') //-->
27.1 . To, Sin. Ushbular Qur'on va aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz) oyatlaridir.
27.2 . (Bu oyatlar) shunday mo'minlarga hidoyat va xushxabardirki,
27.3 . ular namozni mukammal ado etadilar, zakotni beradilar va oxiratga aniq ishonadilar.
27.4 . Albatta, oxiratga imon keltirmaydigan kimsalar (qilayotgan) amallarini o'zlariga chiroyli ko'rsatib qo'ygandirmiz. Bas, ular gangib yuraveradilar.
27.5 . Ana o'shalar uchun (dunyoda ham) eng yomon azob bordir va ular oxiratda eng ko'p ziyon ko'ruvchilardir.
27.6 . (Ey, Muhammad,) albatta, Sizga (bu) Qur'on hakim va dono zot dargohidan berilur.
27.7 . Muso oilasiga: "Men olov ko'rib qoldim. Sizlarga undan (biror) xabar keltirurman yoki sizlarga isinib olishingiz uchun cho'g' keltirurman", - deganini eslang!
27.8 . Bas, (u olov yoniga) kelgach, unga nido qilindi: "Olov oldidagi kishiga (Musoga) va uning atrofidagi zotlarga (farishtalarga) barakot bo'lsin! Olamlarning Parvardigori - Allohga tasbehlar!
27.9 . Ey, Muso, albatta, Men qudratli va hikmatli Allohdirman!
27.10 . Asoyingni tashla!" Bas, qachonki, (Muso) uning ilondek qimirlayotganini ko'rgach, ortiga qaramay qochdi. (Shunda Biz dedik): "Ey, Muso, qo'rqmagin! Zero, Mening huzurimda payg'ambarlar qo'rqmaslar.
27.11 . Lekin, kim zulm qilsa-yu, so'ngra (bu) yomonliklardan keyin uni chiroyli (ish)ga almashtirsa, bas, albatta, Men kechirimli va rahmlidirman.
27.12 . Qo'lingni qo'yninga tiq, u hech qanday yomonliksiz oppoq bo'lib chiqur. (Bu mo''jizalar) sen (Fir'avn va uning qavmiga) olib boradigan to'qqiz mo''jiza ichidadir. Darhaqiqat, ular itoatsiz qavm bo'ldilar.
27.13 . Bas, qachonki, ularga mo''jizalarimiz ravshan holda yetib kelgach, ular: "Bu aniq sehrdir", - dedilar.
27.14 . O'zlari aniq bilgan hollarida zulm va kibrga berilib, u (mo''jizalarni) inkor etdilar. Endi, (ey, Muhammad,) u buzg'unchilarning oqibati qanday bo'lganini ko'ring!
27.15 .Qasamki, Biz Dovud va Sulaymonga (yetuk) bilim ato etdik va ular: "Bizlarni ko'p mo'min bandalardan afzal qilib qo'ygan zot - Allohga hamd bo'lsin!" - dedilar.
27.16 . Sulaymon (payg'ambarlik va podshohlikda) Dovudga voris bo'ldi va aytdi: "Ey, odamlar, bizga qushlar tili bildirildi. Albatta, bu aniq fazlning o'zidir".
27.17 . Sulaymon uchun jin, ins va qushlardan iborat lashkarlari to'planib, tizilgan hollarida turdilar.
27.18 . To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: "Ey, chumolilar, uyalaringizga kiringlar, yana Sulaymon va uning lashkarlari o'zlari sezmagan hollarida sizlarni ezib ketmasinlar", - dedi.
27.19 . (Sulaymon) uni so'zidan kulib, tabassum qildi va dedi: "Ey, Rabbim, menga va otaonamga in'om etgan ne'matinga shukr qilishga va O'zing rozi bo'ladigan yaxshi amallarnigina qilishga meni muvaffaq etgin va meni O'z fazling bilan solih bandalaring qatoriga kiritgin!"
27.20 . U qushlarni ko'zdan kechirib: "Nega men hudhudni ko'rmayapman, balki u (beruxsat) g'oyib bo'luvchilardandir?!
27.21 . Albatta, uni qattiq azob bilan azoblarman yo so'yib yuborurman yoki menga (uzrini bayon qilib) aniq hujjat keltirur", - dedi.
27.22 .So'ng uzoq (vaqt) qolmay (hudhud kelib) dedi: "Men sen ogoh bo'lmagan narsalardan ogoh bo'ldim va senga Saba' (shahri)dan ishonchli xabar keltirdim.
27.23 . Men bir ayolni ko'rdim. U ularning malikasi ekan. Unga barcha narsadan ato etilgan bo'lib, ulkan taxti ham bordir.
27.24 . Men uning va qavmining Allohni qo'yib, quyoshga sajda qilayotganlarini ko'rdim". Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko'rsatib, ularni (Haq) yo'ldan to'sib qo'ygandir. Bas, ular hidoyat topmaslar.
27.25 . (Uning maqsadi) osmonlar va Yerdagi barcha sirlarni oshkor qiladigan hamda sizlar yashiradigan va oshkor qiladigan barcha narsalarni biladigan Allohga sajda qilmaslaridir.
27.26 . Alloh - Undan o'zga iloh yo'q! U ulkan Arsh egasidir.
27.27 . (Sulaymon) dedi: "Sen rost so'zladingmi yoki yolg'onchilardan bo'ldingmi, ko'rarmiz.
27.28 . Mana bu maktubimni olib borib ularga tashlagin, so'ngra ulardan chetlanib kuzatginchi, nima (javob) qaytarar ekanlar".
27.29 . (Hudhud maktubni olib kelib malika Bilqis oldiga tashlagach), u dedi: "(Ey, zodagonlar), haqiqatan menga sharafli bir maktub tashlandi.
27.30 . Albatta, u Sulaymondandir va u (maktubda): "Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan.
27.31 . Sizlar Menga kattalik qilmay huzurimga itoatli holingizda kelingiz!" (deb yozilgan).
27.32 . (Malika) aytdi: "Ey, zodagonlar, menga bu ishimda fatvo (maslahat) beringlar. Men to sizlar guvoh bo'lmaguningizcha biror ishni qat'iy qiluvchi emasman".
27.33 . Ular dedilar: "Bizlar quvvat va ashaddiy matonat egalaridirmiz. (Ishga) buyurish sening o'zingga havola. Bas, nimaga buyurishni o'ylab ko'raver!"
27.34 . U aytdi: "Aniqki, podshohlar qachon biror qishloqqa (bostirib) kirsalar uni vayron eturlar, aholisining aziz kishilarini esa xor qilurlar. Ular shu tarzda ish qilurlar.
27.35 . Men ularga (sinov uchun) bir sovg'a yuborib ko'ray-chi, elchilar nima (xabar) bilan qaytar ekanlar".
27.36 . Bas, qachonki, (Bilqis elchilari sovg'ani olib) Sulaymon (huzuri)ga kelgach, u dedi: "Sizlar menga mol-dunyo bilan madad bermoqchimisiz?! U holda (bilingizki), Alloh menga ato etgan (payg'ambarlik va podshohlik) U zot sizlarga bergan (mol-dunyo)dan yaxshiroqdir. Balki, sizlar sovg'alaringiz bilan xursand bo'larsizlar.
27.37 . Sen (qavminga) qaytib bor! Albatta, biz ularga shunday qo'shin bilan borurmizki, ular unga aslo bas kela olmaslar va albatta, biz ularni (yurtlaridan) mag'lub hollarida chiqarurmiz".
27.38 . (Sulaymon): "Ey, zodagonlar, ular mening huzurimga bo'yin-sungan hollarida kelishlaridan ilgari qaysi biringiz menga uning (Bilqisning) taxtini keltira olur?" - dedi.
27.39 . (Shunda) jinlardan bir alvasti aytdi: "Men uni senga o'rningdan turishingdan ilgari keltirurman. Albatta, men bunga qodir va ishonchlidirman".
27.40 . Kitob (Ismi a'zam)dan ilmi bor bo'lgan zot esa: "Men ko'zing o'zingga qaytgunicha (ko'z ochib yumguningcha) uni senga keltirurman", - dedi. Bas, uning (taxtning) o'z huzurida turganini ko'rgach, dedi: "Bu Rabbimning shukr qilamanmi yoki noshukrlik qilamanmi, imtihon etish uchun bergan fazlidandir. Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o'zi uchun shukr qilur. Kim noshukrlik qilsa, bas, albatta, Rabbim (hamma narsadan) behojat va karamli zotdir".
27.41 . (Sulaymon malikaning farosatini sinash uchun) dedi: "Uning taxtini tanimaydigan qilib, o'zgartirib qo'yinglar, u (tanishga) yo'l topadimi yoki yo'l topa olmaydigan kimsalardan bo'ladimi, ko'rurmiz".
27.42 . Bas, u kelgach: "Taxting shundaymidi?" - deyildi. U: "Xuddi o'shaning o'zi", - dedi. (Sulaymon aytdi: "Alhamdu lillohki), bizlarga undan ilgari ilm berilib, musulmon bo'lganmiz.
27.43 . Uni esa Allohni qo'yib ibodat qilgan narsasi (musulmon bo'lishdan) to'sgandir. Chunki u kofirlar qavmidan edi".
27.44 .(Malikaga): "Saroyga kir", - deyildi. Bas, u (saroyni) ko'rgach, uni suv havzasi deb o'ylab, oyoqlarini ochgan edi, (Sulaymon): "Bu oynadan yasalgan silliq qasrdir", - dedi. (Shunda malika) aytdi: "Ey, Rabbim, darhaqiqat, men (quyoshga sig'inish bilan) jonimga jabr qilibman, (endi) Sulaymon bilan birga olamlar egasi - Allohga bo'yin-sundim".
27.45 . Qasamki, Biz Samud (qabilasi)ga birodarlari Solihni payg'ambar etib yubordik. (U): "Allohga ibodat qilingiz!" (dedi). Bas, bexos ular kelisha olmaydigan ikki guruhga bo'lindilar.
27.46 . (U) aytdi: "Ey, qavmim, nega sizlar azob so'rash bilan yaxshilik (rahmat)dan ilgari yomonlik (azob)ni shoshtirmoqdasiz?! Sizlarga rahm qilinishi uchun Allohdan mag'firat so'rasangizlar bo'lmasmi?!"
27.47 . Ular dedilar: "Bizlar (boshimizga tushgan qahatchilikni) sen va sen bilan birga bo'lganlardan deb shumlandik". U aytdi: "Sizlarning ishingiz Alloh huzuridadir. Aksincha, sizlar imtihon qilinayotgan qavmdirsiz".
27.48 . U shaharda islohot o'rniga yer yuzida buzg'unchilik qilib yuradigan to'qqiz nafar kimsa bor edi.
27.49 . O'shalar Alloh nomiga qasam ichishib (bir-birlariga) aytdilar: "Albatta, (Solihni) va uning ahli (tobelari)ni tunda halok qilurmiz, so'ngra uning vorisiga: "Bizlar (na Solihning va na) uning ahlini halokatiga guvoh bo'lgan emasmiz. Albatta, bizlar rostgo'y kishilardirmiz", - deymiz".
27.50 . Ular makr qildilar. Biz ham ular sezmagan hollarida (ularni halok qilish bilan) "makr" qildik.
27.51 . Bas, ularning qilgan makrlari oqibati qanday bo'lganini ko'ring - Biz ularni va qavmlarining barchasini tor-mor qildik.
27.52 . Mana, zulm qilganlari sababli ularning uylari huvillab qoldi! Albatta, bunda biladigan qavm uchun ibrat bordir!
27.53 .Imon keltirgan va taqvoli bo'lgan zotlarga esa najot berdik.
27.54 . Lutni ham (eslang). Qaysiki u qavmiga aytgan edi: "Sizlar ko'rib (bilib) turib fahsh ishlarni qilasizlarmi?!
27.55 . Sizlar xotinlaringizni qo'yib, shahvatni erkaklarga keltirasizlarmi?! Ha, sizlar johil qavmdirsizlar!"
27.56 . (Lut) qavmining javobi esa faqat "Lut ahlini qishlog'ingizdan (quvib) chiqaringiz! Darhaqiqat, ular juda "pok"lanib ketayotgan kishilardir", - deyishlari bo'ldi.
27.57 . So'ng Biz (Lutga) va uning ahliga najot berdik. Illo, uning xotini (najot topmadi, chunki) halok bo'luvchilardan ekanini taqdir qilib - belgilab qo'ygan edik.
27.58 . Va ularning ustiga yomg'ir (tosh) yog’dirdik! Bas, ogohlantiriluvchilar yomg'iri naqadar yomon bo'ldi!
27.59 .(Ey, Muhammad,) ayting: "Allohga hamd va (payg'ambarlik uchun) tanlagan bandalariga salom! Alloh yaxshiroqmi yoki ular sherik qilayotgan narsalarimi?!"
27.60 . Yoki osmonlar va Yerni yaratgan hamda sizlar uchun osmondan suv (yomg'ir) yog’dirib, u bilan go'zal bog'larni o'stirgan zotmi?! Sizlar uchun u (bog'lar)ning dov-daraxtini o'stirish imkoni yo'q edi. Alloh bilan birga (yana biror) iloh bormi?! Yo'q, ular (Allohga o'zgalarni) teng (deb) biladigan qavmdirlar!
27.61 . Yoki Yerni qarorgoh qilib, uning o'rtasida daryolar paydo qilgan va uning uchun tutqi (tog')lar barpo qilgan hamda ikki (sho'r va chuchuk) dengiz (daryo) o'rtasida to'siq insho etgan zotmi?! Alloh bilan birga (yana biror) iloh bormi?! Yo'q, ularning aksariyati bilmaydilar!
27.62 . Yoki noiloj odam duo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan va (undan) yomonlik (musibat)ni yo'q qiladigan hamda sizlarni Yerning o'rinbosarlari qiladigan zotmi?! Alloh bilan birga (yana biror) iloh bormi?! Kamdankam eslatma olursizlar!
27.63 . Yoki sizlarga quruqlik va dengiz zulmatlarida to'g'ri yo'lni ko'rsatadigan va O'z rahmati (yomg'iri) oldidan shamollarni xushxabar qilib jo'natadigan zotmi?! Alloh bilan birga yana (biror) iloh bormi?! Alloh ularning keltirayotgan shirklaridan yuksakdir!
27.64 .Yoki ilk bor O'zi yaratib, so'ngra (oxiratda) qayta yaratadigan zotmi?! Kim sizlarga osmon va zamindan rizq berur? Alloh bilan birga (yana biror) iloh bormi?! (Ey, Muhammad, kofirlarga) ayting: "Agar rostgo'y bo'lsangizlar, hujjatingizni keltiringiz!"
27.65 . Ayting: "Allohdan boshqa osmonlar va Yerdagi biror kimsa g'aybni bilmas". Ular qachon qayta tirilishlarini ham seza olmaslar.
27.66 . Balki ularning oxirat haqidagi bilimlari pishib yetilgandir?! Yo'q, ular (oxiratdan) shak-shubhadadirlar! Yo'q, ular u to'g'rida ko'rdirlar!
27.67 . Kofir bo'lgan kimsalar dedilar: "O'zimiz ham, ota-bobolarimiz ham tuproqqa aylanib ketganimizda (tirilib yana qabrlarimizdan) chiqariluvchimizmi?!
27.68 . Darhaqiqat, bizlarning o'zimizga ham, ilgari ota-bobolarimizga ham mana shu va'da qilingandi. Bu faqat o'tganlarning afsonalaridir!"
27.69 . Ayting: "Yerni aylanib, jinoyatchi kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'ringlar!"
27.70 . (Ey, Muhammad,) Siz ularning (imon keltirmaganlari) ustida g'am chekmang va ular qilayotgan makrlardan siqilmang ham!
27.71 . Ular: "Agar rostgo'y bo'lsangizlar (aytinglar-chi), mana shu va'da (azob) qachon bo'ladi?" - deydilar.
27.72 . Ayting: "Ehtimol sizlar shoshtirayotgan narsa (azob)ning ba'zisi sizlarning izingizga tushib qolgandir".
27.73 . Albatta, Rabbingiz odamlarga nisbatan fazllidir. Lekin ularning aksariyati shukr qilmaydilar.
27.74 . Albatta, Rabbingiz ularning dillari yashiradigan narsani ham, oshkor qiladigan narsani ham bilur!
27.75 . Osmon va zamindagi har bir sir aniq Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) mavjuddir.
27.76 . Albatta, ushbu Qur'on Isroil avlodiga ular ixtilof qilayotgan narsalar ko'pining qissasini bayon qilib berur.
27.77 .Albatta, u mo'minlar uchun hidoyat va rahmatdir.
27.78 . Albatta, Rabbingiz (odamlar) o'rtasini O'z hukmi bilan ajrim qilur. U qudratli va bilimlidir!
27.79 . Bas, Siz Allohga tavakkul qiling! Albatta, Siz aniq haqiqat uzradirsiz!
27.80 . Aniqki, Siz (o'z da'vatingizni) "o'liklar"ga uqtira olmassiz va yuz o'girib ketayotgan "karlar"ga ham da'vatni uqtira olmassiz.
27.81. Yana Siz "ko'rlar"ni ham zalolatlaridan (chiqarib, haq yo'lga) hidoyat qila oluvchi emasdirsiz. Siz faqat oyatlarimizga imon keltiradiganlargagina uqtira olursiz. Bas, ular musulmondirlar.
27.82 . Qachon (kofirlarning) ustiga so'z (azob) tushganda (ya'ni, qiyomat oldidan) Biz ular uchun yerdan bir jonivor chiqarurmiz. U ularga odamlar oyatlarimizga ishonmaydigan bo'lib qolganlari haqida gapirur.
27.83 . Biz har bir ummatdan bir guruh - oyatlarimizni inkor etadiganlarni to'plaganimizda ular tizilib turadigan kunni (eslang)!
27.84 . Bas, ular (hisobot beriladigan joyga) kelishgach, (Alloh) aytadi: "Sizlar aniq bilmagan holingizda oyatlarimni yolg'on dedingizmi?! Yoki nima qiluvchi bo'ldingizlar?!"
27.85 . Zolim (kofir) bo'lganlari sababli ularning ustiga (azob to'g'risidagi) so'z tushadi. Bas, ular so'zlay olmaslar.
27.86 .Biz ular taskin topishlari uchun kechani paydo qilganimizni va kunduzni yorug' qilib qo'yganimizni ko'rmadilarmi?! Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun ibratlar bordir!
27.87 . Sur chalinib, Alloh O'zi xohlagan zotlardan boshqa osmonlardagi va Yerdagi (barcha) kimsalar dahshatga tushib qolgan va barcha U zot (huzuri)ga taslim qilgan holda keladigan kunni (eslang)!
27.88 . Siz tog'larni ko'rib (mangu) qotib turuvchi, deb o'ylarsiz. Holbuki, ular ham xuddi bulutlar (suzib) yurgandek (havoda suzib) yurarlar. (Bu) barcha narsani puxta qilgan zot - Allohning sinoatidir. Albatta, U zot sizlar qilayotgan (barcha) ishlardan ogohdir!
27.89 . Kim yaxshilik (savob) bilan kelsa, bas, uning uchun (o'sha savobidan) yaxshiroq mukofot bo'lur. Va ular o'sha kuni dahshatdan omondadirlar.
27.90 . Kim yomonlik (kufr) bilan kelsa, bas, yuztuban hollarida do'zaxga tashlanurlar. (Va ularga aytilur): "Sizlarga faqat qilib o'tgan amallaringiz jazosi berilur".
27.91 . (Ey, Muhammad, ayting): "Men mana shu shaharning (Makkaning) Parvardigorigagina ibodat qilishga buyurilgandirman. (U bu shaharni) "harom" qilgandir (ya'ni, bu shaharda qon to'kilishi, zulm qilinishi, ov ovlanishi kabilar harom qilingandir). Barcha narsa Unikidir! Men musulmonlardan bo'lishga buyurilgandirman.
27.92 . Shuningdek, Qur'onni tilovat qilishga ham (buyurilgandirman). Bas, kim haq yo'lga yursa, faqat o'zi uchun yurar. Kim yo'ldan ozsa, u holda aytingki: "Men faqat ogohlantiruvchilardandirman".
27.93 . Ayting: "Hamd Allohgakim, U yaqinda sizlarga O'z mo''jizalarini ko'rsatur. Bas, sizlar u (mo''jizalarni) tan olursizlar (lekin u kundagisi foyda bermas)". Rabbingiz sizlarning qilayotgan ishlaringizdan g'ofil emasdir!