') //-->
24.1 . (Ushbu) Biz nozil qilgan va (hukmlarini) farz qilgan bir suradirki, unda sizlar eslatma olishingiz uchun aniq oyatlarni nozil qildik.
24.2 . Zinokor ayol va zinokor erkakning har biriga yuz darra uringlar. Agar Allohga va oxirat kuniga imon keltiruvchi bo'lsangizlar, Allohning dini (hukmi)da sizlarni ularga (zinokorlarga) nisbatan rahm-shafqat (tuyg'ulari) tutmasin! Ularning jazolanishiga bir guruh mo'minlar hozir bo'lsinlar!
24.3 . Zinokor erkak faqat zinokor ayolga yoki mushrikaga uylanur. Zinokor ayolga faqat zinokor erkak yoki mushrik uylanur. Va bu (ya'ni, zino) mo'minlarga harom qilindi.
24.4 . Iffatli ayollarni (zinokor deb) badnom qilib, so'ngra (bu da'volariga) to'rtta guvoh keltira olmagan kimsalarni sakson darradan uringlar va abadul-abad ularning guvohliklarini qabul qilmanglar! Ana o'shalar fosiqlardir.
24.5 . Magar so'ngra tavba qilib, (o'zlarini) tuzatgan kishilargina (fosiq emasdirlar). Zero, Alloh mag'firatli va rahmlidir.
24.6 . O'zlaridan boshqa guvohlari bo'lmagan holda o'z xotinlarini (buzuq deb) badnom qiladigan (er)larning har biri o'zini shubhasiz rostgo'ylardan deb, Alloh nomiga to'rt (marta) guvohlik berishi (vojibdir).
24.7 .Beshinchi (guvohligi esa) agar yolg'onchilardan bo'lsa, unga Allohning la'nati (yog'ilishini so'rashidir).
24.8 . "U (ya'ni eri) albatta yolg'onchilardan", - deb Alloh nomiga to'rt marta guvohlik berishi, u (ayol)dan jazoni daf qilur.
24.9 . (U ayol)ning beshinchi (guvohligi esa), agar (eri) rostgo'ylardan bo'lsa, o'ziga Allohning g'azabi tushishini so'rashidir.
24.10 . Agar sizlarga Allohning fazli bo'lmaganida va Alloh tavbalarni qabul qiluvchi, hikmat sohibi bo'lmaganida edi (er yoki xotin sharmanda bo'lur edi).
24.11 . Albatta, (bu) bo'htonni (vujudga) keltirgan kimsalar o'zlaringizdan bo'lmish bir to'dadir. Uni (bo'htonni) sizlar o'zlaringiz uchun yomonlik deb o'ylamangizlar, balki u sizlar uchun yaxshidir. Ulardan (bo'htonchilardan) har bir kishi uchun o'zi orttirgan gunoh (jazosi) bordir. Ularning orasidagi (gunohning) kattasini ko'targan kimsa uchun esa ulkan jazo bordir.
24.12 . (Ey, mo'minlar,) sizlar (bu bo'htonni) eshitgan paytingizda mo'min va mo'minalar o'zlari (bir-birlari) haqida yaxshilikni o'ylab: "Bu aniq bo'hton-ku!" - desalar bo'lmasmidi?!
24.13 . Ular (Oyshani badnom qilmoqchi bo'lganlar) to'rtta guvoh keltirsalar bo'lmasmidi?! Endi agar guvoh keltira olmasalar, demak, Alloh nazdida ular yolg'onchidirlar.
24.14 . Agar sizlarga dunyo va oxiratda Allohning fazli bo'lmasa edi, albatta, so'zlagan lofingiz sababli sizlarni ulkan jazo tutgan bo'lur edi.
24.15 . O'shanda sizlar uni tildan tilga ko'chirib, og'izlaringiz bilan o'zlaringiz aniq bilmagan narsani so'zlar va buni yengil fahmlar edingizlar. Holbuki, u Alloh nazdida ulkan (gunoh)dir.
24.16 . Uni eshitgan paytingizd: "Bu (mish-mishni) gapirish biz uchun joiz emasdir. Ey, pok Parvardigor, bu ulug' bo'hton-ku!"-desangizlar bo'lmasmidi?!
24.17 . Agar mo'min bo'lsangizlar, sira unga o'xshagan narsalarga qaytmasliklaringizni Alloh sizlarga nasihat qilur.
24.18 . Alloh sizlarga (O'z) oyatlarini bayon qilur. Alloh ilm va hikmat sohibidir.
24.19 . Albatta, imon keltirgan kishilar o'rtasida (yomon gaplar) yoyilishini istaydigan kimsalar uchun dunyoda ham, oxiratda ham alamli azob bordir. Alloh bilur, sizlar esa bilmassizlar.
24.20 . Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati hamda Alloh mehribon va rahmli bo'lmasa edi (jazoni naqd qilgan bo'lur edi).
24.21 . Ey, imon keltirganlar! Shaytonning izidan ergashmanglar! Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, (shayton) buzuqlik va yovuzlikka buyurur. Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati bo'lmaganda edi, sizlardan biror kishi (gunohdan) pok bo'lmas edi. Lekin Alloh o'zi xohlagan kishini poklar. Alloh eshituvchi va biluvchidir.
24.22 . Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo'lida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag'firat qilishini istamaysizlarmi?! Alloh mag'firatli va rahmlidir.
24.23 . Albatta, (fahsh ishlardan) bexabar, iffatli mo'mina ayollarni badnom qiladigan kimsalar dunyoda ham, oxiratda ham la'natga duchor bo'lurlar. Ularga ulkan azob bordir.
24.24 . (U kun) qilib o'tgan ish (bo'hton)lariga ularning tillari, qo'l va oyoqlari ularning zararlariga guvohlik beradigan kundir.
24.25 . O'sha kuni Alloh ularning haqiqiy jazolarini komil qilib berur va ular Allohning aniq haq ekanini bilurlar.
24.26 . Nopok ayollar nopok erkaklar uchun (loyiq)dir, nopok erkaklar nopok ayollar uchun (loyiq)dir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchun, pokiza erlar pokiza ayollar uchundir. Aynan o'sha (pokiza erlar va pokiza ayollar) ularning aytayotgan bo'htonlaridan pokdirlar. Ular uchun mag'firat va farovon rizq (jannat ne'matlari) bordir.
24.27 . Ey, imon keltirganlar! O'z uylaringizdan o'zga uylarga to izn so'ramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha kirmangiz! Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Zora, (bu gapdan) eslatma olsangizlar.
24.28 . Bas, agar u (uy)larda hech kimni topmasangizlar, unda to sizlarga izn berilmaguncha ularga kirmangiz! Agar sizlarga "qaytinglar" deyilsa, qaytib ketaveringlar! Shu sizlar uchun eng toza (yo'ldir). Alloh qilayotgan ishlaringizni biluvchidir.
24.29 . (Xususiy) maskan bo'lmagan (mehmonxona, karvonsaroy kabi) sizlar foydalanadigan uylarga (izn so'ramasdan) kirishlaringizda sizlarga gunoh yo'qdir. Alloh oshkor qilayotgan narsangizni ham, yashirayotgan narsangizni ham bilur.
24.30 . (Ey, Muhammad,) mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) qo'yi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'ldir). Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir.
24.31 . Mo'minalarga ham ayting, ko'zlarini (nomahram erkaklardan) qo'yi tutsinlar. Va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Hamda ko'rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini ko'rsatmasinlar va ro'mollarini ko'kraklari uzra tushirib olsinlar! Ular zeb-ziynatlarini erlari yo otalari, yo erlarining otalari, yo o'g'illari, yo erlarining o'g'illari, yo o'zlarining og'a-inilari, yo og'a-inilarining o'g'illari, yo opa-singillarining o'g'illari, yo o'zlari (kabi) ayollar, yo qo'l ostilaridagi (cho'ri)lar, yo (ayollardan) behojat bo'lgan (ya'ni, juda keksayib qolgan yoki aqlsiz-devona) erkak xizmatkorqullar, ayollarning avratlaridan xabardor bo'lmagan go'daklardan boshqalarga ko'rsatmasinlar! Yana, yashirgan ziynatlarini bildirib, oyoqlarini (yerga) urmasinlar! Barchalaringiz Allohga tavba qilinglar, ey mo'minlar! Shoyad, (shunda) iqbolli bo'lsangizlar.
24.32 . O'z oralaringizdagi tul (erkak va ayol)larni hamda qul va cho'rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringlar. Agar (ular) kambag'al bo'lsalar, Alloh ularni O'z fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va biluvchi zotdir.
24.33 . Nikoh (uchun) lozim mablag') topa olmagan kishilar - to Alloh ularni o'z fazli bilan boyitguncha - o'zlarini (haromdan, zinokorlikdan) pok tutsinlar! (Ey, mo'minlar!) Qo'l ostingizdagi (qul)lardan mukotab bo'lishini istaydiganlari bo'lsa*, u holda agar sizlar ularda yaxshilikni bilsangizlar, ularni mukotab qilingizlar va ularga Allohning sizlarga ato etgan molidan beringizlar! Iffatni istagan cho'rilaringizni dunyo hayoti anjomlari kuyida zinokorlik qilishga majburlamanglar. Endi, kim ularni majbur etsa, bas, albatta, Alloh majburlaganlaridan so'ng (u cho'rilarni) mag'firat qiluvchi va (ularga) rahmlidir.
24.34 . (Ey, mo'minlar,) darhaqiqat, Biz sizlarga bayon etuvchi oyatlarni, sizlardan ilgari o'tganlar to'g'risidagi masal(lar)ni va taqvodorlar uchun nasihatni nozil qildik.
24.35 . Alloh osmonlar va Yerning "nuri"dir. Nurining misoli xuddi bir tokcha ichidagi chiroq, bu chiroq bir shisha ichida, u shisha go'yo bir durdan yaralgan yulduzga o'xshaydi. U (chiroq) na sharqiy va na g'arbiy bo'lmagan muborak zaytun daraxti (moyi)dan yoqilur. Uning moyi (musaffoligidan), garchi unga olov tegmasa-da, (atrofni) yoritib yuborgudekdir. (Mazkurlar qo'shilganda esa), nur ustiga nur (bo'lur). Alloh o'zining (bu) nuriga o'zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Alloh odamlar (ibrat olishlari) uchun (mana shunday) masallarni keltirur. Alloh barcha narsani biluvchidir.(Yuqoridagi oyat “nur ustiga nur” deganda ya`ni odamlar hech vaqt hidoyat nuridan bebahra qolmaydilar, Payg`ambarimizdanŐ keyin ham imomlar keladi va ularning keti uzilmaydi, bizning davrimizda “nur” - bu imom “Mahdi”dir.)
24.36 . (U chiroq) ko'tarilishiga (qurilishiga) va ularda o'zining nomi zikr qilinishiga Alloh izn bergan uylarda (masjidlarda)dir. U (masjid)larda ertayu-kech Unga tasbeh aytadigan
24.37 . kishilar bordir. Ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Allohning zikridan, namozni mukammal ado etishdan va zakot berishdan chalg'ita olmas. Ular dillar va ko'zlar iztirobga tushib qoladigan kun (qiyomat)dan qo'rqurlar.
24.38 . Ular qilgan ezgu amallari sababli Allohning mukofotlashi va yana ularga o'z fazli bilan ziyoda (savoblar ato) qilishi uchun (ibodat qilurlar). Alloh (o'zi) xohlagan kishilarga behisob rizq berur.
24.39 . Kufrda bo'lganlarning qilgan amallari esa sahrodagi sarobga o'xshaydi. Tashna odam uni suv deb o'ylar, uning oldiga kelgach esa, hech narsa topa olmas va Allohni uning (qilgan amalining) oldida topur. Bas, U uning hisob-kitobini mukammal qilur. Alloh tez hisob-kitob qiluvchidir.
24.40 . Yoki (kofirlarning qilgan amallari) ustma-ust to'lqin va uning ustida (qora) bulut qoplab olgan dengizdagi zulmatlarga o'xshaydi. (Ular) ustma-ust zulmatlardir: qo'lini chiqarib (qarasa) uni ko'ra olmas. Kimga Alloh nur (imon) bermasa, bas, uning (uchun) hech qanday nur yo'qdir.
24.41 . (Ey, Muhammad,) Allohga osmonlar va Yerdagi bor jonzot, saf tortgan qushlar ham tasbeh aytishini ko'rmadingizmi? Har biri o'z duo va tasbehini bilur. Alloh esa, ularning qilayotgan (barcha) ishlarini biluvchidir.
24.42 . Osmonlar va Yerning podshohligi Allohga xosdir. Qaytish ham Allohning huzurigadir.
24.43 . Allohning bulutlarni haydashini, so'ngra ularni birlashtirishini, so'ngra ularni ustma-ust qalashtirishini ko'rmadingizmi? So'ngra (bulut) orasidan yomg'ir chiqayotganini ko'rasiz. (Alloh) osmondan - undagi tog' (bulut)lardan do'l yog'dirib, uni o'zi xohlagan kishilarga yetkazur va o'zi xohlagan kishilardan burib yuborur. Chaqmog'ining yorug'ligi ko'zlarni ketkazgudekdir.
24.44 . Alloh kecha va kunduzni aylantirib turar. Albatta, bunda ko'z egalari (oqillar) uchun ibrat bordir.
24.45 . Alloh barcha jonivorni suvdan yaratdi. Ulardan qorni bilan (sudralib) yuradiganlari ham, ikki oyoqda yuradiganlari ham, to'rt (oyoq)da yuradiganlari ham bordir. Alloh o'zi xohlagan narsani yaratur. Albatta, Alloh barcha narsaga qodirdir!
24.46 .Darhaqiqat, Biz bayon etuvchi oyatlarni nozil qildik. Alloh o'zi xohlagan kishilarni To'g'ri yo'lga boshlar.
24.47 . Ular (ya'ni, munofiqlar): "Allohga va payg'ambarga imon keltirdik va bo'yin sundik", - deydilaru, shundan keyin ulardan bir guruhi yuz o'girib ketur. Ana o'shalar mo'min emasdirlar.
24.48 . Qachonki, o'rtalarida hukm chiqarish uchun Alloh va Uning payg'ambariga chorlansalar, birdaniga ulardan bir guruhi (payg'ambar huzuriga kelishdan) bosh tortuvchilardir.
24.49 . Agar haqiqat ular (taraf)da bo'lsa, (payg'ambar oldiga) bo'yin sunib kelurlar.
24.50 . Ularning dillarida maraz bormi yoki Muhammadning haq payg'ambar ekanligidan shubhalandilarmi yoxud Alloh va Uning payg'ambari ular zarariga hukm qilishidan qo'rqadilarmi?! Yo'q! Ularning o'zlari zolimlardir!
24.51 . Alloh va Uning payg'ambariga o'rtalarida hukm chiqarish uchun chorlangan vaqtlarida, mo'minlarning so'zi "eshitdik va bo'yin sundik" (demoqdir). Ana o'shalargina iqbollidirlar.
24.52 . Kimki Alloh va Uning payg'ambariga itoat etsa va Allohdan qo'rqib, taqvo qilsa, bas, aynan o'shalargina yutuq egalaridirlar.
24.53 . (Munofiqlar) agar siz amr etsangiz, albatta, (jihodga) chiqishlari haqida (jon) jahdlari bilan qasam ichdilar. Ayting: "Qasam ichmanglar! (Jihod) ma'lum bir toatdir (qasam ichishga hojat yo'qdir). Albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir".
24.54 . Ayting: "Allohga bo'yin suningiz va Payg'ambarga bo'yin suningiz! Endi, agar yuz o'girsangizlar, bas, (Payg'ambar) zimmasida o'ziga yuklangan narsa (Allohning buyrug'ini yetkazish) bordir. Sizlarning zimmangizda esa o'zlaringizga yuklangan narsa (unga bo'yin sunish) bordir. Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursizlar. Payg'ambar zimmasida faqat (sizlarga haq dinni) yetkazish bordir.
24.55 . Alloh sizlardan imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlarga xuddi ilgari o'tgan (imonli) zotlarni (yer yuziga) xalifa (hukmron) qilganidek, ularni ham yer yuzidagi xalifa qilishni va ular uchun o'zi rozi bo'lgan (Islom) dinini mustahkam qilishni hamda ularning (Makkadagi ko'rgan) xavf-xatarlaridan so'ng (Madinada) xotirjamlikka aylantirib qo'yishni va'da qildi. Ular Menga ibodat qilurlar va Menga biror narsani sherik qilmaslar. Kimki mana shu (va'da)dan keyin noshukrlik qilsa, bas, ular fosiqlardir.
24.56 . (Ey, mo'minlar,) namozni mukammal ado etinglar, zakotni beringlar va Payg'ambarga itoat etinglar, zora (shunda) rahm qilinsangizlar.
24.57 . (Ey, Muhammad,) kofir bo'lgan kimsalarni yer yuzida (Allohni) ojiz qoldiruvchi (g'olib)lar deb o'ylamang! Ularning (borar) joylari do'zaxdir. Naqadar yomon oqibat u!
24.58 . Ey mo'minlar, qo'l ostingizdagi (qul va cho'ri)laringiz hamda balog'atga yetmagan (farzand)laringiz uch marta (huzuringizga kirishda) sizlardan izn so'rasinlar - bomdod namozidan ilgari, peshin vaqtida (issiqdan) kiyimlaringizni tashlagan paytingizda va xufton namozidan keyin. (Bu) uch (vaqt) sizlarning avratlaringiz (ochiq bo'lishi mumkin bo'lgan vaqtlar)dir. Ular o'sha (vaqtlar)dan so'ng (izn so'ramay kirsalar,) sizlarga ham, ularga ham gunoh yo'qdir. (Chunki) ular sizlarga, biringiz biringizga kelib-ketib turuvchidirsizlar. Alloh oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir.
24.59 . Qachonki, go'daklaringiz balog'atga yetsalar, bas, ular ham xuddi o'zlaridan oldingi (balog'atga yetgan)lar kabi izn so'rasinlar! Alloh O'z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir.
24.60 . Xotinlardan o'tirib (keksayib) qolgan, nikoh (erga tegish)ni o'ylamaydiganlari biror ziynat bilan yasanmagan hollarida kiyimlarini (yopinchiqlarini) yechib qo'yishlarida ularga gunoh yo'qdir. O'zlarini pok (yopinchiqda) tutishlari ular uchun yaxshiroqdir. Alloh eshituvchi va biluvchidir.
24.61 . (Jangga chiqmaslikda) ko'zi ojiz kishiga gunoh yo'qdir, cho'loqqa ham gunoh yo'qdir, bemorga ham gunoh yo'qdir. (Ey, mo'minlar,) o'z uylaringizdan, yo otalaringizning uylaridan, yo onalaringizning uylaridan, yo aka-ukalaringizning uylaridan, yo opa-singillaringizning uylaridan, yo amakilaringizning uylaridan, yo ammalaringizning uylaridan, yo tog'alaringizning uylaridan, yo xolalaringizning uylaridan, yo sizlar kalitlariga ega bo'lgan uylardan, yo do'stingizning uyidan (izn so'ramasdan) taomlanishingizda sizlarga (gunoh yo'qdir). To'plangan yo bo'lingan hollaringizda taomlanishingizda sizlarga gunoh yo'qdir. Bas, qachonki, uylarga kirsangizlar, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo'lgan muborak, pokiza salomni aytinglar (ya'ni, "Assalomu alaykum" denglar). Sizlar aql yurgizishlaringiz uchun Alloh o'z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur.
24.62 . Albatta, mo'minlar faqat Allohga va Uning payg'ambariga imon keltirgan zotlardir. Ular (payg'ambar) bilan biror umumiy ish ustida bo'lgan vaqtlarida - to undan izn so'ramagunlaricha - ketmaslar. Faqat Sizdan izn so'raydigan zotlar - aynan o'shalargina Alloh va Uning payg'ambariga imon keltiradigan zotlardir. Endi, qachonki, ular Sizdan ba'zi bir ishlari uchun izn so'rasalar, bas, ulardan xohlaganlaringizga izn bering va Allohdan ularga mag'firat so'rang! Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.
24.63 . (Ey, mo'minlar,) payg'ambarni chaqirishni o'rtalaringizda bir-birlaringizni chaqirish kabi qilmangizlar! Sizlardan berkingan hollarida (payg'ambar huzuridan) sug'urilib chiqib ketadigan kimsalarni Alloh yaxshi bilur. (Payg'ambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar o'zlariga biror kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan saqlansinlar!