') //-->
34.1 . Hamd Allohga (xos)dir. U shunday zotki, osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa Unikidir. Oxiratda ham hamd faqat Unga (xos)dir. U hikmatli va xabardor zotdir.
34.2 . U Yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, samodan tushadigan narsalarni ham, unga ko'tariladigan narsalarni ham bilur. U rahmli va mag'firatlidir.
34.3 . Kofir bo'lgan kimsalar: "Bizlarga qiyomat kelmas", - dedilar. Ayting: "Yo'q! G'aybni biluvchi Rabbimga qasamki, shak-shubhasiz, u (qiyomat) sizlarga kelur! Osmonlar va Yerdagi bir zarra misolicha, undan ham kichik (yoki) katta biror narsa (Alloh)dan maxfiy bo'lmas, albatta, aniq Kitobda (Lavhul-Mahfuzda u) mavjuddir".
34.4 . Toki (Alloh) imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni mukofatlashi uchun (qiyomat qoyim bo'lur). Ana o'shalar uchun mag'firat va farovon rizq (jannat) bordir.
34.5 . Oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yurgan kimsalar uchun jazo alamli azobdir.
34.6 . (Ey, Muhammad,) ilm berilgan zotlar Sizga Rabbingiz (tomoni)dan nozil qilingan (Qur'on)ning haq (Kitob) ekanini va u qudratli, hamdga loyiq zotning yo'liga hidoyat qilishini bilurlar.
34.7 . Kofir bo'lgan kimsalar derlar: "Sizlarga (chirib) titilib bo'lak-bo'lak bo'lib ketgan vaqtingizda, albatta, sizlar yana yangitdan yaratilursizlar, deb xabar beradigan bir kishini ko'rsataylikmi?
34.8 . U Alloh sha'niga yolg'on to'qidimi yoki unda jinnilik bormi?" - dedilar. Yo'q, (balki) oxiratga ishonmaydiganlar azobda va (hidoyatdan) uzoq zalolatdadirlar.
34.9 . Axir, ular oldilaridagi va ortlaridagi (atroflaridagi) narsalarga - osmonu zaminga boqmaydilarmi?! Agar Biz xohlasak, ularni yerga yuttirib yuborurmiz yoki ustilariga osmondan parchalar tushirurmiz. Albatta, bunda har bir (Allohga) qaytuvchi banda uchun dalolat bordir.
34.10 . Biz Dovudga (ulug') fazl (martaba) ato etdik: "Ey, tog'lar va qushlar! (Dovud) bilan birga tasbeh aytinglar!" Va uning uchun temirni (xamirdek) muloyim qilib qo'ydik.
34.11 . (Va unga dedik): "Sovutlar yasagin va (ularni) yasashda me'yorni bilgin! (Ey, Dovud oilasi), yaxshi amal qilinglar! Zero, Men qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidirman".
34.12 . Sulaymonga ertalab bir oylik, kechki payt bir oylik (masofani bosib o'tadigan) shamolni (bo'yin sundirdik) va uning uchun mis bulog'ini oqizib qo'ydik. Yana jinlardan ham Parvardigorining izni bilan uning qo'l ostida ishlaydigan (jin)larni (bo'ysundirib qo'ygandirmiz). Ulardan kim Bizning amrimizdan chetlasa, Biz unga o't azobidan tottirib qo'yurmiz.
34.13 . Ular (Sulaymonga misdan u) xohlagan narsalarni - mehroblar (ibodatxonalar), timsollar (haykallar, suratlar), hovuzlar kabi (katta) laganlar va (o'choqlarga) o'rnashuvchi qozonlarni yasab berurlar. "(Ey), Dovud oilasi, (bu ne'matlarning) shukronasi uchun amal (ibodat) qilinglar! Bandalarim orasida shukr qiluvchisi ozdir".
34.14 . Bas, qachonki, Biz (Sulaymonga) o'limni hukm qilganimizda, uning o'limiga faqat asosini yeyayotgan kemiruvchi qurtgina dalolat qildi. Bas, qachonki, u qulab tushgach, jinlarga aniq bo'ldiki, agar ular g'aybni biluvchi bo'lganlarida bu xor qiluvchi azobda (mehnatda) qolmagan bo'lur edilar.
34.15 . Saba' (qabilasi) uchun o'z maskanlarida (Allohning fazliga doir) bir alomat bor edi- o'ng tomon ham, so'l tomon ham bog'-rog' bo'lib, (Biz ularga): "Parvardigoringiz rizqidan bahramand bo'linglar va Unga shukr qilinglar! (Shahringiz) pokiza shahar, (Parvardigoringiz) mag'firatli Parvardigordir" (degan edik).
34.16 . Bas, ular (shukrdan) yuz o'girgach, Biz ularning ustiga to'g'on bilan (to'sib qo'yilgan) selni (ochib) yubordik va ularning bog'larini achchiq mevali, yulg'unzor va siyrak butazor "bog'lar"ga almashtirib qo'ydik.
34.17 . Kofir bo'lganlari sababli ularni mana shu (jazo bilan) jazoladik. Biz kofirdan o'zga kimsaga jazo berarmidik?!
34.18 . Biz ular bilan O’zimiz muborak qilgan shaharlarning orasida ko'rinib turadigan qishloqlarni barpo qilib, ular orasida yurish (masofasi)ni ham o'lchab, (ularga): "Bu (qishloqlarda) kechalari ham, kunduzlari ham tinchgina yuraveringlar!" (degan edik).
34.19 . Ular esa (bu ne'matlarga noshukrlik qilib): "Parvardigoro, safarlarimiz orasidagi (masofani) yiroq qilgin", - deyishib, o'zlariga zulm qildilar, bas, Biz ularni (odamlar og'zidagi) cho'pchakka aylantirib qo'ydik va bo'lib-bo'lib tashladik. Albatta, bunda har bir sabrli va shukr qiluvchi uchun alomatlar bordir.
34.20 . Darhaqiqat, iblis ularning ustidagi ("Men ularni yo'ldan ozdira olurman", - degan) gumonini ro'yobga chiqardi, bas, (Saba' qabilasi iblisga) ergashdilar, faqat bir guruh mo’minlargina (qoldilar).
34.21 . (Iblisning) ular ustidagi hukmronligi faqat oxiratga imon keltiradigan kishilarni undan (oxiratdan) shubhada turgan kimsalardan ajratib olishimiz uchun bo'ldi. Rabbingiz barcha narsani kuzatib turuvchidir.
34.22 . (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Sizlar Allohdan o'zga (ilohlar) deb gumon qilgan butlaringizga iltijo qilaveringlarchi! Ular na osmonlarda va na Yerda bir zarra vaznicha (narsa)ga ega emasdirlar va ular uchun sheriklik ham yo'qdir hamda ulardan Unga biror madadkor ham yo'qdir.
34.23 . (Alloh) huzurida faqat U izn bergan kishilarning shafoati (oqlovi)gina foyda berur. To qachonki, (izn berilib) dillaridan qo'rquv ketkazilgach, ular (bir-birlariga): "Parvardigoringiz nima dedi (izn berdimi)?" - deb (savol qilishib), "Haqni (aytdi, shafoatga izn berdi), U oliy va buyuk zotdir", - deb (javob qilurlar).
34.24 . (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Kim sizlarga osmonlardan va yerdan rizqlantirur?" Ayting: "Alloh. Albatta, bizlar yoki sizlar hidoyat uzradirmiz yoki aniq zalolatdadirmiz".
34.25 . Ayting: "Biz qilgan gunoh to'g'risida sizlar mas'ul bo'lmassizlar va sizlar qilayotgan amallar to'g'risida bizlar mas'ul bo'lmasmiz".
34.26 . Ayting: "Rabbimiz (qiyomat kuni) o'rtamizni jamlar, so'ngra o'rtamizda haqiqat (adolat) bilan hukm qilur. Faqat Ugina (adolat bilan) hukm qiluvchi va (haqiqatni) biluvchidir".
34.27 . Ayting: "(Ey, mushriklar,) sizlar Unga (Allohga) qo'shib olgan shirklaringizni menga ko'rsatingiz-chi?! Yo'q. Balki Allohning O’zigina qudrat va hikmat egasidir".
34.28 . (Ey, Muhammad,) Biz Sizni, haqiqatan, barcha odamlarga xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi bo'lgan holingizda, (payg'ambar qilib) yubordik! Lekin, odamlarning aksariyati (bu haqiqatni) bilmaslar.
34.29 . Ular: "Agar rostgo'y bo'lsangizlar (aytinglar-chi), mana shu va'da (qiyomat) qachon bo'ladi?" - derlar.
34.30 . Ayting: "Sizlar uchun shunday bir kunning va'dasi borki, undan biror soat orqaga ham, ilgariga ham sura olmassizlar".
34.31 . Kofir bo'lgan kimsalar: "Bizlar bu Qur'onga ham, undan oldingi (Kitoblarga) ham sira imon keltirmaymiz!" - dedilar. (Ey, Muhammad,) agar Siz o'sha zolim kimsalarni (qiyomat kuni) Parvardigor huzurida tik turgizib qo'yilib, bir-birlariga gap qaytarayotganlarini ko'rsangiz edi?! (O’shanda) zaif sanalgan kimsalar mutakabbir kimsalarga (o'z peshvolariga): "Agar sizlar bo'lmaganingizda, bizlar, albatta, mo’minlar bo'lur edik", - deydilar.
34.32 . Mutakabbir bo'lganlar zaif sanalganlarga: "Sizlarga hidoyat kelganidan so'ng, sizlarni (undan) biz to'sdikmi? Yo'q, o'zlaringiz jinoyat qiluvchi edingizlar", - derlar.
34.33 . Zaif sanalganlar mutakabbir bo'lganlarga: "Yo'q, kecha va kunduzgi makr(laringizchi)?! O’shanda sizlar bizlarni Allohga kofir bo'lishga va Unga "teng sheriklar" qilishga buyurar edingizlar", - deydilar. Azobni (o'z ko'zlari bilan) ko'rgan vaqtlarida ular ichlarida nadomat qiladilar va Biz kofir bo'lgan kimsalarning bo'yinlariga kishanlar solurmiz. Ularga (dunyoda) qilib o'tgan qilmishlaridan o'zga jazo berilarmidi?!
34.34 . Biz qaysi bir qishloqqa biror ogohlantiruvchi (payg'ambar) yubormaylik, albatta, u joyning maishatparastlari: "Biz sizlar elchi qilib yuborilgan (din)ga kofirmiz!" - dedilar.
34.35 . Yana ular: "Bizlarning mollarimiz va farzandlarimiz ko'proq, (binobarin), bizlar azoblanuvchi emasmiz", - dedilar.
34.36 . (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Albatta, Rabbim O’zi xohlaganlarning rizqini keng qilur va (O’zi xohlaganlarning rizqini) tang qilur. Lekin, ko'p odamlar (buni) bilmaslar".
34.37 . Na mollaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Bizning dargohimizga yaqin qiluvchi emasdir. Faqat imon keltirgan va solih amal qilgan zotlar - aynan o'shalargagina qilgan amallari sababli necha barobar mukofot bordir va ular (jannatdagi) ko'shklarda osoyishtalikda bo'lurlar.
34.38 . Bizning oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yuradigan kimsalar - ular azobga hozir qilinuvchidirlar.
34.39 . Ayting: "Albatta, Rabbim bandalaridan O’zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O’zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani ehson qilsangizlar, bas, (Alloh) uning o'rnini to'ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir".
34.40 . (Eslang, Alloh) ularning (mushriklarning) barchalarini to'plab, so'ngra farishtalarga: "Ana u (mushrik)lar sizlarga ibodat qiluvchi bo'lganmidilar?" - deydigan kunda
34.41 . (farishtalar): "Pok Parvardigor, ular emas, O’zing bizlarning do'stimizdirsan. Ha, ular jinlarga ibodat qilar edilar. Ularning aksariyati ularga imon keltiruvchidirlar", - derlar.
34.42 . Bas, bu kunda biringiz biringizga na foyda va na zarar yetkazishga ega bo'lmas va Biz, zolim bo'lganlarga: "O’zlaringiz yolg'on degan do'zax azobini totib ko'ringiz", - dermiz.
34.43 . Qachonki, ularga Bizning oyatlarimiz aniq holda tilovat qilinsa, ular: "Bu (Muhammad) faqat sizlarni ota-bobolaringiz ibodat qilib o'tgan narsalardan to'smoqchi bo'lgan kimsadir", - derlar va "Bu (Qur'on) faqat to'qilgan bir bo'htondir", - derlar. Kofir bo'lganlar ularga Haqiqat (Qur'on) kelgan vaqtda u haqda: "Bu aniq sehrdan boshqa narsa emas", - degaylar.
34.44 . Holbuki, (Isodan keyin) Biz ularga (o'qib) o'rganishadigan kitoblar keltirgan emasmiz va ularga Sizdan avval biror ogohlantiruvchi (payg'ambar) ham yuborgan emasmiz.
34.45 . Ulardan ilgari (o'tgan) kimsalar ham (o'z payg'ambarlarini) inkor etgan edilar Holbuki, (Makka mushriklari) Biz ularga ato etgan ne'matlarning o'ndan biriga ham yetganlari yo'q. Bas, (o'shalar) Mening payg'ambarlarimni inkor etishgach, Mening e'tirozim qanday bo'lgan edi?!
34.46 . (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Men sizlarga faqat birgina narsani - Alloh uchun juft holda va yakka holingizda turishga, so'ngra tafakkur qilishingizni nasihat qilurman. Sohibingiz (Muhammad)da hech qanday jinnilik yo'qdir. U faqat qattiq azob oldidan sizlarga (yuborilgan) bir ogohlantiruvchi(payg'ambardir), xolos".
34.47 . Ayting: "Men sizlardan (payg'ambarligim uchun) ajr (haq) so'ramasman. Bas, u sizlarga bo'la qolsin. Mening ajrim faqat Allohning zimmasidadir. U barcha narsaga guvohdir".
34.48 . Ayting: "Albatta, Rabbim (botillikni) Haq (Qur'on vositasi) bilan (chetga) uloqtirur. U g'ayblarni aniq biluvchidir".
34.49 . Ayting: "Haq (Qur'on) keldi. Botil (yangidan shirkni va dinsizlikni) boshlay olmas va qaytara olmas".
34.50 . Ayting: "Agar men (yo'ldan) ozsam, bas, faqat o'z zararimga ozurman va agar hidoyat topsam ham Rabbim menga qilayotgan vahiy sababliginadir. Albatta, U eshituvchi va yaqindir"
34.51 . (Ey, Muhammad,) agar Siz (mushrik va kofirlarni) dahshatga tushgan, yo'qolishning iloji yo'q va yaqin bir makondan (do'zax sari) tutib ketilgan paytlarida ko'rsangiz edi!
34.52 . (O’sha kunda) ular: "Imon keltirdik", - deydilar. Yiroq bir joydan (tavbaga) erishish qayoqda ekan ularga?!
34.53 . Holbuki, ular ilgari (dunyoda) unga kofir bo'lgan edilar! Holbuki, ular yiroqdan turib, g'aybga (oxiratga tosh) otar edilar.
34.54 . (Mana endi,) xuddi ulardan oldingi hamfikrlariga qilingani kabi, ular bilan istaydigan narsalari (imon) o'rtasi to'sib qo'yildi, zero, ular (dunyoda) shak-shubhada edilar.