') //-->
39.1 . (Ushbu Qur'on) qodir va hakim - Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir.
39.2 . (Ey, Muhammad,) albatta, Biz Sizga bu Kitobni haqiqatan nozil qildik, bas, Siz Allohga - dinni Unga xolis qilgan holda ibodat qiling!
39.3 . (Ey, insonlar,) ogoh bo'lingizkim, xolis din yolg'iz Allohnikidir. Undan o'zga "do'stlar"ni ("iloh") qilib olgan kimsalar: "Biz faqat ularga bizni Allohga yaqin qilishlari uchungina ibodat qilurmiz" (derlar). Shubha yo'qki, Alloh (qiyomat kunida) ular ixtilof qilayotgan narsalar xususida ularning o'rtasida hukm qilur. Albatta, Alloh yolg'onchi va noshukr kimsalarni hidoyat qilmas.
39.4 . Agar Alloh farzand tutishni istasa, so'zsiz, O'zi yaratgan narsalaridan xohlaganini tanlab olgan bo'lur edi. U (bunday aybdan) pokdir. U yagona va g'olib Allohdir!
39.5 . U osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratgandir. U kechani kunduzning ustidan o'rar, kunduzni kechaning ustidan o'rar. U quyoshni ham, oyni ham (O'z amriga) bo'yin sundirib qo'ygandir. (Ularning) har biri ma'lum muddatgacha joriy bo'lur. Ogoh bo'lingizkim, U qudratli va o'ta kechirimli zotdir!
39.6 . (U) sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratdi, so'ngra undan juftini (Havvoni paydo) qildi va sizlar uchun chorva hayvonlaridan sakkiz juftni tushirdi (dunyoga keltirdi). U sizlarni onalaringizning qornida uch (qavat) zulmat ichida asta-sekin yaratur. Mana shu Alloh - Rabbingizdir. Hukmronlik faqat Unikidir. Undan o'zga (hech) iloh yo'q. Bas, (Unga ibodat qilmay) qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!
39.7 . Agar sizlar kofir bo'lsangizlar, bas, albatta, Alloh sizlardan behojatdir. U O'z bandalarining kofir bo'lishiga rozi bo'lmas. Agar shukr qilsangizlar (va imon keltirsangizlar) U sizlar uchun rozi bo'lur. Hech bir ko'taruvchi (gunohkor) o'zga (ko'taruvchi)ning yukini (gunohini) ko'tarmas. So'ngra qaytishlaringiz Rabbingiz huzurigadir. Bas, U sizlarga qilib o'tgan amallaringiz xabarini berur. Albatta, U dillardagi sirlarni biluvchidir.
39.8 . Qachonki, insonga biror ziyon tegsa, u Parvardigoriga tavba-tazarru bilan duo qilur. So'ngra, qachonki, (Alloh) O'z tomonidan unga biror ne'mat ato etsa, ilgari (Allohga) qilgan duolarini unutib qo'yar va (o'zgalarni ham) Allohning yo'lidan ozdirish uchun Unga "teng"larni (o'ylab) topur. (Ey, Muhammad,) ayting: "Sen o'z kufring bilan (dunyoda) ozgina foydalanib qol! Albatta, sen do'zax ahlidandirsan".
39.9 . Yoki kechalari sajda qilgan va tik turgan holda ibodat qiluvchi, oxiratdan qo'rqadigan va Parvadigorining rahmatidan umid qiladigan kishi (bilan boshqalar barobarmi?!) Ayting: "Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo'lurmi?!" Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar.
39.10 .(Ey, Muhammad), Mening imon keltirgan bandalarimga ayting: "Parvardigoringizdan qo'rqingiz! Bu dunyoda ezgu ish qilgan zotlar uchun (oxiratda) chiroyli (oqibat - jannat) bordir. Allohning yeri kengdir. Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur".
39.11 . Ayting: "Men Allohga dinni Unga xolis qilgan holda ibodat qilishga buyurilganman.
39.12 . Yana, musulmonlarning avvali bo'lishga buyurilganman".
39.13 . Ayting: "Albatta, men agar Rabbimga osiy bo'lishga ulug' Kunning azobidan qo'rqurman".
39.14 . Ayting: "Men faqat Allohga, dinimni Unga xolis qilgan holda ibodat qilurman.
39.15 . Endi sizlar (ey, mushriklar,) Uni qo'yib, xohlagan narsalaringizga ibodat qilaveringlar". (Ey, Muhammad,) ayting: "Haqiqiy ziyon ko'ruvchilar qiyomat kunida o'zlariga ham, ahli (oila)lariga ham ziyon qiluvchi kimsalardir. Ogoh bo'lingizkim, ana shu aniq ziyondir".
39.16 . Ular uchun ustilaridan ham olovdan bo'lgan "soyabonlar", ostilaridan ham (olovdan bo'lgan) "soyabonlar" bo'lur. Bu (bo'lajak azob-uqubat) bilan Alloh O'z bandalarini qo'rqitishidir. Ey, bandalarim, Mendan qo'rqingiz!
39.17 . Shaytonga ibodat qilishdan chetda bo'lgan va Allohga qaytgan zotlar uchun xushxabar bordir. Bas, (ey, Muhammad,) Mening shunday bandalarimga xushxabar beringki,
39.18 . ular gapni tinglab, so'ng uning eng go'zaliga (foydalisiga) ergashadilar. Aynan o'shalar Alloh hidoyat etgan zotlardir va aynan o'shalargina aql egalaridir.
39.19 . Axir, bir kimsaga azob So'zi (hukmi) muqarrar bo'lsa (Siz uni hidoyat qila olarmidingiz)?! Axir, Siz do'zaxdagi kimsani qutqara olarmidingiz?!
39.20 . Lekin Parvardigorlaridan qo'rqqan zotlar uchun (jannatda) ustma-ust qurilgan ko'shklar bo'lib, ularning ostidan anhorlar oqib turar. (Bu) Allohning va'dasidir. Alloh va'daga xilof qilmas.
39.21 . Alloh osmondan suv (yomg'ir, qor) yog'dirib, uni yerda buloqlar shaklida oqizib qo'yganini ko'rmadingizmi? So'ngra u (suv)ning vositasida har xil ekinlarni chiqarur, so'ngra u qurir, so'ng Siz uni sarg'aygan holda ko'rasiz, so'ngra (Alloh) uni xazonga aylantirur. Albatta, bunda aql egalari uchun eslatma bordir.
39.22 .Axir, ko'ksini Alloh Islom uchun (keng) ochib qo'ygan, o'zi esa, Parvardigori (tomoni)dan nur (hidoyat) uzra turgan kishi (boshqalar bilan barobar bo'lurmi)?! Bas, dillari Allohning eslashdan qotib qolgan kimsalar holiga voy! Ular aniq zalolatdadirlar.
39.23 . Alloh go'zal So'zni, (oyatlari balog'atda) bir-biriga o'xshagan, (hukmlari) takror-takror keluvchi bir Kitob qilib nozil qildiki, undan (o'g'ilganda) Parvardigoridan qo'rqadigan zotlarning terilari titrab ketar, so'ngra terilari va dillari Allohning zikriga yumshar (moyil bo'lur). Mana shu (Kitob) Allohning hidoyatidirki, unga O'zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Kimni Alloh yo'ldan ozdirsa, bas, uning uchun biror hidoyat qiluvchi bo'lmas.
39.24 . Axir, qiyomat Kuni yomon azobdan yuzi bilan "saqlanadigan" kimsa (azobdan tinch kishi bilan barobar bo'lurmi)?! (U kunda) zolim (kofir)larga: "O'zlaringiz kasb qilib olgan narsani (dinsizlik "meva"sini) totib ko'ringlar!" - deyiladi.
39.25 . Ulardan oldingilar ham (o'z payg'ambarlarini) yolg'onchiga chiqarganlarida, ularga o'zlari sezmaydigan tomondan azob kelgan edi.
39.26 . Bas, Alloh ularga mana shu dunyo hayotida rasvolikni tottirdi. Oxirat azobi esa yanada kattaroqdir. Agar ular (jazoning qattiqligini) bilsalar edi (payg'ambarlarni inkor etmagan bo'lur edilar).
39.27 .Biz ushbu Qur'onda odamlar uchun turli masallarni keltirdik. Shoyad eslatma olsalar.
39.28 . (Biz uni) qing'ir joyi bo'lmagan arabiy Qur'on holida (nozil qildik). Shoyad (Allohdan) qo'rqsalar.
39.29 . Alloh (shunday) bir masal keltirdi: bir kishi (qul) borki, uning ustida talashuvchi sheriklar bor. Yana bir kishi (qul) borki, butunic ha bir kishinikidir. Ikkisining misoli barobar bo'lurmi?! Hamd Alloh uchundir. Ha, ularning ko'plari bilmaslar.
39.30 . (Ey, Muhammad,) albatta, Siz ham o'luvchidirsiz, ular ham o'luvchidirlar.
39.31 . So'ngra, albatta, sizlar qiyomat Kuni Rabbingiz huzurida da'volashursizlar.
39.32 . Axir, Alloh sha'niga (shirk va farzandni nisbat berib) yolg'on so'zlagan va rostgo'ylik (vahiy)ni o'ziga kelgan paytidayoq inkor etgan kimsadan kim ham zolimroqdir yoki jahannamda kofirlar uchun joy yo'qmi?!
39.33 .Rostlikni keltirgan zot (Muhammad) va uni tasdiq etgan (mo'minlar) - aynan o'shalar taqvoli zotlardir.
39.34 . Ular uchun Parvardigorlari huzurida (jannatda) xohlagan narsalari bordir. Bu ezgu ish qiluvchi kishilarning mukofotidir.
39.35 . (Bu) Allohning ular qilgan yomon amallarini o'chirib, qilib o'tgan chiroyli amallarining savobi bilan mukofotlashi uchundir.
39.36 . Alloh O'z bandasiga (Muhammadga uni asrashda) yetarli emasmi?! (Ey, Muhammad,) ular Sizni (Allohdan) o'zga narsalar bilan qo'rqiturlar. Kimni Alloh yo'ldan ozdirsa, bas, uning uchun (biror) hidoyat qiluvchi bo'lmas.
39.37 . Kimni Alloh hidoyat qilsa, bas, uning uchun biror yo'ldan ozdiruvchi bo'lmas. Alloh qudratli va (dushmanlardan) intiqom oluvchi emasmi?!
39.38 . Qasamki, agar Siz ulardan: "Osmonlar va Yerni kim yaratgan",- deb so'rasangiz, ular, albatta: "Alloh", - derlar. Ayting: "Endi xabar beringlar-chi, sizlar Allohni qo'yib iltijo qilayotgan butlaringiz - agar Alloh menga biror ziyon yetkazishni istasa - ular Uning ziyonini arita oluvchimilar? Yoki (Alloh) menga biror marhamat qilishni iroda qilsa, o'sha (butlar) Uning marhamatini ushlab qoluvchimilar?!" Ayting: "Menga Allohning O'zi yetarlidir. Tavakkul qiluvchilar faqat Unga tavakkul qilurlar".
39.39 . Ayting: "Ey, qavmim, joyingizda turib (ya'ni, kufrdan qaytmay) amalingizni qilaveringiz. Men ham amal qiluvchidirman. Bas, yaqinda bilursizlar,
39.40 . kimga rasvo qiladigan azob kelishini va mangu azob tushishini".
39.41 . Biz Sizga (bu) Kitobni haqiqatan barcha odamlar uchun nozil qildik. Bas, kimki hidoyat yo'liga yursa, o'zi uchun yurgan bo'lur. Kimki (yo'ldan) ozsa ham o'zining zarariga ozgan bo'lur. Siz ularning ustidan vakil (qo'riqchi) emassiz.
39.42 . Jonlarni o'lgan vaqtida, o'lmaganlarni esa uxlayotgan paytlarida Alloh olur. Bas, O'zi o'limga hukm qilgan jonlarni (qaytarmasdan) ushlab qolur, boshqalarini esa belgilangan bir muddatgacha (ajallari yetguncha) qo'yib yuborur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir.
39.43 . Balki ular Allohdan o'zga "oqlovchilar"ni ushlagandirlar. (Ey, Muhammad,) ayting: "Agar ular biror narsaga ega bo'la olmaydigan va (haqiqatni) anglamaydigan bo'lsalar-chi?!"
39.44 . Ayting: "Barcha shafoat (oqlov) faqat Allohnikidir. Osmonlar va Yerning hukmronligi ham Unikidir. So'ngra (barchalaringiz) Ungagina qaytarilursizlar".
39.45 . Qachonki, yolg'iz Alloh zikr qilinsa, oxiratga imon keltirmaydigan kimsalarning dillari siqilib ketar. Qachonki, U zotdan o'zga (but)lar zikr qilinsa, birdan ular shodlanib keturlar.
39.46 . Ayting: "Allohim, (ey) osmonlar va Yerni ilk yaratuvchisi, (ey) yashirin va oshkor narsalarni biluvchi zot, yolg'iz O'zinggina bandalaring o'rtasida ular ixtilof qilib o'tgan narsalar xususida hukm qilursan".
39.47 . Agar zolim (kofir) kimsalar uchun yerdagi (bor) narsa va u bilan birga yana o'shaning mislicha narsa bo'lsa, albatta, ular qiyomat Kunidagi azobning yomonligidan, o'sha (narsalar)ni to'lov qilib berib yuborgan bo'lur edilar. (Chunki u Kunda) ularga Alloh tomonidan ular o'ylab ham ko'rmagan narsalar (azoblar) namoyon bo'lur.
39.48 . Ularga o'zlari kasb etgan yomonliklari oshkor bo'ladi va ularni o'zlari (dunyoda) masxara qilib o'tgan narsa (azob) o'rab oladi.
39.49 . Bas, qachonki, insonga biror ziyon yetsa, bizga duo qilur. So'ngra, qachonki, Biz O'z tomonimizdan unga biror ne'mat ato etsak, u, shubhasiz, bu (ne'mat) menga o'zimning bilimdonligim sababli berildi", - der. Aslida u sinovdir. Lekin, ularning aksariyati bilmaslar.
39.50 . U (so'z)ni ulardan avvalgilar ham aytgan edilar. Bas, ularga o'zlari topgan narsalari asqotgani yo'q.
39.51 . Bas, ularga qilgan yomonliklari yetdi. Ana ulardan (Makka mushriklaridan) bo'lmish zolimlarga ham yaqinda yomonliklari yetar. Ular (biror ishni) uddalay oluvchi emasdirlar.
39.52 . Axir, ular Alloh O'zi xohlagan kishining rizqini keng qilishini va (O'zi xohlagan kishining rizqini) tang qilishini bilmadilarmi?! Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun alomatlar bordir.
39.53 . (Ey, Muhammad,) o'z jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: "Allohning rahmatidan noumid bo'lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag'firat qilur. Albatta, Uning O'zi mag'firatli va rahmlidir
39.54 . Sizlarga azob kelib, so'ngra yordam berilmay qolishidan ilgari Rabbingizga qaytinglar va Unga bo'yin suninglar!
39.55 . Sizlarga, o'zlaringiz sezmagan holingizda to'satdan azob kelib qolishidan ilgari, Rabbingiz (tomoni)dan sizlarga nozil qilingan go'zal narsa (Qur'on)ga ergashinglar!
39.56 . Biror jon: "Alloh haqida (Unga ibodat qilishda) sustkashlik qilganimga afsus! Rostdan ham men masxara qiluvchilardan bo'lgan edim", - deb qolmasligi uchun.
39.57 . yoki: "Agar Alloh meni hidoyat qilganida, albatta, taqvodorlardan bo'lur edim", - deb qolmasligi uchun
39.58 . yoki azobni ko'rgan chog'ida: "Qani edi, men uchun yana bir karra (yashashning imkoni) bo'lsa-yu, men ham chiroyli amal qiluvchilardan bo'lsam", - deb qolmasligi uchun (Qur'onga ergashinglar)!
39.59 . "Yo'q, senga Mening oyatlarim kelganida, sen ularni yolg'on degan eding va kibrlanib, kofirlardan bo'lgan eding!"
39.60 . Qiyomat Kunida Alloh sha'niga yolg'on so'zlagan kimsalarni yuzlari qoraygan holda ko'rursiz. Jahannamda mutakabbir kimsalar uchun joy yo'qmi?!
39.61 . Alloh, taqvo qilgan zotlarni yutuqlari sababli (oxirat azobidan) qutqarur, ularga biror noxushlik ham yetmas va ular g'amgin ham bo'lmaslar.
39.62 . Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir. U barcha narsaga vakil (homiy)dir.
39.63 . Osmonlar va Yerning ochqichlari Undadir. Alloh oyatlariga kofir bo'lgan kimsalar - ana o'shalargina ziyon ko'ruvchilardir.
39.64 . (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Hali sizlar meni Allohdan o'zgaga ibodat qilishga buyuryapsizlarmi, ey, nodonlar!"
39.65 . Darhaqiqat, Sizga va Sizdan oldingi (payg'ambarlarga) (shunday) vahiy qilingan edi: "Qasamki, agar mushrik bo'lsang, albatta, qilgan amaling behuda ketur va albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qolursan!
39.66 . Balki faqat Allohgagina ibodat qilgin va shukr qiluvchilardan bo'lgin!"
39.67 . Ular Allohni haqqoniy (ravishda) qadrlamadilar (tanimadilar). Butun Yer qiyomat kunida Uning uchun bir siqimdir. Osmonlar esa Uning "qo'li"ga yig'iluvchidir. U ularning keltirayotgan shirklaridan pok va yuksakdir!
39.68 . Sur chalinadi-yu, osmonlar va Yerdagi bor jonzot o'ladi, illo Alloh xohlagan zotlargina (tirik qolurlar). So'ngra u yana bir bor chalinganda, nogoh ular (barcha xaloyiq tirilib, qabrlaridan) turib, (Allohning amriga) qarab turarlar.
39.69 . Yer (mahshargoh) Parvardigorining nuri bilan yorishadi; kitob (nomai a'mol hozirlab) qo'yiladi; payg'ambarlar va guvohlar keltiriladi va ularning o'rtalarida zulm qilinmagan holda haqqoniy hukm qilinadi.
39.70 . Har bir jonga qilgan amali (uchun mukofot yoki jazo) komil qilib beriladi U ularning qilayotgan ishlarini juda yaxshi biluvchidir.
39.71 . Kofir bo'lgan kimsalar guruh-guruh qilinib, jahannamga haydalur. To qachonki, ular (jahannamga) kelib yetganlargalarida, uning darvozalari ochiladi va uning qo'riqchilari ularga: "Sizlarga o'zlaringizdan bo'lgan payg'ambarlar - Rabbingiz oyatlarini sizlarga tilovat qilib sizlarni mana shu Kuningizdagi muloqotdan ogohlantirgan hollarida kelmaganmidilar", - deganlarida, ular: "Ha, (kelganlar), lekin azob So'zi kofirlar bo'yicha muqarrar bo'lgandir",- deydilar.
39.72 . (Shunda ularga) aytiladi: "Jahannam darvozalaridan kiringlar! Sizlar o'sha joyda mangu qolursizlar!" Bas, kibrli kimsalarning joylari naqadar yomondir!
39.73 . Parvardigorlaridan qo'rqqan taqvoli zotlar ham guruh-guruh holda jannatga "haydalurlar". To qachonki, ular uning darvozalari ochilgan holda ekanida yetib kelganlarida va uning qo'riqchilari: "Sizlarga salom! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qoluvchi bo'lgan hollaringizda kiringiz", - deganlarida (ular behad shodlanurlar).
39.74 . Ayturlar: "Bizlarga va'dasini rost qilgan va bizlarni (bu) yerga voris qilgan Allohga hamdki, jannatdan o'zimiz xohlagan yerdan o'rin olyapmiz", - derlar. Bas, (chiroyli) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshidir!
39.75 . (Ey, Muhammad,) Siz (o'sha Kunda) farishtalar Arsh atrofini o'rab olgan hollarida, Parvardigorlariga hamd bilan tasbeh aytayotganlarini ko'rarsiz. (Zero,) ularning o'rtalarida haqqoniy hukm qilindi va "Hamd (barcha) olamlarning Parvardigori Allohgadir!" deyildi.