') //-->
47.1 . Kofir bo'lgan va (o'zgalarni ham) Alloh yo'lidan to'sgan kimsalarning amallarini (Alloh) zoye ketkazur.
47.2 . Imon keltirgan va solih amallarni qilgan hamda Muhammadga nozil qilingan narsaga (Qur'onga) - holbuki, u Parvardigorlari tomonidan kelgan haqiqatdir - imon keltirgan zotlarning esa yomonlik (gunoh)larini o'chirur va ishlarini o'nglar.
47.3 . Bunga sabab - kofir bo'lganlarning nohaq (yo'l)ga ergashganlari, imon keltirganlarining esa Parvardigorlari (tomoni)dan bo'lmish haq (Qur'on yo'li)ga ergashganlaridir. Alloh insonlarga ularning misollarini mana shunday bayon qilur.
47.4 . Bas, (ey, mo知inlar,) qachonki, sizlar (jang maydonida) kofir bo'lganlar bilan to'qnashganlaringizda, bo'yinlariga uringiz (o'ldiringiz)! Bas, qachonki, ularni qirg'inga tutib asir olgach, arqonlar bilan bog'langiz! So'ng yo (ularni ozod qilib) marhamat ko'rsatursizlar, yo (qo'yib yuborib) fidya (tovon) olursizlar. Toki urush yuklarini qo'ygunicha (to'xtagunicha, sizlarga buyruq) mana shudir. Agar Alloh xohlasa, ular ustidan (jangsiz ham) g'alaba qilur edi, lekin U sizlarning ayrimlaringizni ayrimlaringiz bilan imtihon qilish uchun (sizlarni jangga buyurdi). Alloh yo'lida o'ldirilganlarning amallarini (U) sira zoye ketkizmas.
47.5 . Ularni (jannat yo'liga) hidoyat qilur va ishlarini isloh etur.
47.6 . Ularni (Alloh) O'zi ta'riflagan jannatga kiritur.
47.7 . Ey, imon keltirganlar, agar sizlar Allohga yordam bersangizlar (dinining rivoji uchun harakat qilsangizlar), U zot ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur.
47.8 . Kofir bo'lgan kimsalar uchun esa halokat bo'lur va (Alloh) ularning amallarini zoye ketkazur.
47.9 . Bunga sabab ularning Alloh nozil qilgan narsalarni (Qur'on va undagi hukmlarni) yomon ko'rganlaridir. Bas, (Alloh) ularning amallarini behuda ketkazur.
47.10 . Axir, ular yer yuzida sayr (sayohat) qilishib, o'zlaridan avvalgi (imonsiz) kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi? Alloh ularni yakson etdi-ku! Kofirlar uchun ham xuddi o'sha (oqibat)larning o'xshashi bo'lur.
47.11 . Bunga sabab imon keltirganlar Allohning do'sti (homiysi) ekani va kofirlarga esa hech qanday homiy yo'q ekanidir.
47.12 . Albatta, Alloh imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritur. Kofir bo'lgan kimsalar esa (dunyo lazzatlaridan) foydalanib, chorva hayvonlari yeganidek yeb-ichurlar va do'zax ularning joylaridir.
47.13 .(Ey, Muhammad,) Sizni haydab chiqargan shahar (Makka ahli)dan ko'ra (aholisi) quvvatliroq bo'lgan qanchadan-qancha shaharni halok qilganmiz. Bas, ularga biror yordamchi bo'lmagan.
47.14 . Axir, Parvardigori tomonidan (aniq) hujjatga (Qur'onga) ega bo'lgan kishi (Siz va mo知inlar) bilan qilgan yomon ishi o'ziga chiroyli ko'ringan va havoyi nafsiga ergashgan (kofir) barobar bo'lurmi?!
47.15 . Taqvoli zotlar uchun va'da qilingan jannatning misoli (sifati budir): Unda aynimas suvdan iborat daryolar ham, ta'mi o'zgarmas sutdan iborat daryolar ham, ichuvchilar uchun lazzatli (aqldan ozdirmaydigan) maydan bo'lmish daryolar ham va musaffo asaldan iborat daryolar ham bordir. Ular uchun u joyda barcha mevalardan bordir va (u joyda) Parvardigorlari (tomoni)dan mag'firat bordir. (Ana shunday zotlar) do'zaxda mangu qoladigan va qaynoq suv bilan sug'orilganda ichaklarini tilka-pora qilib tashlaydigan (kofir)lar kabi bo'lurmilar?!
47.16 . (Ey, Muhammad,) ularning (munofiqlarning) orasida shunday kimsalar ham borki, ular Sizga quloq solib turadi-da, huzuringizdan chiqqach, ilm ato etilgan zotlardan (masxara sifatida): "Hozirgina (Muhammad) nima dedi?" - deb so'rarlar. Ana o'shalar Alloh dillarini muhrlab qo'ygan va o'zlarining havoyi nafslariga ergashgan kimsalardir.
47.17 . Hidoyat topgan zotlarga esa (Alloh) ularga yanada hidoyatni ziyoda qilur va taqvo ato etur.
47.18 . Ular(munofiqlar) endi faqat to'satdan qiyomat kelib qolishinigina kutmoqdalar. Darvoqe, uning alomatlari keldi. Bas, ularga (qiyomat) kelgan vaqtida, ularning eslatma olishlari qanday (mumkin) bo'lur?!
47.19 . Bas, (ey, Muhammad,) Allohdan o'zga iloh yo'q ekanini biling va o'z gunohingiz uchun hamda mo知in va mo知inalar(ning gunohlari) uchun mag'firat so'rang! Alloh sizlarning (bu dunyodagi) kezadigan joylaringizni ham, (oxiratda) boradigan joylaringizni ham bilur.
47.20 . Imon keltirgan zotlar: "(Jihodga buyurilgan) biror sura nozil qilinganida edi", - derlar. Bas, qachonki, qat'iy bir sura nozil qilinib, unda jang zikr etilsa, dillarida maraz bo'lgan kimsalarning Sizga xuddi o'limdan (qo'rqib) behush bo'lib qolgan kimsaning qarashidek qarashayotganini ko'rasiz. (Holbuki,) ularga loyiq narsa
47.21 . itoat etish va yaxshi so'z (so'zlash) edi. Endi, qachonki, ish (jang) muqarar bo'lganda, agar ular Allohga sodiq (rostgo'y) bo'lganlarida, albatta, o'zlari uchun yaxshi bo'lur edi.
47.22 . Agar (imondan) bosh tortsangizlar, yaqinki, sizlar yerda buzg'unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzarsizlar.
47.23 . Unday kimsalarni Alloh la'natlagandir, bas, ularning (quloqlarini) "kar", ko'zlarini "ko'r" qilib qo'ygandir.
47.24 . Axir, ular Qur'on (oyatlari) haqida fikr yuritmaydilarmi?! Balki dillarda qulflari bordir?!
47.25 . Haqiqatan, o'zlariga hidoyat (yo'li) ravshan bo'lganidan keyin yana ortlariga (kufrga) qaytib ketgan kimsalarga (bu ishlarni) shayton chiroyli qilib ko'rsatdi va ular uchun (puch orzularni) uzaytirib qo'ydi.
47.26 . Bunga (kufrga qaytishlariga) sabab - ularning Alloh nozil qilgan narsani (Qur'onni) yomon ko'rgan kimsalarga: "Biz ayrim ishlarda sizlarga itoat etamiz", - deganlaridir. Holbuki, Alloh ularning yashirgan (sir)larini bilur.
47.27 . Bas, farishtalar ularning yuzlari va ketlariga urib, jonlarini olar vaqtida, (hollari) ne kechur?!.
47.28 . Bunga sabab ularning Allohni g'azablantirgan narsaga (munofiqlikka) ergashib, Uning rizoligini (kofirlarga qarshi jang qilishni) yomon ko'rganlaridir. Bas, (Alloh) ularning (qilgan yaxshi) amallarini behuda ketkazdi.
47.29 . Balki, dillarida maraz (nifoq) bo'lgan kimsalar Alloh ularning (dillaridagi) adovatlarni oshkor qilmas, deb o'ylagandirlar?!
47.30 . (Ey, Muhammad,) agar xohlasak, albatta, Sizga ularni (munofiqlarni) ko'rsatib (tanitib) qo'ygan bo'lur edik, u holda Siz ularni belgilaridan tanib olgan bo'lur edingiz. (Qasamki, endi) albatta, Siz ularni so'z ohangi (uslubi)dan tanib olursiz. Alloh (barcha) amallaringizni bilib turur.
47.31 . Albatta, Biz, to sizlarning orangizdagi jihod qiluvchi va sabr qiluvchi zotlarni bilgunimizcha hamda sizlarning xabarlaringizni sinagunimizcha, sizlarni imtihon qilurmiz.
47.32 . Albatta, kofir bo'lgan va (o'zgalarni ham) Allohning yo'lidan to'sgan hamda o'zlariga hidoyat (yo'li) ravshan bo'lganidan keyin yana Payg'ambarga muxoliflik qilgan kimsalar, Allohga biror zarar yetkaza olmaslar va (Alloh) ularning ishlarini behuda ketkazur.
47.33 . Ey, imon keltirganlar, Allohga itoat etingiz va Payg'ambarga itoat etingiz! Amallaringizni zoye qilmangiz!
47.34 . Albatta, kofir bo'lgan va (o'zgalarni ham) Alloh yo'lidan to'sgan, so'ngra kofirlik hollarida o'lgan kimsalarni Alloh sira mag'firat etmas.
47.35 . Bas, (ey, mo知inlar, jangda) sustkashlik qilmangiz va o'zlaringiz ustun bo'la turib (ularni) sulhga chaqirmangiz! Alloh sizlar bilan birgadir va U qilgan amallaringiz (savobi)ni sira kamaytirmas.
47.36 . Albatta, bu dunyo hayoti faqat o'yin va behudalikdir. Agar sizlar imon keltirsangizlar va taqvoli bo'lsangizlar, U sizlarga mukofotlaringizni berur va sizlardan mollaringizni so'ramas.
47.37 . Agar (Alloh) sizlardan (mollaringizni) so'rab, sizlarni qiynaydigan bo'lsa, sizlar baxillik qilursizlar va U sizlarning (dillaringizdagi) gina (adovat)laringizni fosh qilur.
47.38 . Ey, sizlar! Alloh yo'lida ehson qilish uchun da'vat qilinasizlar. Bas, (aniqki) sizlarning orangizda baxillik qiladigan kimsalar ham bordir. Kim baxillik qilsa, bas, faqat o'z zarariga baxillik qilur. Alloh boy, sizlar esa faqirdirsizlar. Agar sizlar (Allohga itoat etishdan) bosh tortsangizlar, U (o'rningizga) sizlardan boshqa bir qavmni almashtirib qo'yur, so'ngra ular sizlarga o'xshagan bo'lmaslar, (balki Allohga itoat qilurlar).