A`ROF surasi

7.1 . Alif, Lom, Mim, Sod.

7.2 . (Bu Qur'on) Sizga nozil qilingan Kitobdir. U bilan (ummatingizni) ogohlantirishingizda ko'ksingizda undan tanglik (shak) bo'lmasin. U (Qur'on) mo'minlar uchun eslatma hamdir.

7.3 . Rabbingizdan sizlarga nozil qilingan narsa (Qur'on ta'limoti)ga ergashingiz, undan boshqa "do'stlar"ga ergashmangiz! Eslatmadan juda kam ta'sirlanmoqdasizlar.

7.4 . Qanchadan-qancha qishloq (ahli)ni halok qildik - ularga azobimiz tun yoki kun uyqusida ekanliklarida keldi.

7.5 . Ularga azobimiz kelganda duolari: "Biz o'zimiz zolim edik", - deyishdan o'zga bo'lmadi.

7.6 . Albatta, (payg'ambar) yuborilganlar bilan ham, payg'ambarlar bilan ham savol-javob qilurmiz.

7.7 . Ularga, albatta, (qilmishlarini) bilgan holda so'zlab berurmiz. Biz g'oyib emasmiz.

7.8 . O'sha kuni vazn (amallarni o'lchab tortishlik) haqiqatdir. Kimning mezonlari (amallari) og'ir kelsa, aynan o'shalar tolei yor kishilardir.

7.9 . Kimning mezonlari (amallari) yengil kelsa, ana o'shalar oyatlarimizga zulm (inkor) qilganlari sababli, o'zlariga ziyon qilganlardir.

7.10 . Albatta, sizlarni Yerda qaror toptirdik va unda sizlar uchun maishiy vositalarni (paydo) qildik. (Lekin) juda oz shukr qilursizlar.

  

7.11 . Albatta, (Biz) sizlarni (Odam Atoni) yaratdik, so'ngra sizlarga (unga) suvrat berdik, so'ngra farishtalarga: "Odamga sajda qilinglar!" - dedik. (Ular) sajda qildilar, illo Iblis sajda qiluvchilardan bo'lmadi.

7.12 . (Alloh) aytdi: "Senga buyurganimda sajda qilishingga nima mone'lik qildi?" U dedi: "Men undan yaxshiman, meni olovdan yaratgansan. Uni (Odamni esa) loydan yaratding".

7.13 . Aytdi: "Undan (jannatdan) chiq! U yer (jannat)da takabburlik qilishing senga (joiz) emas. Bas, chiq! Albatta, sen haqirlardandirsan."

7.14 . (U) dedi: "Meni (insonlar) tiriltiriladigan kungacha kechiktir!"

7.15 . Aytdi: "Albatta, sen kechiktirilganlardansan".

7.16 . U (alamidan) dedi: "Qasamyod etamanki, meni yanglishtirganing tufayli Sening To'g'ri yo'ling (Islom dini) uzra ular (odamlarni chalg'itish) uchun o'tiraman.

7.17 . So'ngra, ularga oldilaridan, ortlaridan, o'ng tomonlaridan va so'l tomonlaridan (chalg'itish uchun) kelaman. (Natijada) ularning aksariyatini shukr qiluvchi holda topmaysan".

7.18 . Aytdi: "Undan (jannatdan) ayblangan va haydalgan holingda chiq! Qasamyod etamanki, kimki senga ergashsa, sizlarning barchangiz bilan jahannamni to'ldirajakman".

7.19 . (Biz dedik): "Ey, Odam! Jufting (Havvo) bilan jannatda turingiz va xohlagan joyingizdan tanovul qiling! Faqat ushbu daraxtga (mevasidan yeyish uchun) yaqinlashmangiz. Aks holda zolimlardan bo'lursiz!"

7.20 . So'ngra shayton ularning yopilgan avratlarini ochib yuborish (sharmanda qilish) uchun ikkisiga vasvasa qildi va aytdi: "Rabbingiz sizlarni farishtalarga aylanib qolmasinlar yoki (jannatda) mangu qoluvchilardan bo'lmasinlar debgina sizlarni ushbu daraxtdan man etdi".

7.21 . Yana ikkisiga qasam bilan: "Men sizlarga (xolis) nasihatgo'ylardandirman", - dedi.

7.22 . Shunday qilib (shayton) ularni (noqulay holatga) tushirdi. Daraxt (mevasi)dan totib ko'rishlari bilanoq, ikkisining avratlari ochilib qoldi va o'zlarini jannat yaproqlari bilan to'sa boshladilar. Shunda ularga Parvardigorlari: "Sizlarni o'sha daraxtdan man etmaganmidim va shayton sizlarning yaqqol dushmaningiz, demaganmidim?!" - deb nido qildi.

7.23 . Ikkisi aytdilar: "Ey, Rabbimiz! Biz o'zimizga (o'zimiz) zulm qildik. Agar bizni kechirmasang va bizga rahm qilmasang, biz, albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qolurmiz".

7.24 . (Alloh) dedi: "Bir-biringizga nisbatan dushman bo'lgan holingizda (jannatdan) tushingiz! Sizlar uchun (ma'lum) vaqt (ajalingiz yetgun)gacha Yerda qaror olish va foydalanish (bordir)".

7.25 . (Yana) dedi: "Unda yashaysizlar, unda o'lursizlar va undan (oxiratda) chiqarilursizlar.

7.26 . Ey, Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi bu yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning mo''jizalaridandir. Shoyad (buni) eslab ko'rsalar!

7.27 . Ey, Odam avlodi! Shayton ota-onalaringiz (Odam va Havvo)ning avratlarini ularga fosh qilish (uyaltirish) uchun jannatdan chiqargani kabi sizlarni ham aldab qo'ymasin! Zero, u va uning to'dasi sizlar ularni ko'ra olmaydigan tarafdan sizlarni ko'radilar. Biz shaytonlarni imon keltirmaydiganlarga do'st qilib qo'ydik".

7.28 . (Mushriklar) biror fahsh ish qilsalar: "Ota-bobolarimizni shu (odat) uzra topganmiz. Uni bizga Alloh (O'zi) buyurgan", - deydilar*. (Siz ularga): "Alloh aslo fahsh ishlarga buyurmaydi. Alloh sha'niga o'zlaring bilmagan (gap)larni aytaverasizlarmi?!" - deb ayting!

7.29 . (Yana) ayting: "Rabbim adolatli bo'lishga buyurgan. Har bir masjid (namoz) oldidan yuzlaringiz (dillaringiz)ni to'g'ri qiling! Unga (Allohga) dinni xolis qilgan hollaringizda duo qilingizlar. Sizlarni (avval boshda yarata) boshlaganidek, (qiyomatda mangu hayotga) qaytursizlar".

7.30 . Bir guruhni hidoyatga yo'lladi, (boshqa) bir guruhga esa zalolat (bitilgani) haq bo'lib chiqdi. Zero, ular Allohni qo'yib shaytonlarni do'st qilib olib, ularni to'g'ri yo'ldagilar deb o'ylaydilar.

7.31 . Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz! Shuningdek, yenglar va ichinglar, (lekin) isrof qilmangizlar! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmaydi.

7.32 . Ayting: "Bandalari uchun chiqargan Allohning ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?" Ayting: "U (ziynat va pok rizqlar) bu dunyoda imon keltirganlar (va boshqalar) uchun, qiyomat kunida esa, xolis (mo'minlarning o'zlari uchun bo'lur)". Shunday qilib, oyatlarni biladigan qavmlarga mufassal bayon qilurmiz.

7.33 . Ayting: "Rabbim faqat fahsh ishlarning oshkorayu pinhonasini, gunoh (ishlar)ni, nohaq gunoh va tajovuzkorlikni va Alloh hech qanday hujjat tushirmagan narsa(lar)ni Unga sherik qilishingizni hamda Allohning sha'niga o'zingiz bilmagan narsalarni gapirishingizni harom qildi".

7.34 . Har bir ummatga (jazo uchun) muhlat (belgilangan). Qachonki, ularning muhlati kelar ekan, (uni) biror soat kechga ham, ilgariga ham sura olmaydilar.

7.35 . Ey, Odam avlodi! Agar sizlarga o'z (jins)laringizdan bo'lgan payg'ambarlar Mening oyatlarimni sizlarga o'qigan holda kelsalar, (bilib qo'yingizki,) kimki taqvoli bo'lib, (o'zini) tuzatsa, u (kabi)larga xavf yo'q va ular tashvish ham chekmaydilar.

7.36 . Oyatlarimizni yolg'onga chiqargan va ulardan (o'zlarini yuqori tutib) kibr qilganlar - ana o'shalar do'zax ahlidirlar. Ular u yerda mangu (qoluvchi)dirlar.

7.37 . Alloh sha'niga yolg'on to'qigan yoki Uning oyatlarini yolg'onga chiqargan (odam)dan kim ham zolimroq ekan?! Ana o'shalarga Kitobdagi (yashash) nasibalari bitgach, vafot ettiruvchi farishtalarimiz ularga kelganlarida: "Allohni qo'yib iltijo qilgan narsa (but)laring qani?!" - deganlarida, ular: "Bizdan yo'qoldilar", - deyishadi. O'zlarining zararlariga kofir bo'lganlari to'g'risida guvohlik berurlar.

7.38 . (Ularga Alloh) aytadi: "Sizlardan oldin o'tgan jin va insdan iborat (kofir) ummatlar ichida (sizlar ham) do'zaxga kiringizlar!" Har bir ummat (do'zaxga) kirganda, sherigini la'natlaydi. U yerda bir-birlari bilan jam bo'lib topishishgach, oxirgi (ummat) o'zidan oldingisi haqida: "Ey, Rabbimiz! Ana o'shalar bizni adashtirganlar. Ularga do'zax azobini ikki barobar (qilib) bergin!" - deydilar. (Shunda Alloh): "Har birlaringiz uchun ikki barobardir, lekin (sizlar buning hikmatini) bilmaysizlar", - degay.

7.39 . Avvalgilari keyingilariga aytadilar: "Sizlarning bizlardan ortiqligingiz yo'q. Qilmishlaringizga yarasha (ushbu) azobni totaveringizlar!"

7.40 . Albatta, oyatlarimizni yolg'onga chiqargan va ulardan kibrlanib bosh tortganlar uchun osmon eshiklari sira ochilmagay va nina ko'zidan tuya o'tmagunga qadar jannatga kirmaslar. Jinoyatchilarni ana shunday jazolagaymiz.

7.41 . Ularga jahannam (o'ti)dan (ostilariga) gilam va ustilariga yopinchiq (bo'lur). Zolimlarni ana shunday jazolagaymiz.

7.42 . Imon keltirgan va solih (savobli) ishlarni qilganlar esa - hech bir jonni toqatidan ortiqqa majbur etmaymiz - aynan o'shalar jannat ahlidirlar. Ular u yerda mangu (qoluvchi)dirlar.

7.43 . Dillaridagi (o'zaro) adovat (to'yg'ulari)ni sug'urib tashlaymiz. Ostilaridan anhorlar oqajak. (Shunda) ayturlarki: "Ushbu (ne'matlar)ga bizni boshlab kelgan Allohga hamd (aytamiz). Agar bizni (O'zi) boshlamaganida, (o'zimizcha) yo'lni topa olmagan bo'lur edik. Rabbimizning elchi (payg'ambar)lari haqiqatni keltirgan ekanlar". Ularga nido qilinurki: "Mana shu - jannat. Qilgan (savobli) amallaringiz sababli u sizlarga meros qilib berildi".

7.44 . Jannat ahli do'zax ahliga (qiyomat kuni): "Rabbimiz bizga va'da qilgan narsa (jannat)ni biz haq ekanini topdik. Sizlar ham Rabbingiz va'da qilgan (ogohlantirgan do'zax)ning haq ekanini topdingizmi?" - deb nido qilurlar. Ular: "Ha", - deydilar. So'ngra o'rtalaridan bir jarchi (farishta chiqib) jar soladi: "Zolimlar uzra Allohning la'nati (yog'ilsin)!

7.45 . Zero, ular Allohning yo'lidan to'sadigan, uni qing'ir qilishni istaydigan, oxiratga esa ishonmaydigan edilar".

7.46 . (Jannat va do'zax ahllari) o'rtalarida parda (bordir). A'rof (arasot) uzra (jannat va do'zaxdagilarning) har birini siymolari (alomatlari)dan tanib oladigan kishilar (bo'lur). Jannat ahliga: "Sizlarga salom!" - deydilaru (kirishdan) tamagir bo'lib, kira olmaydilar.

7.47 . Ko'zlari do'zax ahli tarafiga burilib qolsa, aytadilar: "Ey, Rabbimiz! Bizni bu zolimlar qavmi bilan birga qilib qo'ymagin!"

7.48 . Arasot ahli siymolaridan tanish kishilariga aytadilar: "To'plagan (boylik)laringiz va qilgan kibrlaringiz sizlarga (kuningizga) yaramabdi-ku!

7.49 . Allohning rahmati yetmaydi, deb siz qasam ichib yurgan (faqir musulmon)lar ana ularmi?" (Shundan so'ng Alloh arasot ahliga deydi): "Jannatga kiringiz! Sizlarga xavf yo'q va sizlar tashvish ham chekmaysizlar!"

7.50 . Do'zax ahli jannat ahliga: "Bizning ustimizga suvdan yoki Alloh sizlarni rizqlantirgan narsadan to'kingiz", - deb nido qilurlar. Ular (javobiga): "Alloh (siz so'ragan) har ikki (narsa)ni kofirlarga -

7.51 . dinlarini hazil va o'yin qilib olgan va foniy dunyo aldab qo'yganlarga harom (man) etgan", - deydilar. Bugun ushbu Kun muloqotini unutganlari va oyatlarimizni inkor etganlari kabi (Biz ham) ularni "unutamiz".

7.52 . Ular (Makka ahli)ga ishonadigan qavm uchun hidoyat va rahmat (manbai) sifatida ilm bilan O'zimiz mufassal bayon qilgan Kitob (Qur'on)ni keltirdik.

7.53 .Ular (esa) uning (aniq ma'nolari qolib,) ta'vili (boshqacha mazmun berilishi)ni kutadilar. Ta'vili kelgan kuni (qiyomat)da uni (Qur'onni) ilgari unutgan (mensimagan)lar aytadilar: "Rabbimizning elchi (payg'ambar)lari haqiqatni keltirgan ekanlar. Bas, qani (endi) oqlovchi (but-sanam)lar (bo'lsayu,) bizni oqlasalar yoki (dunyoga yana) qaytarilsag-u qilgan ishlarimizdan o'zgacha ish qilsak?" (Ular) o'zlariga ziyon qildilar va to'qib yurgan (buhton)lari ulardan g'oyib bo'ldi.

7.54 . Darhaqiqat, Rabbingiz osmonlaru Yerni olti kunda yaratgan, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan, kunduzga tunni qoplatadigan - uni (ya'ni, tun kunni) shitob quviydi - quyosh, oy, yulduzlarni O'z amriga musaxxar (mute) qilib qo'ygan Allohdir. Ogoh bo'lingizki, yaratish va buyurish Unga xosdir. Olamlarning Rabbi - Alloh barakotlidir.

7.55 . Rabbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi.

7.56 . Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo'ygandan keyin (unda) buzg'unchilik qilmangizlar! Unga (Allohga) ham qo'rqinch va ham umid bilan duo qilingizlar! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir.

7.57 .U o'z rahmatining darakchisi sifatida shamollarni yuboruvchi zot bo'lib, (shamollar) og'ir bulutlarni ko'tarib olgach, uni o'lik (chanqoq) shahar (usti)ga haydaymiz. Bas, unga suv (yomg'ir) yog'dirib, u sababli mevalarning har turidan chiqarurmiz. O'liklarni ham (qabrlaridan) shu tarzda chiqarurmiz, shoyad eslatma olsangizlar.

7.58 .Yaxshi shahar (yeri)ning giyohi Rabbining izni bilan (unib) chiqaveradi. Yomon (shahar yeri esa) faqat unimsiz bo'lur. Shukr qiluvchi qavm uchun oyatlarni shu tarzda tasarruf eturmiz.

7.59 . Darvoqe, Nuhni o'z qavmiga (elchi qilib) yubordik. Shunda u dedi: "Ey, qavmim! Allohga sig'iningiz! Sizlarga Undan o'zga iloh yo'qdir. Men sizlarga buyuk Kun (qiyomat) azobi (bo'lishi)dan qo'rqaman".

7.60 . Qavmining zodagonlari: "Biz seni ochiq yanglish uzra ko'rmoqdamiz", - dedilar.

7.61 . (Nuh) dedi: "Ey, qavmim! Menda yanglish yo'q. Lekin, men olamlar Rabbi (tomoni)dan elchi (payg'ambar)durman.

7.62 . Sizlarga Rabbimning topshiriqlarini yetkazurman va sizlarga nasihat qilurman hamda Allohdan (kelgan vahiy orqali) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman.

7.63 . Sizlarni ogohlantirish, taqvoli bo'lishingiz va rahm qilishingiz uchun sizlarga Rabbingizdan (kelmish) eslatma o'zlaringizdan (bo'lmish) bir kishi zimmasida kelganidan ajablandingizmi?!"

7.64 . Shunda uni yolg'onchiga chiqardilar. Bas, (Biz) uni va u bilan birga (imon keltirgan)larni kema ichida (saqlab, to'fondan) qutqardik va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlarni (suvga) g'arq qildik. Ular (qalbi) ko'r kishilar edi.

7.65 . Od (qavmi)ga ularning birodari Hudni (elchi qilib yubordik). (U) dedi: "Ey, qavmim! Allohga sig'iningiz! Sizlarga Undan o'zga iloh yo'qdir. (Allohdan) qo'rqmaysizlarmi?!"

7.66 . Qavmining kofir bo'lgan zodagonlari aytdilar: "Biz seni nodonlikda (ekaningni) ko'rayapmiz. Biz seni yolg'onchilardanmikan, deb gumon qilyapmiz".

7.67 . (U) aytdi: "Ey, qavmim! Menda nodonlik yo'q. Lekin, men olamlar Rabbidan (yuborilgan) elchidirman.

7.68 .Sizlarga Rabbimning topshiriqlarini yetkazurman va men sizlarga ishonchli nasihatgo'yman.

7.69 . Sizlarni ogohlantirish uchun o'zlaringizdan (bo'lmish) bir kishi zimmasida sizlarga Rabbingizdan eslatma kelganidan ajablanyapsizmi?! Alloh sizlarni Nuh qavmidan keyin xalifa qilib qo'ygan va sizlarni jismonan ziyoda qilganini eslangiz!* Bas, Allohning ne'matlarini eslangiz, toki sizlarga tole yor bo'lsin!"

7.70 . Aytdilar: "Faqat yagona Allohga sig'inishimiz va ota-bobolarimiz sig'inib kelgan narsa (but-sanamlar)ni tark etishimizga (da'vat qilish uchun) bizning huzurimizga keldingmi? Agar rostgo'ylardan bo'lsang, bizga (o'sha) va'da qilgan (va qo'rqitgan) narsangni keltir!"

7.71 . (Hud) aytdi: "Sizlarning ustingizga Rabbingiz (tomoni)dan azob va g'azab yog'ilib bo'lgan. Sizlar va ota-bobolaringiz nomlarini atab (sig'inib) yurgan, Alloh ularga biror hujjat (hukm) tushirmagan (but-sanamlar) to'g'risida men bilan bahslashmoqchimisizlar?! (Azob kelishini) kutinglar! Men ham sizlar bilan birga kutuvchilardandirman".

7.72 . Uni (Hudni) va u bilan birga bo'lgan (mo'min)larni Bizdan bo'lmish rahmat bilan (azobdan) xalos etdik va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlarni esa qirib tashladik. (Ular) mo'min bo'lmadilar.

7.73 . Samud qavmiga birodarlari Solihni (payg'ambar etib yubordik). (U) dedi: "Ey, qavmim! Allohga sig'ining! Undan o'zga iloh yo'qdir. Rabbingizdan sizlarga hujjat keldi. Ushbu - Allohning mo''jiza tarzidagi tuyasi. Uni (o'z holiga) qo'yinglar - Allohning yerida o'tlasin! Unga yomonlik (niyati) bilan tega ko'rmangizlar! Aks holda, sizlarni alamli azob tutgay".

7.74 . Sizlarni (Alloh) Od (qavmi)dan keyingi xalifa (avlod) qilgani va sizlarga yerning tekisliklarida qasrlar (qurib) olishingiz, tog'laridan o'yib uylar yasab olishingiz uchun sizlarga Yer (yuzi)dan joy berganini eslangizlar! Bas, Allohning ne'matlarini eslangizlar va Yer (yuzi)da buzg'unchilik qilib yurmangizlar!

7.75 . Qavmining mutakabbir zodagonlari ularning imon keltirgan bechorahol kishilariga: "Solihni Rabbidan (yuborilgan) elchi deb bilasizlarmi?" - dedilar. (Ular) aytdilar: "Biz u orqali yuborilgan narsa (vahiy)ga ishonuvchilarmiz".

7.76 . Kibrga berilganlar esa: "Biz sizlar imon keltirgan narsa (din)ga kufr keltiramiz", - dedilar.

7.77 . (Shunday deb) tuyani so'yib yubordilar va Parvardigorlarining amridan bosh tortdilar hamda aytdilar: "Ey, Solih! Agar yuborilgan elchilardan bo'lsang, bizga va'da qilgan narsang (azob)ni keltir!"

7.78 .Bas, ularni mudhish zilzila tutdi va o'z yurtlarida (o'tirganlaricha) gum bo'ldilar.

7.79 . (Solih) ulardan bezib dedi: "Ey, qavmim! Men sizlarga Rabbimning topshirig'ini yetkazdim, sizlarga nasihat qildim, lekin (sizlar) nasihatgo'ylarni yoqtirmaysizlar". .

7.80 . Lutni ham (elchi qilib yubordik). O'z qavmiga aytdi: "Shunday (yomon) fahsh ishni qilasizlarmi? Sizlardan oldin butun olamda hech kim uni qilmagan edi.

7.81 . Sizlar xotinlar qolib, shahvatni (qondirish uchun) erkaklarga "kelasiz". Ha, sizlar isrofgar qavmdirsizlar."

7.82 . Qavmining javobi: "Ularni (Lut va mo'minlarni) shahringizdan chiqarib yuboringizlar, zero, ular o'ta poklanuvchi odamlardir", - degan so'zlari bo'ldi, xolos!

7.83 .Uni va xotinidan boshqa ahli (oilasi)ni qutqarib qoldik. U (ning xotini azobda) qoluvchilardan bo'ldi.

7.84 . Ular ustiga (azobni) yomg'irdek yog'dirdik. Bas, jinoyatchilar oqibati qanday bo'lganiga boqing! Izoh:

7.85 . Madyan (qabilasi)ga birodarlari Shuaybni (elchi qilib yubordik). U aytdi: "Ey, qavmim! Allohga sig'iningiz! Undan o'zga iloh yo'qdir. Sizlarga Rabbingizdan hujjat keldi. Bas, o'lchov va tarozini to'la-to'kis o'lchangizlar, odamlarning narsalarini urib qolmangiz va yaroqli qilib qo'yilgandan so'ng Yer (yuzi)da buzg'unchilik qilmangiz! Agar (chin) mo'min bo'lsangiz, ana shu sizlar uchun yaxshidir.

7.86 . (Odamlarni) qo'rqitish, Allohga imon keltirganlarni Uning yo'lidan to'sish va uni qing'ir qilish maqsadida har ko'chada o'tirmangiz! Ozchilik ekaningizda, (Uning) ko'paytirganini eslangiz va buzg'unchilarning oqibati qanday bo'lganiga (bir) boqingiz!

7.87 .Agar sizlardan bir toifa menga yuborilgan narsa (vahiy)ga imon keltirib, boshqa bir toifa imon keltirmagan bo'lsa, o'rtamizda Alloh hukm qilgunga qadar sabr qilingiz! U hukm qiluvchilarning yaxshisidir".

7.88 . Uning (Shuaybning) qavmidan kibrga berilgan zodagonlari aytishdi: "Ey, Shuayb! Qasamki, seni va sen bilan birga imon keltirganlarni shahrimizdan chiqarib yuboramiz yoki dinimizga qaytasizlar!" U dedi: "Diningizni yoqtirmasak hammi?

7.89 . Diningizdan bizni Alloh qutqargandan keyin yana unga qaytadigan bo'lsak, Allohga yolg'on to'qigan bo'lamiz-ku? Illo, Rabbimiz - Alloh xohlagani bo'lur. Rabbimiz har narsaga ilmi kengdir. Allohgagina tavakkul qildik. Ey, Rabbimiz! Biz bilan qavmimiz o'rtasida haqiqiy ajrimlik ato et! Sen ajrim qiluvchilarning yaxshisidirsan".

7.90 . Qavmining kofir bo'lgan zodagonlari: "Qasamki, agar Shuaybga ergashsangizlar, demak, sizlar ziyon ko'ruvchi ekansizlar"- dedilar.

7.91 . Bas, ularni mudhish zilzila tutdi. Natijada o'z joylarida o'tirganlaricha yer bilan yakson bo'ldilar.

7.92 . Shuaybni yolg'onchiga chiqarganlar go'yo u yerda (oldin) yashamagandek bo'ldilar. Shuaybni yolg'onchiga chiqarganlar, ana o'shalar ziyon ko'ruvchi bo'ldilar.

7.93 . (Shuayb) ulardan bezdi va dedi: "Ey, qavmim! Sizlarga (men) Rabbimning topshiriqlarini yetkazdim va sizlarga nasihat qildim. Bas, endi kofirlar qavmiga qanday ham qilib hamdard bo'layin?!"

7.94 .Biror yurtga payg'ambar yuborgan bo'lsak, albatta, uning aholisi tazarru qilar deb, (ularni) qashshoqlik va kasallik (kabi musibatlar)ga tutganmiz.

7.95 . So'ngra (mazkur) yomonlik o'rniga yaxshilikni almashtirgan edik, mo'l-ko'l bo'lib ketishdi va: "Ota-bobolarimizga (ham shu kabi) qashshoqlik va kasallik (kabi musibatlar) yetishib turar (va daf bo'lib ketar) edi", - dedilar. Shundan so'ng bexos ularni o'zlari sezmagan holda (azobga) tutdik.

7.96 . Agarda u yurtlarning aholisi imon keltirgan va taqvo qilganlarida edi, ular ustiga osmonlar va Yerdan barakotlar (eshiklari)ni ochib yuborgan bo'lur edik. Lekin, (ular payg'ambarlarni) yolg'onchiga chiqardilar. Natijada qilmishlari sababli ularni (azobga) tutdik.

7.97 . U yurtlarning aholisi tunda uxlayotganlarida, ular uzra azobimiz kelib qolishidan xotirjammilar?!

7.98 . Yoki u yurtlarning aholisi choshgoh paytida o'ynab turganlarida, ular uzra azobimiz kelib qolishidan xotirjammilar?!

7.99 . Allohning "makri"dan (ham) xotirjammilar?! Allohning "makri" (azobi)dan faqat ziyon ko'ruvchilar qavmigina "xotirjam" bo'lurlar.

7.100 . Yerni oldingi aholisidan keyin meros qilib oluvchilarni, xohlacak gunohlari sababli ularga (balo) yetkazgan bo'lishimiz to'g'ri yo'lga solmadimi?! Ularning dillarini muhrlab qo'yamiz. Natijada ular (haq gapni) eshitmaydilar.

7.101 . Ana o'sha qishloqlar. Ularning xabarlari qissasini Sizga aytmoqdamiz. Ularga payg'ambarlari ochiq hujjatlarni keltirgan edilar. (Lekin) oldindan ularni yolg'onchiga chiqarganlari sababli imon keltirmadilar. Alloh kofirlarning dillarini ana shunday muhrlab qo'yadi.

7.102 . Ularning ko'plarida ahd (vafodorlik)ni topmadik. Ko'plarini fosiq ekanliklarini topdik (bildik).

7.103 . So'ngra ulardan keyin Musoni mo''jizalar bilan Fir'avn va uning zodagonlariga (elchi qilib) yubordik. Ularga zulm qildilar. Buzg'unchilarning oqibati qanday bo'lganini ko'ring!

7.104 . Muso aytdi: "Ey, Fir'avn! Men olamlar Rabbidan (yuborilgan) elchidirman.

7.105 .Alloh nomidan faqatgina haq (gap)ni gapirishga haqlidirman. Sizlarga Rabbingizdan hujjat keltirdim. (Ey, Fir'avn!) Isroil avlodini men bilan birga (muqaddas yurtlari - Shomga) jo'natgin!"

7.106 .(Fir'avn): "Agar rostgo'ylardan bo'lib mo''jiza keltirgan bo'lsang, uni keltir (ko'rsat)!" - dedi.

7.107 . Bas, (Muso) asosini tashlagan edi, bexos u aniq (chin) ajdahoga aylandi.

7.108 . Qo'lini (qo'ynidan) chiqargan edi, birdan u qarab turganlarga oppoq (nurli) ko'rindi.

7.109 . Fir'avn qavmining zodagonlari: "Bu juda bilimdon sehrgar", - dedilar.

7.110 . (Fir'avn): "Sizlarni o'z yerlaringizdan chiqarmoqchi, nima buyurasizlar?" - dedi.

7.111 .Aytdilar: "Uni va akasi (Horun)ni qo'yatur, Madoin (shahri)ga yig'ib keluvchilarni yubor!

7.112 . (Ular) senga barcha bilimdon sehrgarlarni olib kelsinlar!"

7.113 . Fir'avn huzuriga sehrgarlar kelib: "Agar biz g'olib bo'lsak, bizga mukofot bormi?" - dedilar.

قَالَ نَعَمْ وَإَنَّكُمْ لَمِنَ الْمُقَرَّبِينَ

7.114 . "Albatta! - dedi (u): - Sizlar (menga) yaqinlardan bo'lursizlar".

7.115 . Aytdilar: "Ey, Muso! (qo'lingdagi asoni birinchi sen) tashlaysanmi yoki biz (qo'limizdagilarni) tashlaguvchi bo'laylikmi?"

7.116 . (Muso): "Tashlanglar!" - dedi. Bas, tashlagan edilar, odamlarning ko'zlarini sehrlab qo'ydilar va ularni cho'chitib yubordilar - ulkan sehr keltirdilar.

7.117 .Musoga: "Asoingni tashla!" - deb vahiy qildik. Birdan u (ajdohoga aylangan aso) ularning soxta (ilon)larini komiga torta boshladi (yutaboshladi).

7.118 . Bas, haqiqat voqe bo'ldi, ularning qilgan ishlari esa botil (barbod) bo'ldi.

7.119 . Shunday qilib, (sehrgarlar) yengildilar va zabun holatda qaytib ketdilar.

7.120 . Sehrgarlar sajda qilgan holda (yerga) tashlandilar.

7.121 . (So'ng) aytdilar: "(Biz) olamlarning Rabbiga,

7.122 . (Ya'ni) Muso va Horunning Rabbiga imon keltirdik".

7.123 . Fir'avn dedi: "Men sizlarga ruxsat berishimdan oldin imon keltirdingizmi?! Albatta, bu (ishingiz) shahardan uning aholisini chiqarib yuborish uchun qilgan makringizdir. Bilasizlar hali!

7.124 . Qasamki, (bir) qo'llaringiz va (bir) oyoqlaringizni teskarichasiga kesdirib tashlayman, so'ngra hammalaringizni (dorga) osib yuboraman!"

7.125 . (Ular) dedilar: "Biz (o'lsak), albatta, Rabbimiz (huzuri)ga qaytuvchimiz.

7.126 . Sen faqatgina Rabbimiz oyatlari kelganda, ularga imon keltirganimiz uchungina bizdan o'ch olmoqchisan. Ey, Rabbimiz! Ustimizga sabr (yomg'irini) yog'dir va bizni musulmonlik holimizda vafot etdir!"

7.127 .Fir'avn qavmining zodagonlari aytdilar: "(Ey, Fir'avn), Muso va (uning) qavmini Yer (yuzi)da buzg'unchilik qilishiga hamda seni va ilohlaringni (tan olmay) tark etishiga qo'yib berasanmi?" (Fir'avn) dedi: "Ularning o'g'illarini (qatli om qilib) qirib tashlab, xotinlarini tirik qoldiramiz va biz ular ustidan g'olibdirmiz!"

7.128 . Muso (o'z) qavmiga dedi: "Allohdan madad so'rangiz va sabrli bo'lingiz! Yer Allohnikidir! Uni (O'zi) xohlagan bandalariga meros qilib berur. Oqibat (yaxshiliklari) esa taqvodorlarga (tegishli)dir".

7.129 . (Ular Musoga) dedilar: "(Sen) bizga kelmasingdan oldin ham, kelganingdan keyin ham ozorlandik". (Muso) dedi: "Rabbingiz dushmaningizni halok etib, sizlarni (Misrdek) yerga o'rinbosar qilajak va qanday ish qilishingizni ko'rajak".

7.130 . Fir'avn qavmini zora eslatma olsalar, deb (qahatchilik) yillariga va mevalarning taqchilligiga duchor etdik.

7.131 . Bas, ularga yaxshilik kelganda: "Bu bizga xos", - deydilar. Agar ularga biror noxushlik yetsa, Muso va u bilan birga (imon keltirgan) kishilardan shumlanadilar. Ogoh bo'lingki, ularning (yaxshi-yomon) amal(lar)i Allohning huzuridadir. Lekin, (buni) aksariyatlari bilmaydilar.

7.132 . (Ular Musoga) aytdilar: "Bizni sehrlash uchun har qanday mo''jiza keltirsang ham, biz senga imon keltiruvchi emasmiz".

7.133 .Shundan keyin ular ustiga to'fon, chigirtka, bit, baqalar va qon (balolari)ni aniq mo''jizalar sifatida yubordik. (Shundan) so'ng (ham ular) kibr qildilar va (o'zlari oldindan) jinoyatchilar qavmi edilar.

7.134 . Ular ustiga azob tushganda dedilar: "Ey, Muso! Rabbinga sendagi bergan ahdi (haqqi) bilan biz uchun duo qil! Qasamki, agar bizlardan (shu) azobni ko'tarsang, albatta, senga imon keltiramiz va sen bilan birga Isroil avlodini (o'z yurtlariga) jo'natamiz!"

7.135 . Ulardan o'zlari yetib borayotgan (ma'lum) muddatgacha azobni ko'targanimizda esa, nogoh ular (yana ahdni) buzayaptilar.

7.136 . Bas, (Biz) ulardan "o'ch" oldik - oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlari va ulardan g'aflatda bo'lganlari sababli ularni dengizga g'arq qildik.

7.137 . (Biz) barakotli qilib qo'ygan Yerning mag'rib va mashriqlariga zaiflashtirilayotgan qavm (Muso qavmi)ni merosxo'r qilib qo'ydik. Sabr qilganlari sababli Isroil avlodiga Rabbingizning chiroyli so'zlari (bergan va'dasi) o'z adosini topdi. Fir'avn va (uning) qavmi qurgan (bino)lari hamda ko'targan (qasru burj)larini vayron qildik.

7.138 . Isroil avlodini dengizdan o'tkazganimizda, o'z sanamlariga sig'inayotgan bir qavm ustidan chiqib qoldilar-da, aytdilar: "Ey, Muso! Ularning ilohlari kabi bizga ham iloh yasab ber!" (Muso): "Sizlar johil qavm ekansizlar.

7.139 . Zero, ularning (sig'inib) turgan narsalari barbod bo'luvchi va qilayotgan ishlari botil (behuda ish)dir".

7.140 . (Muso yana) dedi: "Sizlar uchun olamlar uzra sizlarni afzal qilib qo'ygan Allohdan o'zga iloh qidirayinmi?!"

7.141 . O'g'illaringizni o'ldirib, ayollaringizni qoldirish bilan sizlarni qattiq qiynoqqa solgan Fir'avn ahli (lashkari)dan xalos etganimizni eslangiz! Sizlarning bu (voqea)laringizda ulkan sinov bordir.

7.142 . Muso bilan o'ttiz kecha va'dalashdik. So'ngra uni yana o'n (kecha) bilan to'ldirdik. Shunday qilib, Rabbining qirq kecha deya belgilagan vaqti kamoliga yetdi. Muso (keta turib) o'z birodari Horunga: "Qavmimda (sen qolib) mening o'rinbosarim bo'lgin, (xatolarini) isloh et va buzg'unchilar yo'liga ergashmagin!" - dedi.

7.143 . Muso Biz belgilagan vaqtda (Tur tog'iga) kelgach, u bilan Rabbi bevosita gaplashdi*. Muso: "Rabbim! (O'zingni) menga ko'rsatgin, Senga bir nazar qilay!" - dedi. (Alloh): "Meni ko'ra olmaysan*. Lekin (ana u) toqqa (bir) boq! Agar Men unga bir jilva qilganimda (toqat qilib) o'z o'rnida tura olsa, sen ham meni ko'rasan", - dedi. Rabbi toqqa tajalliy (kichik bir ko'rinish) qilgan edi, uni maydalab tashladi. Muso (ham ta'sirlanib) behush holda yiqildi. Hushiga kelgach, dedi: "Senga tasbeh ayturman, Senga tavba qildim va men mo'minlarning birinchisi (peshvosi)durman".

7.144 . "Ey, Muso! Men seni odamlar uzra risolalarim (Tavrot bitiklari) va gaplashganim bilan mumtoz (tanlangan, xos) etdim. Bas, senga berganimni (qabul etib) ol va shukr qiluvchilardan bo'lgin!" - dedi (Alloh).

7.145 . Uning uchun lavhlarda (Tavrot sahifalarida) nasihat va har narsaning tafsiloti sifatida har narsadan bitib qo'ydik. Bas, (Ey, Muso!) Ularni quvvat (jiddiylik) bilan olgin va qavmingga ularning yaxshi (bitilgan ahkom)larini tutish (tatbiq etish)lariga buyurgin! Sizlarga fosiqlar diyori (qanday halokatga yuz tutgani)ni ko'rsatajakman.

7.146 . Yer (yuzi)da nohaqlik bilan kibrlanib yuruvchilar (ongi)ni oyatlarimiz (idroki)dan chetlatib qo'yajakmiz. (Ular) har qanday mo''jizani ko'rsalar ham unga imon keltirmaydilar. Agar to'g'ri yo'lni ko'rsalar, uni (o'zlariga) yo'l qilib olmaydilar. Mabodo noto'g'ri yo'lni ko'rib qolsalar, uni (o'zlariga) yo'l qilib oladilar. Bu(ning sababi) oyatlarimizni yolg'onga chiqarishlari va ulardan g'ofil bo'lganlaridir.

7.147 . Oyatlarimizni va oxirat muloqotini yolg'onga chiqarganlarning (qilgan savobli) amallari barbod bo'lur. Faqat qilmishlariga (yarashagina) jazolanurlar.

7.148 . Muso qavmi undan (Tur tog'iga ketgandan) so'ng o'zlarining bezaklaridan bir ma'raydigan buzoq jasadini (ma'buda qilib) oldilar. Uning ular bilan gaplashmasligini, ularni biror yo'lga boshlamasligini ko'rmaganmidilar?! Uni (iloh sifatida) tutdilar. (Ular oldindan) zolim edilar.

7.149 .Qo'llaridan ("tarvuzlari") tushib (pushaymon bo'lib), o'zlarining adashganliklarini ko'rganlarida, aytdilar: "Qasamki, agar Rabbimiz bizga rahm qilmasa va (gunohimizni) kechirmasa, albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lishimiz aniqdir".

7.150 . Muso o'z qavmi sari (Tur tog'idan) qaytar ekan, (qavmining qilmishlaridan) g'azablangan va taassuflangan holda: "Menga ortimdan qanday ham yomon o'rinbosar bo'ldingiz-a?! Rabbingiz amri (kelmay turib) shoshqaloqlik qildingizmi?" - deb (qo'llaridagi) lavhlarni tashlab, akasining boshi (sochi)dan tutib o'ziga tortdi. (Akasi Horun) dedi: "Ey, onamning o'g'li! Bu qavm meni zaif bilib, o'ldirishlariga sal qoldi. Endi, sen (ham) meni dushmanlarga kulgi qilmagin va meni zolimlar (safi)ga qo'shmagin!"

7.151 . (Muso) dedi: "Ey, Rabbim! Meni va birodarimni mag'firat qilib, bizni rahmatingga kiritgaysan. Sen rahmlilarning rahmlirog'idirsan!"

7.152 . Albatta, buzoqni iloh qilib olganlarga Parvardigorlari (tarafi)dan g'azab va dunyo hayotida xorlik yetgusidir. (Yolg'on va bo'hton) to'quvchilarni shu tarzda jazolagaymiz.

7.153 . Gunohlarni qilib, so'ngra ulardan keyin tavba qilgan va imon keltirgan kishilar uchun, shulardan keyin (ham) Rabbingiz kechirimli va rahmlidir.

7.154 . Musoning g'azabi so'ngach, lavhlarni (yerdan) oldi. Undagi bitikda Parvardigorlaridan qo'rqadiganlar uchun hidoyat va rahmat bor edi.

7.155 . Muso belgilagan vaqtimiz (va joyimizga kelish) uchun qavmidan yetmish kishini tanladi. Ularni qattiq zilzila tutgan paytda (Muso) dedi: "Ey, Rabbim! Xohlasang ularni ham, meni ham oldinroq halok qilgan bo'lur eding. Ichimizdagi nodonlarning qilmishlari uchun bizlarni halok qilasanmi?! Bu faqat bir sinovingdirki, u orqali xohlagan kishingni adashtirasan va xohlagan kishingni hidoyat qilasan. O'zing egamizsan. Bas, bizlarni mag'firat et (kechir) va bizlarga rahm qil. Sen kechiruvchilarning (eng) yaxshisidirsan.

7.156 .Bizlarga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni yozgin. Biz Senga qaytdik". (Alloh) dedi: "Azobimni xohlagan kishimga yetkazurman. (Ammo) rahmatim hamma narsadan kengdir. Uni taqvoda bo'luvchilar, zakot beruvchilar va oyatlarimizga imon keltiruvchilarga yozajakman.

7.157 . Ular omiy (savodsiz) elchi - ismi o'zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg'ambarga ergashadilar. U (payg'ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi hamda ularning yuklarini va ustilaridagi kishan (qiyinchilik)larini olib tashlaydi. Bas, unga imon keltirgan, uni ulug'lagan, unga yordam bergan va u bilan birga nozil qilingan nur (Qur'on)ga ergashganlar, aynan o'shalar tolei yor kishilardir".

7.158 . Ayting (ey, Muhammad!): "Ey, odamlar! Men sizlarning barchangizga (yuborilgan) Allohning rasuli (elchisi)dirman. U (Alloh) osmonlar va Yerning hukmronligi O'z qo'lida bo'lgan zotdirki, undan o'zga (hech bir) iloh yo'q. (U) tiriltiradi va o'ldiradi. Bas, Allohga va Uning rasuli - Allohga va Uning kalimalari (ilohiy kitoblari)ga ishonadigan ummiy payg'ambarga (Muhammadga) imon keltiringiz va unga ergashingiz, toki hidoyat topgaysizlar!"

7.159 . Muso qavmi ichida shunday ummat (guruh) ham borki, (ular odamlarni) haq (so'z) bilan hidoyatga boshlaydilar va u (haq) bilan (hukmlarda) odillik qiladilar.

7.160 . Ularni o'n ikki urug'-ummat qilib bo'lib tashladik* va Musodan qavmi suv talab qilganda, unga: "Asoying bilan toshni urgin!" - deb vahiy qilgan edik, (urgach) undan (toshdan) o'n ikki chashma otilib chiqdi. Har bir (urug'ga tegishli) odamlar o'z suv ichadigan joyini bilib oldilar. Ular uzra bulutlarni soyabon qildik va ustilaridan shirinlik va bedanalar yog'dirib: "Sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizning poklaridan yenglar" (dedik). Ular (itoatsizliklari bilan) Bizga zulm qilmadilar, balki o'zlariga zulm qiladigan bo'ldilar.

7.161 . Ularga: "Shu shahar (Baytul-Maqdis)da istiqomat qilingiz va undagi xohlagan joyingizdan oziqlaningiz hamda "kechir" deb, sajda qilgan holingizda darvozadan kiringiz, shunda sizlarning xato (gunoh)laringizni kechiramiz. Ezgu amal qiluvchilarga (savobimizni) ziyoda qilurmiz", - deyilganini (eslang).

7.162 . Bas, ulardan zolim bo'lganlari ularga aytilgan so'zni boshqa so'zga almashtirdilar. Natijada zulm qilganlari sababli ularga osmondan azob yubordik.

7.163 . Ulardan dengiz bo'yida joylashgan qishloq (ahli) haqida so'rang! Qaysiki, shanbalik (bayrami) qilgan (ovlamagan) kunlarida baliqlari ular sari suv betida oqib kelar, shanbalik qilmagan kunida esa (baliqlari) ular sari kelmas edi. Ana shu shanbalikda (ular) haddan oshar edilar. Shu tarzda ularni buzg'unchiliklari bilan sinaymiz.

7.164 . Ulardan bir guruhi: "Nima uchun Alloh halok etmoqchi bo'lgan yoki qattiq azob bilan qiynamoqchi bo'lgan qavmga nasihat qilyapsizlar?" - deyishganda, (nasihatgo'ylar): "Rabbingizga ("Aytdik, lekin itoat qilishmadi", - deb) uzr aytishar va taqvo qilishar degan umidda (nasihat qildik)", - dedilar.

7.165 . Ularga eslatilgan narsani unutishgach, yomonlikdan qaytaruvchilarga najot berdik va zulm qilganlarni esa buzg'unchiliklari sababli yomon azobga tutdik.

7.166 . Ularga man etilgan ishdan (qaytmasdan) o'jarlik qilganlarida: "Qadrsiz maymunlarga aylaningiz!" - deb ularga (qarg'ish so'zini) aytdik.

7.167 . Rabbingiz ular ustiga to qiyomat kunigacha ularni qattiq azob bilan qiynaydigan kishilarni yuborib turajagini e'lon qildi. Albatta, Rabbingiz jazosi shitob va albatta, U kechirimli va rahmli (ham)dir.

7.168 . Ularni (yahudiylarni) Yer yuzi bo'ylab turli xalqlarga bo'lib tashladik. Ular ichida solih (yaxshi)lari ham, undan berilari ham bor. Ularni zora (to'g'ri yo'lga) qaytsalar, deb yaxshilik (ne'mat)lar va yomonlik (musibat)lar bilan sinab ko'rdik.

7.169 . Ular ortidan Kitob (Tavrot)ga merosxo'r bir avlod kelib, bu dunyo matohini oladigan va "Biz kechirilamiz" deydigan (bo'ldilar). Vaholanki, ularga uning barobarida (yana) matoh kelib qolsa, olaveradilar. Axir, ulardan Alloh sha'niga faqat haq (gaplar)ni aytishlari uchun Kitob (Tavrot) ahdi olinmaganmidi? Undagi (oyat)larni o'rgangan ham edilar-ku! Oxirat diyori taqvo qiluvchilar uchun (dunyo matohidan) yaxshidir. Bas, (buni) anglamaysizlarmi?!

7.170 . Kitob (Tavrot)ni mahkam tutib, namozni mukammal o'qiydiganlar esa, (bilib qo'ysinlarki,) Biz islohotchilar (ahli salohlar) mukofotini zoye qilmagaymiz.

7.171 . Eslang, (Ey, Muhammad,) ular ustiga tog'ni soyabon yanglig' surib keltirdik. Ular uni ustilariga tushib ketadi, deb o'yladilar. (Shunda Biz aytdik): "Sizlarga keltirgan narsamiz (Tavrot)ni mahkam tutingiz va taqvoli bo'lishingiz uchun undagi narsa (oyatlar)ni yod etingiz!".

7.172 . Rabbingiz Odam o'g'illarining bellari (pushti kamarlari)dan zurriyotlari (ruhlari)ni olib, ularni o'zlariga guvoh qilib turib: "Men Rabbingiz emasmanmi?" (dedi). (Ular): "Yo'g'e! (Rabbimizsan!) Guvohlik berdik", - dedilar. Qiyomat kuni: "Biz bundan g'ofil (bexabar) edik"

7.173 . yoki, "Oldindan ota-bobolarimiz mushrik bo'lganlar. Biz ulardan keyin kelgan zurriyot edik. (O'sha) nohaq kishilarning fe'llari sababli bizni halok qilasanmi?" - deyishlarini (bilganimiz uchun shunday qildik).

7.174 . Shu tarzda oyatlar tafsilotini qilurmiz va shoyad (ular yomon yo'ldan) qaytsalar.

7.175 . (Ey, Muhammad!) Oyatlarimizni berganimizda ulardan chiqib ketgan (amal qilmagan) odamni shayton (o'ziga) ergashtirib olgani, natijada (u) adashganlardan bo'lib qolgani (haqidagi qissa)ni ularga o'qib bering!

7.176 . Agar xohlaganimizda, uni ular (oyatlar) sababli (martabasini) ko'targan bo'lur edik. Lekin, u yerga hirs qo'ydi va (nafs) havosiga ergashdi. Uning misoli go'yo bir itdirki, unga hamla qilsang ham (tilini osiltirib) hansiraydi, o'z holiga qo'ysang ham hansirayveradi. Bu o'sha oyatlarimizni yolg'onga chiqargan qavm kishilarining misolidir. Bu qissalarni (ularga) aytib bering, zora tafakkur qilsalar!

7.177 . Oyatlarimizni yolg'onga chiqargan qavm kishilarining misoli qanday ham mudhishdir?! (Ular) o'zlariga zulm qilar edilar.

7.178 . Kimniki Alloh hidoyat qilgan bo'lsa, bas, o'sha (odam) to'g'ri yo'l topuvchidir. Kimni adashtirgan bo'lsa, bas, ana o'shalar ziyon ko'ruvchilardir.

7.179 . Jinlar va insonlarning ko'pchiligini jahannam uchun yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan "anglamaydilar". Ularda ko'zlar bor, (lekin) ular bilan "ko'rmaydilar". Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan "eshitmaydilar". Ular hayvonlar kabidirlar. Balki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Ana o'shalar g'ofillardir.

7.180 . Allohning chiroyli ismlari bordir. Uni o'sha (ism)lar bilan atangizlar! Uning ismlarida haqdan og'ib ketuvchilarni qo'yaveringizlar. (Ular) qilmishlariga (yarasha) jazolanurlar.

7.181 . Yaratganlarimiz ichida haq (yo'l)ga hidoyat qiladigan va u (haq) bilan adolat qiladigan ummat (jamoat) ham bordir.

7.182 . Oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlarni esa, (ular) bilmaydigan jihatdan "darajali" qilib (o'z holiga vaqtincha qo'yib berib) turamiz.

7.183 .Ularga muhlat beraman. "Makrim" esa qattiqdir.

7.184 . Tafakkur qilmaydilarmi?! Ularning sohibi (Muhammad)da hech qanday majnunlik yo'q. U faqat aniq ogohlantiruvchidir.

7.185 . Osmonlar va Yerning mulku saltanatiga, Alloh yaratgan har (bir) narsa va ajal (muddat)lari yaqinlashib qolganiga (bir) nazar tashlamadilarmi?! Undan (Qur'on inkoridan) keyin (yana) qaysi gapga ishonar ham edilar?!

7.186 . Kimni Alloh adashtirgan bo'lsa, uni to'g'ri yo'lga solib qo'yuvchi (odam) yo'qdir. U (kabi)larni o'z tug'yoni (haddan oshgan hollari)da gangib yurishlariga qo'yib beradi.

7.187 . Sizdan (ey, Muhammad!) qiyomat haqida, uning qachon qoim bo'lishini so'rashadi. Ayting: "Uning ilmi Rabbim huzuridadir. Uning vaqti (kelgani)da uni O'zi bildiradi. (Qiyomat) osmonlar va Yerga og'irlik (tushkunlik) qilur. Sizlarga (u) to'satdan kelib qolur". Sizdan go'yo u haqda vakil (xabardor bo'lganingiz)dek so'rashadi. Ayting: "Uning ilmi (aniq ma'lumoti) Alloh huzuridadir. Lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaydilar".

7.188 . Ayting: "Alloh xohlaganidan tashqari o'zim uchun (biror) foyda va zarar (keltirish)ga ega emasman. Agar g'ayb (ilmi)ni bilsam edi, xayrli ishlarni ko'p qilgan bo'lur edim va menga yomonlik (ham) yetmagan bo'lur edi. Men faqat imon keltiradigan qavm uchun ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman".

7.189 . U (Alloh) sizlarni bir jondan yaratib, undan uning juftini unga (uylanib) taskin topishi uchun paydo qilgan zotdir. Unga yaqinlik qilgach, u (Havvo) yengil homilali bo'ldi va u bilan (bir muddat) yurdi. (Yuki) og'irlashganda, har ikkisi (Odam va Havvo) Rabbilari (bo'lmish) Allohga duo qilib: "Agar bizga solih (farzand) bersang, albatta, shukr qiluvchilardan bo'lajakmiz" (dedilar).

7.190 . Ikkisiga solih (farzand) ato etgach, ikkisiga bergan narsasida Unga "sherik"larni (nisbat) berdilar. Alloh (esa) ular keltirgan shirkdan oliy (pok)dir.

7.191 . Biror narsani yaratmaydigan, balki o'zlari yaratiluvchi bo'lgan narsani (Allohga) sherik qiladilarmi?!

7.192 .Ular uchun (biror) yordam ko'rsatishga yaramaydilar va o'zlariga ham yordam qilmaydilar.

7.193 . Agar ularni hidoyat sari chorlasangiz, sizlarga ergashmaydilar. Ularni chorlaysizlarmi yoki sizlar jim turuvchimisizlar - sizlar uchun barobardir.

7.194 . Allohni qo'yib sig'inayotgan (but)laringiz o'zlaringga o'xshash bandalardir. Agar rostgo'y bo'lsangiz, ularga iltijo qilib ko'ringiz - ular sizlarga ijobat qilsin!

7.195 . Ularning oyoqlari bormiki, ular bilan yursalar yo qo'llari bormiki, ular bilan kuch ko'rsatsalar, yoki ko'zlari bormiki, ular bilan ko'rsalar, yoxud quloqlari bormiki, ular bilan eshitsalar?! Ayting: "Shirk (but va sanam)laringizni chaqiringiz va menga muhlat bermasdanoq menga makr qilingiz!

7.196 .Mening egam Kitob nozil qilgan Allohdir. U solih kishilarni do'st tutar.

7.197 . Uni qo'yib sig'inayotgan narsalaringiz sizlarga ham yordam ko'rsatishga yaramaydi, o'zlariga ham yordam bermaydi".

7.198 .Ularni (sanamlarni) hidoyat sari chorlasangiz, eshitmaydilar. Sizga qarab tursalarda, lekin ko'rmasliklarini kuzatasiz.

7.199 . Afvni ixtiyor eting, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!

7.200 .Agar sizni shaytonning sharri tutsa, Allohdan panoh tilang! Albatta, U eshituvchi va biluvchidir.

7.201 . Taqvo qilganlarga shaytondan (biror) musibat yetsa, (darhol Allohni) eslaydilar. Bas, o'shanda ular (haqni) ko'ruvchidirlar.

7.202 . Ularning do'stlari yo'ldan urishda ularga yordam beradilar. (Bu ishda) sustlik qilmaydilar.

7.203 . Ularga oyat keltirmasangiz, "Uni o'zing tanlab (to'qib) qo'yaqolmaysanmi?!" - deyishadi. Ayting: "Men faqat Rabbimdan menga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman. Bu (Qur'on) imon keltiradigan qavm uchun Rabbingizdan ko'rsatmalar, hidoyat va rahmat (manbai)dir".

7.204 . Qur'on o'g'ilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysizlar!

7.205 . Rabbingizni ichingizda tazarru va qo'rqinch bilan hamda gapirganda ovozni ko'tarmasdan ertayu kech zikr (yod) eting! G'ofillardan bo'lmang!

7.206 . Haqiqatan, Rabbingiz huzuridagi (farishta)lar Uning ibodatidan kibr (ibo) qilmaydilar. Unga tasbeh aytadilar va Unga sajda qiladilar.