') //-->
46.1 . Ho, Mim.
46.2 . (Bu Qur'on) qudratli va hikmatli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir.
46.3 . Biz osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi narsalarni faqat haq (hikmat) va (qiyomatgacha deb) belgilangan muddat bilan yaratdik. Kofir bo'lgan kimsalar esa o'zlari ogohlantirilgan narsadan yuz o'giruvchidirlar.
46.4 . (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Sizlar Allohni qo'yib iltijo qilayotgan narsa (butlaringiz) haqida xabar beringiz - menga ko'rsatinglarchi, ular yerdan nimani yaratganlar?! Yoki ular uchun osmonlar(ni yaratish)da sheriklik bormi?! Agar rostgo'y bo'lsangizlar, menga ushbu (Qur'on)dan ilgari (nozil bo'lgan) biror kitobni yoki biror ilmiy asarni (hujjatni) keltiringlar!"
46.5 . Allohni qo'yib, Qiyomat kunigacha ham (duoni) mustajob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan kim ham adashganroqdir?! Holbuki, u (jonsiz but)lar o'sha (mushrik)larning duolaridan g'ofildirlar.
46.6 . (Qiyomat kuni) insonlar (hisobot uchun) jam qilinganda, o'sha (butlar) ularga (mushriklarga) dushman va ularning ibodat qilganlarini ham inkor etuvchi bo'lurlar!
46.7 . Qachon ularga Bizning oyatlarimiz bayon etuvchi holida tilovat qilinsa, kofir bo'lgan kimsalar Haq (Qur'on) to'g'risida u o'zlariga kelgan vaqtidayoq: "Bu aniq sehrdir", - dedilar.
46.8 . Yoki ular: ("Qur'onni Muhammadning) o'zi to'qigan", - deydilarmi?! Ayting: "Agar uni o'zim to'qigan bo'lsam, u holda, sizlar men uchun Alloh (azobi)dan biror narsa(ni daf qilish)ga ega bo'la olmassizlar. U sizlar ko'pirtirayotgan narsani (uydirma gaplaringizni) juda yaxshi biluvchidir. Uning O'zi men bilan sizlarning o'rtangizda yetarli guvohdir. U mag'firatli va rahmli zotdir".
46.9 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Men payg'ambarlarning yangisi (birinchisi) emasman. Men (kelajakda) na o'zimga va na sizlarga nima qilinishini bilmasman. Men faqat o'zimga vahiy qilinadigan narsaga ergashurman. Men faqat aniq ogohlantiruvchidirman".
46.10 . Ayting: "(Ey, mushriklar,) xabar beringiz-chi, agar (ushbu Qur'on) Allohning huzuridan bo'lsa-yu, sizlar unga kofir bo'lsangizlar va Isroil avlodidan bo'lgan bir guvoh ham u (Qur'on)ning o'xshashiga guvohlik berib, imon keltirsa-yu, sizlar (imon keltirmay) kibr qilganlaringiz nimasi?! Albatta, Alloh zolimlar qavmini hidoyat qilmas".
46.11 .Kofir bo'lganlar imon keltirganlar haqida: "Agar (bu Qur'on) yaxshi bo'lganida (anavi yalangoyoqlar) unga bizlardan ilgari bormagan bo'lur edilar", - dedilar. Ular o'zlari u (Qur'on) bilan hidoyat topishmagach: "Bu eski uydirmadir", - derlar.
46.12 . U (Qur'on)dan ilgari Musoning peshvo va rahmat bo'lmish Kitobi (Tavrot) bor edi. Bu. (Qur'on) arabiy lisondagi (oldingi ilohiy kitoblarni) tasdiqlovchi bir Kitobdir. U zolim (kofir) bo'lganlarni (oxirat azobidan) ogohlantirish va ezgulik qiluvchilarga (jannat haqida) bashorat sifatida (nozil qilingandir).
46.13 . "Albatta, Rabbimiz - Alloh", - deb, so'ngra (To'g'ri yo'lda) ustivor bo'lgan zotlar uchun xavf yo'qdir va ular qayg'u ham chekmaslar.
46.14 . Aynan o'shalar jannat ahli bo'lib, u joyda mangu qolurlar. (Bu) ular qilib o'tgan amallarining mukofotidir.
46.15 . Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni qiynalib ko'tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir. Unga homiladorligi va uni (sutdan) ajratishi (muddati) o'ttiz oydir. Bas, qachonki, u voyaga yetib, qirq yoshga to'lganida: "Ey, Rabbim, menga va otaonamga in'om etgan ne'matingga shukr qilishga va O'zing rozi bo'ladigan solih amalni qilishga meni muvaffaq etgin va men uchun zurriyotimni isloh et! Albatta, men Senga (gunohlarimdan) tavba qildim va albatta, men musulmonlardandirman", - deydi.
46.16 . Aynan o'shalar shunday zotlardirki, Biz ulardan qilgan chiroyli amallarini qabul qilurmiz va jannat egalari qatorida ularning yomonliklaridan o'tib yuborurmiz. (Bu) ularga va'da qilib yurilgan haqqoniy va'dadir.
46.17 . Yana bir kimsa borki, ota-onasiga: "Uh, sizlarga! Sizlar menga (qayta tirilib, qabrdan) chiqarilishimni va'da qilyapsizlarmi?! Holbuki, mendan ilgari ham avlodlar o'tgan-ku (ular tirildimi)?!" - der. U ikkisi Allohdan madad tilagan hollarida (o'g'illariga qarab): "Halok bo'lgur, imon keltirgin! Allohning va'dasi haqdir" (desalar), u: "Bu faqat avvalgilarning afsonlaridir", - der.
46.18 . Ana o'shalar shunday kimsalardirki, ularga o'zlaridan ilgari o'tgan insu jindan iborat (kofir) ummatlar qatorida (kechgan) So'z (azob) haq bo'lgandir. Albatta, ular ziyon ko'ruvchilardir.
46.19 . Hamma uchun qilgan amallari sababli darajalar bordir. (Alloh) ularga qilgan amallari (mukofoti va jazolari)ni mukammal berur va ularga zulm qilinmas.
46.20 . Kofir bo'lgan kimsalar do'zaxga duchor qilinadigan Kunda (ularga deyilur): "Sizlar o'z huzur-halovatlaringizni dunyodagi hayo-tingizdayoq ketkazdingiz va ulardan foydalanib bo'ldingiz. Endi, bugun u yerda nohaq kibr qilganlaringiz va fosiq bo'lganlaringiz sababli, xorlik azobi bilan jazolanursizlar".
46.21 . (Ey, Muhammad,) Od (qabilasi)ning birodarini (Hudni) eslang! O'shanda u o'zining qum-tepalardagi qavmini:"Sizlar Allohgagina ibodat qilinglar! Men, haqiqatan, sizlarga ulug' Kunning azobidan qo'rqarman", - deb ogohlantirgan edi. Vaholanki, undan oldin va keyin ham ogohlantiruvchilar (payg'ambarlar) o'tgandir.
46.22 . Ular: "Sen bizlarni xudolarimizdan burish uchun keldingmi?! U holda agar rostgo'y kishilardan bo'lsang, bizlarga va'da qilayotgan narsangni (azobni) keltirgin-chi?"-dedilar.
46.23 . U aytdi: "(azob haqidagi)bilim faqat Alloh huzuridadir. Men sizlarga o'zim elchi qilib yuborilgan (din)ni yetkazurman. Lekin men sizlarni johil qavm ekaningizni ko'rmoqdaman".
46.24 . Bas, qachonki, ular o'sha (azob)ni o'z vodiylariga qarab kelayotgan bir (qora) bulut holida ko'rishgach: "Bu bizlarga yomg'ir keltiruvchi bulutdir", - dedilar. Yo'q, u o'zlaringiz qistagan narsa bo'rondir-ki, unda alamli azob bordir.
46.25 . U Parvardigorining amri bilan barcha narsani vayron qilur. Bas, (u bo'ron kelib), tong otganida faqat ularning (qoldiq) maskanlarigina ko'zga tashlanar edi. Biz jinoyatchi qavmni mana shunday jazolaymiz.
46.26 . Holbuki, (ey, Makka ahli,) Biz ularni (boylik va quvvatda) sizlarni qodir qilmagan narsalarga qodir qilgan edik va ularga quloq, ko'z va dillar (ato) qilgan edik. (Lekin) ular Allohning oyatlarini inkor etganlari uchun ularga quloq-ko'zlari ham, dillari ham biror foyda bermadi va ularni o'zlari masxara qilib yurgan narsalari o'rab oldi.
46.27 .(Ey, Makka ahli,) Biz sizlarning atrofingizdagi qishloq (shahar)larni halok qildik. Biz ularga shoyad (yaxshi yo'lga) qaytsalar, deb oyatlarni batafsil bayon qilgan edik.
46.28 . Axir, o'zlari Allohni qo'yib, (Allohga) yaqin qiladigan "xudo"lar, deb tutgan (sig'ingan) narsalari ularga yordam bersalar bo'lmasmidi?! Yo'q, ulardan g'oyib bo'lib qolishdi! Bu ularning uydirmalari va (Alloh sha'niga) to'qigan bo'htonlaridir.
46.29 .(Ey, Muhammad,) eslang, huzuringizga bir guruh jinlarni Qur'on tinglasinlar, deb yuborgan edik. Bas, qachonki, ular hozir bo'lishgach, (bir-birlariga): "Jim bo'linglar", - dedilar. Bas, qachonki, (tilovat) tugatilgach, ular o'z qavmlari oldiga ogohlantiruvchi bo'lgan hollarida qaytib ketdilar.
46.30 . Ular dedilar: "Ey, qavmimiz, darhaqiqat, biz Musodan keyin nozil qilingan, o'zidan oldingi (ilohiy kitob)larni tasdiq qiluvchi Haq (din)ga va To'g'ri yo'lga hidoyat qiladigan bir Kitobni (Qur'onni) tingladik.
46.31 . Ey, qavmimiz, Allohning da'vatchisi (Muhammad)ni qabul qilinglar va unga imon keltiringlar, (shunda Alloh) gunohlaringizni mag'firat qilur va sizlarga alamli azobdan panoh berur.
46.32 . Kim Allohning da'vatchisini qabul qilmasa, bas, u yer yuzida qochib qutuluvchi emasdir va uning uchun (Allohdan) o'zga "do'stlar" ham yo'qdir. Ana o'shalar aniq zalolatdadirlar".
46.33 . Axir, ular (oxiratni inkor etuvchilar) osmonlar va Yerni yaratgan, ularni yaratishda charchamagan Alloh o'liklarni tiriltirishga ham qodir ekanligini (o'ylab) ko'rmadilarmi?! Yo'q! Albatta, U barcha narsaga qodirdir.
46.34 . Kofir bo'lgan kimsalar do'zaxga duchor qilinadigan Kunda (ularga): "Ushbu (azob) haq emas ekanmi?!" (deyilganida), ular: "Yo'g'-ye, Rabbimizga qasamki, (haq ekan)", - derlar. (Shunda Alloh) aytur: "Bas, kofir bo'lganingiz sababli (mana shu) azobni totinglar!"
46.35 . Bas, (ey, Muhammad,) Siz ham matonatli payg'ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling va ularga (tushadigan azobni) qistamang! Ular o'zlariga va'da qilinayotgan azobni ko'radigan Kunda go'yo (bu dunyoda) faqat kunduzdan bir soatgina turgandek bo'lib qolurlar! (Bu Alloh tomonidan) bir bayonotdir. Bas, faqat fosiqlar qavmigina halok qilinur.