MUZAMMIL surasi

73.1 . Ey, (kiyimlariga) o'ralib olgan kishi (Muhammad),

73.2 . tunda (bedor bo'lib, namozga) turing! Faqat ozgina (uxlashga vaqt qolsin).

73.3 . Ya'ni, yarmi (qolsin) yoki yarmidan ham bir oz kamaytiring.

73.4 . Yoxud unga (bir oz) ziyoda qiling (yarmidan ko'prog'ida uxlang) va Qur'onni tartil bilan (dona-dona qilib) tilovat qiling!

73.5 . Zero, Biz Sizga og'ir So'zni (Qur'onni) tushirajakmiz.

73.6 . Albatta, kechasi (ibodat uchun bedor bo'lib) turish faoliyat jihatidan og'irroqdir, (lekin) so'z (so'zlash, qiroat qilish) jihatidan to'g'ri keladiganroqdir.

73.7 . Albatta, Siz uchun kunduzi davomli mashg'ulot bordir.

73.8 . Rabbingizning nomini (mudom) yod eting va Unga butunlay ajraling!

73.9 . (U) mashriq va mag'ribning Parvardigoridir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Bas, Unigina vakil (homiy) qilib oling!

73.10 . Ular (mushriklar) aytayotgan so'zlarga (ozorlariga) sabr qiling hamda ularni chiroyli tarzda tark eting!

73.11 . (Sizni) inkor etuvchi (o'sha) ne'mat ahlini Menga qo'yib bering va ularga ozgina muhlat bering!

73.12 . Haqiqatan, Bizning huzurimizda kishanlar va do'zax bordir.

73.13 . Yana (tomog'dan) yaxshi o'tmaydigan (yiring va qon kabi) "taom" hamda alamli azob bordir.

73.14 . U Kunda Yer va tog'lar larzaga kelar va tog'lar to'zib ketuvchi qumtepalarga aylanib qolur!

73.15 . (Ey, Makka ahli,) Biz sizlarga xuddi Fir'avnga payg'ambar yuborganimiz kabi sizlarga guvohlik beruvchi payg'ambarni (Muhammadni) yubordik.

73.16 . (O'shanda) Fir'avn (Muso) payg'ambarga itoatsizlik qilgach, Biz uni qattiq ushlash bilan ushladik.

73.17 . Bas, agar sizlar kofir bo'lsangizlar, (o'z dahshati bilan) bolalarni qaritib, oqsochlarga aylantirib qo'yadigan Kun(ning azobi)dan qanday saqlanursizlar?!

73.18 . U (dahshat) sababli osmon ham yoriluvchi, (Allohning) va'dasi amalga oshuvchidir.

73.19 . Albatta, ushbu (oyatlar) eslatmadir. Bas, kim xohlasa, (u sababli) Parvardigori sari yo'l tutar.

73.20 . (Ey, Muhammad,) albatta, Rabbingiz Siz va Siz bilan birga bir toifa (sahobalaringiz) kechaning uchdan ikkisidan ozrog'ida, ba'zida uning yarmida va (goho) uchdan birida (bedor bo'lib, namozda) turishlaringizni bilur. Kecha va kunduz (miqdori)ni Alloh belgilar. U sanog'iga yeta olmaslaringizni bilib, tavbalaringizni qabul etdi. Endi (kechalari namozlaringizda) Qur'ondan oson bo'lgan miqdorda o'qiyveringizlar. U sizlarning orangizda bemorlar bo'lishini, boshqalar Allohning fazli (rizqi)ni istab, yer yuzida safar qilishlarini va yana boshqalar esa Alloh yo'lida jangga chiqib ketishlarini bildi. Bas, (qiynalmay Qur'ondan) oson bo'lgan miqdorda o'qiyveringlar. Namozni to'kis ado etinglar, zakotni (o'z joyiga) beringlar va (miskinlarga ehson qilish bilan) Allohga "qarzi hasana" beringlar! O'zlaringiz uchun taqdim qiladigan yaxshilikni (Qiyomat kuni) Allohning huzurida yanada yaxshiroq va ulug'roq mukofot holida topursizlar. Allohdan mag'firat so'ranglar! Albatta, Alloh mag'firatli va rahmlidir.