') //-->
61.1 . Osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa Allohga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.
61.2 . Ey, imon keltirganlar, sizlar nega o'zlaringiz qilmaydigan narsani (qilamiz deb) aytursizlar?!
61.3 . Sizlarning o'zlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishlaringiz, Alloh nazdida katta nafrat (boisi)dir.
61.4 . Albatta, Alloh O'zining yo'lida go'yo tutash binolardek saf tortib, jang qiladigan zotlarni sevar. Eslang, Muso o'z qavmiga: "Ey, qavmim, nega sizlar menga Allohning sizlarga (yuborgan) payg'ambari ekanimni bila turib, ozor berursizlar?" - degan edi.
61.5 . Bas, qachonki, ular (Haq yo'lidan) og'ishgach, Alloh ularning dillarini (hidoyatdan) og'dirib qo'ydi. (Zotan), Alloh fosiqlar qavmini hidoyat etmas.
61.6 . Eslang, Iso ibn Maryam: "Ey, Isroil avlodi, men Allohning sizlarga (yuborgan) payg'ambaridirman. (Men) o'zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi va o'zimdan keyin keladigan Ahmad ismli bir payg'ambar haqida xushxabar beruvchiman", - degan edi. Bas, qachonki, (Iso) ularga (payg'ambar ekaniga) hujjat (mo'jiza)larni keltirgach, ular "bu aniq sehr", - dedilar.
61.7 . O'zi Islomga da'vat qilinayotganda (uni qabul qilish o'rniga) Alloh sha'niga yolg'on to'qigan kimsadan kim ham zolimroqdir?! Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmas.
61.8 . Ular Allohning nurini (Islomni) og'izlari (behuda gaplari) bilan o'chirmoqchi bo'lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar ёqtirmasalarda, O'z nurini (dinini) kamolga yetkazuvchidir.
61.9 . U o'z payg'ambarini hidoyat va haq din bilan - garchi mushriklar yoqtirmasalar-da - barcha dinlar uzra g'olib qilish uchun yuborgan zotdir.
61.10 . Ey, imon keltirganlar, sizlarni alamli azobdan qutqaradigan bir "tijorat"ga boshlayinmi?
61.11 . (O'sha "tijorat" shuki) - Alloh va Uning payg'ambariga imon keltirursizlar va Alloh yo'lida mollaringiz va jonlaringiz bilan jihod qilursizlar. Mana shu, agar bilsangizlar, o'zlaringiz uchun yaxshi (ish)dir.
61.12 . (Agar shunday qilsangizlar, Alloh) sizlarning gunohlaringizni mag'firat qilur hamda sizlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga va abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur. Bu esa ulkan yutuqdir.
61.13 . (Alloh sizlarga) yana boshqa sizlar suyadigan (bir ne'matni ham berurki, u) Alloh tomonidan bo'lajak g'alaba va yaqin(da ro'y beruvchi) fathdir. (Ey, Muhammad,) mo'minlarga (mana shu) xushxabarni yetkazing!
61.14 . Ey, imon keltirganlar, Allohning yordamchilari bo'lingiz! Xuddi Iso ibn Maryam havoriylarga: "Allohga (ya'ni, uning diniga da'vat qilishimda) kim mening yordamchilarim bo'lur?" - deganidek. Havoriylar aytdilar: "Biz Allohning (diniga) yordam beruvchilarmiz". Bas, Isroil avlodidan bir toifa (Isoga) imon keltirdi. Va bir toifa kofir bo'ldi. Bas, Biz imon keltirgan zotlarni dushmanlaridan kuchli qildik, bas, ular g'olib bo'ldilar.