') //-->
48.1 . (Ey, Muhammad,) Biz Sizga aniq fath (g'alaba) baxsh etdik.
48.2 . (Bu fath) Siz uchun Allohning oldingi va keyingi gunohlaringizni kechishi, Sizga O'z ne'matini mukammal qilib berishi, Sizni To'g'ri yo'lga hidoyat qilishi,
48.3 . shuningdek, Allohning Sizga kuchli yordam berishi uchundir.
48.4 . U (Alloh) O'z imonlariga yana imon qo'shilishi uchun mo'minlarni dillariga taskin tushirgan zotdir. Osmonlar va Yer qo'shinlari (farishtalari) faqat Allohnikidir. Alloh bilimli va hikmatli zotdir.
48.5 . U mo'min va mo'minalarni ostidan anhorlar oqib turadigan, ular mangu qoladigan jannatlarga kiritish uchun va ulardan yomonlik (gunoh)larini o'chirish uchun (shunday qildi). Bu Alloh nazdida ulkan yutuqdir.
48.6 . Shuningdek, Alloh haqida (mo'minlarga madad bermaydi deb) yomon gumon qiluvchi munofiq va munofiqalarni hamda mushrik va mushrikalarni azoblash (uchun shunday qildi). Ular uzra halokat balosi tushuvchidir. Alloh ulardan darg'azab bo'ldi, ularni la'natladi va ular uchun jahannamni tayyorlab qo'ydi. Naqadar yomon joydir u!
48.7 . Osmonlar va Yer qo'shinlari (farishtalari) Allohnikidir. Alloh qudratli va hikmatli zotdir.
48.8 . (Ey, Muhammad,) haqiqatan, Biz Sizni (qiyomat kuni ummatlarga) guvohlik beruvchi, (mo'minlarga) xushxabar eltuvchi va (kofirlarni) ogohlantiruvchi qilib yuborgandirmiz.
48.9 . (Biz, Muhammadni) Allohga va uning Payg'ambariga imon keltirishlaringiz uchun va uni qo'llab-quvatlab, izzat-ikrom qilishlaringiz hamda erta-yu kech Unga (Allohga) tasbeh aytishlaringiz uchun (yubordik).
48.10 . (Ey, Muhammad,) haqiqatan, Sizga bay'at (qasamyod) qiladiganlar, albatta, Allohga bay'at qilgan bo'lurlar. Allohning "qo'li" ularning qo'llaridan balanddir. Bas, kimki (o'z qasamyodini) buzsa, bas, (u) faqat o'z zarariga buzur. Kimki Alloh bilan ahdlashgan narsasiga vafo qilsa, u holda (Alloh) unga ulkan mukofot ato etur.
48.11 . (Ey, Muhammad,) hali (Madinaga qaytilgach) Sizga a'robiylardan (jangga chiqmay, uyda) qolgan (munofiq)lar: "Bizlarni mollarimiz va ahl (oila)larimiz band qilib qo'ydi. Endi o'zing bizlar uchun (Allohdan) mag'firat so'ragin", - derlar. Ular dillarida bo'lmagan narsani (yolg'onni) tillari bilan ayturlar. Ayting: "Agar (Alloh) sizlarga biror zarar (yetkazish)ni istasa yoki U sizlarga biror manfaat (yetkazish)ni istasa, bas, kim sizlar uchun Alloh (tomoni)dan bo'lgan biror narsani (daf qilish)ga ega bo'la olur?! Yo'q, Alloh sizlar qilayotgan amallaringizdan xabardordir.
48.12 . Balki sizlar Payg'ambar va mo''minlar (bu jangdan) o'z ahl (oila)lariga sira qaytib kelmaydilar, deb o'yladinglar va bu dillaringizga chiroyli ko'rsatilib, yomon gumon qildinglar hamda halok bo'luvchi qavm bo'ldinglar".
48.13 . Kimki Allohga va uning payg'ambariga imon keltirmagan bo'lsa, bas, albatta, Biz (unday) kofirlar uchun do'zaxni tayyorlab qo'ygandirmiz.
48.14 . Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohnikidir. (U) xohlagan kishilarni mag'firat qilur va xohlagan kimsalarni azoblar. Alloh mag'firatli va rahmli zotdir.
48.15 . Hali sizlar (Xaybar jangidagi) o'ljalarni olish uchun ketayotgan vaqtingizda (jihodga chiqmay uyda) qolgan kimsalar: "Bizlarga ham (o'lja olish uchun) sizlarga ergashishimizga (yo'l) qo'yinglar", - derlar. Ular Allohning kalomini o'zgartirmoqchi bo'ladilar. Ayting: "Sira ham bizlarga ergashmaysizlar. Alloh ilgari mana shunday degandir". Bas, ular: "Balki, sizlar bizlarga hasad (baxillik) qilayotgandirsizlar", - derlar. Yo'q, ular kamdan-kam (narsalarnigina) anglarlar.
48.16 . A'robiylardan (jihodga chiqmay) qolgan (munofiq) kimsalarga ayting: "Yaqinda sizlar ashaddiy kuch egalari bo'lmish bir qavm (bilan jang qilish)ga chorlanursizlar. (O'shanda ё) ular bilan urusharsizlar yoki ular (jangsiz) Islomga kirurlar. Bas, agar (o'shanda) itoat etsangizlar, Alloh sizlarga go'zal mukofot ato etur. Agar ilgari yuz o'girib ketganlaringizdek yuz o'girib ketsangizlar, (Alloh) sizlarni alamli azob bilan azoblar.
48.17 . (Jihodga chiqmaslikda) ko'zi ojiz kishiga haraj (tazyiq) yo'qdir. Cho'loqqa ham haraj yo'qdir, bemorga ham haraj yo'qdir. Kimki Alloh va uning payg'ambariga itoat etsa, (U) uni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritur. Kimki yuz o'girib ketsa, uni alamli azob bilan azoblar.
48.18 . (Ey, Muhammad,) darhaqiqat, Alloh mo'minlardan - ular daraxt ostida sizga bay'at (qasamyod) qilayotgan vaqtlarida - rozi bo'ldi. Bas, U ularning dillaridagi narsa (sadoqat)ni bilib, ularga xotirjamlik tushirdi va ularni (Xaybar jangidagi) yaqin g'alaba bilan mukofotladi.
48.19 . (Ular) oladigan ko'pdan-ko'p o'ljalar bilan ham (mukofotladi). Alloh qudratli va hikmatli zotdir.
48.20 . (Ey, mo'minlar,) Alloh sizlarga o'zingiz oladigan ko'pgina o'ljalar va'da qildi. Endi mana bu (Xaybar jangidagi o'ljalar)ni esa naqd qilib qo'ydi va (dushman) odamlarning qo'llarini sizlardan to'sib qo'ydi. Toki (bu ne'matlar) mo''minlarga alomat bo'lgay va (Alloh) sizlarni To'g'ri yo'lga hidoyat qilgay.
48.21 . Yana sizlar hali qodir bo'lmagan boshqa (o'lja)lar ham borki, Alloh ularni ihota qilib qo'ygandir. Alloh barcha narsaga qodir zotdir.
48.22 . Agar kofir bo'lgan kimsalar sizlar bilan jang qilganlarida, albatta, (ular) ortlariga qarab qochgan bo'lur edilar. So'ngra ular na bir do'st va na bir yordamchi topurlar.
48.23 . (Bu) Allohning yo'li (qonuni) bo'lib, ilgari ham o'tgandir. Allohning yo'liga esa o'zgartirish topa olmassiz.
48.24 . U (Alloh) Makkaning ichida (Hudaybiyyada) sizlarni ularning (Makka mushriklarining) ustiga g'olib qilganidan keyin ularning qo'llarini sizlardan, sizlarning qo'llaringizni ulardan to'sgan (sulh qildirgan) zotdir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.
48.25 . Ular (Makka mushriklari) kofir bo'lgan va sizlarni Masjidul-Haromdan, qurbonlikni esa mahbus holida, o'z joyiga yetishdan to'sgan kimsalardir. Agar (Makkada) sizlar bilmagan mo'min kishilar va mo'mina ayollar bo'lmasa edi - sizlar ularni bilmagan holingizda (mushrik deb o'ylab) oyoqosti qilib qo'yib, ular sababli sizlarga or yetmasa edi, (Alloh sizlarni Makkaga yurishdan qaytarmagan bo'lur edi). Alloh O'zi xohlagan kishilarni O'z rahmatiga doxil qilish uchun (shunday qildi). Agar (mo''minlar) ajralib olganlarida, albatta, ulardan (Makka ahlidan) kofir bo'lganlarini alamli azob bilan azoblagan bo'lur edik.
48.26 . O'shanda kofir bo'lgan kimsalar dillariga g'urur - johiliyat g'ururini solganlarida Alloh O'z payg'ambarining va mo''minlarning ustiga xotirjamligini tushirdi va ularga taqvo kalimasini (ya'ni, "Lo iloha illalloh"ni) lozim qildi. Ular o'sha (kalima)ga juda haqli va ahl edilar. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir.
48.27 . Qasamki, Alloh O'z Payg'ambariga (u ko'rgan) tushni ro'yobga chiqardi, albatta, sizlar (ey, mo'minlar), inshoalloh, Masjidul-Haromga emin-erkin, boshlaringizni (sochlaringizni) qirdirgan va (yoki) qisqartirgan hollaringizda qo'rqmasdan kirursizlar. Bas, (Alloh) sizlar bilmagan narsani bilib, undan (Makka fathidan) oldin yaqin bir g'alabani (Xaybar g'alabasiga ega) qildi.
48.28 . U O'z Payg'ambari (Muhammad)ni hidoyat va Haq din (Islom) bilan, u (din)ni barcha din(lar)ga g'olib qilishi uchun yuborgan zotdir. Allohning O'zi (bunga) yetarli guvohdir.
48.29 . Muhammad Allohning rasulidir. U bilan birga bo'lgan (mo'min)lar kofirlarga qahrli, o'z oralarida (mo'minlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar. Ularni (mudom) Allohdan fazl va rozilik tilab ruku', sujud qilayotgan hollarida ko'rarsiz. Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir. Mana shu (sifatlar) ularning Tavrotdagi misollaridir. Ularning Injildagi misollari esa, xuddi bir shoxlar chiqarib, quvvatga kirgach, yo'g'onlashib o'z novdasida tik turgan, dehqonlarni ajablantiradigan o'simlikka o'xshaydi. (Bu) ular sababli kofirlar jahlini chiqarish uchundir. Alloh ulardan imon keltirib, solih amallarni qilgan zotlarga mag'firat va ulkan mukofot va'da qilgandi.