') //-->
53.1 . Botib ketayotgan yulduzga qasamki,
53.2 . sizlarning sohibingiz (ya'ni Muhammad) zalolatga ketgani ham yo'q, yo'ldan ozgani ham yo'q!
53.3 . (Qur'onni) o'z havosi (xohishi) bilan so'zlamas.
53.4 . U (Qur'on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir.
53.5 . Unga (tilovatni) shiddatli quvvatga ega bo'lmish zot (Jabroil) ta'lim bermishdir.
53.6 . (U) iqtidorli (farishta)dir. Bas, u turdi.
53.7 . O'zi oliy ufqda edi.
53.8 . So'ngra yaqinlashib, pastladi.
53.9 . Bas, (Muhammadga) ikki kamon oralig'idek yoki (undan ham) yaqinroq bo'ldi.
53.10 . Bandasi (Muhammad)ga Alloh tushirgan vahiyni keltirdi.
53.11 . Ko'ngil ko'rgan narsasida yolg'onchi bo'lmadi.
53.12 . Endi sizlar, (ey, mushriklar, Payg'ambar) ko'rib turgan narsasi ustida u bilan tortishurmisizlar?!
53.13 . Qasamki, (Muhammad Jabroilni) ikkinchi bor ko'rdi.
53.14 . (Jannat) chekkasidagi Nilufar oldida.
53.15 . Ma'vo jannati ham o'sha (Nilufar)ning oldidadir.
53.16 . O'shanda Nilufarni o'ragan narsa (Allohning fayzi) o'rab olgan edi.
53.17 . (Payg'ambarning) ko'zi (chetga) og'gani ham yo'q, o'z haddidan oshgani ham yo'q.
53.18 . Darhaqiqat, u (o'sha soatda) Parvardigorining buyuk alomatlarini ko'rdi.
53.19 . (Ey, mushriklar,) ko'rdingizmi (sanamlaringiz) - "Lot, "Uzzo"ni
53.20 . va yana uchinchilari bo'lmish "Manot"ni?
53.21 . Erkak (jinsi) sizlarniki-yu, ayol (jinsi) U zotnikimi?!
53.22 . U holda bu adolatsiz taqsim-ku?!
53.23 . U (nom)lar faqat sizlar o'zlaringiz va ota-bobolaringiz qo'yib olgan nomlardir. Alloh ular (ma'budaligi) haqida biror hujjat tushirgan emas. U (mushrik)larga Parvardigorlari tomonidan hidoyat (Qur'on) kelib turgan holda ular faqat gumonga va havoyi nafslarigagina ergashmoqdalar.
53.24 . Yoki insonga orzu qilgan narsasi bo'laverdimi?!
53.25 . Bas, oxirat ham, dunyo ham yolg'iz Allohnikidir.
53.26 . Osmonlarda qanchadan-qancha farishtalar bo'lib, o'shalarning shafoatlari ham - Alloh O'zi xohlagan va rozi bo'lgan kishilarga (shafoatga) izn bermagunicha - foyda ber mas.
53.27 . Darvoqe, oxiratga imon keltirmaydigan kimsalar farishtalarni ayol nomi bilan ataydilar.
53.28 . Holbuki, ular uchun bu haqda biror bilim (hujjat) yo'qdir. Ular faqat gumon (taxmin)ga ergashurlar, xolos. Gumon esa, aslo haqiqat o'rniga o'tmas.
53.29 . Bas, (ey, Muhammad,) Bizning eslatmamizdan yuz o'girib ketgan va faqat dunyo hayotinigina istagan kimsalardan voz keching!
53.30 . Ularning "ilm"dan yetgan joylari mana shudir. Albatta, Rabbingizning O'zi Uning yo'lidan ozgan kimsalarni yaxshi biluvchidir va U hidoyat topganni ham yaxshi biluvchidir.
53.31 . Osmonlardagi va Yerdagi bor narsalar faqat Allohnikidir! U yomonlik (gunoh) qilib o'tgan kimsalarni qilgan amallari bilan jazolagay va ezgu amal qilgan zotlarni go'zal (savob, jannat) bilan mukofotlagay.
53.32 . Ular (jannat ahli) kichik xatolardan boshqa katta gunohlardan va buzuqliklardan yiroq yuradigan zotlardir. Albatta, Rabbingiz mag'firati keng zotdir. U (Odamni) Yerdan (tuproqdan) paydo qilgan paytidanoq va sizlar onalaringiz qornida homila bo'lgan paytingizdanoq sizlarni yaxshi biluvchidir. Bas, sizlar o'zlaringizni oqlamay qo'yaqolinglar! U taqvodor kishilarni yaxshi biluvchidir.
53.33 . (Ey, Muhammad,) ko'rdingizmi, kim yuz o'girib ketdi,
53.34 . va ozgina mol berib, (keyin shart qilingan molni berishni) to'xtatdi?!
53.35 . Uning huzurida g'ayb ilmi bormidiki, u (undan kelajakni) ko'ra olsa?!
53.36 . Yoki (u) Muso sahifalaridagi narsalardan bexabarmi?!
53.37 . Yoki vafodor zot - Ibrohimning (sahifalaridan) hammi?!
53.38 . (Ularda yozilgan ediki:) hech bir ko'taruvchi (gunohkor) o'zga (jonning) yukini (gunohini) ko'tarmas.
53.39 . Insonga faqat o'zi qilgan harakatigina (mansub) bo'lur.
53.40 . Uning qilgan sa'yi (harakati) yaqinda (Qiyomatda) ko'rinur.
53.41 . So'ngra u to'la jazo (yoki mukofot) olur.
53.42 . Albatta, oxirgi manzil yolg'iz Rabbingiz oldiga (bormoqlik)dir.
53.43 . Albatta, kuldirgan ham, yig'latgan ham Uning O'zidir.
53.44 . Albatta, o'ldirgan ham, tiriltirgan ham Uning O'zidir.
53.45 . U erkak va ayol - juftlarni yaratgandir
53.46 . shitob chiqadigan nutfa (maniy)dan.
53.47 . Albatta, (o'lganidan so'ng) ikkinchi bor paydo qilish ham faqat Uning zimmasidadir.
53.48 . Albatta, boy qilgan ham, badavlat qilgan ham Uning O'zidir.
53.49 . Albatta, She'ro (yulduzi)ning Parvardigori ham Uning O'zidir.
53.50 . Haqiqatan, U avvalgi Od (qabilasi)ni halok etdi.
53.51 . Yana Samud (qabilasi)ni ham. Bas, (ulardan birortasini tirik) qoldirmadi.
53.52 . Yana U ilgari Nuh qavmini ham (halok qilgan edi). Chunki ularning o'zlari o'ta zolim va tug'yonga ketgan kimsalar edilar.
53.53 . Yana U zot ostin-ustin bo'lgan qishloqni (Lut qavmini) ham (halok etgan).
53.54 . Uni o'ragan narsa (yog'ilgan toshlar) bilan o'rab tashladi.
53.55 . Bas, (ey, inson,) Parvardigoringning qaysi ne'matlari haqida shubha qilursan?!
53.56 . Bu (Muhammad) ham avvalgi ogohlantiruvchilardan bir ogohlantiruvchidir.
53.57 . Yaqin bo'luvchi (Qiyomat) yaqin qoldi.
53.58 . Uning uchun Allohdan o'zga ochuvchi (biluvchi) yo'qdir.
53.59 . (Ey, mushriklar,) hali sizlar mana shu So'zdan (Qur'ondan) ajablanayapsizlarmi?!
53.60 . Yig'lamasdan, kulayapsizlarmi?!
53.61 . G'ofillik hollaringda-ya?!
53.62 . Bas, Allohga sajda va ibodat qilingizlar!