') //-->
57.1 . Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Allohga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.
57.2 . Osmonlar va Yer hukmronligi Unikidir. U tiriltiradi ham, o'ldiradi ham. U har narsaga qodirdir.
57.3 . U Avval, Oxir, Zohir va Botindir. U barcha narsani biluvchidir.
57.4 . U osmonlar va Yerni olti kunda yaratib, so'ngra Arsh o'zra mustaviy bo'lgan zotdir. U yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, osmondan tushadigan narsalarni ham, unga (osmonga) ko'tariladigan (yaxshi amal va duolar kabi) narsalarni ham bilur. Sizlar qayerda bo'lsangizlar, U sizlar bilan birgadir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.
57.5 . Osmonlar va Yer hukmronligi Unikidir. Ishlar faqat Allohga qaytarilur!
57.6 . U kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur. U dillardagi sirlarni biluvchidir.
57.7 . (Ey, insonlar,) Allohga va uning payg'ambari (Muhammad)ga imon keltiringlar hamda U sizlarni xalifa qilib qo'ygan narsalardan (boyliklaringizdan) ehson qilinglar! Bas, sizlardan imon keltirgan va ehson qilgan zotlar uchun katta mukofot bordir.
57.8 . Agar sizlar imon keltiruvchi bo'lsangizlar - payg'ambar sizlarni Rabbingizga imon keltirishga da'vat qilar ekan, ahdu paymoningizni olgach, nega sizlar Allohga imon keltirmayapsizlar?!
57.9 . U O'z bandasi (Muhammad)ga sizlarni zulmatlar (kufr)dan nur (imon)ga olib chiqishi uchun aniq oyatlarni nozil qiladigan zotdir. Albatta, Alloh, sizlarga mehribon va rahmlidir.
57.10 . Nega sizlar Alloh yo'lida ehson qilmayapsizlar?! Holbuki, osmonlar va Yer merosi yolg'iz Allohniki-ku! Sizlardan (Makka) fath bo'lishidan ilgari ehson qilgan va (kofirlarga qarshi) urushgan kishilar (fathdan keyin ehson qilgan va urushganlar bilan) barobar bo'lmas. Ular keyin ehson qilgan va urushgan kishilardan Ulug'roq martabadadirlar. Barchalariga Alloh go'zal (mukofot jannat) va'da qilgandir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.
57.11 . Allohga "qarzi hasana" (Uning yo'lida ehson) qiladigan kishi bormiki, (U) o'sha (kishi)ga bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarsa! Uning uchun yana sharafli mukofot ham bordir.
57.12 . Mo'min va mo'minalarning oldilarida va o'ng tomonlarida (amal) nurlari yurganini ko'radigan Kunni (eslang)! (O'sha Kunda ulargadeyilur:) "Sizlar uchun bugungi xushxabar - ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu qolinadigan jannatlardir. Bu ulkan yutuqning o'zidir!
57.13 . U Kunda munofiq va munofiqalar imon keltirgan zotlarga: "Bizga qaranglar, biz ham sizlarning nuringizdan ozgina olib foydalanaylik", - desalar, (ularga:) "Ortingizga qaytib nur istanglar", - deyilur. So'ng ular (bilan mo'minlar) o'rtasida darvozali bir devor urilurki, uning ichida rahmat (jannat), tashqarisida esa azob (do'zax) bo'lur.
57.14 . Ular (mo'minlarga) "Biz (dunyoda) sizlar bilan birga emasmidik", - deb nido qilganlarida, (mo'minlar) derlar: "Ha, lekin sizlar o'zlaringizni fitnaga soldinglar va (bizlarga musibat yetishiga) ko'z tutdinglar hamda (dinimiz to'g'risida) shubhalandinglar va to Allohning amri (o'lim) kelgunicha xom xayollar sizlarni aldadi. Sizlarni Alloh haqida aldovchi (shayton) ham aldab qo'ydi".
57.15 . Mana bugun sizlardan ham, (ey, munofiqlar,) kofir bo'lganlardan ham (azobdan qutulishlaringiz uchun) to'lov olinmas. Joylaringiz do'zaxdir! U sizlarning munosib joyingizdir! Naqadar yomon oqibat bu!
57.16 . Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil bo'lgan haq (Qur'on)ga moyil bo'lish (vaqti) kelmadimi?! (Yana ular uchun) ilgari kitob ato etilgan, so'ng (payg'ambarlaridan keyingi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya'ni, yahudiy va nasroniylar) kabi bo'lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?! Ulardan ko'plari fosiq (itoatsiz)dirlar!
57.17 . (Ey, mo'minlar,) bilinglarki, albatta, Alloh "o'lgan" yerni tiriltirur. Mana Biz aql yurgizishingiz uchun sizlarga (qudratimizga dalolat qiladigan) oyatlarni batafsil bayon qildik.
57.18 . Albatta, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar hamda Allohga "qarzi hasana" berganlar uchun (sadaqalari) bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarilur va ular uchun yana sharafli mukofot bordir.
57.19 . Allohga va Uning payg'ambarlariga imon keltirgan zotlar - aynan o'shalar Parvardigorlari huzurida siddiqlar va shahidlarning o'zidirlar. Ular uchun (oxiratda) mukofotlari va (yo'llarini yorituvchi) nurlari bo'lur. Kofir bo'lgan va oyatlarimizni inkor etgan kimsalar - ular do'zax egalaridir.
57.20 . Bilinglarki, bu dunyo hayoti faqat o'yin, behudalik, ziynat, o'zaro faxrlanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko'paytirishdan iboratdir. (U) bamisoli bir yomg'irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur. So'ngra u qurigach, uni sarqaygan holda ko'rursiz. So'ngra u o'tin bo'lib qolur. Oxiratda esa (qay birlaringiz uchun) qattiq azob (qay birlaringiz uchun) Alloh tomonidan mag'firat va rizolik bordir. Dunyo hayoti faqat aldov matosidir.
57.21 . (Ey, insonlar,) Rabbingiz tomonidan bo'ladigan mag'firatga hamda Alloh va Uning payg'ambarlariga imon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo'yilgan, kengligi osmon va Yerning kengligi kabi bo'lgan jannatga shoshilingiz! Bu Allohning fazli bo'lib, uni O'zi xohlagan kishilarga ato etur. Alloh Ulug' fazl sohibidir.
57.22 . Xoh yerga va xoh o'zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-Mahfuzda bitilgan) bo'lur. Albatta, bu Allohga osondir.
57.23 . Toki, sizlar qo'llaringizdan ketgan narsaga qayqurmagaysizlar va (Alloh) ato etgan narsa bilan shodlanib (havolanib) ketmagay sizlar. Alloh har qanday kibrli va maqtanchoq kimsalarni suymas.
57.24 . Ular baxillik qiladigan va odamlarni ham baxillikka buyuradigan kimsalardir. Kim (baxillik qilib ehson qilishdan) yuz o'girsa, bas, albatta, Allohning O'zi behojat va hamdga loyiq zotdir.
57.25 . Biz O'z payg'ambarlarimizni hujjat (mo''jiza)lar bilan yubordik va ular bilan birga Kitob hamda odamlar adolatni barpo qilishlari uchun mezon (tarozi) tushirdik. Yana, Biz temirni tushirdik. Unda quvvat va odamlar uchun manfaatlar bordir. Alloh O'ziga va ayg'ambarlariga (Alloh yo'lida jihod qilish bilan) qoyibona yordam beradigan kishilarni bilish uchun ham (temirni yaratdi). Albatta, Alloh kuchli va qudratlidir.
57.26 . Biz Nuh va Ibrohimni payg'ambar qilib yubordik hamda payg'ambarlik va Kitobni (Tavrot, Injil, Zabur, va Qur'onni) ham ikkovining zurriyotlariga (ato) qildik. Bas, ularning orasida hidoyat topuvchi (kishilar) ham bor, (ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (itoatsiz)dirlar.
57.27 . So'ngra ularning izlaridan ketma-ket payg'ambarlarimizni yubordik va Iso ibn Maryamni ham (ularning) ortidan yubordik va unga Injil ato etdik hamda unga ergashgan zotlarning dillarida mehribonlik va shafqat (paydo) qildik. Rohiblikni esa ular o'zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo'q, lekin ular o'zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so'ng unga to'la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan imon keltirgan zotlarga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (itoatsiz)dirlar.
57.28 . Ey, (Isoga) imon keltirgan zotlar, Allohdan qo'rqinglar va Uning payg'ambari (Muhammad)ga ham imon keltiringlar, (shunda) U zot sizlarga O'z rahmatidan ikki barobar ato etur va sizlarga (Qiyomatda yorituvchi) nur (paydo) qilur hamda sizlarni mag'firat qilur. Alloh mag'firatli va rahmlidir.
57.29 . Ahli kitoblar o'zlari Allohning fazlidan biror narsaga (etishga) qodir bo'la olmasliklarini va fazl Allohning "qo'li"da bo'lib, uni faqat O'zi xohlagan kishilarga ato etishini bilishlari uchun (Alloh shunday qildi). Alloh ulug fazl sohibidir.