') //-->
59.1 . Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Allohga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.
59.2 . U ahli kitoblardan (yahudiylardan) kofir bo'lgan kimsalarni birinchi "to'plash"dayoq o'z diyorlaridan haydab chiqargan zotdir. (Ey, mo'minlar,) sizlar ularni chiqib ketishlarini o'ylagan ham emas edingiz, ular ham o'zlarining qal'alarini Alloh (azobi)dan to'suvchi deb o'ylagan edilar. Bas, Alloh(ning azobi) ular hisobga olmagan tomondan keldi va dillariga qo'rqinch soldi. Ular uylarini o'z qo'llari va mo'min-larning qo'llari bilan buzar edilar. Bas, ey, aql egalari, (ulardan) ibrat olingiz!
59.3 . Agar Alloh ularga surgunni yozmaganida, albatta, ularni mana shu dunyoda (qatl qilish yoki asrga olish bilan) azoblagan bo'lur edik. Ular uchun oxiratda do'zax azobi ham bordir.
59.4 . Bunga sabab, ularning Alloh va Uning payg'ambariga qarshi turganlaridir. Kimki Allhga qarshi tursa, bas, Alloh jazosi qattiq zotdir.
59.5 . (Ey, imon keltirganlar,) sizlar (Banu Nazir xurmozorlaridan) biror xurmo daraxtini kesdinglarmi yoki uni o'z tanalarida turgan holida qoldirdinglarmi, bas, (qilingan ish) Allohning izni bilan va fosiq (itoatsiz) kimsalarni rasvo qilish uchundir.
59.6 . Alloh O'z Payg'ambariga ulardan o'lja qilib bergan narsalar ustiga sizlar ot va tuyalarni minib borganlaringiz yo'q (qiynalib qo'lga kiritganlaringiz yo'q), lekin Alloh O'z payg' ambarlarini O'zi xohlagan kimsalardan ustun qilib qo'yar. Alloh har narsaga qodirdir.
59.7 . Alloh qishloq (shahar)larning (kofir) aholisidan o'z payg'ambariga o'lja qilib bergan narsalar - toki sizlardan boy-badavlat kishilar o'rtasidagina qo'lma-qo'l bo'lib yuraveradigan narsa bo'lib qolmasligi uchun - Allohga, Payg'ambarga va (u zotning) qarindoshlari, yetimlar, miskinlar va musofirlarga tegishlidir. Payg'ambar sizlarga keltirgan narsani olinglar, u sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh jazosi qattiq zotdir.
59.8 . (U o'ljalar yana) o'z diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan zotlar - kambag'al muhojirlarnikidir, zero, ular Allohdan fazl va rizolik istaganlar hamda Alloh va Uning payqambariga yordam berganlar. Aynan o'shalar (imonlarida) sodiqdirlar.
59.9 . Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda yashagan va imonni saqlaganlar (ansorlar) esa o'zlari (yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suyurlar va dillarida ularga berilgan narsa (o'ljalar) sababli hasad sezmaslar hamda o'zlarida ehtiyoj bo'la turib, (ehson qilishda o'zgalarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o'z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o'shalar iqbollidirlar.
59.10 . Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: "Ey, Rab bimiz, O'zing bizlarni va bizlardan ilgari imon bilan o'tganlarni mag'firat qilgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz, albatta, Sen mehribon va rahmlidirsan!"
59.11 . (Ey, Muhammad,) munofiq kimsalar o'zlarining ahli kitoblaridan (yahudiylardan) bo'lmish kofir birodarlariga: "Qasamki, agar sizlar (Madinadan) quvib chiqarilsangizlar, albatta, bizlar ham sizlar bilan birga chiqib keturmiz va sizlar(ga qarshi harakat)da hech qachon hech kimga itoat etmasmiz. Agar sizlarga qarshi jang qilinsa, albatta, bizlar sizlarga yordam berurmiz",- dyishlarini ko'rmaysizmi? Alloh guvohlik berurki, ular, albatta, yolg'onchidirlar.
59.12 . Qasamki, agar (yahudiylar o'z diyorlaridan) quvib chiqarilsalar, (munofiqlar) ular bilan birga chiqib ketmaslar. Qasamki, agar (yahudiylarga qarshi) jang qilinsa, (munofiqlar) ularga yordam ham bermaslar. Mabodo yordam bersalar ham, albatta, yahudiylar (mag'lub bo'lib) ortlariga qarab qochurlar va keyin ularga yordam berilmas.
59.13 . (Ey, mo'minlar,) sizlar (munofiqlarning) dillarida Allohdan ko'ra qo'rqinchliroqdirsizlar. Bunga sabab, ular (Allohning qudratini) anglamaydigan qavm ekanliklaridir.
59.14 . Ular (munofiq va yahudiylar) hammasi sizlar bilan faqat qal'ali qishloqlar (ichida berkinib) yoki devorlar ortidagina jang qila olurlar. Ular o'z o'rtalarida "kuchli"dirlar. (So'zlaridan) ularni bir deb hisoblaysiz-u, (ammo) dillari xilma-xildir. Bunga sabab ularning aqlsiz qavm ekanliklaridir.
59.15 . (Ular) xuddi o'zlaridan ozgina oldin o'tgan, o'z qilmishlarining uvoliga qolgan kimsalarning (Badr jangida yengilgan mushriklarning) o'xshashidirlar. Ularga (oxiratda ham) alamli azob bordir.
59.16 . (Ular) xuddi shaytonning o'xshashidirlar.Qaysiki, u insonga: "Kofir bo'l", - deydi. Bas, qachonki, (inson) kofir bo'lgach, (shayton unga): "Men sendan bezorman. Zero, men (barcha) olamlar Parvardigori - Allohdan qo'rqarman", - deydi.
59.17 . Bas, ikkisining (shayton va kofirning) oqibati do'zaxga kirib, unda mangu qolishlari bo'ldi. Zolim kimsalarning jazosi shudir.
59.18 . Ey, imon keltirganlar, Allohdan qo'rqinglar va (har bir) jon (egasi) ertangi kun (Qiyomat) uchun nimani (qanday amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.
59.19 . Sizlar Allohni unutib qo'yganlar, bas, (shundan keyin Alloh) ularga o'zlarini ham unutdirib qo'ygan kimsalar kabi bo'lmangiz! Ana o'shalar fosiq (itoatsiz) kimsalardir.
59.20 . Do'zax ahli bilan jannat ahli barobar bo'lmas. Jannat ahli yutuqqa erishgan zotlardir.
59.21 . Agar Biz ushbu Qur'onni biror tog' uzra nozil qilganimizda edi, albatta, u (tog')ni Allohning qo'rquvidan bo'yin sungan va yorilib ketgan holida ko'rgan bo'lur edingiz. Biz bu misollarni odamlarga zora ular tafakkur qilsalar, deb keltirmoqdamiz.
59.22 . U - Alloh, shunday zotdirki, Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) yashirin va oshkora narsalarni biluvchidir. U mehribon va rahmlidir.
59.23 . U - Alloh, shunday zotdirki, Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) podshoh, (barcha ayb-nuqsonlardan) pok, (bandalariga) omonlik beruvchi, kuzatib turuvchi, qudrat sohibi, bo'yin sundiruvchi va kibr egasidir. Alloh ularning (mushriklarning) shirklaridan pokdir.
59.24 . U - Alloh, yaratuvchi, (yo'qdan) bor qiluvchi, (barcha narsaga) surat (va shakl) beruvchidir. Uning go'zal ismlari bordir. Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Unga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.