MUDDASIR surasi

74.1 . Ey, (liboslariga) burkanib olgan kishi (Muhammad),

74.2 . turing-da, (insonlarni oxirat to'g'risida) ogohlantiring,

74.3 . Rabbingizni ulug'lang,

74.4 . liboslaringizni poklang,

74.5 . butlardan yiroq bo'ling,

74.6 . (berayotgan narsangizni) ko'p sanagan holingizda ehson qilmang,

74.7 . Rabbingiz uchungina sabr qiling!

74.8 . Qachonki, (qiyomat e'loni uchun) sur chalinganida,

74.9 . ana o'sha kun qiyin kundir.

74.10 .Kofirlarga oson bo'lmagan (kundir).

74.11 . (Ey, Muhammad,) Men so'qqabosh qilib yaratgan kimsani O'zimga qo'yib bering!

74.12 . Men unga keng-mo'l boylik berdim.

74.13 . Hoziru nozir o'g'illarni ham.

74.14 . Yana unga (hayot ne'matlarini) muhayyo qilib qo'ydim.

74.15 . So'ngra u yana ziyoda qilishimni tama qilur.

74.16 . Yo'q! Chunki, u oyatlarimizga qarshilik qiluvchi edi.

74.17 . Yaqinda Men uni baland dovonga duchor qilajakman.

74.18 . Chunki, u (Qur'on to'g'risida yomon) fikr yuritdi va hisobga olib qo'ydi.

74.19 . Halok qilingur, qanday hisobga oldi?!

74.20 . Yana halok qilingur, qanday hisobga oldi?!

74.21 . So'ngra u (o'ylagan rejalariga) qaradi.

74.22 . So'ngra (Qur'ondan ayb topa olmagach,) yuzini tirishtirdi va burishtirdi.

74.23 . So'ngra (Haqdan) yuz o'girdi va kibr qildi.

74.24 . Bas, dedi: "Bu (Qur'on) sehrning o'zidir.

74.25 . Bu ayni basharning so'zidir".

74.26 . Yaqinda Men uni Saqar (jahannam)da toblaydurman.

74.27 . (Ey, Muhammad,) Saqarning nima ekanligini qayerdan ham bilar edingiz?!

74.28 . U (biror kofirni) qoldirmas ham, qo'ymas ham (balki kuydirib, azob berur).

74.29 . (U) terilarni qoraytirib kuydiruvchidir.

74.30 . Uning ustida o'n to'qqiz (farishta qo'riqchilik qilur).

74.31 . Biz faqat farishtalarni do'zax egalari (qo'riqchilari) qildik va Biz faqat kufrga ketgan kimsalarni sinash uchun ularning sanoqini (o'n to'qqizta) qildik. Toki kitob berilgan kimsalar aniq bilgaylar va imon keltirgan zotlarning imonlari yanada ziyoda bo'lgay hamda kitob berilgan kimsalar ham, mo''minlar ham (bu xususda) shak-shubha qilmagaylar. Yana dillarida maraz (munofiqlik) bo'lgan kimsalar va kofirlar: "Bu misol bilan Alloh nima demoqchi?" - degaylar. Alloh O'zi xohlagan kimsalarni mana shunday yo'ldan ozdirib qo'yar va O'zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Parvardigoringizning qo'shinlarini (farishtalarning adadi va sifatini) Uning O'zigina bilur. U (jahannam) insonlar uchungina bir eslatmadir.

74.32 . Yo'q! Oyga qasam,

74.33 . o'tib ketgan tunga qasam,

74.34 . yorishib kelayotgan tongga qasamki,

74.35 . albatta, u (jahannam) ulkan (balo)lardan biridir.

74.36 . Insonlar uchun ogohlantiruvchi hamdir.

74.37 . (Albatta,) sizlardan ilgarilayotgan yoki chekinayotgan kishilar uchundir.

74.38 . Har bir jon (egasi) o'zi (dunyoda) qilgan amali bilan garovlidir.

74.39 . Faqat o'ng tomon egalarigina

74.40 . jannatlarda bir-birlari bilan savol-javob qilurlar

74.41 . jinoyatchi (kofir)lar haqida

74.42 . (Ular do'zax ahliga): "Sizlarni Saqarga nima kiritdi?" (deganlarida),

74.43 . ular ayturlar: "Bizlar namozxonlardan emas edik,

74.44 . miskin (bechora)ga taom beruvchi ham bo'lmadik.

74.45 . Bizlar (behuda so'zlarga) sho'ng'iydiganlar bilan birga sho'nqir edik.

74.46 . Jazo kuni (Qiyomat)ni yolg'onga chiqarar edik

74.47 . to aniq narsa (o'lim) kelgunicha".

74.48 . Endi shafoatchilarning shafoati ularga foyda bermas.

74.49 . Nega ular eslatmadan yuz o'giruvchidirlar?!

74.50 . Xuddi cho'chigan eshaklarga o'xshab.

74.51 . sherdan qochib.

74.52 . Yo'q! Ulardan har bir kimsa o'ziga ochiq sahifalar berilishini istar.

74.53 . Yo'q! Balki, ular oxiratdan qo'rqmaslar.

74.54 . Yo'q! U (Qur'on) bir eslatmadir.

74.55 . Bas, xohlagan kishi undan eslatma olur.

74.56 . Ular faqat Alloh xohlaganidagina (Qur'ondan) eslatma olurlar. U (Alloh) taqvoga ahl (loyiq) va mag'firat ahli hamdir.