') //-->
40.1 . Ho, Mim.
40.2 . (Ushbu Qur'on) qudratli va bilimli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir.
40.3 . (U) gunohni mag'firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, azobi qattiq va ehson egasidir. Undan o'zga iloh yo'q. Qaytishlik faqat Uning O'zigadir.
40.4 . Allohning oyatlari haqida kofir bo'lganlargina tortishurlar. Bas, ularning shaharlararo kezishlari Sizni aldab qo'ymasin!
40.5 . Ulardan (Makka kofirlaridan) oldin Nuh qavmi va ulardan keyingi (Od, Samud qabilalari kabi) firqalar ham (o'z payg'ambarlarini) yolg'onchiga chiqarganlar. Har bir millat o'z payg'ambarini tutishga (o'ldirishga) qasd qilgan va botil (hujjatlar) bilan tortishib, uning yordamida Haqni yengmoqchi bo'lgan edilar. Birdan Men ularni (O'z azobim bilan) tutdim. Bas, azobim qanday bo'ldi?!
40.6 . (Ey, Muhammad, qavmingiz orasida) kofir bo'lgan kimsalar ustiga ham Rabbingiz So'zi (azobi) mana shunday muqarrar bo'lgandir - albatta, ular do'zax ahlidirlar.
40.7 . Arshni ko'tarib turadigan va uning atrofidagi (farishta)lar (yakkayu yagona) Parvardigorlariga hamd bilan tasbeh ayturlar va Unga imon keltirurlar hamda imon keltirgan kishilarni mag'firat etishini so'rarlar: "Parvardigoro, O'zing rahmat va ilm jihatdan barcha narsada kengdirsan. Bas, tavba qilgan va yo'lingga ergashgan kishilarni mag'firat et va ularni do'zax azobidan saqla!
40.8 . Parvardigoro, ularni ham, ularning otabobolari, jufti halollari va zurriyotlari orasidagi solih bo'lgan kishilarni ham O'zing ularga va'da qilgan mangu jannatlarga doxil qilgin. Albatta, Sen qudrat va hikmat sohibidirsan.
40.9 . O'zing ularni barcha yomonliklardan asragin, Kimni o'sha kunda (qiyomatda) yomonliklardan asrasang, bas, haqiqatan unga rahm qilibsan. Mana shu ulkan yutuqdir".
40.10 . Kofir bo'lgan kimsalarga (qiyomat kuni): "Sizlarni (dunyoda) imonga chaqirilganda, kofir bo'lganingizdagi Allohning yomon ko'rishi (bu Kundagi) o'zlaringizni yomon ko'rishingizdan kattaroqdir", - deb nido qilinur.
40.11 . Ular deydilar: "Parvardigoro, Sen bizlarni ikki bor o'ldirding va ikki bor tiriltirding. Bas, bizlar (dunyoda qilgan) gunohlarimizni e'tirof etdik. Endi (bu azobdan) chiqishga biror yo'l bormi?" 11-oyat. Ikki bor o'ldirib, ikki bor tiriltirishdan murod - ona qornida to to'rt oygacha jonsiz yotish, so'ng jonlanib, yashab, so'ng ajali yetganda vafot etishi, so'ngra qiyomat kunidagi tirilishdir.
40.12 . (Yo'q!) Bunga sabab, (sizlarni) Allohga (ibodat qilishga) da'vat qilinganda kofir bo'lib, agar Unga shirk keltirilsa, ishonib ketishlaringizdir. Bas, barcha hukm oliy va buyuk Allohnikidir.
40.13 . U sizlarga O'z alomatlarini ko'rsatur va sizlarga osmondan rizq yog'dirur. (Lekin bu alomatlardan) faqat (Allohga) inobat (taslim) qiladigan kishigina eslatma olur.
40.14 . Bas, (ey, mo知inlar,) garchi kofirlar yomon ko'rsalar-da, Allohga - Unga dinni xolis qilgan holingizda duo (ibodat) qilingiz!
40.15 . (U) darajalarni ko'taruvchi va Arsh sohibidir. Bandalaridan O'zi xohlagan kishilarga - (insonlarni) muloqot kunidan (qiyomatdan) ogohlantirishi uchun O'z amri bilan ruh (vahiy) tushirar.
40.16 . Ular (qabrlaridan) chiqadigan Kunda Allohga ulardan biror narsa maxfiy bo'lib qolmas. "Bu Kunda podshohlik kimnikidir?" Yagona va g'olib Allohnikidir.
40.17 . Bu Kunda har bir jon o'zi qilgan ishi (amali) bilan jazolanur. Bu Kunda (hech kimga) zulm qilish yo'q. Albatta, Alloh hisobi tez zotdir.
40.18 . (Ey, Muhammad,) Siz ularni yaqin kundan (qiyomatdan) ogohlantiring! O'shanda ular yuraklari halqumlariga tiqilib, qayg'ularini yutib tururlar. Zolim (kofir) kimsalar uchun (u Kunda) na bir do'st va na ma'qullanadigan shafoatchi bo'lur.
40.19 . (Alloh) ko'zlarning xiyonatini (qarash man etilgan narsaga o'g'rincha ko'z tashlashini) ham, dillar yashiradigan narsalarni ham bilur.
40.20 . Alloh haqqoniy hukm qilur. Ular (Allohni) qo'yib sig'inayotgan narsalari esa, biror narsaga hukm qila olmaslar. Albatta, Allohning O'zi eshituvchi va ko'rib turuvchi zotdir.
40.21 . Axir, ular yer yuzida sayr qilishib, o'zlaridan avval o'tgan, (imonsiz ketgan) kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi?! Ular (Makka mushriklari)dan ko'ra kuchda va yerdagi osori atiqalari jihatidan zo'rroq edilar. Bas, Alloh ularni gunohlari sababli ushladi va ular uchun Allohdan o'zga biror saqlovchi bo'lmadi.
40.22 . Bunga sabab - ularga payg'ambarlari hujjatlarni keltirganlarida, ular inkor etdilar. Bas, Alloh ularni ushladi (halok qildi). Zero, U quvvatli va azobi qattiqdir.
40.23 . Biz Musoni, mo''jizalarimiz va aniq hujjat bilan yubordik.
40.24 . Fir'avn, Homon va Qorun huzuriga. Ular: "(Muso) yolg'onchi, sehrgardir", - dedilar.
40.25 . Bas, qachonki, (Muso) ularga Huzurimizdan Haq (payg'ambarlik) bilan kelganida, ular: "U bilan birga mo知in bo'lganlarning o'g'illarini o'ldirib, ayollarini tirik qoldiringiz!" - dedilar. (Lekin) kofirlarning makrlari, albatta, zalolatda (zoyelikda)dir.
40.26 . Fir'avn dedi: "Menga qo'yib beringlar, Musoni o'ldiray. (Qani) u Parvardigoriga duo qilsin-chi (unga najot berarmikan)! Men (Muso) sizlarning diningizni o'zgartirib yuborishidan yoki yer yuzida buzg'unchilikni avj oldirishidan qo'rqmoqdaman".
40.27 . Muso aytdi: "Men Rabbim va Rabbingiz (bo'lmish Alloh)dan Hisob kuniga imon keltirmaydigan barcha mutakabbirlarning yomonligidan panoh berishini so'rayman.
40.28 . (Shunda) Fir'avn zodagonlaridan bo'lgan, o'zining imonini yashirib yuradigan bir mo知in kishi dedi: "Bir kishini, "Mening Rabbim Allohdir", - degani uchun o'ldirasizlarmi?! Holbuki, u sizlarga Rabbingiz tomonidan hujjatlarni keltirgandir. Agar u yolg'onchi bo'lsa, yolg'oni o'ziga! Bordiyu rostgo'y bo'lsa, (u holda) sizlarga u va'da qilayotgan (azoblardan) ayrimlari yetib qoladi-ku! Albatta, Alloh haddan oshuvchi va yolg'onchi kimsalarni hidoyat qilmas.
40.29 . Ey, qavmim, bugun-ku hukmronlik sizlarniki, (shu) yerda g'olibsizlar. Endi, agar bizlarga Allohning azobi kelsa, kim bizlarga yordam berur?!" Fir'avn aytdi: "Men sizlarga faqat o'zim ra'y qilayotgan narsani (Musoni o'ldirishni) ko'rsatayapman va men sizlarni faqat To'g'ri yo'lga yetaklayman".
40.30 . Imon keltirgan kishi dedi: "Ey, qavmim, men sizlarning ustingizga ham xuddi (o'tgan) firqalar kuni (tushib qolishi)dan qo'rqaman.
40.31 . (Ular) Nuh qavmi, Od, Samud (qabilalari) va ulardan keyingi (kufr yo'lini tutgan) kimsalarning ishi kabidir. Holbuki, Alloh bandalari uchun zulm qilishni istamas.
40.32 . Ey, qavmim, haqiqatan, men sizlarga nidolashuv kunidan (Qiyomat kunidan) qo'rqaman.
40.33 . U Kunda sizlar yuz o'girib qochursizlar, (ammo) sizlar uchun Alloh (azobi)dan saqlovchi bo'lmas. Kimni Alloh yo'ldan ozdirsa, bas, uning uchun biror hidoyat qiluvchi bo'lmas.
40.34 . Darvoqe, ilgari Yusuf sizlarga (ajdodlaringizga) hujjatlarni keltirganida ham, sizlarga keltirgan narsalarga shak(-shubha)da qattiq turib olgan edingizlar. To qachonki, u halok bo'lganida esa: "(Endi, Yusufdan) so'ng Alloh sira payg'ambar yubormas", - dedingizlar. Haddan oshuvchi va shak keltiruvchi kimsalarni Alloh mana shunday yo'ldan ozdirib qo'yar.
40.35 . Allohning oyatlari haqida o'zlariga kelgan (biror) hujjatsiz tortishadigan kimsalar Alloh nazdida ham, imon keltirgan zotlar nazdida ham katta nafratga duchor bo'lurlar. Alloh har bir mutakabbir va zo'ravonning qalbini mana shunday muhrlab qo'yar.
40.36 . Fir'avn aytdi: "Ey, Homon, men uchun bir (baland) minora qurgin, shoyadki men (uning ustiga chiqib) yo'llarga yetsam,
40.37 . osmonlarning yo'llariga. (Zora) Musoning ilohini ko'rsam, darhaqiqat, men uni yolg'onchi deb gumon qilmoqdaman". Fir'avnga o'zining yomon amali mana shunday chiroyli ko'rsatildi va u (To'g'ri) yo'ldan to'sildi. Fir'avnning barcha makri, albatta, halokatdadir.
40.38 . Imon keltirgan kishi dedi: "Ey, qavmim, menga ergashinglar, men sizlarni To'g'ri yo'lga yetaklayman.
40.39 . Ey, qavmim, bu dunyo hayoti faqat bir (arzimas) matodir. Albatta, oxiratgina (mangu) barqarorlik diyoridir.
40.40 . Kimki biror yomonlik qilsa, unga (oxiratda o'sha yomonligi) barobaridagina jazo berilur. Erkakmi, ayolmi - kimki mo知inlik holida biror yaxshilik qilsa, aynan o'shalar jannatga doxil bo'lurlar. U joyda ularga behisob rizq berilur.
40.41 . Ey, qavmim, nega men sizlarni najotga (jannatga) chorlasam, sizlar meni do'zaxga chorlamoqdasizlar?!
40.42 . Sizlar meni Allohga kofir bo'lishga va o'zim bilmaydigan narsalarni Unga sherik qilishga chaqirmoqdasizlar. Men esa, sizlarni qudratli va o'ta mag'firatli zotga chorlamoqdaman.
40.43 . Shubha yo'qki, albatta, sizlar meni (ibodat qilishga) chaqirayotgan narsalaringiz na dunyoda va na oxiratda (hech kimni) da'vat qila olmas. Albatta, (barchamizning) Allohga qaytishimiz bordir. Darhaqiqat, haddan oshuvchilar - o'shalargina do'zax ahlidirlar.
40.44 . Hali men sizlarga aytayotgan so'zlarni eslaysizlar. Men o'z ishimni Allohga topshirurman. Zero, Alloh bandalarini ko'rib turuvchidir".
40.45 . Bas, Alloh u (imon keltirgan kishi)ni ularning yomon makrlaridan saqladi va Fir'avn zodagonlarini yomon azob o'rab oldi.
40.46 . (U azob qabrdagi bir) olovdirki, ular ertayu kech unga toblanurlar. Qiyomat qoyim bo'ladigan kunda esa, (do'zax farishtalariga): "Fir'avn zodagonlarini eng qattiq azobga kiritinglar" (deyilur).
40.47 . O'shanda ular do'zaxda o'zaro tortishib, zaiflar mutakabbirlarga (sobiq yo'lboshchilariga): "Bizlar sizlarga ergashgan edik, endi sizlar bizlardan do'zax (azobi)ning biror bo'lagini daf qila olurmisizlar?" - derlar.
40.48 . Mutakabbir kimsalar ayturlar: "Bizlarning barchamiz, shubhasiz, unda (do'zaxda)dirmiz. Alloh bandalari o'rtasida O'z hukmini chiqarib bo'ldi".
40.49 . (Shunda) do'zaxdagi kimsalar jahannam qo'riqchilariga: "Parvardigoringizga duo qilinglar, bizlardan biror kun azobni yengillatsin", deganlarida,
40.50 . ular ayturlar: "Axir, sizlarga payg'ambarlaringiz hujjatlar keltirmaganmidilar?!" "Ha, (lekin ularni yolg'onchi qilgan edik)" - deydilar. (Shunda farishtalar ularga) ayturlar: "U holda duo qilaveringlar. (Lekin) kofirlarning duolari, albatta, zoyedir".
40.51 . Albatta, Biz payg'ambarlarimizga va imon keltirgan zotlarga dunyo hayotida ham, guvohlar (hozir bo'lib) turadigan kunda (qiyomatda) ham yordam berurmiz.
40.52 . U kunda zolim (kofir)larga uzrlari foyda bermas. Ularga la'nat bo'lur va ularga eng yomon joy (do'zax) bo'lur.
40.53 . Biz Musoga hidoyat ato etdik va Isroil avlodiga meros qilib,
40.54 . aqlli kishilarga hidoyat va eslatma bo'lmish Kitob (Tavrot)ni bergan edik.
40.55 . Bas, (ey, Muhammad,) sabr qiling! Zero, Allohning va'dasi haqdir va gunohingizga mag'firat so'rang hamda tunu kun Rabbingiz hamdi bilan tasbeh ayting!
40.56 . Albatta, Allohning oyatlari haqida o'zlariga kelgan biror hujjatsiz tortishadigan kimsalar, aniqki, ularning dillarida shunday kibr bordirki, ular o'shanga yetuvchi emasdirlar. Bas, Siz Allohdan panoh so'rang. Albatta, Uning O'zigina eshituvchi va ko'rib turuvchidir.
40.57 . Albatta, osmonlar va Yerni yaratish insonlarni yaratishdan kattaroq (ish)dir. Lekin, ko'p odamlar (buni) bilmaydilar.
40.58 . Ko'r bilan ko'ruvchi va imon keltirib, solih amallarni qilganlar bilan yomonlik qiluvchi kimsa barobar bo'lmas. Eslatmani esa, kamdan kam olursizlar.
40.59 . Albatta, qiyomat keluvchidir, u haqda shubha yo'qdir. Lekin, ko'p odamlar (unga) imon keltirmaslar.
40.60 . Parvardigoringiz: "Menga duo qilinglar, Men sizlarga (duolaringizni) mustajob qilay", - dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar.
40.61 . Alloh sizlarga orom olishingiz uchun kechani va (kasb va sayr qilishingiz uchun) yorug' kunduzni yaratib qo'ygan zotdir. Albatta, Alloh odamlarga nisbatan fazl sohibidir. Lekin odamlarning ko'plari shukr qilmaydilar.
40.62 . Mana shu Alloh - Parvardigoringizdir. (U) barcha narsaning yaratuvchisidir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!
40.63 . Allohning oyatlarini inkor etuvchi kimsalar mana shunday burilib keturlar.
40.64 . Alloh sizlar uchun Yerni qarorgoh, osmonni tom qilib qo'ygan va sizlarga surat(shakl) berib, suratlaringizni go'zal qilgan hamda sizlarni pok narsalardan rizqlantirgan zotdir. Mana shu Alloh - Parvardigoringizdir. Bas, (barcha) olamlarning Parvardigori bo'lmish Alloh barakotlidir.
40.65 . U tirikdir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Bas, (ey, mo知inlar,) sizlar (Allohga) dinni unga xolis qilgan holingizda duo (ibodat) qilingiz! Hamd (barcha) olamlarning Rabbi Allohga (xos)dir.
40.66 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Men o'zimga Rabbim (tomoni)dan hujjatlar kelgan paytda, sizlar Allohni qo'yib duo qilayotgan narsalaringga ibodat qilishdan man etilganman va (barcha) olamlarning Rabbiga bo'yin sunishga buyurilganman.
40.67 . U sizlarni (Odamni) tuproqdan, so'ngra (avlodlarini) nutfadan, so'ngra laxta qondan yaratgan zotdir. So'ngra U sizlarni (ona qornidan) chaqaloq holingizda (dunyoga) chiqarur. So'ngra (U) sizlarni voyaga yetishingizga, so'ngra qarishingizga (qo'yib berur). Sizlarning orangizda (balog'at yoki keksalik yoshidan) ilgari vafot topadigan kishilar ham bo'lur. (U) sizlarni belgilangan ajalga yetishingizga (qo'yib berur). Shoyadki, aql yurgizsangizlar.
40.68 . U tiriltiradigan va o'ldiradigan zotdir. Bas, qachon biror ishni hukm qilsa, unga faqat: "Bo'l!" - der, xolos. Bas, u (ish) bo'lur.
40.69 . Allohning oyatlari haqida tortishadigan kimsalarni ko'rmadingizmi? Qayoqqa burilib ketmoqdalar?!
40.70 . Kitob (Qur'on)ni va Biz payg'ambarlarimiz bilan yuborgan narsalarni (Kitoblarni) yolg'on degan kimsalar yaqinda (qiyomat Kunida) bilajaklar.
40.71 . O'shanda ular bo'yinlarida kishan va zanjirlar bilan sudralurlar
40.72 . qaynoq suv ichiga. So'ngra olovda yondirilurlar.
40.73 . So'ngra ularga aytilur: "Sizlar shirk keltirib o'tgan narsalaring qani,
40.74 . Allohni qo'yib?" Ular: "U (but)lar biz(ning ko'zimiz)dan g'oyib bo'lib qolishdi. Yo'q-yo'q, bizlar ilgari (dunyoda) hech narsaga duo (ibodat) qilgan emasmiz", - deydilar. Alloh kofirlarni shu tarzda yo'ldan ozdirur.
40.75 . Mana shu azobga (yo'liqishlaringiz)ga sabab - sizlar yerda nohaq shodu xurram bo'lganlaringiz va kibr-havo qilganlaringizdir.
40.76 . Jahannam davrozalaridan u joyda mangu qoluvchi bo'lgan hollaringizda kiringiz! Bas, mutakabbirlarning joyi naqadar yomondir!
40.77 . Bas, (ey, Muhammad,) sabr qiling. Zero, Allohning va'dasi haqdir! Bas, agar Biz Sizga o'sha (kofirlar)ga va'da qilayotgan (azob)dan ayrimlarini ko'rsatsak ham yoki Sizni (azob tushishidan oldinroq) vafot etdirsak ham, bas, faqat O'zimizga qaytarilurlar.
40.78 . Biz Sizdan oldin (ko'p) payg'ambarlarni yuborgandirmiz. Ulardan Biz Sizga qissasini aytganimiz ham bor, yana ulardan Biz Sizga qissasini aytmaganimiz ham bordir. Biror payg'ambarga Allohning iznisiz biror mo''jiza keltirish joiz emas. Bas, qachonki, Allohning amri kelgach, haqqoniy hukm qilinur va o'shanda buzg'unchilar ziyon ko'rgaylar.
40.79 . Alloh sizlar uchun hayvonlardan ba'zilarini minishlaringiz uchun va ba'zilarini yeyishlaringiz uchun paydo qildi.
40.80 . Sizlarga ulardan (ko'p) foydalar bordir. (U hayvonlar) sizlar ularning ustida dillaringizdagi hojatlaringizga yetishlaringiz uchun ham (yaratilgandirlar). Sizlarni (quruqlikda) o'sha (hayvon)lar ustida va (dengizlarda) esa kemalarda eltib qo'yilur.
40.81 . (Alloh) sizlarga O'z alomatlarini ko'rsatur. Bas, sizlar Allohning qaysi alomatlarini inkor qilursizlar?!
40.82 . Axir, ular yer yuzida sayr qilishib, o'zlaridan avvalgi kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi?! Ular ko'proq hamda kuch-quvvat va yerdagi osori atiqalari jihatidan ulardan zo'rroq edilar. (Ammo) ularga topgan narsalari asqotgani yo'q.
40.83 . Chunki ularga payg'ambarlari hujjatlarni keltirganlarida ular o'zlarining oldilaridagi (dunyoviy) bilimlari bilan shodlandilar. Ularni o'zlari masxara qilib yurgan (azob) o'rab oldi.
40.84 . Bas, qachonki, ular Bizning azobimizni ko'rishgach: "Yakka Allohga imon keltirdik va (ilgari Allohga) sherik qilib olgan narsa (but)larimizga kofir bo'ldik", - dedilar.
40.85 . (Lekin) Bizning azobimizni ko'rgan vaqtdagi imonlari ularga foyda beruvchi bo'lmadi. (Bu) Allohning (barcha) bandalari haqida (joriy qilgan) yo'lidir. O'shanda kofirlar ziyon ko'rdilar.