') //-->
76.1 . Aniqki, inson uzra qachondir tilga olgulik narsa bo'lmagan vaqt (muddat) kechgan.
76.2 . Darhaqiqat, Biz insonni imtihon qilib, (otalik va onalik suvlaridan) aralash bir nutfadan yaratdik. Bas, uni eshituvchi va ko'ruvchi qilib qo'ydik.
76.3 . Darhaqiqat, Biz uni (insonni) xoh u shukr qiluvchi (musulmon) bo'lsin va xoh noshukr (kofir) bo'lsin, yo'lga yo'lladik.
76.4 . Albatta, Biz kofirlar uchun zanjirlar, kishanlar va alanga (do'zax)ni tayyorlab qo'yganmiz.
76.5 . Albatta, yaxshilar (jannatda) mizoji kofur bo'lmish qadahdan (may) ichurlar.
76.6 . Allohning bandalari ichadigan (bu) chashmani (o'zlari xohlagan joydan) chiqarib (oqizib) olurlar.
76.7 . Ular (dunyoda o'z zimmalariga olgan) nazrlarini ado qilurlar va yomonligi (dahshatlari) keng yoyiluvchi Kundan qo'rqurlar. (imom Hasan va imom Husaynlar og`ir kasal bo`lib qolganlarida hz.Ali va hz.Fotima onamiz , agar xudo farzandimizga shifo bersa, 3 kun ro`za tutamiz deb nazr qilishgan edi, Xudoi mutaol shifo bergach, Hasan va Husaynlar ham ota-onalariga qo`shilib ro`za tutdilar. Iftorlik paytida bir miskin kelib tilanchilik qildi va hz. Ali oilasi iftorliklarini unga bervorishdi, shu tartibda keyingi kuni yetim , va undan keyin esa asir keladi. 3 kun iftorliklarini ehson qilgan bu oila haqida bu va keyingi oyatlar nozil bo`ldi).
76.8 . Taomni esa suyub tursalar-da, (o'zlari yemasdan) miskin, yetim va asirlarni yedirurlar.
76.9 . (Ular ayturlar): "Bizlar sizlarni faqat Alloh "yuzi" uchun taomlantirurmiz. Sizlardan (bu ish uchun) biror mukofot va minnatdorchilik kutmasmiz.
76.10 . Bizlar Rabbimiz (tomoni)dan bo'ladigan, (azobdan yuzlar) tirishib, burishib qoluvchi bir Kundan qo'rqurmiz".
76.11 . Bas, Alloh ularni o'sha Kunning yomonligidan saqlar va ular(ning yuzlari)ga tarovat, (dillariga) surur baxsh etar.
76.12 . Yana sabrlari sababli ularni jannat va (egnilariga) ipak (liboslar) bilan mukofotlar.
76.13 . Ular u joyda so'rilarga yastangan hollarida o'tirurlar. U joyda quyosh (harorati)ni ham, zamharir (qish sovug'i)ni ham ko'rmaslar.
76.14 . (Jannat) soyalari ularga yaqin va mevalari ham (uzishga oson bo'lishi uchun) egib qo'yilgan bo'lur.
76.15 . Ularga kumush idishlar(da taomlar) va (o'zi kumushdan yasalgan bo'lsa-da, nafislikda) shisha bo'lib ketgan qadahlar(da sharoblar) aylantirilur.
76.16 . Shisha bo'lganda ham kumushdan, (ularni soqiylar) o'lchab qo'yganlar.
76.17 . (Jannat ahli) u joyda mizoji zanjabil bo'lmish qadahlarda ichirilurlar.
76.18 . U yerdagi chashmaning nomi Salsabil deb atalur.
76.19 . Ularning ustida mangu yosh g'ulomlar (xizmat qilib) aylanib tururlarki, ularni ko'rganingizda sochib yuborilgan durlar deb o'ylarsiz.
76.20 . U joyga qaraganingizda, noz-ne'matlarni va katta hukmronlikni ko'rursiz.
76.21 . Ustilarida yashil ipak va shoyi liboslar bo'lib, ular kumush bilakuzuklar bilan bezangan bo'lurlar va Parvardigorlari ularni pok sharob bilan sug'orur.
76.22 . Albatta, bu sizlar uchun mukofot va sizlarning sa'y-harakatlaringiz (Alloh nazdida) maqbuldir.
76.23 . (Ey, Muhammad,) albatta, Biz Sizga bu Qur'onni bo'lib-bo'lib nozil qildik.
76.24 . Bas, Siz Rabbingizning hukmiga sabr qiling va ulardan (kofirlardan) biror gunohkor yo noshukrga itoat etmang!
76.25 . Ertayu kech Rabbingiz nomini yod eting!
76.26 . Yana kechaning bir qismida ham Unga sajda qiling va uzun tunda unga tasbeh ham ayting!
76.27 . Albatta, ana u (kofir)lar naqd (dunyo)ni suyurlar va ortlaridagi og'ir Kunni (Qiyomatni) esa qo'yurlar.
76.28 . Biz ularni yaratdik va (barcha) a'zolarini mustahkam qildik va xohlagan vaqtimizda (ularni halok qilib, o'zlariga o'xshashlarini almashtirib qo'yurmiz.
76.29 . Albatta, bu (sura) bir eslatmadir. Bas, kim xohlasa (uni qabul qilib), Parvardigori tomonga yo'l olur.
76.30 . (Ey, insonlar,) xohishlaringiz faqat Alloh xohlasagina ro'yobga chiqur. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasidir.
76.31 . U xohlagan kishilarni O'z rahmatiga (jannatiga) kiritur. Zolimlar uchun esa alamli azobni tayyorlab qo'ygandir.