') //-->
62.1 . Osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa (mutlaq) podshoh, (nuqsonlardan) pok, qudrat va hikmat sohibi bo'lmish Allohga tasbeh aytur.
62.2 . U (Alloh) omiylar (savodsiz kishilar) orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur'on) va Hikmat (Hadis)ni o'rgatadigan (bir) payg'ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, ular payg'ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar.
62.3 . (Alloh uni) yana ulardan boshqalarga - ularga yetisha olmagan (dunyoga keyin keladigan insonlarga ham yubordi). U qudrat va hikmat sohibidir.
62.4 . Bu Allohning fazlidirki, uni O'zi xohlagan kishilarga berur. Alloh ulug' fazl sohibidir.
62.5 . Tavrot yuklatilgan (berilgan), so'ngra uni ko'tara olmagan (unga amal qilmagan) kimsalarning misoli xuddi kitoblarni ko'tarib ketayotgan eshakka o'xshaydi. Allohning oyatlarini inkor etgan qavmning misoli naqadar yomondir. Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmas.
62.6 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Ey, yahudiy bo'lganlar, agar sizlar (boshqa) odamlarni emas, faqat o'zlaringizni Allohning do'stlari deb da'vo qilsangizlar - agar (shu da'volaringizda) rostgo'y bo'lsangizlar - o'limni orzu qilinglar-chi?"
62.7 . Qo'llari (o'zlari) qilib qo'ygan ishlari (Tavrotga xilof qilmishlari) sababli hech qachon (o'limni) orzu qila olmaslar. Alloh zolimlarni biluvchidir.
62.8 . Ayting: "Sizlar qochayotgan o'lim, albatta, sizlarga yo'liquvchidir! So'ngra sizlar yashirin va oshkora narsalarni biluvchi (Alloh)ga qaytarilursizlar. Bas, U zot sizlarga qilib o'tgan amallaringizning xabarini berur".
62.9 . Ey, imon keltirganlar, qachonki, jum'a kunidagi namozga (azon) chaqirilsa, darhol Allohning zikri sari harakatga tushingizlar va savdo-sotiqni tark qilingizlar! Agar biladigan bo'lsangizlar, mana shu (ish) o'zlaringiz uchun yaxshidir.
62.10 . Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringizlar! Allohni ko'p yod etingizlar, shoyad (shunda) najot topursizlar.
62.11 . Qachonki, ular biror tijoratni yoki o'yin-kulgini ko'rib qolsalar, o'shanga qarab tarqalib ketib, Sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark eturlar. Ayting: "Alloh huzuridagi narsa (mukofotlar) o'yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir. Alloh rizq beruvchilarning yaxshirog'idir".