ALJOSIYA surasi

45.1 . Ho, Mim.

45.2 . (Bu Qur'on) qudratli va hikmatli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan kitobdir.

45.3 . Haqiqatan, osmonlar va Yerda mo''minlar uchun (Allohga dalolat qiladigan) alomatlar bordir.

45.4 . Yana sizlarning yaratilishingizda va (Alloh yer yuziga) tarqatib yuborgan jonivorlardan iborat narsalarda ham qat'iy ishonadigan qavm uchun alomatlar bordir.

45.5 . Yana kecha va kunduzning almashib turishida va Alloh osmondan yog'dirib, u bilan "o'lgan" yerni "tiriltirgan" rizq (yomg'ir)da hamda shamollarning yo'naltirilishida aql yurgizadigan qavm uchun alomatlar bordir.

45.6 . (Ey, Muhammad,) bular Allohning oyatlari bo'lib, ularni Sizga haqqoniylik bilan tilovat qilib bermoqdamiz. Bas, ular (Makka kofirlari) Alloh va Uning oyatlarini qo'yib, qaysi so'zga imon keltirmoqdalar?!

45.7 . Har qanday bo'htonchi va gunohkor holiga voykim,

45.8 . u o'ziga tilovat qilinayotgan Alloh oyatlarini eshitar, so'ngra go'yo ularni eshitmagandek, kibrlangan holda (o'z kufrida) davom etar. Bas, (ey, Muhammad,) unga alamli azob "xushxabari"ni bering!

45.9 . Qachonki, oyatlarimizdan biror narsani bilib olsa, uni masxara qilur. Ana o'shalarga xor qiluvchi azob bordir!

45.10 . Ularning ortida jahannam bor! Topgani (boylik va farzandlari) ham, Allohni qo'yib tutgan "do'stlari" ham ularga biror narsada asqotmas. Ularga ulkan azob bordir.

45.11 . Ushbu (Qur'on) hidoyatdir. Parvardigorlarining oyatlariga kofir bo'lgan kimsalar uchun esa alamli uqubat azobi bordir.

45.12 . Alloh kemalar O'z amri bilan suzishi hamda (u kemalarda) Uning fazli (rizqi)dan istashlaringiz uchun va shukr qilishlaringiz uchun sizlarga dengizni bo'yin sundirib qo'ygan zotdir.

45.13 . U O'z tomonidan sizlarga osmonlardagi va yerdagi barcha narsalarni bo'yin sundirdi. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir.

45.14 . (Ey, Muhammad,) imon keltirgan zotlarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar. Toki (sabrli) qavmni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!

45.15 . Kimki yaxshilik qilsa, bas, o'zi uchundir. Kimki yomonlik qilsa, bas, o'z zararigadir. So'ngra Rabbingizga qaytarilursizlar.

45.16 . Darhaqiqat, Biz Isroil avlodiga Kitob (Tavrot), hikmat va payg'ambarlik ato etdik va ularni pokiza narsalardan rizqlantirdik hamda ularni (o'z zamonlaridagi) olamlardan afzal qildik.

45.17 . Yana ularga ish(din) hujjatlarini ato etdik. Bas, ular ilm (hujjat) kelganidan so'ngina o'zaro hasad-adovat ila ixtilof qildilar. Albatta, Rabbingiz Qiyomat kuni o'rtalarida ixtilof qilgan narsalari haqida hukm qilur.

45.18 . So'ngra (ey, Muhammad,) Biz Sizni (diniy) ishdan iborat shariat uzra (barqaror) qildik. Bas, Siz o'shanga ergashing va bilmaydigan kimsalarning havoyi (fikr)lariga ergashmang!

45.19 . Chunki, ular Sizdan Alloh (tomoni)dan bo'lmish (biror) narsani (azobni) qaytara olmaslar. Albatta, zolimlar bir-birlariga do'stdirlar. Alloh esa taqvodorlarning do'stidir.

45.20 . Ushbu (oyatlar) odamlar uchun dil ko'zgularidir va aniq ishonadigan qavm uchun hidoyat va rahmatdir.

45.21 . Balki yomonlik (gunoh)larni kasb etganlar o'zlarini imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar kabi qilishimizni va hayotlari ham, mamotlari ham barobar bo'lishini o'ylagandirlar?! Naqadar yomon (nohaq) hukm qilurlar?!

45.22 . Alloh osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratdi va barcha jon zulm qilinmagan hollarida o'zlari qilgan amallariga yarasha jazolanurlar.

45.23 . (Ey, Muhammad,) havoyi nafsini o'ziga "iloh" qilib olgan va Alloh uni bilgan holida adashtirib, quloq va ko'nglini muhrlab, ko'ziga parda tortib qo'ygan kimsani ko'rdingizmi? Bas, uni Alloh (adashtirgani)dan so'ng kim hidoyat qila olur?! Axir, eslatma olmaysizlarmi?!

45.24 . Ular (qiyomatni inkor etuvchilar: "Hayot) faqat shu dunyodagi hayotimizdir. (Birimiz) o'lib, (birimiz) yashab yuraveramiz. Bizlarni (Alloh emas, balki) faqat zamon (o'tishi)gina o'ldiradi", - dedilar. Holbuki, ularda bu To'g'rida biror bilim (hujjat) yo'qdir. Ular faqat (shunday) gumon qilurlar, xolos.

45.25 . Qachon ularga (qayta tirilish To'g'risidagi) Bizning oyatlarimiz bayon etuvchi holida tilovat qilinsa, ularning (Bizga qarshi) "hujjatlari" faqat: "Agar rostgo'y bo'lsangiz, otabobolarimizni (tiriltirib) keltiringlarchi", - deyishlarigina bo'lur.

45.26 . Ayting: "Alloh sizlarga hayot berur, so'ngra (ajallaringiz yetgach) o'ldirur, so'ngra sizlarni hech shubhasiz (keladigan) Qiyomat kuniga to'plar. Lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaslar".

45.27 . Osmonlar va Yer hukmdorligi Allohnikidir. Qiyomat qoyim bo'ladigan Kuni - ana o'sha Kunda buzg'unchilar ziyon torturlar.

45.28 . (U Kunda) barcha ummatni (dahshat va iztirobdan) tiz cho'kkan holda ko'rursiz. Har bir ummat o'z nomai a'moliga chaqirilur, (so'ng ularga deyilur): "Bugun qilib o'tgan amallaringiz bilan jazolanursizlar.

45.29 . Mana bu kitobimiz (nomai a'molingiz) sizlarga haqiqatni aytur. Darhaqiqat, Biz sizlar qilib yurgan amallaringizni (ushbu nomai a'molga) ko'chirib yurar edik".

45.30 . Bas, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, ularni Parvardigor O'z. rahmati (jannati)ga doxil qilur. Bu aniq yutuqning o'zidir.

45.31 . Endi, kofir bo'lgan kimsalarga kelsak, (ularga aytilur): "Axir, sizlarga Mening oyatlarim tilovat qilingan emasmidi?! Bas, sizlar kibrlandingizlar va jinoyatchi qavm bo'ldingizlar"

45.32 . Qachonki, (sizlarga:) "Darhaqiqat, Allohning va'dasi rostdir, Qiyomat shubhasiz (keluvchi)dir", - deyilsa, sizlar: "Biz Qiyomat nima ekanini bilmaymiz, faqat gumon qilamiz, xolos. Biz (Qiyomat bo'lishiga) aniq ishonuvchi emasmiz", - dedingizlar.

45.33 . (Mana endi) ularga qilib o'tgan yomonliklari fosh bo'ldi va o'zlari masxara qilib yurgan (azob)lari ularni o'rab oldi.

45.34 . (Ularga) deyiladi: "Sizlar mana shu kuningizdagi uchrashuvni unutganingizdek, Biz ham bugun sizlarni "unuturmiz". Sizlarning joyingiz do'zaxdir va sizlar uchun (azobdan qutqaruvchi) yordamchilar ham yo'qdir.

45.35 . Bunga sabab - sizlar Allohning oyatlarini masxara qilib olgan edingizlar va sizlarni dunyo hayoti aldab qo'ygan edi." Bas, ular bugun undan (do'zaxdan) chiqarilmaslar va ulardan (yaxshi amallarga) qaytishga ham imkoniyat berilmas.

45.36 . Bas, osmonlar Parvardigori, Yer Parvardigori, (butun) olamlar Parvardigori - Allohga hamd!

45.37 . Osmonlar va Yerdagi barcha buyuklik yolg'iz Unikidir! U qudratli va hikmatli zotdir.