') //-->
70.1 . (Bir) savol beruvchi tushadigan azob haqida so'radi
70.2 . kofirlarga (atalgan azob to'g'risida)ki, uni qaytaruvchi (kuch) yo'qdir,
70.3 . albatta, (u azob) me'rojlar egasi (Alloh)dandir.
70.4 . Farishtalar va Ruh (Jabroil) miqdori (masofasi) ellik ming yillik (bo'lgan) bir Kunda (Qiyomat kunida) Uning huzuriga ko'tarilurlar.
70.5 . Bas, (Ey, Muhammad, kofirlarning aziyatlariga) chiroyli sabr bilan sabr qiling!
70.6 . Chunki, ular u (Kun)ni uzoq deb bilurlar,
70.7 . Biz esa uni yaqin bilurmiz.
70.8 . U Kunda osmon yog'ning quyqasidek bo'lib qolur.
70.9 . Tog'lar esa yung kabi (to'zon) bo'lib ketar.
70.10 . Do'st do'stidan (hol-ahvol) so'ramas.
70.11 . (Holbuki,) ular (bir-birlariga) ko'rsatilurlar. Jinoyatchi (kofir) u Kunning azobidan (qutulish uchun) o'g'illarini,
70.12 . xotini va birodarini,
70.13 . uni o'z panohiga oladigan qarindoshini
70.14 . va Yerdagi barcha kishilarni to'lov qilib berib, unga najot berishni istar.
70.15 . Yo'q! Axir, u do'zaxdir.
70.16 . Terilarini sidirib oluvchidir.
70.17 .U (Haq yo'lidan) yuz o'girib, ters qarab ketganni (o'ziga) chaqirur.
70.18 . (Boylikni) yig'ib saqlagan (yaxshi joylarga sarflamagan) kimsalarni ham.
70.19 . Darhaqiqat, inson betoqat qilib yaratilgandir.
70.20 . Qachonki, unga yomonlik (kambag'allik yoki musibat) yetsa, u o'ta besabrlik qiluvchidir.
70.21 . Qachonki, unga yaxshilik (boylik, salomatlik) yetsa, u o'ta man etuvchi (baxil)dir.
70.22 . Faqat namozxonlar bundan mustasnodirlar.
70.23 . Ular namozlarida muntazam (davomatli),
70.24 . (topgan) mol-mulklaridan (ajratilgan) ma'lum haq borki, u
70.25 . tilanchi va mahrum kishilar uchundir.
70.26 . Ular yana jazo (Qiyomat) kunini tasdiq etuvchi,
70.27 . Parvardigorlarining azobidan qo'rquvchi zotlardir.
70.28 . Zotan, Parvardigorlarining azobidan (hech kim) xotirjam emasdir.
70.29 . Ular yana avratlarini (zinodan) saqlovchidirlar,
70.30 . illo o'z jufti halollari va qo'l ostidagilari (cho'rilari mustasnodirlar). Ular malomat qilinmaslar.
70.31 . Bas, kimki buning aksini (zinokorlikni) istasa, bas, ana o'shalar haddan oshuvchi kimsalardir.
70.32 . Yana ular (namozxonlar) o'zlariga ishonilgan omonatlarga va (o'zgalarga) bergan ahd-paymonlariga rioya qiluvchidirlar.
70.33 . Ular o'z guvohliklarida to'g'ri turuvchilardir.
70.34 . Yana ular namozlarini (vaqtida ado etib) yuruvchilardir.
70.35 . Aynan o'shalar jannatlarda ikrom etiluvchilardir.
70.36 . Bas, (Ey, Muhammad,) bu kofir bo'lgan kimsalarga ne bo'ldiki, Siz tomonga qarab chopurlar
70.37 . o'ng va so'ldan, to'da-to'da bo'lib?!
70.38 . Yo ulardan har bir kishi ne'mat jannatiga kiritilishni tama qilurmi?!
70.39 . Yo'q! Axir, Biz ularni o'zlari biladigan narsadan (bir tomchi maniy suvidan) yaratdikku!
70.40 . Bas, mashriqlar va mag'riblarning Parvardigoriga qasamki, albatta, Biz qodirdirmiz
70.41 . ulardan yaxshiroq (insonlarga) almashtirib qo'yishga. Bizdan (bu ishda) o'zib ketilmas.
70.42 . Bas, (ey, Muhammad,) ularga qo'yib bering! Ular, to o'zlariga va'da qilinayotgan kunlariga yo'liqqunlaricha, (xom xayollariga) sho'ng'ib, o'ynab yuraversinlar!
70.43 . U kunda ular go'yo (o'zlari sig'inadigan) butlarga qarab chopishayotgandek shoshilgan,
70.44 . ko'zlari qo'rquvda, xorlik ularni egallab olgan hollarida qabrlaridan chiqib kelurlar. Mana shu ularga va'da qilib yurilgan Kundir.