ALHAQQA surasi

69.1 . (U) haqiqatan ro'y beruvchidir.

69.2

. (O'sha) haqiqatan ro'y beruvchi nimadir?

69.3 . (Ey, Muhammad,) haqiqatan ro'y beruvchining nima ekanini qayerdan (ham) bilar edingiz?! (U qiyomatdir.)

69.4 . Samud va Od (qabilalari) qattiq zarba beruvchi (Qiyomat kuni)ni inkor etdilar.

69.5 . Bas, Samud (qabilasi) haddan tashqari narsa (chaqmoq) bilan halok qilindilar.

69.6 . Od (qabilasi) esa, dahshatli, quturgan bo'ron bilan halok qilindilar.

69.7 . U (bo'ronni Alloh) ularning ustiga paydar-pay yetti kecha va sakkiz kunduz hukmron qilib qo'ydiki, endi u joydagi qavmni (chirib) ichi bo'shab qolgan xurmo daraxtining tanasidek qulab halok bo'lib yotganlarini ko'rasiz.

69.8 . Bas, ulardan (biror) asoratni ko'rayapsizmi?! (Aslo, ularning barchalari halok bo'lib bitdilar).

69.9 . Fir'avn ham, undan avvalgi o'tgan (dinsiz)lar ham, ostin-ustun bo'lgan qishloqlar (Lut qavmining qishloqlari) ham xato ish qildilar.

69.10 . Bas, ular Parvardigorlarining payg'ambariga itoatsizlik qildilar. Bas, U zot ularni o'ta qattiq ushlash bilan ushladi (qattiq azobladi).

69.11 . Darvoqe, Biz suv tug'yonga ketgan vaqtida sizlarni (Nuh payg'ambar yasagan) kemada ko'tardik.

69.12 . Biz buni sizlarga eslatma qilish uchun va anglovchi quloqlar anglab olishlari uchun (qildik).

69.13 . Bas, qachonki, sur bir bor chalinganida,

69.14 . Yer va tog'lar (o'z joylaridan) ko'tarilib, (bir-birlariga) bir bor urilganda,

69.15 . ana o'sha kunda Voqea sodir bo'lur (Qiyomat qoyim bo'lur)!

69.16 . Osmonlar ham yorilur. Chunki, (osmon) u Kunda zaif bo'lib qolur.

69.17 . Farishtalar esa (osmon) atrofida (Allohning amriga muntazir bo'lib) tururlar. Ularning ustida Rabbingiz Arshini u Kunda sakkiz (farishta) ko'tarib turur.

69.18 . O'sha Kunda sizlar (hisobot uchun Allohga) ko'ndalang qilinursizlar, sizlarning biror siringiz maxfiy qolmas.

69.19 . Bas, o'z kitobi (nomai a'moli) o'ng tomonidan berilgan kishi aytur: "Mana, mening kitobimni o'qinglar.

69.20 . Darhaqiqat, men hisobotimga ro'baro' bo'lishimni bilar edim", - der.

69.21 . Bas, u qoniqarli maishatda,

69.22 . oliy jannatda,

69.23 . mevalari yaqin (joyda) bo'lur.

69.24 . (Jannat ahliga): "O'tgan kunlarda (dunyoda) qilib o'tgan (ezgu) amallaringiz sababli (ushbu noz-ne'matlarni) yoqimli ishtaha bilan yeb-ichaveringlar" (deyilur).

69.25 . Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: "Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa,

69.26 . va hisob-kitobim qanday bo'lishini bilmasam!

69.27 . Eh, qaniydi, o'sha (birinchi o'limim hamma ishni) tugatuvchi bo'lsa!

69.28 . Menga mol-mulk ham asqotmadi.

69.29 .Saltanatim ham halok bo'lib ketdi".

69.30 . "(Ey, jahannam qo'riqchilari!) Uni ushlab kishanlanglar!

69.31 . So'ngra uni olovda toblanglar!

69.32 . So'ngra uzunligi yetmish gaz bo'lgan zanjirga solinglar!"

69.33 . Chunki, u (dunyodalik paytida) Ulug' Allohga imon keltirmas edi.

69.34 . Miskinga taom berishga (o'zini va o'zgalarni) targ'ib qilmas edi.

69.35 . Bas, bugun bu yerda unga biror do'st yo'qdir.

69.36 . Yiringdan boshqa biror taom ham yo'qdir.

69.37 . Uni esa faqat xatoga (kufrga) ketganlargina yegaylar.

69.38 . Qasamyod etaman, sizlar ko'radigan narsalarga

69.39 . va sizlar ko'rmaydigan narsalargaki,

69.40 . u (Qur'on), albatta, mukarram Payg'ambarning (Alloh nomidan aytgan) so'zidir!

69.41 . U biror shoirning so'zi emasdir. Sizlar (ushbu Qur'onga) kamdan-kam imon keltirursizlar.

69.42 . (U) biror kohin (folbin)ning so'zi ham emasdir. Sizlar kamdan-kam eslatma olursizlar.

69.43 . (U barcha) olamlar Parvardigori (tomoni)dan nozil qilingan (Kitob)dir.

69.44 . Agar (payg'ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ba'zi so'zlarni to'qib aytganda edi,

69.45 . albatta, Biz uning o'ng qo'lidan tutgan,

69.46 . so'ngra uning shohtomirini uzib tashlagan bo'lur edik.

69.47 . U holda sizlardan biror kishi undan (payg'ambardan halokatni) to'sa oluvchi bo'lmas edi.

69.48 . Haqiqatan, u (Qur'on) taqvodorlar uchun eslatmadir.

69.49 . Biz sizlarning orangizda (Qur'onni) inkor etuvchilar bor ekanini aniq bilurmiz.

69.50 . Albatta, u (Qur'on) kofirlarga (Qiyomat kunida) hasrat (nadomat) bo'lur.

69.51 . Albatta, u (Qur'on) aniq Haqiqatdir.

69.52 . Bas, ulug' Rabbingiz nomi bilan tasbeh ayting!