') //-->
63.1 . (Ey, Muhammad,) munofiqlar huzuringizga kelib: "Guvohlik beramizki, Siz, albatta, Allohning pay'g'ambaridirsiz", - derlar. Siz Uning payg'ambari ekanligingizni Alloh albatta bilur va Alloh munofiqlarning haqiqatan yolg'onchi ekanliklariga ham guvohlik berur.
63.2 . Ular o'zlarining (yolg'on) qasamlarini qalqon qilib olib, (odamlarni) Alloh yo'lidan to'sdilar. Ularning qilib yurgan amallari naqadar yomondir!
63.3 . Bunga sabab ularning (tillarida) imon keltirib, so'ngra (dillarida) kofir bo'lganlaridir. Bas, ularning dillari muhrlab qo'yildi. Endi ular (haqiqatni) anglay olmaslar.
63.4 . Ularga qarasangiz, ularning gavdalari Sizni ajablantirur, so'zlaganlarida esa so'zlariga beixtiyor quloq solursiz. Ular go'yo (devorga) suyab qo'yilgan (chirik) ёg'ochlarga o'xshaydilar. Ular har bir qichqiriq (ovoz)ni ustilariga (tushayotgan balo va ofat deb) gumon qiladilar. Ular dushmandirlar. Bas, ulardan ehtiyot bo'ling! Ularni Alloh ursin! Qayoqqa og'ib ketmoqdalar o'zi?!
63.5 . Qachonki, ularga: "Kelinglar, Allohning payg'ambari sizlar uchun mag'firat so'rasin!" - deyilsa, albatta, ular boshlarini burib keturlar va ularni kibrlangan hollarida yuz o'girishlarini ko'rarsiz.
63.6 . (Ey,Muhammad,) Siz ular uchun mag'firat so'radingizmi yoki mag'firat so'ramadingizmi - ularga barobardir - Alloh ularni sira mag'firat qilmas. Albatta, Alloh fosiqlar qavmini hidoyat etmas.
63.7 . Ular (o'zlarining tobelariga): "Allohning payg'ambari huzuridagi kishilarga ehson qilmanglar, toki ular tarqalib ketsinlar", -deydigan kimsalardir. Holbuki, osmonlar va Yer xazinalari faqat Allohnikidir. Lekin, munofiqlar (buni) anglamaslar.
63.8 . Ular: "Qasamki, agar Madinaga qaytsak, albatta, kuchlilar kuchsizlarni undan (haydab) chiqarur", - derlar. Holbuki, kuch-qudrat faqat Allohniki, Uning payg'ambariniki va mo'minlarnikidir. Lekin, munofiqlar (buni) bilmaslar.
63.9 . Ey, mo'minlar, na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg'itib qo'ymasin! Kimki shunday qilsa, bas, ana o'shalar ziyon ko'ruvchi kimsalardir.
63.10 . Sizlarning (har) biringizga o'lim kelganda: "Ey, Rabbim, meni ozgina (hayotda) qoldirsang, men sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo'lsam", - deb qolishidan ilgari Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilingiz!
63.11 . Alloh biror jonni ajali kelganida kechga qoldirmas. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.