 . U Kunda (Qiyomatni) inkor etuvchilar holiga voy!
77.25 . Axir, Biz yerni yig'uvchi qilib qo'ymadikmi
77.26 . tiriklarni ham, o'liklarni ham?!
77.27 . Yana Biz (Yerda) baland tog'larni (paydo) qildik va sizlarga (tog'lardan oqib tushadigan) chuchuk suvni ichirdik.
77.28 . U Kunda (Qiyomatni) inkor etuvchilar holiga voy!
77.29 . (U Kunda kofirlarga deyilur): "Sizlar (dunyodalik paytingizda) yolg'on deb yurgan narsaga (endi) boringlar!
77.30 . Uch bo'lakli soyaga boringlar!
77.31 . Hech qanday salqinlik bermaydigan va alangani ham to'smaydigan ("soya"dir u).
77.32 . Darvoqe, u (jahannam) qasrdek (ulkan) alangalarni otur.
77.33 . (Ular) xuddi sariq tuyalarga o'xshar.
77.34 . U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!
77.35 . Bu (Kun) ular so'zlay olmaydigan
77.36 . hamda ular uchun uzr aytishlariga ham izn berilmaydigan Kundir!
77.37 . U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!
77.38 . Bu Ajrim Kunidir! (Ey, bu Kunni yolg'on degan kimsalar, mana) Biz sizlarni ham, avvalgilarni ham jamladik.
77.39 . Bas, agar sizlarda (do'zaxdan qutqaradigan) biror hiyla bo'lsa, Menga o'sha hiylangizni ko'rsatingizlar!
77.40 . U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!
77.41 . Taqvodor zotlar esa (u Kunda), albatta, soya-salqinlar va chashmalarda
77.42 . va ko'ngillari istagan mevalar ichida bo'lurlar.
77.43 . (Ularga deyilur): "Qilib o'tgan (yaxshi) amallaringiz sababli (jannat ne'matlarini) yoqimli ishtaha bilan yeb-ichaveringizlar".
77.44 . Albatta, Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz.
77.45 . U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!
77.46 . (Ey, kofirlar,) ozgina vaqt yeb, foydalanib qolinglar! Zero, sizlar jinoyatchidirsizlar.
77.47 . U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!
77.48 . Qachon ularga: "Ruku' qilinglar, (namoz o'qinglar)", deyilsa, ruku' qilmaslar.
77.49 . U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!
77.50 . Axir, ular (Qur'ondan) keyin (shunday aziz Kitobga imon keltirmasdan) qanday so'zga imon keltirurlar?!